If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Fizika nima?

Keling, fizikaning aslida nima ekanini va boshlanishida u qanday mavzularni oʻz ichiga qamrab olishini koʻrib chiqsak.

Fizika nima?

Toʻgʻrisini aytganda, fizika nima ekanini aniq aytish juda qiyin. Avvalambor, fizika biz rivojlanib, yangi kashfiyotlar qilganimiz sayin oʻzgarib boradi. Yangi nazariyalar shunchaki yangi javoblarni olib kelmaydi. Ular, shuningdek, oldingi fizika nuqtayi nazaridan qaralganda, hatto maʼnoga ega boʻlmasligi mumkin boʻlgan yangi savollarning ham paydo boʻlishiga zamin yaratadi. Bu fizikani yanada qiziqarli qiladi, biroq uning taʼrifini fizika qachonlardir kelajakda nima boʻla olishi emas, uning oʻtmishda nima boʻlgani haqidagi umumiy gaplarga aylantirib qoʻyadi.
Shunga qaramay, taʼrif berish foydali. Agar sizga taʼrif kerak boʻlsa, bu siz xohlagan taʼrif boʻladi. Fiziklar, asosan, quyidagilarni bajarishga harakat qilishyapti:
  1. Olamdagi oʻlchash mumkin boʻlgan eng fundamental kattaliklarni aniq tavsiflash (masalan, tezlik, elektr maydon, kinetik energiya). Olamning eng fundamental tavsifini topishga urinish tarixan fizikaning asosiy vazifalaridan boʻlgan, buni quydagi rasm ifodalaydi.
  2. Fundamental oʻlchash mumkin boʻlgan kattaliklar orasidagi bogʻlanishni topish (masalan, Nyuton qonunlari, energiyaning saqlanish qonuni, maxsus nisbiylik nazariyasi). Bu bogʻliqliklar va qonunlar biz insonlar yaxshiroq tushunishimiz va qoʻllay olishimiz uchun soʻzlar, tenglamalar, grafiklar, jadvallar, diagrammalar, modellar va boshqa yoʻllar bilan ifodalanadi.
Manba: Atom boʻylab sayohat, 1948 General Electric, 1948-yil, Jorj Russo.
Tan olishimiz kerakki fizikani ikkitagina narsaga keltirib qoʻyish biroz qoʻpol soddalashtirish boʻlib, u fiziklar nimalar bilan shugʻullanishi va ular buni qanday qilishi bilan bogʻliq nozik tafsilotlarni nazardan chetda qoldiradi. Ammo murakkab olamni sodda va aniq qonunlar bilan tavsiflash fizikaning ayni mohiyatidir. Shuning uchun ehtimol fiziklarning murakkab faoliyatini oddiy va aniq taʼrif bilan tasvirlashga urinish unchalik yomon fikr emasdir.

Men Khan Academy'da fizikani oʻqib nimalarni oʻrganaman?

Biz fizikada jismlarning harakati va uning sabablarini tushuntiramiz, ammo biz harakatni qanday tasvirlashni bilmasak, uni tushuntirish qiyin boʻladi. Shu sababli dastlab Bir oʻlchamli harakat va Ikki oʻlchamli harakat mavzularida biz jismlar harakatini qanday qilib aniq tavsiflash va ayrim hollarda ularning harakati qanday boʻlishini oldindan aytishni oʻrganamiz.
Harakatni aniq tavsiflashni oʻrganganimizdan soʻng, Kuch va Nyuton qonunlari mavzusida kuch tushunchasining jismlar harakati nega oʻzgarishini tushuntirish imkonini berishini oʻrganamiz.
Biz saqlanish qonunlari jism haraktini tushuntirishning muqobil yoʻli ekanini koʻrsatish orqali harakat bilan ishlash qobiliyatimizni sayqallash va kengaytirishda davom etamiz. Bu saqlanish qonunlari jism harakatining oʻzgarishini chegaralab beradi. Energiyaning saqlanish qonunini Energiya va ish, impulsning saqlanish qonunini Zarba va impuls mavzularida oʻrganamiz.
Hozirga qadar biz oʻzining aylanma harakatini oʻzgartirmayotgan jismlarni oʻrgandik, Momentlar, kuch momenti va impuls momenti mavzusida esa aylanma harakatni tasvirlash va tushuntirishni hamda yangi saqlanish qonuni–impuls momenti saqlanishini oʻrganamiz.
Shundan soʻng, harakat, kuchlar va saqlanish qonunlari toʻgʻrisidagi bilimlarimizni ishga solib, bir qator yangi kuchlar va hodisalarni koʻrib chiqamiz. Suyuqliklar fizikasi va Termodinamika mavzularida suyuqlik va gazlar bilan ishlashni oʻrganamiz. Keyin Elektr va Magnetizm boʻlimlarida ikkita yangi kuch - elektr va magnit kuchlari haqida bilib olamiz. Elektr zanjirlar da biz elektr kuchlari qanday qilib tokning oqishini keltirib chiqarishini bilib olamiz. Optika da biz elektromagnit toʻlqinlar (yaʼni yorugʻlik) sinishi va qaytish qonunlarini oʻrganamiz. Yorugʻlik haqida maʼlumot olganimizdan soʻng, Eynshteynning Maxsus nisbiylik nazariyasini oʻrganamiz. Va bu hali hammasi emas.
Mavzular oxirida siz elementar fizika va fiziklar olamni tasvirlash va tushuntirishda ishlatadigan matematik vositalar haqida yaxshi tasavvurga ega boʻlasiz, ammo hech qanday xulosa fizikaning barcha qiziqarli va kuchli tomonlarini tasvirlay olmaydi. Buni aniqlashning eng yaxshi usuli - bu barchasini oʻzingiz koʻrishingizdir.