Asosiy kontent
Biologiya
Course: Biologiya > Unit 12
Lesson 2: Hujayra sikli va mitozMitoz fazalari
Qanday qilib hujayra boʻlinish orqali ganetik jihatdan bir xil boʻlgan ikkita hujayra hosil qilishi. Profaza, metafaza, anafaza va telofaza.
Kirish
Sizning ichaklaringiz, non xamiridagi achitqi va rivojlanayotgan qurbaqa orasida qanday umumiylik bor? Boshqa jihatlar qatorida, ularning barchasida mitoz jarayoni kechadigan hujayralar mavjud boʻlib, ular oʻzlariga oʻxshash genetik axborotga ega boʻlgan hujayralarni hosil qilish uchun boʻlinadi.
Nima uchun barcha organizm va toʻqimalar mitozga muhtoj? Ichak hujayralari doimiy ravishda yangisi bilan almashinib turishi kerak; achitqi hujayralari populyatsiya sonini oshirib borishi uchun koʻpayishi kerak; oʻspirin odam voyaga yetishi va mukammal boʻlishi uchun oʻsishi lozim.
Mitoz nima?
Mitoz bu (ona) hujayra boʻlinishining bir turi boʻlib, genetik jihatdan oʻxshash ikkita yangi (qiz) hujayra hosil boʻlishi bilan yakunlanadi. Mitoz hujayra sikli tarkibiga kirib, uning bir qismi hisoblanadi, bunda hujayra yadrosining DNKsi ikkita teng xromosoma toʻplamiga boʻlinadi.
Inson tanasida sodir boʻladigan hujayra boʻlinishlarining katta qismi mitoz orqali amalga oshadi. Oʻsish va rivojlanish davomida mitoz jarayoni organizmni hujayralar bilan toʻldiradi va organizm hayoti davomida eskirgan hujayralarni yangi hujayralar bilan almashtiradi. Achitqi kabi bir hujayrali eukariotlar uchun mitotik boʻlinishlar aslida koʻpayish shakli hisoblanadi va populyatsiyaga yangi organizmlarni qoʻshish uchun asos boʻladi.
Mitoz jarayonining asosiy “maqsadi” yangi hosil boʻlgan har bir qiz hujayraning toʻliq va mukammal xromosomalar toʻplamiga ega boʻlishini taʼminlashdir. Hujayrada xromosomalar soni juda kam yoki juda koʻp boʻlsa, ular munosib vazifa bajara olmaydi: bu kabi hujayralar omon qolmasligi va hatto saraton kasalligiga sabab boʻlishi mumkin. Shunday qilib, hujayralar mitoz orqali boʻlinayotganida, ular tarkibidagi DNK ikkita qiz hujayra oʻrtasida tasodifiy taqsimlanmaydi. Aksincha, hujayralar tarkibidagi ikki hissa ortgan (nusxasi yaratilgan) xromosomalar puxta tashkil etilgan ketma-ketlik boʻyicha taqsimlanadi.
Mitoz fazalari
Mitoz toʻrtta fazani oʻz ichiga oladi: profaza, metafaza, anafaza va telofaza. Baʼzi adabiyotlarda profaza ikki qismga boʻlingan: erta faza (profaza) va kechki faza (prometafaza). Bu fazalar qatʼiy tartib va ketma-ketlikda amalga oshadi va sitokinez jarayoni anafaza yoki telofaza bosqichida sodir boʻladi.
Bosqichlarni toʻgʻri ketma-ketlikda eslab qolish lozim. Chunki bu har bitta bosqichda qanday jarayonlar sodir boʻlishi va ularning xromosomalar boʻlinishidagi ahamiyatini tushuntirish uchun muhim.
Keling, mitoz boshlanishidan oldin hujayrani koʻrib chiqaylik. Ushbu hujayra allaqachon interfazada (kech G start subscript, 2, end subscript faza) va DNK replikatsiyalangan, shuning uchun yadrodagi xromosomalar ikkita bir xil qiz xromatidalardan iborat. Siz hozir xromosomalarni aniq koʻra olmaysiz, chunki ular hanuzgacha uzun, toʻrsimon va dekondensatsiyalangan shaklda.
Ushbu hayvon hujayrasi ham oʻzining tarkibidagi sentrosoma nusxasini yaratdi, bu organella mitoz jarayonini tashkillashtirishda muhim rol oʻynaydi, shuning uchun hujayrada ikkita sentrosoma mavjud. (Oʻsimlik hujayralarida odatda sentriolaga ega boʻlgan sentrosomalar mavjud emas, ammo shunga oʻxshash vazifa bajaradigan mikronaychalarni tashkil qilish markazi mavjud.)
Erta profazada hujayra tarkibidagi eski organoidlar parchalanib, oʻrniga yangi organoidlar shakllanadi va xromosomalar boʻlinish bosqichiga tayyorgarlik koʻradi.
- Xromosomalar spirallasha boshlaydi (keyinchalik oson ikkiga ajralishi uchun).
- Mitotik urchuq shakllanishi boshlanadi. Urchuq hujayra “skeletini” hosil qiluvchi mikronaychalar va tolalardan tashkil topgan tuzilma hisoblanadi. Uning vazifasi – mitoz jarayonida xromosomalarni harakatlantirish. Sentrosomalar bir-biridan uzoqlashganda ular orasida urchuq hosil boʻladi.
- Yadrocha yadroning bir qismi boʻlib, u yerda ribosomalar hosil boʻladi. Yadrochalarning parchalanishi yadro boʻlinishga tayyor ekanining belgisi hisoblanadi.
Kech profazada (baʼzida prometafaza deb ham ataladi) mitotik urchuq xromosomalarni bir chiziqqa tera boshlaydi.
- Xromosoma spirallashib (kondensatsiyalanib), ixcham shaklga kiradi.
- Yadro qobigʻi parchalanib, xromosomalarning hujayra ichiga chiqadi.
- Mitotik urchuq shakllanadi va mikronaychalari yordamida xromosomalarni “ushlab oladi”.
Mikronaychalar xromosomalarga kinetoxor orqali, yaʼni har bir qiz xromatidaning sentromerasida joylashgan oqsil toʻplami orqali bogʻlanishi mumkin. (Sentromera – bu qiz xromatidalar mustahkam birlashgan DNK qismi.)
Xromosoma bilan bogʻlanadigan mikronaychalar kinetoxor mikronaychalari deyiladi. Kinetoxorga bogʻlanmagan mikronaychalar urchuqni mustahkamlash uchun qarama-qarshi qutbdagi mikronaychalarga birikadi. Koʻp mikronaychalar sentrosomadan hujayra chetiga qarab aster deb nomlangan tuzilmani hosil qiladi.
Metafazada urchuq barcha xromosomalarni biriktirib, hujayra markaziga toʻplaydi va boʻlinishga tayyorlaydi.
- Barcha hujayralar metafaza plastinkasida (bu alohida tuzilma emas, shunchaki bir chiziqda joylashgan xromosomalarni bildiruvchi atama) joylashgan.
- Bu bosqichda har bir xromosomadagi kinetoxor urchuqning qarama-qarshi ikkala qutbidagi mikronaychalarga yopishadi.
Anafazaga oʻtishdan oldin metafaza plastinkasida joylashgan har bir xromosomaning kinetoxorlari mikronaychalarga toʻgʻri birikkanligi tekshiriladi. Bu jarayon urchuq tekshiruvi deb ataladi, shu jarayon orqali hujayra xromosomalari ikkita qiz hujayralari oʻrtasida teng taqsimlanganiga ishonch hosil qiladi. Agar xromosomalar notoʻgʻri taqsimlangan boʻlsa, xatolik bartaraf etilmaguncha hujayra boʻlinishi toʻxtaydi.
Anafazada qiz xromatidalar bir-biridan ajralib, hujayraning qarama-qarshi tomoniga tortiladi.
- Qiz xromatidalarni birga ushlab turuvchi “yelim” oqsillar parchalanadi va ularning ajralishiga imkon beradi. Endi ular mustaqil xromosomalarga aylanadi. Juft xromosomalarning har biri qarama-qarshi hujayra qutblariga tortiladi.
- Xromosomalarga birikmagan mikronaychalar choʻzilib, bir-biridan uzoqlashadi, qutblarni ajratib, hujayrani uzunlashtiradi.
Bu jarayonlarning barchasi motor oqsillar tomonidan amalga oshiriladi. Bu molekulalar mikronaycha boʻylab yuk olib oʻtish vazifasini bajaradi. Mitoz davomida bu molekulalar harakati tufayli xromosoma yoki boshqa mikronaychalar tashiladi.
Telofazada hujayra ikkiga boʻlinishga yaqin turadi va sitokinez (hujayra tarkibining boʻlinishi) boshlanishi bilan oʻzining normal tuzilmalarini qayta tiklay boshlaydi.
- Mitotik urchuq boʻlaklarga boʻlingan.
- Xromosomalar toʻplamiga ega boʻlgan ikkita yangi yadro. Yadro qobigʻi va yadrochalarning qayta shakllanishi.
- Xromosomalar dekondensatsiyalanib, yana “toʻrsimon” shaklga kiradi.
Sitokinez mitozning yakuniy bosqichida yangi ikkita hujayra hosil qilish uchun sitoplazmaning teng qismlarga boʻlinishidir. Bu jarayon hujayraga bogʻliq ravishda anafazada yoki telofazada boshlanishi mumkin va telofazadan keyin tez yakunlanadi.
Hayvonlar hujayralarida sitokinez kontraktil (qisqaruvchi yoʻl bilan) amalga oshadi (yaʼni hujayra oʻrta qismining torayishi bilan boradi) va hujayrani tanga solinadigan ikkita qopchaga oʻxshatib tortadi. Bu “qopchalar” aktin deb nomlanuvchi oqsil tolalari toʻplamidan iborat boʻlib, hujayrada egat hosil qilib botadi. Oʻsimlik hujayralari mustahkam devorga ega boʻlgani uchun bunday usulda boʻlina olmaydi. Buning oʻrniga markazda hujayra plastinkasi deb nomlangan tuzilma hosil boʻladi va bu devor hujayrani ikkita qiz hujayraga boʻladi.
Sitokinez xromosomalar toʻplami ona hujayra xromosoma toʻplami bilan bir xil boʻlgan ikkita yangi hujayra hosil boʻlishi bilan yakunlanadi. Endi qiz hujayralar oʻzlarining hujayraviy “hayotlarini” boshlaydi. Uni qanday davom ettirish esa hujayraning oʻziga bogʻliq.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.