If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Nyutonning uchinchi qonuni aslida nima haqida?

Kuchlar juft boʻlib hosil boʻlishini oʻrganing.

Nyutonning uchinchi qonuni nima?

Yer sizni pastga tortishidan xabaringiz boʻlsa kerak. Lekin siz ham yerni tepaga tortishingizni bilmasligingiz mumkin. Masalan, agar yer sizni 500 N gravitatsiya kuchi bilan pastga tortsa, siz ham yerni xuddi shunday 500 N gravitatsiya kuchi bilan tepaga tortasiz. Ushbu ajoyib haqiqat Nyutonning uchinchi qonuni natijasidir.
Nyutonning uchinchi qonuni: agar A jism B jismga kuch bilan taʼsir etsa, unda B jism ham A jismga qiymati teng, yoʻnalishi teskari kuch bilan taʼsir qiladi.
Bu qonuniyat tabiatdagi simmetriyani tasvirlaydi: kuchlar doim jufti bilan yuzaga keladi va bir jism ikkinchi jismga kuch bilan taʼsir qilganda oʻzi ham aks kuchni sezadi. Bu baʼzida aks taʼsir qonuni deb ham ataladi. Yaʼni berilayotgan kuch bu taʼsir, uning oqibatida yuzaga kelgan, miqdor jihatdan teng va yoʻnalash jihatdan qarama-qarashi boʻlgan kuch aks taʼsir deyiladi.
Nyutonning uchinchi qonunini odamlarning harakati misolida koʻrishimiz mumkin. Tasavvur qiling, suzuvchi quyida tasvirlanganidek basseyn devoridan oʻzini itaryapti.
Suzuvchi devorni oyoqlari bilan itaryapti, oʻz navbatida, Nyutonning uchinchi qonuniga koʻra, devor ham suzuvchining oyoqlarini itaradi. Rasm manbasi: Openstax Fizika kolleji
Suzuvchi basseyn devorini oyoqlari bilan itaradi va itarish yoʻnalishiga qarama-qarshi yoʻnalishda tezlanishga erishadi. Devor qiymati teng, yoʻnalishi teskari boʻlgan kuch bilan suzuvchiga taʼsir qiladi. Siz ikkita teng va yoʻnalishi qarama-qarshi boʻlgan kuchlar bir-birini kompensatsiyalaydi deb oʻylashingiz mumkin. Lekin unday boʻlmaydi, chunki ular har xil sistemaga taʼsir qilyapti. Bizda kuzatishimiz mumkin boʻlgan ikkita sistema bor: suzuvchi va devor. Agar suzuvchining sistemasiga qarasak (rasmda koʻrsatilganidek), Fdevor sistema uchun tashqi kuch va uning harakatiga taʼsir etadi. Suzuvchi Fdevor kuch yoʻnalishi boʻylab harakatga keladi. Aksincha, Foyoq kuchi devorga taʼsir etadi va u sistemamizdan tashqarida. Shunday qilib, Foyoq kuchi toʻgʻridan toʻgʻri sistemaning harakatiga taʼsir qilmaydi va Fdevor kuchini kompensatsiyalamaydi. Eʼtibor bering, suzuvchi harakatlanayotgan yoʻnalishiga qarama-qarshi yoʻnalishda kuch bilan taʼsir qilmoqda. Suzuvchining kuchiga qarshi taʼsir kuch esa harakat yoʻnalishida yuzaga kelmoqda.

Nyutonning uchinchi qonuniga yana nimalarni misol keltirishimiz mumkin?

Nyutonning uchinchi qonuniga misollar topish juda oson. Doska oldida yurayotgan oʻqituvchi polga harakatiga teskari yoʻnalishda kuch bilan taʼsir qiladi. Pol esa oʻqituvchining harakat yoʻnalishi boʻylab kuch taʼsir etadi.
Shunga oʻxshash xodisani mashina gʻildiraklarining harakatida ham koʻrishingiz mumkin. Yaʼni mashina gʻildiraklari yerni harakatiga teskari yoʻnalishda itaradi, bunga qarshi yoʻnalishdagi yerning reaksiya kuchi mashina gʻildiraklarini itarib, uni harakatga keltiradi. Mashina gʻildiraklari orqaga kuch taʼsir etishini shagʻal yoʻlda mashina gʻildiragi aylanganda, toshlar orqaga otilishi misolida koʻrishingiz mumkin.
Boshqa bir misol, raketaning katta tezlik bilan gazni yerga qaratib chiqarish natijasida uchishidir. Yonish kamerasida raketa juda katta kuch bilan gazga taʼsir etadi va gaz, oʻz navbatida, raketaga katta reaksiya kuchi berib, uchishiga sabab boʻladi. Ushbu reaksiya kuchi tortish kuchi deb ataladi. Raketa ortidagi yer yoki havoni itarib oʻzini qoʻzgʻatadi degan odatiy tushuncha notoʻgʻridir. Aslida, raketaning uchishi vakuumda yaxshiroq ishlaydi, chunki vakuumda gazlarni osonlikcha chiqarib yuborish mumkin.
Vertolyotlar ham havoni pastga itarish natijasida yuqoriga reaksiya kuchi hosil qilib havoga koʻtariladi. Qushlar va samolyotlar ham xuddi shu tarzda uchadi, yaʼni harakat yoʻnalishiga qarshi yoʻnalishda kuch qoʻyiladi. Masalan, qush yuqoriga va oldinga harakatlanishi uchun qanotlari bilan havoni pastga va orqaga itaradi.

Nyutonning uchinchi qonuniga oid masalalar qanday boʻladi?

1-masala: muzlatkichni itarish

Bir kishi 1-aravani haydayapti. 1-arava 2-aravani itaryapti. 2-aravaning umumiy massasi muzlatkich va aravaning massalari yigʻindisiga teng va 1-aravaning umumiy massasidan 3 marta katta. 1-aravaning umumiy massasi odam va aravaning massalari yigʻindisiga teng. Agar odam ikkala arava oʻng tomonga tezlanish bilan harakatlanishi uchun yetarlicha kuch bilan qoʻyayotgan boʻlsa, aravalarga taʼsir etayotgan kuchlarning qiymati haqida qanday xulosaga kelish mumkin?
Bitta javobni tanlang:

2-masala: aks taʼsir kuch juftliklari

Quti quyidagi rasmda koʻrsatilganidek, stol ustida tinch holatda turibdi. Rasmdan keyingi jadvalda turli xil taʼsir etuvchi kuchlar keltirilgan.
Oʻng ustundagi kuchlarning aks taʼsir sherigini chap ustun orasidan toping va mos qatorga joylashtiring.
1