If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Hujayra sikli va mitoz haqida takrorlash

Asosiy atamalar

TushunchaMaʼnosi
Hujayra sikliHujayraning shakllanishi va koʻpayishi oʻrtasida kechadigan oʻsish va rivojlanish ketma-ketligi
InterfazaHujayra oʻsadigan va uning DNK nusxasini yaratadigan hujayra siklining fazasi
MitozHujayra siklining fazasi, unda hujayra oʻzining DNKsini ikkiga boʻlib ikkita toʻplamga ajratadi, ikkita yangi hujayrani hosil qiladi
SaratonHujayralarning nazoratsiz oʻsishi kasalligi

Hujayra sikli

Eukariotik hujayralarda hujayra sikli ikki asosiy bosqichga boʻlinadi: interfaza va mitoz (yoki mitotik (M) faza).
Interfaza hujayra siklining eng koʻp davom etadigan qismidir. Bu hujayraning mitozga oʻtishdan oldin oʻsishi va uning DNKsini nusxalaydigan jarayondir. Mitoz paytida xromosomalar birlashadi, ajraladi va yangi qiz hujayralarga oʻtadi.
inter- old qoʻshimchasi “oʻrtasida” degan maʼnoni bildiradi, demak, interfaza bir mitotik faza (M) va keyingi mitotik faza oʻrtasida joylashgan ekan. U bir mitozdan ikkinchi mitozgacha boʻlgan tayyorlanish fazasidir.
Hujayra siklining tasviri. Interfaza G1 fazasidan (hujayra oʻsishi), undan keyin keladigan S fazasidan (DNK sintezi) va keyingi G2 fazasidan (hujayra oʻsishi) iborat. Interfaza oxirida mitoz va sitokinezdan tashkil topgan hamda ikkita qiz hujayra shakllanishiga sabab boʻladigan mitotik faza keladi. Garchi bu ikki jarayon biroz bir-birini qoplab kelsa-da, mitoz sitokinezdan oldinroq boʻladi.
Rasm manbasi: “Hujayra sikli: 1-rasm” OpenStax College, Biology (CC BY 3.0).

Interfaza

Interfaza uch bosqichdan iborat:
  • G 1 faza: birinchi tanaffus fazasi; hujayra kattalashadi va organellalar nusxalanadi
  • S faza: sintez fazasi; hujayra yadrosida DNKning toʻliq nusxasini sintez qiladi
  • G 2 faza: ikkinchi tanaffus fazasi; hujayra kattalashib, oqsillar va organellalarni ishlab chiqaradi va mitozga tayyorgarlik yoʻlida tarkibini qayta tashkil eta boshlaydi
Boʻlinish uchun moʻljallangan hujayralar G 2 ni tugatib, mitozga kirishadi. Sekin boʻlinadigan yoki umuman boʻlinmaydigan boshqa turdagi hujayralar G 1 fazasidan chiqib, G 0 deb nomlanuvchi boʻlinish kuzatilmaydigan holatga kirishlari mumkin. Baʼzi hujayralar bu fazada nomaʼlum sabab tufayli qoladi, boshqalari esa boʻlinishga qaytishi mumkin.

Mitoz (M faza)

Mitoz yoki hujayraning boʻlinishi jarayoni M fazasi deb ham nomlanadi. Bu jarayonda hujayra ilgari nusxalangan DNK va sitoplazmani ikkita yangi, bir xil qiz hujayralar hosil qilish uchun ajratadi.
Mitoz toʻrtta asosiy bosqichdan iborat: profaza, metafaza, anafaza va telofaza.

Mitozning bosqichlari

Erta profaza. Mitotik urchuq shakllanishni, xromosomalar spirallashish (kondensatsiyalanish)ni boshlaydi va yadrochalar yoʻqolib ketadi.
Kech profaza (prometafaza). Yadro qobigʻi parchalanadi va xromosomalar toʻliq kondensatsiyalanadi.
Metafaza. Mitotik urchuqning bosimi ostida xromosomalar metafaza plastinkasida qator boʻlib tiziladi. Har bir xromosomadagi ikkita qiz xromatida urchuqning qarama-qarshi qutbidagi mikronaychalarga birikadi.
Anafaza. Qiz xromatidalar bir-biridan ajralib, hujayraning ikki qutbiga qarab tortiladi. Xromosomalarga ulanmagan mikronaychalar urchuqning ikki qutbini bir-biridan uzoqlashtiradi, kinetoxor mikronaychalari esa xromosomalarni qutblarga tortadi.
Telofaza. Urchuq yoʻqolib ketadi, xromosoma toʻplamlari atrofida yadro qobigʻi va yadrochalar qayta shakllanadi. Xromosomalar qayta despirallasha (yoyila) boshlaydi.
Oʻsimlik va hayvon hujayralarida sitokinez.
Hayvon hujayrasida sitokinez: hujayra markazi atrofida aktin halqasi ichkariga botib, boʻlinish botiqligi deb ataladigan belgi hosil qiladi.
Oʻsimlik hujayrasida sitokinez: hujayra plastinkasi hujayraning oʻrtasida uni ikki qismga boʻluvchi yangi devor hosil qiladi.

Saraton va hujayra siklini tartibga solish

Nazorat nuqtalari

Hujayra sikli odatda nazorat nuqtalari tomonidan tartibga solinadi. Bular hujayra siklida oldinga siljish yoki siljimaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilganda hisobga olinadigan omillardir, bu omillar tashqi (masalan, molekulyar signallar) va ichki (masalan, DNKning shikastlanishi) signallarni oʻz ichiga oladi.
Hujayra siklidagi nazorat nuqtalari ajratib koʻrsatilgan rasm. G1 nazorat nuqtasi G1 faza oxiriga yaqinroq (S fazaga oʻtish oldidan) joylashgan. G2 nazorat nuqtasi G2 faza oxirida (M fazaga oʻtish oldidan) joylashgan. Urchuq nazorat nuqtasi esa metafaza va anafaza orasida sodir boʻladi.

Saraton (oʻsma)

Saraton – bu bir xil muammo (yaʼni hujayralarning nazoratsiz oʻsishi tufayli kelib chiqadigan turli xil kasalliklar)ni tavsiflovchi atama.
Saraton kasalligining aksariyati bir qator mutatsiyalar tufayli hujayralarning tez tarqalishiga, boʻlinish paytida hujayralarning nazorat nuqtalarini chetlab oʻtishiga va apoptozning (dasturlashtirilgan hujayralar oʻlimi) oldini olish hisobiga yuzaga keladi.
Odatda hujayra siklini tartibga soluvchilarda kuzatiluvchi ikki turdagi mutatsiyalar saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin:
  • Odatda hujayralar oʻsishini ragʻbatlantiradigan ijobiy regulyatorlar giperaktiv (onkogen) boʻlib qolishi mumkin.
  • Oʻsma paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiluvchi salbiy regulyatorlar (oʻsma supressorlari) ishlamay qolishi mumkin.

Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar

  • Interfaza mitozning bir qismi emas. Garchi biz koʻpincha interfaza va mitozni birga taʼkidlasak ham, interfaza texnik jihatdan mitozning bir qismi emas. Ammo ikkala jarayon ham kattaroq hujayra siklining bir qismidir, bunda interfaza fazasi hujayra siklining G 1, S va G 2 bosqichlaridan iborat.
  • DNK replikatsiyasi profazada emas, interfazada sodir boʻladi. Keng tarqalgan notoʻgʻri tushuncha bu DNK profaza paytida oʻzidan nusxa koʻchiradi deb hisoblashdir, ammo bu toʻgʻri emas. Profaza bosqichidagi DNK interfaza bosqichida allaqachon nusxalangan boʻladi.
  • Qiz hujayralardagi xromosomalar soni ona hujayrasidagi bilan bir xil boʻladi. DNK hujayra mitozga oʻtishidan oldin interfazada koʻpaytirilgani sababli asl ona hujayrasidagi va qiz hujayralaridagi DNK soni aynan bir xil boʻladi.
    • Saraton kasalligining rivojlanishida genetik omil ham, tashqi omillar ham rol oʻynashi mumkin. Saratonning koʻp turlari genetik omilga ega, shuning uchun maʼlum genlarni meros qilib olish kimdadir ushbu turdagi saraton kasalligining yuzaga kelish ehtimolini oshirishi mumkin. Ammo bu genlarga ega boʻlish saraton kasalligi rivojlanishini anglatmaydi, chunki turmush tarzi va atrof-muhit kabi omillar ham inson hayotida muhim ahamiyatga ega.