Asosiy kontent
Yuqori sinf biologiyasi
Course: Yuqori sinf biologiyasi > Unit 4
Lesson 1: Koʻpayish xillariKoʻpayish turlari haqida takrorlash
Asosiy atamalar
Atama | Maʼnosi |
---|---|
Jinsiy koʻpayish | Ota-ona organizmdan yangi individlarni hosil qilish jarayoni |
Jinssiz koʻpayish | Faqat bitta ota yoki ona organizmdan yangi individlarni hosil qilish jarayoni |
Avlod | Koʻpayish natijasida hosil boʻlgan yangi organizm |
Gameta | Jinsiy hujayralar (erkaklarda: urugʻ; urgʻochilarda: tuxum) |
Urugʻlanish | Ikkita gametaning yangi organizm hosil qilish uchun qoʻshilish jarayoni |
Zigota | Ikkita gametaning qoʻshilishidan hosil boʻlgan hujayra |
Koʻpayish turlari
Koʻpayishning asosiy ikki turi mavjud: jinsiy va jinssiz.
Jinsiy koʻpayish
Jinsiy koʻpayish ota va ona organizmlari boʻlishini talab etadi. Har bir ota-ona oʻzidagi gametalarni taqdim etadi. Gametalar jinsiy hujayralar boʻlib, normal tana hujayralardan ikki marta kamroq DNKga ega. Erkaklardagi gametalar urugʻ, ayollardagi esa tuxum hujayra deb ataladi.
Bu gametalar urugʻlanish jarayonida oʻzaro qoʻshilib, zigotani hosil qiladi va zigota keyinchalik embrionga aylanadi.
Jinssiz koʻpayish
Jinssiz koʻpayish faqat bitta ota yoki ona organizm boʻlishini talab etadi.
Jinssiz koʻpayishning juda koʻp turlari bor. Toʻrt asosiy turi quyidagilar:
1) Binar boʻlinish: organizm DNKsi ikki hissa koʻpayadi, soʻngra ikkita hujayraga boʻlinadi. Bu koʻpayish turi odatda bakteriyalarda uchraydi.
2) Kurtaklanish: organizm tanasidagi kurtakdan yangi organizm hosil boʻladi. Bu achitqi va baʼzi hayvonlarda (quyida keltirilgan gidra singari) kuzatiladi.
3) Fragmentatsiya: organizm tanasi ikki yoki undan ortiq boʻlaklarga boʻlinib, bu boʻlaklarning har biridan yangi organizmlar hosil boʻlishi. Aksariyat oʻsimliklarda va baʼzi hayvonlarda (korallar, kovakichlilar va dengiz yulduzchalari) uchraydi.
4) Partenogenez: urugʻlanmagan hujayradan yangi organizmning rivojlanishi. Umurtqasizlarda va baʼzi baliqlarda, amfibiya hamda sudralib yuruvchilarda uchraydi.
Jinsiy va jinssiz koʻpayish oʻrtasidagi farqlar
Jinsiy | Jinssiz |
---|---|
Ota va ona organizmlarni talab qiladi | Faqat ona organizmi kerak |
Sperma tuxum hujayrani urugʻlantiradi | Yagona organizm oʻzining aniq nusxasini hosil qiladi |
Hayvonlar, gullaydigan oʻsimliklar, ayrim zamburugʻlar tomonidan foydalaniladi | Bakteriya, ayrim oʻsimliklar va zamburugʻlar, baʼzi hayvonlar (boʻshliqichlilar) tomonidan foydalaniladi |
Hosil boʻlgan avlod ota-ona organizmlaridan farq qiladi | Hosil boʻlgan avlod ona organizmi bilan bir xil boʻladi |
Genetik xilmaxillikni taʼminlaydi, ammo vaqt talab qiladi | Tez va oson, lekin genetik xilmaxillik mavjud emas |
Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar
- Jinsiy koʻpayish jinssiz koʻpayishdan ustun emas yoki aksincha. Agar bir koʻpayish turi boshqasidan ustun boʻlganda edi, hozir hamma organizmlar oʻshanday koʻpayardi. Lekin har xil organizmlar turli xil koʻpayish usullaridan foydalanishi har bir koʻpayish turining oʻziga xos evolyutsion afzalliklarga ega ekanini koʻrsatadi.
Masalan, jinsiy koʻpayish xilmaxillikka sabab boʻladi, lekin homiladorlik jarayoni uzoq vaqt davom etadi va ota-onadan kuchli gʻamxoʻrlik talab etiladi. Jinssiz koʻpayish tez sodir boʻladi, lekin hamma avlod bir xil genomga ega boʻlgani uchun kasallik taʼsirida qirilishi oson.
- Kurtaklanish va fragmentatsiya bir xil tushuncha emas. Garchi ular oʻxshash koʻrinsa-da, fragmentatsiyada organizm tanasi boʻlaklarga boʻlinadi va bu boʻlaklardan yangi organizmlar rivojlanadi. Kurtaklanishda esa kurtak organizmdan ajralmagan holda rivojlanadi.
- Baʼzi organizmlar ham jinssiz, ham jinsiy usulda koʻpaya oladi. Bu holat zamburugʻ va oʻsimliklarda (baʼzi-baʼzida hayvonlarda, partenogenezlarda) uchraydi. Koʻpincha bu organizmning yashash sharoitiga yoki rivojlanishning qaysi bosqichidaligiga bogʻliq.
- Jinsiy koʻpayish ota va ona organizmlar boʻlishini talab qilsa ham, bu ularni har doim bir-biridan alohida boʻlishi kerakligini bildirmaydi. Bu gʻalati tuyulishi mumkin, lekin baʼzi organizmlar germafrodit boʻlib, erkaklik va urgʻochilik hujayralari shu organizmning oʻzida hosil boʻladi. Bu holatda ular oʻz-oʻzini urugʻlantirish qobiliyatiga ega. Gametalar organizmning oʻzida hosil boʻlishiga qaramasdan ikkita gameta qatnashgani uchun bu jarayon jinsiy koʻpayish turi deb qaraladi.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.