If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Ekologiyaga kirish. Takrorlash.

Asosiy atamalar

AtamaMaʼnosi
EkologiyaOrganizmlar bir-biri bilan hamda oʻzlari yashab turgan muhit bilan qay tarzda aloqada boʻlishini oʻrganadi
BiotikEkotizimning tirik yoki avvallari tirik boʻlgan omili
AbiotikEkosistemada tirik boʻlmagan omillar
OrganizmIndividual tirik mavjudot
TurlarBir-biri bilan beʼmalol chatishib, serpusht nasl beradigan, oʻxshash organizmlar guruhi
PopulyatsiyaBir xil turlarga mansub boʻlgan va bitta hududda yashovchi individlar yigʻindisi
JamoaMaʼlum bir hududda birgalikda yashovchi har xil turlarning barcha populyatsiyalari
EkosistemaMaʼlum bir joyda yashovchi barcha organizmlar va ularni oʻrab turan tabiiy muhit yigʻindisi
BiosferaYerdagi barcha ekosistemalar
Biologik xilmaxillikEkosistemadagi organizmlar xilmaxilligi

Ekologiya

Ekologiya koʻp bosqichlarda oʻrganilgan boʻlib, texnologiya va atrof-muhit taʼsirlari ortishi bilan uning ahamiyati yanada ortdi. Biologik xilmaxillikka salbiy taʼsirlarni kamaytiradigan usullarni yaratish uchun biz ekologiyani tushunishimiz lozim.

Biotik va abiotik omillar

Ekotizim ham biotik, ham abiotik omillar taʼsiri ostida boʻladi.
Biotik omillarga hayvonlar, oʻsimliklar, zamburugʻlar, bakteriyalar hamda bir hujayrali organizmlar kiradi. Abiotik omillarga suv, tuproq, havo, quyosh nuri, harorat va mineral moddalar misol boʻladi.
Masalan, qizil pandalar yenotlarning uzoq qarindoshi hisoblanadi hamda sharqiy Gimolayalarda uchraydi. Ular koʻp vaqtlarini daraxtlarda oʻtkazadi va asosan oʻt-maysalar bilan oziqlanadi.
Yaqin yillar ichida qizil panda populyatsiyalari sezilarli darajada kamayib ketdi, natijada tabiatni muhofaza qiluvchi guruhlar ularni zaif yoki yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlar qatoriga kiritdi.
Daraxt shoxidan osilib turgan qizil panda. Qizil moʻynali bu ajoyib hayvon xuddi yenotlarga oʻxshaydi.
Qizil panda populyatsiyalarining kamayishida daraxtlarni kesish va uy itlaridan kasalliklar yuqishi kabi biotik omillar muhim rol oʻynadi. Abiotik omillar hozirgi kunga qadar kam ahamiyatga ega boʻlsa-da, haroratning oʻzgarishi kelajakda ularning yashash joylari yoʻqolishiga olib kelishi mumkin.
Qizil pandaning kamayib ketishiga sabab boʻluvchi biotik va abiotik omillarni tushunib yetish ekologlarga bu turlarni saqlashga qaratilgan rejalar tuzishga yordam berdi.

Ekologiya darajalari

Odatda ekologlar beshta katta darajalar bilan ish koʻrishadi, baʼzida ularni bir-biridan alohida, baʼzida bir-biriga bogʻliq holda oʻrganishadi. Bu darajalar quyidagilar: organizm, populyatsiya, jamoa, ekotizim va biosfera.
Organizmlar populyatsiyani hosil qiladi. Har xil turlarning koʻp sonli populyatsiyalari jamoani tashkil qiladi. Muayyan hududdagi jamoalar yigʻindisi ekotizimni hosil qiladi. Yerdagi barcha ekotizimlar biosferani hosil qiladi.
Ekotizim darajalari. Rasm Wikimedia, CC BY 4.0 dan olingan.
Eng kichigidan eng kattasigacha:
  • Organizm. Organizmlarni oʻrganuvchi olimlar tabiiy tanlanish natijasida paydo boʻlgan foydali xususiyatlardan biri sanalgan, organizmlarning muayyan muhitda yashashini taʼminlovchi moslashuvchanligini oʻrganishadi.
  • Populyatsiya. Populyatsiya bu bitta hududda bir vaqtda yashovchi, bir xil turlardagi organizmlar guruhidir. Populyatsiyani oʻrganuvchi ekologlar populyatsiyalarning oʻlchamini, zichligini, tuzilishini hamda vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib borishini oʻrganishadi.
  • Jamoa. Biologik jamoaga muayyan hududda yashovchi har xil turlarning barcha populyatsiyalari kiradi. Jamoani oʻrganuvchi ekologlar populyatsiyalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar hamda bu munosabatlar qanday qilib jamoalarni shakllantirganini oʻrganishadi.
  • Ekotizim. Ekotizimga jamoaga taʼsir qiluvchi biotik va abiotik omillarning hammasi kiradi. Ekotizimni oʻrganuvchi ekologlar odatda energiya oqimini hamda moddalarning davriy aylanishini oʻrganadi.
  • Biosfera. Biosfera bu Yer sayyorasi boʻlib, ekologik tizim sifatida qaraladi. Biosfera sohasida ish olib boradigan ekologlar yirik sohalar (masalan, iqlim yoki maxsus yoʻnalishlar) ekotizimlar orasidagi oʻzaro munosabatlarni va butun Yer yuziga taʼsir koʻrsatayotgan iqlim oʻzgarishi kabi hodisotlarni oʻrganishlari mumkin.

Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar

  • Oʻlik organizmlar abiotik emas. Baʼzilar nobud boʻlgan organizmlarni biotik deb hisoblamaydi. Lekin nimadir bir vaqtlar tirik boʻlgan boʻlsa yoki tirik organizmning bir qismi boʻlgan boʻlsa (masalan, suyagi yoki sochi), u baribir biotik hisoblanadi.
  • Populyatsiyalar va jamoalar bitta narsa emas. Baʼzi odamlar bu atamalarni oʻzaro bir-birining oʻrnida qoʻllab ishlatishadi, lekin biologiyada bu atamalar oʻziga xos maʼnolarga ega. Populyatsiya faqat muayyan hududda yashovchi bitta turdan iborat, jamoalar esa koʻp sonli turlarni qamrab oladi.
  • Baʼzi odamlar uchun bir necha turlarning yoʻqolib ketishi katta muammo emas. Lekin bu endi haqiqatdan yiroq boʻlishi mumkin emas! Biologik xilmaxillik bizning sayyoramiz muvaffaqiyati uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki har bir tur qanchalik katta yoki kichik boʻlishidan qatʼi nazar, muhim rol oʻynaydi.
Bundan tashqari, boy biologik xilmaxillik organizmlar va ekotizimlarning oʻzgaruvchan atrof-muhitga moslashishiga imkon beradi. Shuningdek, u tibbiyot va qishloq xoʻjaliklariga ham oʻz hissasini qoʻshadi.