If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Meyoz haqida takrorlash

Asosiy atamalar

AtamaTaʼrif
GametaJinsiy hujayra (odamlarda: erkaklarda spermatozoid, ayollarda tuxum hujayra)
MeyozGametalar (jinsiy hujayralar) hosil boʻlishiga olib keluvchi ikki bosqichli hujayra boʻlinishi
KrossingoverGomologik xromosomalar oʻz qismlarini almashtiradigan jarayon
InterfazaHujayra siklining hujayra oʻsadigan va DNK nusxasi hosil boʻladigan bosqichi
Gomologik xromosomalarOta va onadan bittadan olingan, shakli va oʻlchami jihatidan bir xil boʻlgan xromosomalar juftligi
Qiz xromatidalarIkkilangan xromosomaning pallalari
Diploid (2n)Bir juft gomologik xromosomalar guruhi tutgan hujayra
Gaploid (n)Faqat bir guruh genlar toʻplamiga ega boʻlgan hujayra

Meyoz

Meyozning vazifasi gametalar yoki jinsiy hujayralar hosil qilishdir. Meyoz jarayonida toʻrtta qiz hujayra hosil boʻlib, ular gaploid boʻladi (ona hujayra xromosomalarining yarmiga teng xromosoma tutadi).

Meyoz bosqichlari

Meyozda boʻlinish ikkita alohida boʻlinishni oʻz ichiga oladi. Yaʼni bitta boshlangʻich hujayradan toʻrtta gameta (ayollarda tuxum hujayra, erkaklarda spermatozoid) hosil boʻladi. Har bir boʻlinish davrida hujayralar toʻrtta bosqichdan oʻtadi: profaza, metafaza, anafaza va telofaza.
Meyoz I ga kirishdan oldin hujayra interfazadan oʻtishi kerak. U mitozdan oldin kuzatiladigan interfaza kabi boʻladi. G1, S va G2 fazalarda hujayra oʻsadi va boʻlinishga tayyorlanadi.

Meyoz I

Meyoz I hujayra boʻlinishining birinchi bosqichi boʻlib, uning asosiy vazifasi gomologik juftliklarni bir-biridan ajratishdir.
Meyoz I fazalari
Profaza I: boshlangʻich hujayra diploid, 2n=4. Gomologik xromosomalar juftlashib, oʻxshash qismlari bilan almashinadi.
Metafaza I: gomologik juftlar metafaza plastinkasini hosil qilib, markazga yigʻiladi.
Anafaza I: gomologik xromosomalar ajralib, hujayraning qarama-qarshi qutblariga qarab harakatlanadi. Qiz xromatidalar ajralmaydi.
Telofaza I: yangi hosil boʻlgan hujayralar gaploid, n=2. Har bir xromosomada ikkitadan xromatidalar bor, lekin ular endi oldingiday bir xil emas.

Meyoz II

Meyoz II hujayra boʻlinishining ikkinchi bosqichi boʻlib, uning vazifasi qiz xromatidalarni bir-biridan ajratishdir.
Meyoz II fazalari
Profaza II: meyoz I da boshlangʻich hujayralardan hosil boʻlgan gaploid hujayralar. Xromosomalar spirallashadi (zichlashadi).
Metafaza II: xromosomalar metafaza plastinkasida toʻplanadi.
Anafaza II: qiz xromatidalar ajralib, hujayraning qarama-qarshi qutblariga tarqaladi.
Telofaza II: yangi hosil boʻlgan gametalar gaploid va har bir hujayra endi bitta xromatidaga ega.

Umumiy xatolar va notoʻgʻri tushunchalar

  • Interfaza meyozning bir qismi emas. Meyoz boshlanishidan oldin hujayrada interfaza kechishi zarur boʻlsa-da, texnik jihatdan u meyozning bir qismi emas.
  • Krossingover faqat profaza I da kuzatiladi. Gomologik xromosomalar orasida paydo boʻladigan vaqtinchalik tuzilma faqat profaza I da kuzatiladi. Faqat shu bosqichdagina gomologik hujayralarning oʻxshash segmentlaridagi DNKni almashtirish imkoni mavjud.
  • Meyoz barcha hujayralarda kechmaydi. Meyoz faqat reproduktiv hujayralarda kuzatiladi, chunki undan maqsad urugʻlanish jarayonida ishlatiladigan gaploid hujayralarni hosil qilishdir.
  • Meyoz jarayoni muhim boʻlsa-da, u jinsiy koʻpayish degani emas. Meyoz jinsiy koʻpayish uchun muhim, chunki uning natijasida gametalar (tuxum hujayra va spermatozoid) hosil boʻladi. Lekin jinsiy koʻpayish meyoz tarkibiga kirmaydigan urugʻlanish jarayonini (gametalar qoʻshilishini) ham oʻz ichiga oladi.