Asosiy kontent
Yuqori sinf biologiyasi
Jinsiy sistema haqida takrorlash
Asosiy atamalar
Atama | Maʼnosi |
---|---|
Gameta | Jinsiy hujayralar; masalan, erkaklarda urugʻ hujayra va ayollarda tuxum hujayra |
Balogʻatga yetish | Organizmning oʻsib-rivojlanib, koʻpayish qobiliyatiga ega boʻlishi |
Urugʻdon | Erkaklarda urugʻ hujayra va jinsiy gormonlarni ishlab chiqaruvchi jinsiy organ |
Tuxumdon | Ayollarda tuxum hujayra va jinsiy gormonlar ishlab chiqaruvchi jinsiy organ |
Hayz sikli | Ayollarda tuxum hujayraning yetilishi va chiqarilishi jarayonlarining yigʻindisi |
Urugʻlanish | Erkak gametaning urgʻochi gameta bilan qoʻshilib zigota hosil qilish jarayoni |
Ayollar koʻpayish (reproduktiv) tizimi
Organ | Vazifasi |
---|---|
Tuxumdonlar | Tuxum hujayralarni ishlab chiqaradi va rivojlantiradi |
Fallopiy naylari (bachadon naylari) | Tuxum hujayraning bachadon tomon harakatini taʼminlaydi va urugʻlanish jarayoni kechadigan joy hisoblanadi |
Bachadan | Embrion rivojlanishini taʼminlaydi |
Bachadon boʻyni | Bachadon va qin oʻrtasidagi aloqani taʼminlaydi |
Qin | Jinsiy aloqa vaqtida olatni qabul qiladi, tugʻuruq yoʻli boʻlib xizmat qiladi va hayz suyuqligi harakatlanadi |
Koʻkrak bezlari | Ona suti ishlab chiqaradi va ajratadi |
Balogʻatga yetish davrida gipotalamusdan keluvchi signallar taʼsirida gipofiz bezidan ikki xil – folikula stimullovchi gormon (FSG) va lyuteinlovchi gormon (LG) ishlab chiqariladi. Ayollarda FSG va LG taʼsirida tuxumdonlarda estrogen va progesteron kabi ayollik gormonlari ishlab chiqariladi. Ushbu gormonlar orqali ikkilamchi ayollik jinsiy belgilari yuzaga keladi( koʻkraklar) va tuxumdonlarda yetilgan tuxum hujayra hosil qilinishi boshlanadi.
Tuxum hujayraning ajralishi (ovulyatsiya) har 28 kunda sodir boʻlib, hayz sikli deb ataluvchi kattaroq jarayonning muhim qismi hisoblanadi. Agar ovulyatsiyadan soʻng tuxum hujayra urugʻlansa, u bachadon devoriga yopishadi va embrional rivojlanish boshlanadi.
Agar tuxum hujayra urugʻlanmasa (yoki urugʻlangan tuxum hujayra bachadon devoriga yopisha olmasa), tuxum hujayra va bachadon yuzasi tanadan ajratib chiqariladi.
Erkaklar koʻpayish (reproduktiv) tizimi
Organ | Funksiyasi |
---|---|
Moyaklar | Erkaklarda urugʻ hujayra va jinsiy gormonlarni ishlab chiqaradi |
Yorgʻoq | Moyaklarni tutib turadi va ulardagi haroratni tartibga soladi |
Urugʻ pufakchasi | Urugʻ suyuqligini tashkil etuvchi suyuqliklarni ishlab chiqaradi |
Prostata bezi | Prostata suyuqligini ishlab chiqaradi ( urugʻ suyuqligining tarkibiy qismi) va eyakulyatsiyada yordam beradi |
Moyak ortigʻi | Yetilgan spermalar toʻplanadi |
Pastga tushuvchi tomir | Moyak ortigʻidagi spermalar harakatini taʼminlaydi |
Jinsiy olat | Spermani ayol organizmiga oʻtkazadi |
Erkaklarda balogʻatga yetish belgilari ayollardagi singari boshlanadi: gipotalamusdan kelgan signallar taʼsirida gipofiz bezidan FSG (folikula stimullovchi gormon) va LG (lyuteinlovchi gormon) ishlab chiqarila boshlaydi.
Erkaklarda LG gormoni taʼsirida moyaklarda testosteron gormoni hosil boʻladi va u FSG gormoni bilan birgalikda urugʻ hujayralarining rivojlanishini taʼminlaydi. Testosteron gormoni ikkilamchi erkaklik belgilarining yuzaga chiqishiga ham taʼsir koʻrsatadi va bunda ovoz dagʻallashib, tanadan tuklar oʻsadi.
Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar
- Urugʻlanish jarayoni fallopiy naylari (bachadon naylari)da sodir boʻladi. Tuxum hujayra urugʻlangandan soʻng u bachadon devoriga yopishadi. Vaqt oʻtishi bilan u hujayralar toʻplamini yuzaga keltirib, bachadonda embrion rivojlanadi.
- Faqat ayollargina jinsiy hujayralari bilan tugʻiladi. Ayollar tuxumdonidagi yetilmagan tuxum hujayralar bilan tugʻiladi. Balogʻatga yetgan vaqtda tuxum hujayralar yetilib, tuxumdonlar orqali ajratiladi. Erkaklarda esa urugʻ hujayralar faqat balogʻatga yetgandan soʻng hosil boʻladi.
- Ayollar qin orqali peshob ajratmaydi. Erkaklarda peshob hamda urugʻ suyuqligi siydik kanali orqali tashqi muhitga chiqariladi. Ayollar ham erkaklar singari siydik kanali orqali peshob ajratadi, lekin bu qinga bogʻlanmagan. Ayollarda siydik kanali qindan tepada joylashgan boʻlib, siydik uning atrofidan ajratiladi, lekin ularning ikkalasi oʻzaro bogʻlanmagan.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.