If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Biotexnologiya. Takrorlash.

Asosiy atamalar

AtamaMaʼnosi
BiotexnologiyaMaʼlum bir mahsulot yoki jarayonni yaratishda biror-bir organizmning qismidan, yaxlit oʻzidan yoki boshqa biologik tizimlardan foydalanish
DNK texnologiyasiDNK boʻlagini tahlil qilish, undagi maxsus ketma-ketlikni aniqlash, uni ajratib olish va qaytadan ulash
PZR texnologiyasiMaʼlum bir DNK boʻlagini laboratoriya sharoitida koʻpaytirish (biologik organizm ishtirokisiz, test naychasida)
Elektroforez gelDNK boʻlaklarini ularning uzunligiga qarab ajratish texnologiyasi
Rekombinant DNKBir nechta manbadan olingan DNK boʻlaklarini ulash natijasida hosil qilingan yaxlit DNK
DNKni klonlashDNKning bir qismi boʻlgan genlarning koʻplab nusxalarini hosil qiluvchi molekulyar biologik usul
DNK ketma-ketligini aniqlashMaʼlum bir DNK boʻlagidagi nukleotidlar (A, G, S, T) izchilligini aniqlash

Biotexnologiya

Biotexnologiya eng zamonaviy laboratoriya usullari bilan bir qatorda yuz yillar mobaynida qoʻllanib kelgan anʼanaviy qishloq xoʻjalik va pazandachilik usullarini ham oʻz ichiga oladi.
Oynali metall qolipga solingan, penitsillin ishlab chiqaruvchi mogʻor zamburugʻining namunasi. Aleksandr Fleming qolipni Duglas Makleodga topshirgan.
Penitsillin zamburugʻi. Rasm quyidagi manzildan olingan: Wikimedia, CC BY-SA 2.0.
Biotexnologiya orqali biz kun davomida duch keladigan mahsulotlar, masalan, penitsillin va etanol ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, undan gen terapiyasi kabi yangi tibbiy davolash usullarini yaratishda foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, biotexnologiya oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va atrof-muhitni chiqindilardan tozalashda ham qoʻllanadi.

DNK texnologiyasi

Bugungi kundagi koʻplab biotexnologiyalar DNK boʻlaklarini tahlil qilish, ustidan nazorat oʻrnatish, ajratib olish hamda qayta ulash kabi jarayonlarga asoslangan. DNK texnologiyasi nazariy va amaliy biologiya uchun birdek muhimdir.

DNK texnologiyasiga misollar

  • PZR texnologiyasi biologiyaning deyarli barcha sohalarida qoʻllanuvchi, DNK ustidan nazorat qilishdan iborat jarayondir. PZR texnologiyasi natijasida maʼlum bir DNK boʻlagidan replikatsiya qilish orqali koʻplab nusxalarini yaratish mumkin. Ushbu usul orqali juda kam sonli DNK boʻlagining juda koʻp nusxalarini yaratish mumkin (masalan, jinoyat joyidagi qon tomchilari DNKsi).
  • Elektroforez gel usuli DNK boʻlaklarini bir-biridan farqlashda qoʻllanadi. Masalan, tadqiqotchilar PZR texnologiyasidan foydalanib hosil qilingan DNK boʻlaklarini ushbu gelda tekshirib koʻrishlari mumkin.
Elektroforez gelda tadqiqotchi DNK boʻlaklarini ularning uzunligiga koʻra ajratishi va boʻyoqlar bilan boʻyab koʻrishi mumkin. Undan bir DNK boʻlagini boshqasiga solishtirishda foydalansa boʻladi.
DNK fragmentlari gel ichida manfiy elektroddan musbat elektrod tomon harakatlanadi.
Gelda harakatlangandan soʻng, fragmentlar oʻlchami boʻyicha ajralib qoladi. Kichikroqlari ostki tomonda (musbat elektrod), kattalari esa yuqori tomonda (manfiy elektrod) joylashadi.
  • DNKni klonlash jarayonida tadqiqotchi oʻzini qiziqtirgan genning juda koʻplab nusxalarini hosil qilishi mumkin. Koʻp hollarda DNKni klonlash kerakli DNK boʻlagini plazmida deb ataluvchi halqasimon DNK molekulasiga kiritishni oʻz ichiga oladi. Bunda DNK boʻlagini ajratib oluvchi va ulovchi fermentlardan foydalaniladi va natijada rekombinant DNK molekulasi hosil boʻladi.
Plazmidani bakteriya hujayrasiga kiritish orqali bizga kerakli genning juda koʻp nusxasiga ega boʻlamiz. Baʼzi holatlarda ushbu genning bakteriya hujayrasidagi ekspressiyasi natijasida oqsillar (masalan, qandli diabetda qoʻllanuvchi insulin) ham hosil qilinadi.
Plazmid ichiga genni joylash
  • DNK ketma-ketligini aniqlash orqali undagi nukleotidlar (A, G, S, T) izchilligi aniqlanadi. Baʼzida faqat birgina DNK boʻlagining ketma-ketligi aniqlansa, boshqa holatlarda ushbu boʻlaklardan bir nechtasining ( balki, butun organizm genomi) izchilligi aniqlanadi.

Bioetika

Biotexnologiyaning odamlar va jamiyatga foydasi juda katta boʻlsa ham, u salbiy taʼsirlarni yoki kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yaratilgan biotexnologiya innovatsiyalari umumiy qoʻllanishidan oldin yaxshilab tahlil qilinib, salbiy oqibatlari oʻrganilishi lozim. Hukumat tomonidan tartibga solib turilishi va klinik tadqiqotlar tufayli biotexnologiya natijasida hosil qilingan oziq-ovqatlarning organizmga xavfsizligi va effektivligi taʼminlanadi.
Bundan tashqari, biotexnologiya innovatsiyalari biotexnologiya maʼlumotidan, usulidan va bilimidan qanday foydalanish kerak yoki kerak emasligi haqidagi yangi axloqiy savollarni ham yuzaga keltirishi mumkin.

Eʼtiborga molik bioetiketlar

  • Xavfsizlik va shaxsning qadr-qimmati: sizda kasallikka olib keluvchi gen mavjud boʻlsa, sugʻurta kompaniyangiz koʻproq pul toʻlashi kerakmi? Yoki ish beruvchi yoki maktab maʼmuriyati sizning toʻliq genetik tahlilingizni bilish imkoniga ega boʻlsa, oʻzingizni qanday his qilardingiz?
  • Biotexnologiyalarning xavfsizligi, odam sogʻligʻi va ekologik muhitga taʼsiri: masalan, baʼzi oʻsimliklarning oʻzida insektitsid ishlab chiqaruvchi geni mavjudligi bois ularda bunday zararli moddalarga talab boʻlmasligi mumkin. Lekin ushbu holatlar yuqoridagi kabi oʻsimliklarning yovvoyilashishiga va mahalliy turlar bilan chatishishiga sabab boʻlib, istalmagan ekologik salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
  • Insonlarni qiyin ahvolga soluvchi qarorlar: masalan, ota-ona genetik tahlil natijasida ularning embrionida genetik kasallik rivojlanayotganini bilishi mumkin. Shunga oʻxshab, oʻzining toʻliq genetik tahlilini bilishga qiziqish natijasida baʼzi odamlar oʻzlaridagi Gentington xoreyasi kabi tuzalmas kasallik rivojlanishini aniqlashi mumkin.

Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar

  • Biotexnologiyalarni qoʻllash yoki qoʻllamaslikni ilm-fan belgilab bera olmaydi. Biotexnologiya avvalidan xavfli, tekshirilmagan yoki kutilmagan boʻlmaydi va soʻnggi ilmiy tadqiqotlar hamda rivojlanish bu sohaga tegishli yangiliklarni yetkazib beradi. Lekin kundalik hayotimizga taʼsir oʻtkazuvchi ushbu biotexnologiya kashfiyotlari va mahsulotlarini qoʻllash boʻyicha jamiyatning barcha aʼzolari ovozi va fikrini eʼtiborga olish muhim sanaladi.
  • Klonlar zudlik bilan yaratilmaydi. Koʻpchilik hosil qilingan klon nusxa olingan egasining yoshida boʻladi deb oʻylashadi. Masalan, agar organizm embrioni klonlansa, u voyaga yetgan organizmgacha rivojlanishi uchun maʼlum bir davrni talab qiladi. Garchi klonning genomi egasiniki bilan bir xil boʻlsa-da, undagi tajriba va oʻziga xos rivojlanish ularning bir xil boʻlishiga kafolat bermaydi.
    Edinburgdagi Shotlandiya milliy muzeyida saqlanayotgan Dolli laqabli klonlangan qoʻy tulumi.
    Birinchi marta klonlangan sutemizuvchi – qoʻzichoq Dollining haykali. Rasm quyidagi manzildan olingan: Geograph, CC BY-SA 2.0.
Bundan tashqari, hamma klonlar ham sunʼiy ravishda yaratilmaydi. Klonlar bu genetik nusxalardir va koʻplab organizmlar tabiatan klonlash orqali koʻpayadi. Masalan, bakteriyalar DNKsidan ayni nusxa olib, binar (ikkiga) boʻlinish orqali koʻpayadi.