If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Filogenetik daraxtlar

Filogenetik daraxt nima ekanligi. Filogenetik daraxtlarni qanday oʻqish va undagi qaysi turlar oʻzaro yaqinroq qarindosh ekanini aniqlash.

Asosiy tushunchalar:

  • Filogenetik daraxt organizmlar oʻrtasidagi evolyutsion aloqalarni ifodalovchi diagrammadir. Filogenetik daraxtlar aniq faktlar emas, balki farazlardir.
  • Filogenetik daraxtdagi shoxlanish qonuniyati turlar yoki boshqa guruhlarning umumiy ajdoddan qanday kelib chiqqanligini koʻrsatadi.
  • Filogenetik daraxtdagi turlarning umumiy ajdodi qanchalik yaqin boʻlsa, ular shunchalik yaqin qarindosh, umumiy ajdodi qanchalik uzoq boʻlsa, ular shunchalik uzoq qarindosh boʻladi.
  • Filogenetik daraxtlar ekvivalent boʻlgan bir necha usullarda tuzilishi mumkin. Daraxt shoxlarini shoxlanish joyidan oʻzgartirish undagi maʼlumotlarni oʻzgartirmaydi.

Kirish

Odamlar narsalarni tartibga keltirish boʻyicha katta qobiliyatga ega. Faqat kiyim javoni yoki xonalarnigina emas (shaxsan oʻzim bu ikki narsa boʻyicha maqtana olmayman). Odamlar borliqdagi narsalarni guruhlarga jamlash va tartib bilan joylashni yoqtiradi. Qadimgi yunon faylasufi Aristoteldan boshlab insoniyat tomonidan Yer yuzidagi xilma-xil tirik jonzotlar tasniflab chiqilgan.
Eng soʻnggi qilingan tasniflarning katta qismi organizmlar orasidagi evolyutsion aloqalar, yaʼni ularning filogeniyasiga asoslangan. Bunday filogeniyaga asoslangan tasniflash tizimlarini tuzish tur yoki boshqa guruhlarning umumiy ajdoddan qanday qilib rivojlanib chiqqanligi haqidagi tushunchalarimizni aks ettiradi.
Ushbu maqolada organizmlar orasidagi evolyutsion aloqalarni ifodalovchi diagrammalar, yaʼni filogenetik daraxtlar bilan tanishib chiqamiz. Ulardan aynan nimani oʻrganish (yoki oʻrganib boʻlmasligi) mumkinligi haqida bilib olamiz. Bundan tashqari, organizmlarning qarindoshlik darajasi bu daraxtlarda qanday ifodalanishi haqida ham oʻrganamiz.

Filogenetik daraxtning tuzilishi

Filogenetik daraxtni tuzishda biz turlar yoki organizmlar boshqa guruhlarning umumiy ajdodidan qanday rivojlangani toʻgʻrisidagi eng soʻnggi gipotezalarimizga asoslanamiz1. Ushbu gipotezalar bizni qiziqtirgan turlarning jismoniy belgilari yoki genlarining DNK ketma-ketliklari kabi toʻplagan maʼlumotlarimiz asosida yaratiladi. Siz bu haqda filogenetik daraxtlarni tuzish nomli maqolada yanada koʻproq maʼlumot bilib olishingiz mumkin.
Filogenetik daraxtda bizni qiziqtirgan turlar yoki guruhlar daraxt shoxlari uchida joylashadi. Misol uchun, quyidagi filogenetik daraxt beshta tur: A, B, C, D va E turlar orasidagi aloqalarni koʻrsatib, ular daraxt shoxlarining uchida joylashtirilgan.
Robert Bear va boshqalar, CC BY 4.0ʼga tegishli Taxonomy and phylogeny: Figure 2 (Taksonomiya va filogeniya: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Filogenetik daraxt shoxlarining qanday joylashgani bizning berilgan turlarning umumiy ajdoddan qanday kelib chiqqanligi haqidagi tushunchalarimizni ifodalaydi. Har bir shoxlanish nuqtasi (ichki tugun deb ham ataladi) divergensiya hodisasi yoki bitta ajdodning ikki yoki undan ortiq turlarga ajralishini koʻrsatadi.
Har bir shoxlanish nuqtasida ushbu shoxlar uchida joylashgan barcha turlarning eng soʻnggi umumiy ajdodi joylashgan. Misol uchun, A va B turlar ajralib chiqqan shoxlanish nuqtasida ushbu turlarning eng soʻnggi umumiy ajdodi keltirilgan. Daraxtning pastki qismi yoki ildizi tepasidagi birinchi shoxlanish nuqtasida barcha turlarning (A, B, C, D, E) umumiy ajdodi keltirilgan.
Robert Bear va boshqalar, CC BY 4.0ʼga tegishli Taxonomy and phylogeny: Figure 2 (Taksonomiya va filogeniya: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Ushbu daraxtdagi har bir gorizontal chiziq hozir yashayotgan turga olib keluvchi ajdodlar qatorini anglatadi. Misol uchun, E turga olib keluvchi chiziq uning boshqa turlardan ajralib chiqqandan beri yashagan ajdodlarini anglatadi. Shu tartibda daraxt ildizi ushbu daraxtda keltirilgan barcha turlarning soʻnggi umumiy ajdodiga olib keluvchi organizmlar qatorini koʻrsatadi.

Qaysi turlar bir-biriga koʻproq qarindosh?

Filogenetik daraxtda ikkita turning qarindoshlik darajasi aniq maʼno bildiradi. Agar ikkita tur koʻproq umumiy ajdodga ega boʻlsa, ular yaqinroq qarindosh, agar kamroq umumiy ajdodga ega boʻlsa, ular uzoqroq qarindosh hisoblanadi.
Har qanday tur yoki boshqa guruhlarning eng soʻnggi umumiy ajdodini topish uchun osongina usulni qoʻllashimiz mumkin. Buning uchun ikkita tur tugagan shoxdan “orqaga qarab yuramiz” va shu ikki turni birlashtiruvchi chiziq toʻqnashadigan nuqtani topguncha davom etamiz.
Aytaylik, A va B hamda B va C juftliklarning qaysi biri koʻproq qarindosh ekanini aniqlamoqchimiz. Buni aniqlash uchun ikkala juftlikning daraxtdagi chiziqlari boʻylab orqaga harakatlana boshlaymiz. A va B tur juftligi B va C tur juftligidan koʻra ertaroq tutashadi. Demak, A va B turlar B va C turlarga nisbatan yaqinroq qarindosh ekan.
Robert Bear va boshqalar, CC BY 4.0ʼga tegishli Taxonomy and phylogeny: Figure 2 (Taksonomiya va filogeniya: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Yana shuni ham eslatish joizki, ayrim turlarning qarindoshlik darajasini bu yoʻl bilan solishtira olmaymiz. Misol uchun, biz A va B turlar C va D turlardan koʻra yaqinroq qarindosh deb ayta olmaymiz. Chunki filogenetik daraxtning gorizontal oʻqlari vaqtni bevosita ifodalamaydi. Shu sababli biz faqat bir chiziq yoki shoxda kechayotgan jarayonlarni solishtirishimiz mumkin, turli shoxlardagi jarayonlarni esa solishtira olmaymiz.

Filogenetik daraxtlarni oʻqish boʻyicha ayrim maslahatlar

Siz turli formatlarda chizilgan filogenetik daraxtlarga duch kelishingiz mumkin. Pastda chap tomonda koʻrsatilganidek, ayrimlari bloksimon chizilgan. Boshqalari esa oʻng tomonda keltirilganidek, diagonal chiziqlar orqali ifodalangan. Bloksimon daraxtda koʻrsatilganidek, filogenetik daraxtlarning shoxlari vertikal yoki gorizontal joylashgan boʻlishi mumkin.
Robert Bear va boshqalar, CC BY 4.0ʼga tegishli Taxonomy and phylogeny: Figure 2 (Taksonomiya va filogeniya: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Yuqoridagi uchta daraxt A, B, C, D va E turlar bir xil aloqaga ega ekanini ifodalaydi. Buni oʻzingiz tekshirib koʻrishingiz mumkin. Shoxlanish yoʻli va umumiy ajdodlarning tartibi ham ikkala daraxtda bir xil. Turlicha koʻrinishda boʻlgan ushbu daraxtlardagi bir xil maʼlumot daraxtlarning qarindoshlik darajasini koʻrsatadi.
Yana bir muhim jihat shuki, agar har qanday filogenetik daraxtdagi shoxlanish nuqtasidagi shoxlar oʻrnini almashtirsak, daraxtning asosiy mazmuni oʻzgarmaydi. Yuqoridagi ikki daraxt turli koʻrinishlarda ifodalangan boʻlsa-da, turlar orasidagi munosabatlar oʻzgarmagan. Quyidagi daraxtlarda ham toʻrttala tur orasidagi bir xil aloqa koʻrsatilgan:
Robert Bear va boshqalar CC BY 4.0ʼga tegishli “Taxonomy and phylogeny: Figure 3” (Taksonomiya va filogeniya: 3-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Agar bir qarashda yuqoridagi daraxtlar bir xil tuyulmasa, u holda daraxt uchidagi turlarning (W, X, Y va Z) tartibiga emas, balki daraxtlarning shoxlanishiga eʼtibor bering. Chunki turlarning joylashish tartibi emas, aksincha, daraxtning shoxlanish strukturasi bizga eng kerakli maʼlumotni beradi.
Biz yuqorida koʻrib chiqqan daraxtlar sodda tuzilgan boʻlib, har bir shoxlanish nuqtasidan faqat ikkita shox ajralgan. Lekin baʼzan politomiya (“poly” – koʻp; “tomy” – boʻlinish) mavjud daraxtlar ham uchrab turadi. Yaʼni bir shoxlanish nuqtasidan uch yoki undan ortiq yangi turlar paydo boʻladi2. Odatda politomiya shoxlanish qanday tartibda kechganini bilish uchun yetarli maʼlumot boʻlmaganda kuzatiladi.
Robert Bear va boshqalar, CC BY 4.0ʼga tegishli Taxonomy and phylogeny: Figure 2 (Taksonomiya va filogeniya: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Agar keyinchalik daraxtda ifodalangan turlar haqida yangi maʼlumotlar topilsa, yangi maʼlumot asosida politomiya toʻgʻrilanishi mumkin.

Filogenetik daraxtlar qanday tuzib chiqiladi?

Filogenetik daraxtni tuzish uchun koʻpincha olimlar oʻrganilayotgan turlarning koʻplab belgilarini solishtiradi va tahlil qiladi. Bu belgilar morfologik (shakl, koʻrinish), ichki anatomiya, xulq-atvor, biokimyoviy yoʻllar, DNK va oqsil ketma-ketligi, hattoki qazilma qoldiqlarining xususiyatlari boʻlishi mumkin.
Aniq, mazmunli filogenetik daraxtni tuzish uchun olimlar odatda (maʼlumotlardagi xatolik tufayli notoʻgʻri daraxt tuzilib qolishining oldini olish uchun) koʻplab belgilardan foydalanadi. Shunga qaramasdan, filogenetik daraxtlar aniq javob emas, balki gipoteza hisoblanadi. Ular faqat mavjud maʼlumotlar darajasida aniqlikka ega boʻladi. Yangi maʼlumotlar topilib, tahlil qilingach, daraxtlar qayta koʻrib, tekshirilib chiqiladi va yangilanadi. DNK ketma-ketliklarini aniqlash imkoni tobora oshayotgan hozirgi zamonda genlar va turlar orasida ularning genlari qanchalik yaqinligini aniqlash imkoniyati yanada ortdi.
Filogenetik daraxtlarni tuzish haqidagi keyingi maqolada turlar toʻgʻrisida berilgan har xil maʼlumotlardan foydalanib, filogenetik daraxtlar qanday tuzilishini koʻrib chiqamiz.