If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Immun tizimi haqida takrorlash

Asosiy atamalar

AtamaMaʼnosi
PatogenBakteriya singari kasalliklarga sabab boʻluvchi organizm
AntigenOdam immunitet sistemasini qoʻzgʻatuvchi molekulalar
Tugʻma immunitetMaxsus boʻlmagan immun tizimi
Orttirilgan immunitetAntigenlar vositasida yuzaga keluvchi immunitet
AntitanaY-shaklli oqsil molekulalari boʻlib, antigenlarni parchalash uchun ular bilan bogʻlanish xususiyatiga ega.
B hujayralarOq qon tanachalarining bir turi boʻlib, antitana ishlab chiqarishda va immunologik xotirani saqlashda yordam beradi.
T hujayralarOq qon tanachalarining bir turi boʻlib, birinchisi B hujayralarga yordam beradi(T helper) va boshqasi zararlangan hujayralarni oʻldiradi (T killer)
Gumoral immunitetImmunitet tizimining antitanalarga bogʻliq turi
Hujayraviy immunitetYot boʻlgan hujayralar T hujayralar orqali nobud qilinuvchi orttirilgan immun tizimi
VirusOqsil va DNK/RNKdan tashkil topgan, tiriklikka xos xususiyatlarni namoyon etmaydigan va hujayralarni zararlovchi tuzilma
VaksinaNobud qilingan yoki kuchsizlantirilgan patogen boʻlib, tanaga yuborilganda immunitetni shakllantiradi.

Yuqumli kasalliklar

Yuqumli kasalliklar virus, bakteriya, zamburugʻ, bir hujayrali organizmlar va boshqa patogenlar natijasida yuzaga keladi.
Patogenlar odatda yoʻtalish, aksirish va odamlar oʻrtasidagi aloqalar orqali tarqaladi. Bundan tashqari, u ichimlik suvining ifloslanishi yoki tana suyuqliklari, masalan, jinsiy aloqa orqali ham yuqishi mumkin.

Maxsus boʻlmagan immun tizimi: tugʻma immunitet

Odam tanasida bir qancha maxsus boʻlmagan qarshi kurashuv vositalari boʻlib, ular tugʻma immunitet deb ataladi. Bu vositalar bitta patogen emas, balki kasallanishning barcha turlariga qarshilik koʻrsata oladi.

Odam immun tizimining birinchi bosqichi

Tanamizni himoya qiluvchi eng muhim vositalardan biri bu terimizdir. U tanamizni tashqi muhit va undagi patogenlardan ajratib turadi. Garchi tanamizda koʻz va burun singari ochiq joylar boʻlsa-da, ular ter bezlari, shilliq qavat va koʻz yoshlar bezlari bilan taʼminlangan boʻlib, ularning tarkibidagi fermentlar patogen bakteriyalarni oʻldirish qobiliyatiga ega.

Odam immun tizimining ikkinchi bosqichi

Agar patogen tanamizga kira olsa, ikkinchi bosqich nomaxsus immun tizimi oʻz ishini boshlaydi.
Yalligʻlanish javobini yuzaga keltirish uchun oq qon tanachalari tomonidan ishlab chiqarilgan moddalarni tasvirlovchi rasm.
Yalligʻlanish reaksiyasi. Rasm OpenStax, CC BY 4.0 dan olingan.
Yalligʻlanish reaksiyasi patogen zararlangan joyda qon harakatini tezlashtirgan paytda boshlanadi. Bu sohadagi qontomirlar kengayadi va oq qon tanachalari qondan chiqib, zararlangan toʻqimalarni nobud qiladi. Ushbu oq qon tanachalari fagotsit deb ataladi va bakteriyalarni oʻldiradi. Yalligʻlanish javob reaksiyasi paytida oʻsha sohada qizarish, shish va ogʻriq kuzatiladi.
Patogen organizmga kirgandan soʻng immun tizimi tana haroratini koʻtaruvchi moddalar ishlab chiqaradi va bu isitmaga sabab boʻladi. Yuqori tana harorati patogenlarning oʻsishi va koʻpayishiga toʻsqinlik qiladi va immun tizimining kuchayishiga yordam beradi.

Maxsus himoya: orttirilgan immun tizimi

Agar patogen tugʻma immunitet tizimidan oʻta olsa, orttirilgan immun tizimi oʻz ishini boshlaydi.
Tanamizdagi hujayralar oʻzida maxsus belgilar orqali immunitet tizimiga “oʻziniki” ekanini bildiradi va immun tizimi ularga taʼsir koʻrsatmaydi.
Agar immun tizimi patogen “begona” ekanini aniqlasa, unga qarshi hujayraviy va kimyoviy qarshilik koʻrsatadi. Immun tizimi bir marta kurashgan patogenni “eslab qolish” qobiliyatiga ega va bu keyingi safar bunday patogenlarni tezroq tanib olish hamda ularga qarshi kurashishga yordam beradi.
Maxsus immun reaksiyalari antigenlar tomonidan qoʻzgʻatiladi. Antigenlar patogenlar yuzasida uchrab, har bir patogen oʻziga xos antigenga ega boʻladi. Immun tizimi patogenga qarshi kurashda toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir etuvchi hujayralardan yoki maxsus oqsillar – antitanalardan foydalanadi. Antitana antigenga birikadi va patogenni yoʻq qiluvchi hujayralarni jalb etadi.
Immun tizimining eng muhim hujayralari limfotsitlar boʻlib, ular B hujayralar va T hujayralar boʻlishi mumkin. B hujayralar suyak koʻmigida hosil boʻladi va rivojlanadi, T hujayralar esa suyak koʻmigida hosil boʻladi, lekin timus (ayrisimon bez)da rivojlanadi.

Gumoral immunitet

Gumoral immunitet tana boʻylab harakatlanuvchi antitanalarning faoliyatiga asoslanadi.
Gumoral immunitet B hujayralardagi antitana antigenga yopishishi orqali boshlanadi. Keyin B hujayralar antigenni oʻziga biriktirib olib, uni maxsus yordamchi T hujayralarga uzatadi va T hujayralar oʻz navbatida B hujayralarni faollashtirib turadi.
Faollashgan B hujayralar ikki xil hujayra ishlab chiqaradi: plazma hujayralari; ular qonga antitanalar ajratadi va xotira B hujayralari; patogen haqidagi maʼlumotlarni yodda saqlaydi.

Hujayraviy immunitet

Antitanalar koʻpincha tanadagi patogenlarga bir oʻzi qarshi kurasha olmaydi. Bunday hollarda organizm zararlangan tana hujayralarini yoʻq qilishda hujayraviy immunitetni ishga soladi.
Hujayraviy immunitet uchun T hujayralar masʼuldir. T-killer hujayralar (yoki sitotoksik T hujayralar) zararlangan hujayralarni tanadan toksinlar ajratish yoki apoptoz orqali yoʻqotadi. T-helper hujayralar esa boshqa immun hujayralarni faollashtiradi.

Vaksinalar

Vaksinalar faoliyati antigenni tanish va antitana javobi bilan bogʻliq. Vaksina maʼlum bir kasallikni keltirib chiqaruvchi patogen antigenidan iborat. Masalan, suvchechakka qarshi vaksina suvchechak antigenlaridan iborat. Odamga suvchechakka qarshi vaksina yuborilganda immun tizimi antitana ishlab chiqaruvchi hujayralarni faollashtiradi va ular ham oʻz navbatida suvchechakka qarshi antitana ishlab chiqaradi. Natijada keyinchalik odam suvchechak bilan kasallansa, organizm u bilan kurashga tayyor turadi.

Viruslarning tuzilishi

Viruslar xoʻjayin organizmni egallab olib, undan koʻproq viruslar hosil qilishda foydalanuvchi zararli tuzilmalardir.
Viruslarning tuzilishi. Eng tashqi qavat – gʻilof membrana. Gʻilof ichida kapsid, uning ichida esa nuklein kislotali genom joylashgan.
Rasm quyidagi manzildan olingan: Wikimedia, CC BY-SA 2.5
Viruslarning tuzilishi, genomi va xoʻjayin hujayralari bilan farqlanuvchi juda koʻplab turlari bor. Shunga qaramasdan, bir qancha xususiyatlari bilan ular bir-biriga oʻxshaydi. Hamma viruslar himoya oqsil qobigʻi, yaʼni kapsid va u bilan oʻralgan nuklein kislotali genomga ega (DNK yoki RNK).
Baʼzi viruslarda kapsidni tashqi tomondan oʻrab turuvchi gʻilof membranasi ham mavjud.

Virus bilan zararlanish bosqichlari

Viruslar oʻzining genomidagi DNK yoki RNKsiga asoslanib, xoʻjayin hujayrasi manbalaridan foydalangan holda oʻz-oʻzini koʻpaytiradi.
Virus yuqishi bosqichlari, (RNKli virus uchun tasvirlangan)
  1. Xoʻjayin hujayraga yopishish. Virus hujayra yuzasidagi retseptorga birikadi.
  2. Virusning hujayra ichiga kirishi. Virus hujayra ichiga endositoz orqali kiradi. Sitoplazmada kapsid boʻlinib (parchalanib), RNKli genomni ajratadi.
  3. Replikatsiya va gen ekspressiyasi. RNKli genomdan nusxa olinadi va hujayra ribosomalaridan foydalanib virus oqsillari sintezlanadi. Kapsid oqsillarini oʻz ichiga oluvchi virus oqsillari sintezlanadi.
  4. Yigʻilish. Kapsid oqsillar va RNKli genom birgalikda jamlanib, yangi viruslarni hosil qiladi.
  5. Hujayradan tashqariga chiqish. Hujayra qobigʻining yorilishi orqali yangi viruslar hujayrani tark etadi va boshqa hujayralarni zararlaydi.
  1. Virus hujayra yuzasidagi retseptor orqali uni taniydi va unga birikadi.
  2. Virusning oʻzi yoki genomi hujayra ichiga kiritiladi.
  3. Virus genomidan nusxa olinadi va undagi genlardan foydalanib oqsillar sintezlanadi.
  4. Yangi hosil qilingan genom va oqsillardan yangi viruslar jamlanadi (hosil qilinadi).
  5. Yangi hosil boʻlgan virus hujayrani tark etadi va boshqa yangi hujayralarni zararlaydi.

Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar

  • Hamma bakteriyalar ham zararli emas. Aslida aksariyat bakteriyalar zararsiz boʻlib, ularsiz hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi! Bakteriyalar bizga oziqni hazm qilishda, vitaminlar ishlab chiqarishda va har xil oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashda yordam beradi.
Baʼzi bakteriyalar patogen bakteriyalar egallashi mumkin boʻlgan sohalarni egallash orqali himoya qiladi. Masalan, antibiotiklardan foydalanish natijasida oshqozon-ichak florasining koʻp qismi nobud boʻladi. Bu esa oʻsha joyda patogen bakteriyalar koʻpayib, diareya va boshqa oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqarishiga sabab boʻladi.
  • Baʼzi kasalliklar vaksinalar tufayli deyarli yoʻqotilgan. Lekin bu ushbu kasalliklarga qarshi vaksinalarni qoʻllashni toʻxtatishimiz kerakligini anglatmaydi. Bu kasalliklarning koʻpchiligi hali ham odam populyatsiyalarida uchrashi sababli vaksinalarni qoʻllashni davom ettirish tavsiya etiladi.
  • Baʼzi odamlar vaksinalar kasallikka qarshi doimiy immunitetni taʼminlaydi deb hisoblaydi. Baʼzi kasalliklar uchun birgina vaksina yetarli, lekin koʻp kasalliklarga qarshi himoyalanish uchun bu vaksinalarni bir necha marta olishga toʻgʻri keladi.
Masalan, grippga qarshi vaksinalar vaqt oʻtishi bilan oʻz samarasini yoʻqotadi, chunki virusdagi mutatsiyalar ularga chidamlilikni oshiradi. Shuning uchun yildan yilga yangi grippga qarshi vaksinalar yaratilmoqda.