If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Biologiyani oʻrganishga tayyorlanish

Biologiyani oʻrganishga tayyormisiz? Unda mana bu asosiy mavzularni tezda esga solib olishni istashingiz mumkin.

Biologiyani boshlashdan oldin nimalarni bilishingiz kerak?

Agar siz biologiyaga qiziqsangiz yoki uni kelajakda oʻrganmoqchi boʻlsangiz, uning qanday dastlabki muhim shartlari borligi, yaʼni yana qanday qoʻshimcha bilimlar sizga biologiyani oʻrganishingiz uchun mustahkam asos boʻla olishi haqida oʻylayotgandirsiz. Agar shunday boʻlsa, oldindan oʻylab kirishayotganingiz uchun tashakkur!
Mening fikrimcha, biologiya uchun dastlabki muhim shart qiziquvchanlik, ochiq fikr va tabiiy olam haqida tanqidiy fikrlay olish qobiliyatidir. Agar sizda shular boʻlsa, biologiyani boshqa koʻnikmalarsiz ham oʻrgana boshlashingiz mumkin, faqatgina yoʻl-yoʻlakay kimyo, fizika, statistika va matematika boʻyicha qoʻshimcha bilimlarni egallashga tayyor boʻlsangiz boʻldi.
Shunday boʻlsa-da, agar boshqa sohalar, xususan, kimyo bilan allaqachon tanish boʻlsangiz, sizning biologiya boʻylab sayohatingiz ancha oson va koʻngildagidek oʻtishi mumkin. Quyida Xan akademiyasining biologiya materiallari (va har qanday biologiya darslari)dan imkon qadar foyda olishingizga yordam beradigan baʼzi asosiy mavzular keltirilgan.

Umumiy ilmiy koʻnikmalar

  • Ilmiy-tadqiqot usuli. Siz gipoteza nima ekani va u qanday tekshirilishini bilishga qiziqyapsizmi? Tajribalarga-chi? Ushbu asosiy tushunchalar sizga nafaqat biologiya, balki istalgan boshqa ilmiy sohada ham yordam beradi!

Kimyo

  • Umumiy kimyo. Atomlar, molekulalar va ular oʻzaro qanday taʼsirlashishi haqida tanishib chiqing. Axir biz (va butun borliq) shulardan tashkil topganmiz!
  • Kislota-asos kimyosi. Tanamiz kimyoviy tarkibining katta qismini suvli eritmalardan oʻrin olgan kislota-asoslar egallaydi. Kislotalar va asoslar nima ekanini bilish sizga biokimyo boʻyicha ancha qoʻl keladi.

Fizika

  • Termodinamika qonunlari. Energiya nima ekani va uning uzatilishi qanday qonunlarga boʻysunishi bilan tanishib chiqing. Energiya doimiy ravishda ekotizimlar, organizmlar va hujayralarda harakatda boʻladi hamda bu sistemalarning faoliyatini saqlash uchun oʻta zarur hisoblanadi.

Statistika

  • Ehtimollik asoslari. Ehtimollik biologiyada asosiy tushuncha hisoblanadi. Siz “tonnalab” tafsilotlar yoki formulalarni bilishingiz shart emas, ammo asosiy tushunchalarni anglab yetsangiz, bu sizga genetika va populyatsiya genetikasida ancha yordam beradi.
  • Statistika. Maʼlumotlar toʻplamini tavsiflashning eng asosiy yoʻllarini yodda tuting. Oʻrtacha qiymat, mediana va moda kabi soʻzlar sizga tanishmi? Demak, bundan-da chuqurroq kirishsangiz va gipotezani tekshirishni oʻrganib olsangiz, olgʻa ketishingiz aniq!

Matematika

  • Algebra asoslari va grafiklar. Biologiyaga kirish darslarining koʻpchiligi u qadar matematikaga bogʻliq emas, ammo algebra va grafiklar (misol uchun, qiyalikning nimaligi) haqidagi boshlangʻich bilim sizga biologiyada shakllar va maʼlumotlarni tushunishga yordam beradi.

Boshlashdan oldin bularning barchasini bilish majburiymi?

Majburiy emas! Avvalroq aytilganidek, yoʻl-yoʻlakay oʻrganishingiz ham mumkin. Shunchaki siz biologiya bilan birvarakayiga shu mavzular ustida ham ishlashga tayyor boʻlishingiz kerak. Shunday ekan, bu mavzularni hali puxta bilib olmagan boʻlsangiz ham, biologiyani oʻrganishdan qaytmang.
Bir voqea: maktab yillarim men biologiya darslariga tayyorlanmaydigan oʻquvchilar qatorida edim. Yuqori sinflarda hech qachon fizika darslariga qatnashmaganman va institutda ham uchinchi kurs boʻlgunimga qadar bu darslarni topshirmaganman! Bundan tashqari kimyo boʻyicha ham koʻpchilik bakalavr talabalaridan ortda edim. Bunday yondashuvni maslahat bermasam-da, bu fikrlarim maqsadi bor inson qanday qilib hatto baʼzi muhim mavzularni bilmay turib ham biologiyada muvaffaqiyat qozonishi mumkin ekanini koʻrsatadi.

Agar sizga kimyo/fizika/statistika/matematika fanlari yoqmasa-chi?

Ushbu mavzularning baʼzilari sizga (hozircha) yoqmasa ham, biologiyani oʻrganishdan qaytmang! Biologiya bu ulkan, serqirra soha. Barcha biologlar kimyo, fizika, matematika va statistika boʻyicha boshlangʻich, asosiy tushunchaga ega boʻlishlari kerak. Ammo ular bu sohalarning barchasida mutaxassis boʻlishi shart emas.
Bundan tashqari, agar siz ilgari bu fanlar bilan bogʻliq yomon tajribaga duch kelgan boʻlsangiz, Xan akademiyasida buni toʻgʻrilab koʻrmaymizmi? Ushbu fanlar oʻylaganingizdan-da qiziqroq ekaniga amin boʻlasiz!

Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?

Ingliz tilini tushunasizmi? Khan Academyʼning inglizcha saytida boʻlayotgan muhokamalarni koʻrish uchun shu yerga bosing.