If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Hayvonlar xatti-harakatlarini oʻrganishga kirish

Oʻzi xatti-harakat deb nimaga aytiladi? Xatti-harakatni nima yuzaga chiqaradi? Ular hayvonlardagi genlar bilan bogʻliqmi yoki hayot davomida oʻrganiladimi?

Asosiy tushunchalar

  • Hayvonlar xulq-atvori va xatti-harakatlari hayvonlarning boshqa organizmlar va muhit bilan oʻzaro munosabatlarining barcha koʻrinishlarini oʻz ichiga oladi.
  • Shuningdek, xulq-atvor stimul, yaʼni tashqi va ichki signallarga yoki signallar kombinatsiyasiga javoban organizm faoliyatidagi oʻzgarish sifatida ham taʼriflanishi mumkin.
  • Xulq-atvor yoki xatti-harakatni toʻliq tushunish uchun biz uning qanday sodir boʻlishi, individda qanday rivojlanishi, organizmga qanday foyda keltirishi va qanday paydo boʻlgani toʻgʻrisida bilishni xohlaymiz.
  • Baʼzi xulq-atvor va xatti-harakatlar tugʻma, yaʼni nasldan naslga oʻtgan, boshqalari esa oʻrganilgan, yaʼni tajriba orqali rivojlangan boʻladi. Koʻpgina hollarda xulq-atvor va xatti-harakatlar ham tugʻma, ham oʻrganilgan qismlarga ega boʻladi.
  • Xulq-atvor va xatti-harakatlar tabiiy tanlanish asosida shakllanadi. Koʻpgina xatti-harakatlar organizmning moslanuvchanligini bevosita oshiradi, yaʼni ularga tirik qolish va koʻpayish uchun yordam beradi.

Kirish

Olmaxonlar yongʻoqlarni yer ostiga koʻmib qoʻyganiga hech guvoh boʻlganmisiz? Mushugingiz odatda ovqatlantirish vaqti yaqinlashgani sari miyovlashni boshlaydimi? Kechki ovqat payti yaqinlashgani sari siz oshxonada oʻralasha boshlaysizmi?
Agar siz ushbu narsalardan biriga ahamiyat bergan boʻlsangiz, tabriklaymiz, siz xulq-atvor biologiyasida birinchi kuzatuvlaringizni oʻtkazgan ekansiz! Bularning barchasi organizmlarning xulq-atvori va xatti-harakatlariga misollardir. Aslida, yuqoridagi bu xatti-harakatlar tabiatda koʻrishimiz mumkin boʻlgan hayratlanarli va xilma-xil xatti-harakatlarning kichik namunasidir.
Biz xulq-atvor va xatti-harakatdan qanday foydalanishimiz mumkin deb soʻrashimiz mumkin, lekin nima uchun foydalanmasligimiz kerak deb soʻrashimiz toʻgʻriroqdir. Hayvonlarda hayotning tasavvur qilish mumkin boʻlgan barcha jihatlari, yaʼni ovqat qidirishdan tortib to juftlarini qidirish, raqiblar bilan urishish va naslni koʻpaytirishgacha boʻlgan xulq-atvorlari mavjud. Bu xatti-harakatlarning baʼzilari organizm genlarida tugʻma, yaʼni nasldan naslga oʻtgan. Masalan, olmaxon va u yaxshi koʻrgan eman yongʻogʻi bunga misoldir.1 Boshqa xatti-harakatlar, masalan, oshxonada tushlik payti tushlik tayyorlashga moyilligingiz yoki ushbu ekrandagi soʻzlarni oʻqiy olishingiz mumkinligi oʻrganilgan xatti-harakatdir.
Ushbu maqolada biz hayvonlarning xatti-harakatlari, u qanday oʻrganilishi, qanday rivojlanishi va qanday qilib tugʻma yoki oʻrganilgan boʻlishini koʻrib chiqamiz.

Xatti-harakat nima?

Boshqacha qilib aytganda, hayvonlar xatti-harakati hayvonlar oʻz turlarining boshqa aʼzolari, boshqa tur organizmlari va atrof-muhit bilan oʻzaro munosabatlarining barcha koʻrinishlarini oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, xatti-harakat tor maʼnoda stimul, yaʼni tashqi va ichki signallarga yoki signallar kombinatsiyasiga javoban organizm faoliyatidagi oʻzgarish sifatida ham taʼriflanishi mumkin.
Masalan, itingizning ovqatni koʻrganda reaksiya qilishi (stimul) – soʻlagi oqishi mumkin (xatti-harakatdagi oʻzgarish).
Tushlikka koʻz tikib turgan it. Manba: Eye on the prize / Kae Yen Wong, CC BY-SA 2.0
Xulq-atvor biologiyasi bu xulq-atvor va xatti-harakatlarning biologik va evolyutsion asoslarini oʻrganuvchi boʻlimdir. Zamonaviy xulq-atvor biologiyasi etologiya va qiyosiy psixologiyaning muayyan tamoyillariga tayanadi.
  • Etologiya ekologiya yoki genetika kabi biologiya sohalaridan biridir. U turli xil organizmlarning tabiiy muhitdagi xulq-atvori va xatti-harakatlarini oʻrganadi.
  • Qiyosiy psixologiya inson psixologiyasi boʻyicha qilingan ishlarning keng davom ettirilishidir. Bunda asosiy eʼtibor laboratoriya sharoitida bir nechta turlarni oʻrganishga qaratilgan.
Shuningdek, xulq-atvor biologiyasi biologiyaning koʻplab sohalariga, shu jumladan, genetika, anatomiya, fiziologiya, evolyutsion biologiya va albatta, hayvonlarning xatti-harakatlarini neyron tarmoqlari bilan bogʻliqlikda oʻrganuvchi neyrobiologiyaga ham tayanadi.

Xatti-harakatni tushunish uchun toʻrtta savol

Nikolas (Niko) Tinbergen gollandiyalik ornitolog, yaʼni qushlarni oʻrganuvchi biolog boʻlib, u xatti-harakatlarni oʻrgangan va hozir etologiya sohasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Oʻzining tadqiqotlari asosida Tinbergen hayvonlarning har qanday harakatlarini tushunishda yordam beradigan toʻrtta asosiy savolni taklif qildi.
Ushbu savollarni oddiy sayroqi qush – oq-qora chiziqli vyurokning sayrashi misolida koʻrib chiqamiz.
Zebra chiziqli vyuroklar. Manba: Taeniopygia guttata / Keith Gerstungn, CC BY 2.0
  1. Sabab: xatti-harakat boʻlishiga nima sabab boʻladi? Xatti-harakatni nima qoʻzgʻatadi va uni amalga oshirishda qaysi tana qismlari, funksiyalari va molekulalari ishtirok etadi?
    Misol: vyuroklarda sayrashni potensial juftning yaqinligi, shuningdek, muayyan gormonal holat kabi ijtimoiy signallar qoʻzgʻatadi. Sayrash qobiliyati erkak gormonlari taʼsirida qoʻzgʻaladi va asosan erkak qushlarda uchraydi. Bronxlardagi havo qopchalaridan havo sirinks deb ataladigan organ orqali oqib chiqqanda kuy taraladi. Kuylashni boshqaradigan miyaning maʼlum bir qismlari erkak vyuroklarda yaxshi rivojlangan boʻladi.
  2. Rivojlanish: xatti-harakat qanday qilib rivojlanadi? Xatti-harakat hayotning ilk davrlarida ham mavjud boʻladimi? Organizm hayoti davomida oʻzgaradimi? Uning rivojlanishi uchun qanday tajribalar zarur?
    Misol: yosh erkak vyuroklar birinchi navbatda yaqin atrofdagi erkaklarning, ayniqsa, otalarining kuylarini tinglashadi. Keyin ular oʻzlari kuylashni boshlaydi. Voyaga yetgan erkak vyuroklar oʻzlarining kuylarini yaratishni oʻrganadi, ular oʻziga xos, ammo koʻpincha otalarining kuylariga oʻxshash. Vyurok oʻz kuyini takomillashtirgandan soʻng, kuy umrbod saqlanib qoladi.
    Sayroqi turlarni tanib olish. Manba: Songbird species recognition / Petra Deane, CC BY 1.0
  3. Funksiya/moslanish: xatti-harakat moslanishga qanday taʼsir qiladi? Xatti-harakat organizmning yashash va koʻpayish imkoniyatlariga qanday taʼsir qiladi?
    Misol: kuylash erkak vyuroklarga juftlarini jalb qilishga yordam beradi va ularning koʻpayish imkoniyatlarini oshiradi. Kuylash urgʻochi qushni oʻziga juft tanlashga jalb qiladigan tanishish marosimining bir qismidir.
  4. Filogeniya: xatti-harakat evolyutsion jihatdan qanday rivojlangan? Xatti-harakat yaqin turlar bilan solishtirganda qanday? Nega u bunday rivojlangan?
    Misol: qushlarning deyarli barcha turlari vokal tovushlarni chiqarishi mumkin, ammo faqat Passeri oilasiga mansub qushlargina kuylovchi qushlardir. Oq-qora chiziqli vyuroklarga nisbatan boshqa kuylovchi qushlar ularning tinglash va mashq qilish bosqichlari davomiyligi, kuyning umr boʻyi oʻzgaruvchanligi, bir kuyning tur orasidagi boshqa aʼzolar kuyi bilan oʻxshashligi va kuylash sababi bilan (masalan, hududni himoya qilish yoki juftlarining uchrashishi uchun) farq qiladi.

Xatti-harakatni qoʻzgʻatuvchi signallar

Hayvonlarning xatti-harakati ularning ichki yoki tashqi taʼsirga boʻlgan javobidir. Xatti-harakat orqali hayvonlar oʻzlari qabul qilgan maʼlumotlarga asoslanib yashashi mumkin va umid qila olamizki, bu ularning tirik qolishi va reproduktiv mavaffaqiyatga erishishini taʼminlaydi.
Qanday signallar xatti-harakatni qoʻzgʻatishi mumkin? Baʼzi holatlarda signal asosan tashqi boʻladi:
  • Gibernatsiyada hayvon uyiga yoki iniga kiradi, metabolik tezligini pasaytiradi va qishda nofaol holatiga oʻtadi, sharoit ogʻir va oziq-ovqat taqchil boʻlganda resurslarni tejaydi. Atrof-muhit signallari koʻpincha gibernatsiya holatini keltirib chiqaradi. Masalan, qoʻngʻir ayiqlar harorat 0oC ga tushganda va qor yogʻishi bilan uyalariga kirib uxlaydilar.2
  • Estivatsiya gibernatsiyaga oʻxshash, ammo u yoz oylarida sodir boʻladi. Baʼzi choʻl hayvonlari quruq sharoitga javoban uxlaydilar. Ushbu oʻzgarish ularga yilning eng ogʻir oylarida omon qolishga yordam beradi.3 Suratdagi shilliqqurtlar dam olish uchun panjara toʻsiqlarining yuqorisiga oʻrmalab chiqib olishgan.
    Panjaraga oʻrmalab chiqqan Kadina shilliqqurtlari. Manba: Kadina snails climb fence / Vladimir Menkov, CC BY-SA 4.0
  • Migratsiya – bu hayvonlar mavsumga koʻra bir joydan ikkinchi joyga koʻchib oʻtishi. Masalan, AQSHning shimoliy va markaziy qismida yashovchi monarx kapalaklar kuzda Meksikaga koʻchib, u yerda qishlaydi. Havo harorati va kun uzunligidagi oʻzgarishlar hamda oziq-ovqat tanqisligi kuzgi migratsiyaga sabab boʻluvchi atrof-muhit signallaridir.4
Boshqa hollarda xatti-harakatni qoʻzgʻatuvchi signallar ichki boʻlishi mumkin. Masalan, baʼzi xatti-harakatlar sirkad ritmi bilan sodir boʻladi, yaʼni ular hayvonlarning ichki biologik soatlari tomonidan qoʻzgʻatiladi. Masalan, biz har kuni deyarli bir vaqtda uygʻonib, faol boʻlishga moyilmiz. Agar uzoq vaqt parvoz qilishimizga toʻgʻri kelib, atrofdagi tashqi signallar oʻzgargan boʻlsa ham, biologik soatimiz avvalgidek vaqtda “ishga tushaveradi”, bu esa desinxronoz, yaʼni vaqt zonasining oʻzgarishi sindromiga olib keladi!
Xatti-harakatlar ichki va tashqi signallar kombinatsiyasining oʻzaro taʼsiri natijasida paydo boʻlishi odatiy holdir. Masalan, hayvonlarda juftlashish xatti-harakatlari organizm faqat mos gormonal holatda boʻlganda (ichki signal) va qarama-qarshi jins vakilini koʻrganda (tashqi signal) paydo boʻlishi mumkin.

Tugʻma va oʻrganilgan xatti-harakatlar

Xatti-harakat qanday rivojlanib borishini va u evolyutsion jihatdan qanday paydo boʻlganini tushunishga harakat qilayotganimizda, muhim bir savol tugʻiladi: xatti-harakat genetik jihatdan oldindan dasturlashtirilganmi yoki tajriba orqali oʻzlashtirilganmi? Keling, quyida baʼzi tayanch atamalarni koʻrib chiqamiz:
  • Tugʻma xatti-harakat genetik jihatdan dasturlashtirilgan va organizmga ota-onasidan meros oʻtgan boʻladi.
  • Oʻrganilgan xatti-harakatlar nasldan naslga oʻtmaydi. Ular organizmning hayoti davomida tajriba va atrof-muhit taʼsiri natijasida shakllanadi va rivojlanadi.
Xulq-atvorni oʻrganuvchi biologlar aksariyat xatti-harakatlar ham tugʻma, ham oʻrganilgan tarkibiy qismga ega ekanini aniqladi. Shunday qilib, xatti-harakatning qanchalik tugʻma yoki oʻrganilgan ekanligini bilishimiz muhimdir.

Asosan tugʻma xatti-harakatlar

Haqiqatan ham toʻlaqonli tugʻma boʻlgan xulq-atvor va xatti-harakatlarga bir necha misollar mavjud. Bunday xatti-harakatlar, hatto organizm hech qachon bunday stimulga oldin duch kelmagan boʻlsa ham, oʻsha stimulga javoban juda aniq tarzda sodir boʻladi.
Masalan, voyaga yetgan salamandrani suv ichiga qoʻysangiz, hatto u yoshligida suvni koʻrmagan yoki boshqa salamandraning suzganini hech qachon koʻrmagan boʻlsa ham, bemalol suzib ketaveradi.5 Ushbu holatda suzish xatti-harakatini salamandrada faqatgina genetik jihatdan oldindan dasturlashtirilgan narsa sifatida tushuntirish mumkin.
Xuddi shunga oʻxshab, siz (yoki biron-bir inson) juda issiq narsaga tegsangiz, qoʻlingizni tezda tortib olasiz. Bu javob hissiy va motorli neyron tugunlarida dasturlangan va hatto miyangizga aloqador boʻlmagan refleksdir. 5

Qisman tugʻma, qisman oʻrganilgan xatti-harakatlar

Boshqa holatlarda esa organizm xulq-atvorni rivojlantirish uchun genetik jihatdan dasturlashtirilgan, ammo xulq-atvor yoki xatti-harakat shakli insonning tajribasiga bogʻliq boʻladi.
Birgina misol, yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, zebra chiziqli vyurok yoki boshqa bir sayroqi qushning kuy oʻrganishi. Erkak vyuroklarning barchasi bir yoshda kuy tinglashni va oʻrganishni boshlaydi va biroz katta boʻlganida mashq qilib, oʻzlarining kuylarini chiqaradi. Garchi bu qonuniyat genetik jihatdan belgilangan boʻlsa-da, qush kuylaydigan kuyning aniq xususiyatlari uning oʻrganish davrida tinglagan kuylariga bogʻliq boʻladi.
Yana bir tanish misol bu odamlardagi til oʻrganish hodisasidir. Chaqaloqlar til oʻrganish uchun oldindan dasturlashtirilgan, ammo ular qaysi tilni oʻrganishi rivojlanish yoki shakllanish davrida ular qaysi til bilan tanishtirilganiga bogʻliq.

Asosan oʻrganilgan xatti-harakatlar

Boshqa hollarda xatti-harakatlar koʻp jihatdan tajribaga bogʻliq, yaʼni ular oʻrganilgan boʻlib, ularni genetik jihatdan toʻliq tushuntirib boʻlmaydi.
Masalan, kalamush har safar dastakni itarganda oziq-ovqat mukofotini olsa, u oziq-ovqat olish uchun dastakni tezroq itarishni oʻrganadi. Shunga oʻxshab, agar sigir har safar elektr simli toʻsiqqa urilganda uni elektr toki ursa, u tezroq toʻsiqdan qochishni oʻrganadi.6 Mukofot olish uchun dastakni itarish va elektr simli toʻsiqlarni chetlab oʻtish kalamush va sigirlarda genetik dasturlanmagan, ammo hayvonlarda bu kabi oʻrganilgan xatti-harakatlar tajriba orqali rivojlanadi.
Sigir. Manba: Cow / Joi Ito, CC BY 2.0
Agar xatti-harakatlar tugʻma emas, balki oʻrganilgan boʻlsa, u nasldan naslga toʻgʻridan toʻgʻri oʻtmaydi. Ammo bu baribir ham genlarga bogʻliq boʻlib qolaveradi. Masalan, hayvonlarning barcha turlari ham mukofot olish uchun dastakni itarishni oʻrgana olmaydi. Kalamushning ushbu xatti-harakatni oʻrganish qobiliyati uning miyasi qanday tuzilganligiga bogʻliq. Miyaning tuzilishi, ishlashi va funksiyasi kalamush genomidagi genlar tomonidan belgilanadi.

Mavzu boʻyicha bilimingizni sinab koʻring

Plyaj sichqonlari tabiiy muhitda yashab yurganlarida qum ichida oʻzlari uchun “yerosti yoʻli” (tunnellar) qazishadi. Plyaj sichqoni qazigan uzun tunnelsimon yoʻllar oʻziga xos shaklga ega boʻlib, yaqin qarindosh sichqon turlarinikidan farq qiladi.
Yosh plyaj sichqoni tutqunlikda katta qilindi, tuproq yoki qumni yoki hatto kattalarning yer qazishlarini koʻrish imkoni ham berilmadi. Oradan vaqt oʻtib, u tuproq yerga qoʻyilishi bilan darhol oʻz turiga xos boʻlgan yer qazishni boshlaydi.7
Plyaj sichqonidagi yer qazish xatti-harakatning qaysi turi?
Bitta javobni tanlang:


Tabiiy tanlanish xulq-atvor va xatti-harakatni shakllantiradi

Xulq-atvor yoki xatti-harakatlar genetik jihatdan qanchalik genlarga bogʻliq yoki genlar tomonidan belgilanishi evolyutsiya mexanizmlaridan biri boʻlgan tabiiy tanlanishga tayanadi. Koʻp holatlarda qanday qilib xatti-harakatlar uni bajaradigan hayvonga yashash yoki koʻpayishiga foyda keltirishini koʻrishimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, xatti-harakat moslanuvchanlikni oshiradi.
Moslanishni aniq oshiradigan baʼzi bir xatti-harakatlarga misollar:
  • Ona qushlar iniga qaytganda koʻplab tur polaponlari instinktiv ravishda ovqat uchun ogʻzini ochadi.8 Bunday irsiy xatti-harakatga ega boʻlgan qushlar boshqalari (ogʻzini ochmaydiganlari)ga nisbatan koʻproq ozuqa olishga erishadi va shu tariqa katta yoshgacha tirik qoladi.
  • Kulrang ona gʻozlar tuxum tashqariga chiqib qolganda uni beixtiyor iniga qaytaradi.8 Ushbu irsiy xatti-harakatga ega boʻlgan gʻozlar boshqalariga nisbatan koʻproq tuxum ochishga moyil boʻladi.
  • Erkak vyuroklar voyaga yetmagan, yosh davrida kuylashni oʻrganadi va uchrashuv marosimlarida ushbu kuylardan foydalanadi. Kuylashga moyil boʻlgan qushlar koʻpincha boshqalarga qaraganda tezroq oʻzlariga juft topadi.
Soʻnggi misolimizda muhim nuqta shundaki, xatti-harakatning oʻzi irsiylanmagan boʻlsa ham, xatti-harakat tabiiy tanlanishga yoʻliqadi. Vyuroklarda kuylash qobiliyati toʻgʻridan toʻgʻri nasldan naslga oʻtmaydi, vyuroklar kuylashni oʻrganishi ham kerak. Ammo ularning qoʻshiqni oʻrganish qobiliyati va uni oʻrganishga moyilligi genetik jihatdan belgilangan, shuning uchun ular tabiiy tanlanishga tayanadi.