If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Eukariot hujayralarga kirish

Eukariot hujayralarning umumiy koʻrinishi va ular prokariot hujayralardan (yadro, organellalar va ipsimon xromosomalar) qanday farq qilishi bilan umumiy tanishish.

Kirish

Bitta xonachadan iborat uyda yashash qanday boʻladi? Xoʻsh, barcha jihozlar ixcham boʻlishi kerak, siz bir xonada ovqatlanishingiz, uxlashingiz, ishlashingiz shart boʻladi. Toʻgʻri, bunday uy biroz tor boʻlib tuyulishi mumkin, lekin uni tozalash ortiqcha muammo tugʻdirmaydi.
Prokariot hujayralar – bakteriyaga oʻxshash bir hujayrali oddiy organizmlar baʼzan 1 xonali kulbachalarga qiyoslanadi: bunday hujayralarda ichki membranalar yoʻqligi uchun devorlari taqsimlanmagan bir xonachali kulbaga oʻxshaydi1. Agar biz bu oʻxshatishni eukariot hujayralarga nisbatan qoʻllaydigan boʻlsak, oʻsimlik, zamburugʻ va hayvon organizmlaridagi murakkab hujayralarni eng yuqori darajadagi koʻchmas mulkka oʻxshatish mumkin.
Koʻp xonali uyda xonalar maʼlum bir maqsad uchun (yotoqxona, mehmonxona, oshxona, yuvinish xonasi kabilar) ajratilgani kabi, eukariot hujayralar ham muayyan vazifaga ega, bir-biridan membrana qavatlari orqali ajratilgan turli xil qismlardan tashkil topgan. Bunday strukturaviy tuzilish har bir qismga oʻz vazifasini bajarishi uchun zarur boʻlgan shart-sharoitni saqlab turishga yordam beradi.
Misol uchun, qayta ishlash markazi boʻlgan hujayra tarkibiy qismlaridan biri – lizosomalar hujayra chiqindilarini parchalash uchun kislotali pH muhitini saqlab turishi kerak. Shu kabi, hujayrada peroksizomalar deb ataluvchi strukturalar oksidlanish reaksiyalarini amalga oshirib, hujayraga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan vodorod peroksidini hosil qiladi va uni hujayraga ziyon yetkazmasdan neytrallaydi.
Birgina hujayra ichida turli muhitni taʼminlay olish orqali eukariot hujayralar prokariot hujayralarda kechmaydigan murakkab metabolik reaksiyalarni ham amalga oshira oladi. Haqiqatan ham, eukariot hujayralarning prokariot hujayralarga nisbatan bir necha barobar katta boʻlib oʻsishining asosiy sababi shu.

Prokariot va eukariot hujayralarni solishtiramiz

Eukariot hujayralarning asosiy xususiyatlari nimalardan iborat? Prokariot hujayralardan farqli oʻlaroq, eukariot hujayralar quyidagi qismlardan tarkib topgan:
  1. Membrana bilan oʻralgan, hujayraning genetik axborotini oʻzida saqlovchi yadro.
  2. Sitozolda suzib yuruvchi, muayyan vazifalarni amalga oshirishga muvofiqlashtirilgan, membrana bilan qoplangan bir nechta organellalar. (Organella soʻzi “kichik organ” maʼnosini anglatadi, yaʼni bizning tanamizdagi organlar kabi organellalar ham aniq bir vazifani bajaradi.)
  3. Prokariot hujayradagi bitta halqasimon xromosomadan farq qiluvchi koʻp sonli chiziqli xromosomalar.
Eukariot hujayralar prokariot hujayralarga qaraganda ancha murakkab tuzilgan. Ular energiya muvozanatida, metabolizmda va genlarni ifoda etishda muhim rol oʻynaydigan hujayra qismlaridan tashkil topgan.
Keyingi maqola va videolarda biz eukariot oʻsimlik va hayvon hujayralari boʻylab sayohat qilamiz, ularda mavjud boʻlgan noyob tuzilmalarni va hujayra hayotida ular qanchalik muhim oʻrin tutishini oʻrganamiz.
Hujayraning qaysi qismi haqida bilib olmoqchisiz? Oʻzingiz qiziqqan qismni quyidagi roʻyxatdan topib, oʻsha qismga oʻtishingiz mumkin:
Hayvon hujayrasining tuzilishi:
Tarkibiy qismlari nomlari bilan koʻrsatilgan hayvon hujayrasi rasmi:
Grafik material OpenStax CNX Biologyʼdan oʻzgartirib olindi.
Oddiy oʻsimlik hujayrasining tuzilishi:
Tarkibiy qismlari nomlari bilan koʻrsatilgan oʻsimlik hujayrasi rasmi:
Grafik material OpenStax CNX Biologyʼdan oʻzgartirib olindi.

Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?

Ingliz tilini tushunasizmi? Khan Academyʼning inglizcha saytida boʻlayotgan muhokamalarni koʻrish uchun shu yerga bosing.