Asosiy kontent
Yuqori sinf biologiyasi
Course: Yuqori sinf biologiyasi > Unit 8
Lesson 5: Nerv va endokrin tizimlariNerv va endokrin tizimlari. Takrorlash.
Asosiy atamalar
Atama | Maʼnosi |
---|---|
Nerv tizimi | Elektr impulslaridan foydalangan holda tashqi muhitdan maʼlumot qabul qiluvchi, uni qayta ishlovchi va unga javob beruvchi sistema |
Neyron | Nerv hujayrasi; nerv tizimining asosiy birligi |
Neyrogliya | Neyronni himoyalovchi hujayra |
Markaziy nerv tizimi | Bosh miya va orqa miyadan tashkil topgan nerv tizimining tarkibiy qismi |
Periferik nerv tizimi | Bosh va orqa miyadan tashqaridagi nervlardan tashkil topgan nerv tizimining tarkibiy qismi |
Endokrin tizimi | Tanani gormonlar deb ataluvchi kimyoviy moddalar bilan boshqaruvchi tizim |
Gormon | Tanadagi maʼlum bir funksiyani tartibga soluvchi kimyoviy modda |
Bez | Gormon kabi kimyoviy modda ishlab chiqaruvchi organ |
Nerv tizimi
Nerv tizimi elektr impulslardan foydalangan holda tashqi muhitdan maʼlumot qabul qiladi, uni qayta ishlaydi va unga javob beradi.
Nerv tizimi hujayralari
Neyronlarning oʻziga xos tuzilishi ularga tana boʻylab elektr impulslarini uzatish va qabul qilish imkonini beradi. Neyrogliya hujayralari neyronlarni oʻrab, tashqi muhitdan ajratib turadi va ularni himoyalaydi.
Barcha neyronlar odatda tuzilishi jihatidan hujayra tanasi, dendrit va aksonlardan iborat. Ularning bunday tuzilishi neyronlarning oʻzaro aloqasini taʼminlovchi elektr impulslar, yaʼni nerv impulslarini uzatishda muhim ahamiyatga ega.
Neyronlar bajaradigan funksiyasiga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:
- Sezgi (sensor) neyronlari koʻz va quloq singari sezgi organlaridan impulslarni qabul qiladi.
- Harakatlantiruvchi (motor) neyronlar muskul va bezlardan impulslarni qabul qiladi.
- Oraliq neyronlar sezgi va harakatlantiruvchi neyronlar va boshqa oraliq neyronlar boʻylab impulslarni uzatadi.
Qoʻzgʻalmagan neyronlarda natriy-kaliy nasosi orqali tartibga solinuvchi ionlar taqsimlanishi holati mavjud. Agar neyron kuchli signalni qabul qilsa, tinchlik potensiali holatidan chiqib qoʻzgʻalgan holatga oʻtadi va harakat potensiali deb ataluvchi elektr impulsini ishlab chiqaradi. Impuls boshlangandan soʻng, akson boʻylab uning terminal qismi tomon harakatlanadi.
Nerv sistemasi qismlari
Nerv sistemasi ikki qism: markaziy nerv sistemasi (MNS) va periferik nerv sistemasi (PNS)dan tashkil topgan.
Markaziy nerv tizimi bosh va orqa miyadan iborat. Tanaga beriladigan barcha buyruqlar bosh miyada hosil qilinadi, orqa miya esa bosh miyani tanadagi boshqa nervlar bilan bogʻlab turadi.
Periferik nerv tizimi ikki qismga boʻlinadi:
- Somatik nerv tizimi (SNT) odam ixtiyoriga bogʻliq harakatlar, masalan, muskullar harakatini boshqaradi. Shuningdek, u qoʻl issiq plitaga tegganda undan qoʻlni tortib olish kabi harakat reflekslarini ham boshqaradi.
- Avtonom nerv tizimi (ANT) odam ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan harakatlarni boshqaradi va qarama-qarshi faoliyat koʻrsatuvchi ikki qismga boʻlinadi: simpatik va parasimpatik nerv sistemasi. Simpatik nerv tizimi “kurashish yoki qochish” javob reaksiyalarida aktivlashsa, parasimpatik nerv tizimi tinch holatlarda faol boʻladi.
Endokrin tizimi
Nerv tizimi singari endokrin tizimi ham tananing boshqarilishida ishtirok etadi. Elektr signallar oʻrniga endokrin tizimi gormonlar deb ataluvchi kimyoviy signallardan foydalanadi. Ushbu gormonlar qon oqimi boʻylab harakatlanib, organ va hujayralarning faoliyatini boshqaradi.
Asosiy gormon va bezlar
Gormon | U ishlab chiqariladigan bez | Ahamiyati |
---|---|---|
Tiroksin | Qalqonsimon bez | Metabolizmni boshqaradi |
Adrenalin (epinefrin) | Buyragusti bezlari | “Kurashish yoki qochish” javob reaksiyasida qatnashadi |
Kortizol | Buyragusti bezi | “Kurashish yoki qochish” javob reaksiyasida qatnashadi, metabolizm va immun sistemasini tartibga solib turadi |
Estrogen | Tuxumdonlar | Asosan ayollarning jinsiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega |
Testosteron | Urugʻdonlarda, baʼzan buyragusti bezi va tuxumdonlarda | Asosan erkaklar jinsiy rivojlanishida muhim rol oʻynaydi |
Insulin | Oshqozon osti bezi | Qondagi qand miqdori va yogʻlarning zaxiralanishini nazorat qiladi |
Glyukagon | Oshqozon osti bezi | Qondagi qand miqdorini nazorat qiladi |
Endokrin tizimining boshqarilishi
Endokrin tizimi gomeostazni taʼminlovchi manfiy qaytar bogʻlanish mexanizmlari orqali boshqariladi. Ushbu usul orqali gormonlar konsentratsiyasi va ularning organ sistemalariga taʼsiri tartibga solinadi.
Masalan, qondagi qand miqdori oshqozon osti bezi tomonidan ishlab chiqariluvchi insulin va glyukagon gormonlari yordamida boshqariladi.
Agar qonda qand miqdori baland boʻlsa, oshqozon osti bezi insulin gormonini ishlab chiqaradi. Insulin qondagi glyukoza miqdoriga taʼsir qilib, uning meʼyordan ortib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.
Agar qondagi qand miqdori kamaysa, oshqozon osti bezi glyukagon gormonini ishlab chiqaradi. Bu gormon taʼsirida glikogen zaxiralari parchalanib, qondagi glyukoza miqdorini normal darajagacha koʻtaradi.
Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar
- Garchi neyronlar nerv tizimidagi eng koʻp uchraydigan hujayralar boʻlsa-da, lekin yagona nerv hujayralari emas! Aslida neyrogliya hujayralari soni neyronlardan 10 barobar koʻproq. Neyrogliya hujayralari neyronlarni himoya qiladi va akson atrofidagi miyelin parda bilan taʼminlaydi.
- Gormonlar faqat koʻpayish tizimi tarkibiga kirmaydi. Garchi testosteron yoki estrogen kabi gormonlar koʻpayish sistemasiga aloqador boʻlsa-da, ushbu sistemaga taalluqli boʻlmagan juda koʻp gormonlar mavjud. Koʻplab gormonlar tanadagi doimiy funksiyalar, masalan, ochlik yoki uyqu kabilarni boshqaradi.
- Garchi nerv tizimi ham, endokrin tizim ham tanamizni boshqarsa-da, ular oʻrtasida baʼzi fundamental farqlar mavjud. Birinchidan, endokrin tizimi kimyoviy signallardan (bezlar ishlab chiqaruvchi gormonlar) foyadalansa, nerv tizimi elektr signallaridan (nerv impulslari) foydalanadi. Nerv tizimi orqali signallarning uzatilishi neyronlar oʻzaro bogʻlangani sababli juda tez, lekin ularning taʼsiri qisqa vaqt davom etadi. Endokrin tizimida signallarning uzatilishi nisbatan sekin boʻlib, bunda gormonlar qon oqimi boʻylab kerakli organga yetkaziladi. Lekin buning taʼsiri uzoq muddatli boʻladi.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.