Asosiy kontent
Yuqori sinf biologiyasi
Course: Yuqori sinf biologiyasi > Unit 6
Lesson 1: DNK tuzilishi va replikatsiyasi- DNK tuzilishining kashf etilishi
- DNK
- DNKning molekulyar tuzilishi
- DNK zanjirlarining antiparallel tuzilishi
- DNKni nusxalashda yetakchi va kechikuvchi zanjirlar
- DNK tahrirlash va tuzatish
- DNK tuzilishi va uning replikatsiyasi haqida takrorlash
- DNK tuzilishi va replikatsiyasi
© 2023 Khan AcademyFoydalanish shartlariMaxfiylik siyosatiCookie Notice
DNK tuzilishi va uning replikatsiyasi haqida takrorlash
Asosiy atamalar
Termin | Maʼnosi |
---|---|
DNK (dezoksiribonuklein kislota) | Genetik axborotni kelgusi avlodga berilishini taʼminlovchi hamda oqsil sintezi toʻgʻrisidagi axborotni kodlovchi nuklein kislota |
Nukleotid | Nuklein kislotalarning tuzilish birligi |
Qoʻsh spiral | Ikkita zanjirning bitta oʻq atrofida xuddi aylanma narvonga oʻxshab aylanib joylashishidan yuzaga keluvchi tuzilma |
DNK replikatsiyasi | Qoʻsh zanjirli DNK molekulasidan ikkita bir xil DNK molekulasi nusxasining hosil qilinish jarayoni |
Asos juftlashishi | DNK molekulalaridagi azot asoslarining bir-biri bilan bogʻlanish prinsipi (tamoyili) |
DNK tuzilishi
DNK – bu nuklein kislota, toʻrt asosiy biologik makromolekula guruhlaridan biridir.
Nukleotidlar
Barcha nuklein kislotalar nukleotidlardan tashkil topgan. DNKda har bir nukleotid uchta qismdan iborat: dezoksiriboza deb ataluvchi 5 ta uglerodli uglevod, fosfat guruhi va azotli asos.
DNKda azotli asos toʻrt xil boʻladi: adenin (A), guanin (G), sitozin (S) va timin (T).
RNK molekulasi ham adenin, guanin, sitozin asoslaridan iborat, lekin timinni oʻrniga unda boshqa asos, yaʼni urasil (U) boʻladi.
Chargaff qoidalari
1950-yillarda Ervin Chargaff nomli bioximik olim azot asoslari (A, T, S, G) bir xil miqdorda topilmasligini aniqladi. Lekin A ning miqdori har doim T miqdoriga va C ning miqdori har doim G miqdoriga teng boʻlgan.
Bu kashfiyot DNK qoʻsh spiralining modelini yaratishda juda muhim edi.
Qoʻsh spiral
DNKning “qoʻsh spiral” tuzilishining kashf qilinishi 1950-yillarda bir qator olimlar tomonidan amalga oshirilgan.
DNK molekulasi antiparallel strukturaga ega, yaʼni spiralning ikkita zanjiri bir-biriga qarama-qarshi yoʻnalgan boʻladi. Har bir zanjir 5-' va 3'- uchlarga ega.
DNK molekulasining kashf etilishi asrning eng katta ilmiy yutuqlaridan biri boʻldi.
DNK tuzilishini bilish DNK funksiyalarini, masalan, undan qay tarzda nusxa olinishi va unda saqlanayotgan axborot qanday qilib oqsil sintezi uchun ishlatilishi mumkinligini tushunish imkoniyatini berdi.
DNK replikatsiyasi
DNK replikatsiyasi yarim konservativdir. Yaʼni qoʻsh spiralli DNKning har bir zanjiri ikkita zanjir hosil qilish uchun qolip vazifasini bajaradi.
Replikatsiya komplementarlik, yaʼni asoslarning juftlashishi prinsipiga asoslanadi va bu prinsip Chargaff qoidalarida tushuntirib berilgan: adenin (A) har doim timin (T) bilan va sitozin (S) har doim guanin (G) bilan birikadi.
Replikatsiya jarayoni
DNK replikatsiyasi bir necha fermentlar yordamida amalga oshiriladi. Bu fermentlar zanjirlarni bir-biriga biriktirib turgan vodorod bogʻlarni uzib, DNK molekulasini ikkita zanjirga ajratadi.
Keyin har bir zanjir unga komplementar zanjir hosil boʻlishi uchun qolip vazifasini bajaradi. Komplementar asoslar bir-biri bilan bogʻlanadi (A-T va C-G).
Yangi komplementar zanjirlarni hosil qilish uchun nukleotidlarni bir-biriga biriktiruvchi dastlabki ferment bu DNK polimeraza. Shuningdek, DNK polimeraza har bir yangi DNK zanjirida xatolar bor yoki yoʻqligini tekshirib chiqadi.
Boshlovchi va ortda qoluvchi zanjirlar
Replekativ ayridagi ikkita zanjirda DNK turlicha hosil qilinadi.
Yangi zanjirlardan biri boshlovchi zanjir boʻlib, u uzluksiz 5' → 3' yoʻnalishida, replekativ ayri yoʻnalish tomon replikatsiya qilinadi.
Boshqa yana bir zanjir ortda qolvchi zanjir boʻlib, 5' → 3' boʻyicha replikativ ayriga qarshi yoʻnalish boʻyicha sintezlanib, Okazaki fragmentlari deb ataluvchi mayda fragmentlardan hosil qilinadi.
Misol: komplementar zanjirni aniqlash
DNK faqat 5' → 3' yoʻnalishida sintezlanadi. Agar qolip zanjirning ketma-ketligi berilgan boʻlsa, komplementar boʻlgan zanjirning ketma-ketligini hosil qilish mumkin.
Masalan, agar bitta zanjirning ketma-ketligi 5ʼ-AATTGGSS-3ʼ ekanini bilsangiz, unga komplementar zanjir 5ʼ-TTAASSGG-5 ketma-ketlikka ega boʻlishi kerak. Bu har bir asosning oʻz juftiga mos kelishiga imkon beradi:
Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar
- DNK replikatsiyasi hujayra boʻlinishi bilan bir xil emas. Replikatsiya hujayra boʻlinishidan oldin, yaʼni hujayra siklining S fazasida sodir boʻladi. Bundan tashqari, replikatsiya yangi hujayralarni hosil qilmaydi, balki yangi DNK zanjirlarini sintezlaydi.
- Baʼzi odamlar boshlovchi zanjirda DNK 5' → 3' yoʻnalishida sintezlanadi, ortda qoluvchi zanjirda esa DNKning sintezlanishi 3' → 5' yoʻnalishi boʻyicha boradi deb oʻylaydi.Lekin bunday emas. DNK polimeraza faqat 5' → 3' yoʻnalishi boʻyicha DNKni sintezlaydi. Boshlovchi va ortda qoluvchi zanjirlar oʻrtasidagi farq shuki, boshlovchi zanjir replikativ ayri yoʻnalishi boʻyicha sintezlanadi, ortda qoluvchi zanjir esa replikativ ayri yoʻnalishiga qarshi yoʻnalish boʻyicha sintezlanadi.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.