Asosiy kontent
Yuqori sinf biologiyasi
Course: Yuqori sinf biologiyasi > Unit 8
Lesson 7: Immun tizimi- Immun reaksiya turlari: tugʻma va orttirilgan, gumoral va hujayraviy
- Fagotsitlarning tugʻma yoki ixtisoslashmagan immunitetdagi ahamiyati
- Yot jismlarga va oʻz hujayralariga qarshi immunitet
- Viruslarga kirish
- Virus replikatsiyasi: litik va lizogen
- Immun tizimi haqida takrorlash
- Immun tizimi
© 2023 Khan AcademyFoydalanish shartlariMaxfiylik siyosatiCookie Notice
Immun tizimi haqida takrorlash
Asosiy atamalar
Atama | Maʼnosi |
---|---|
Patogen | Bakteriya singari kasalliklarga sabab boʻluvchi organizm |
Antigen | Odam immunitet sistemasini qoʻzgʻatuvchi molekulalar |
Tugʻma immunitet | Maxsus boʻlmagan immun tizimi |
Orttirilgan immunitet | Antigenlar vositasida yuzaga keluvchi immunitet |
Antitana | Y-shaklli oqsil molekulalari boʻlib, antigenlarni parchalash uchun ular bilan bogʻlanish xususiyatiga ega. |
B hujayralar | Oq qon tanachalarining bir turi boʻlib, antitana ishlab chiqarishda va immunologik xotirani saqlashda yordam beradi. |
T hujayralar | Oq qon tanachalarining bir turi boʻlib, birinchisi B hujayralarga yordam beradi(T helper) va boshqasi zararlangan hujayralarni oʻldiradi (T killer) |
Gumoral immunitet | Immunitet tizimining antitanalarga bogʻliq turi |
Hujayraviy immunitet | Yot boʻlgan hujayralar T hujayralar orqali nobud qilinuvchi orttirilgan immun tizimi |
Virus | Oqsil va DNK/RNKdan tashkil topgan, tiriklikka xos xususiyatlarni namoyon etmaydigan va hujayralarni zararlovchi tuzilma |
Vaksina | Nobud qilingan yoki kuchsizlantirilgan patogen boʻlib, tanaga yuborilganda immunitetni shakllantiradi. |
Yuqumli kasalliklar
Yuqumli kasalliklar virus, bakteriya, zamburugʻ, bir hujayrali organizmlar va boshqa patogenlar natijasida yuzaga keladi.
Patogenlar odatda yoʻtalish, aksirish va odamlar oʻrtasidagi aloqalar orqali tarqaladi. Bundan tashqari, u ichimlik suvining ifloslanishi yoki tana suyuqliklari, masalan, jinsiy aloqa orqali ham yuqishi mumkin.
Maxsus boʻlmagan immun tizimi: tugʻma immunitet
Odam tanasida bir qancha maxsus boʻlmagan qarshi kurashuv vositalari boʻlib, ular tugʻma immunitet deb ataladi. Bu vositalar bitta patogen emas, balki kasallanishning barcha turlariga qarshilik koʻrsata oladi.
Odam immun tizimining birinchi bosqichi
Tanamizni himoya qiluvchi eng muhim vositalardan biri bu terimizdir. U tanamizni tashqi muhit va undagi patogenlardan ajratib turadi. Garchi tanamizda koʻz va burun singari ochiq joylar boʻlsa-da, ular ter bezlari, shilliq qavat va koʻz yoshlar bezlari bilan taʼminlangan boʻlib, ularning tarkibidagi fermentlar patogen bakteriyalarni oʻldirish qobiliyatiga ega.
Odam immun tizimining ikkinchi bosqichi
Agar patogen tanamizga kira olsa, ikkinchi bosqich nomaxsus immun tizimi oʻz ishini boshlaydi.
Yalligʻlanish reaksiyasi patogen zararlangan joyda qon harakatini tezlashtirgan paytda boshlanadi. Bu sohadagi qontomirlar kengayadi va oq qon tanachalari qondan chiqib, zararlangan toʻqimalarni nobud qiladi. Ushbu oq qon tanachalari fagotsit deb ataladi va bakteriyalarni oʻldiradi. Yalligʻlanish javob reaksiyasi paytida oʻsha sohada qizarish, shish va ogʻriq kuzatiladi.
Patogen organizmga kirgandan soʻng immun tizimi tana haroratini koʻtaruvchi moddalar ishlab chiqaradi va bu isitmaga sabab boʻladi. Yuqori tana harorati patogenlarning oʻsishi va koʻpayishiga toʻsqinlik qiladi va immun tizimining kuchayishiga yordam beradi.
Maxsus himoya: orttirilgan immun tizimi
Agar patogen tugʻma immunitet tizimidan oʻta olsa, orttirilgan immun tizimi oʻz ishini boshlaydi.
Tanamizdagi hujayralar oʻzida maxsus belgilar orqali immunitet tizimiga “oʻziniki” ekanini bildiradi va immun tizimi ularga taʼsir koʻrsatmaydi.
Agar immun tizimi patogen “begona” ekanini aniqlasa, unga qarshi hujayraviy va kimyoviy qarshilik koʻrsatadi. Immun tizimi bir marta kurashgan patogenni “eslab qolish” qobiliyatiga ega va bu keyingi safar bunday patogenlarni tezroq tanib olish hamda ularga qarshi kurashishga yordam beradi.
Maxsus immun reaksiyalari antigenlar tomonidan qoʻzgʻatiladi. Antigenlar patogenlar yuzasida uchrab, har bir patogen oʻziga xos antigenga ega boʻladi. Immun tizimi patogenga qarshi kurashda toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir etuvchi hujayralardan yoki maxsus oqsillar – antitanalardan foydalanadi. Antitana antigenga birikadi va patogenni yoʻq qiluvchi hujayralarni jalb etadi.
Immun tizimining eng muhim hujayralari limfotsitlar boʻlib, ular B hujayralar va T hujayralar boʻlishi mumkin. B hujayralar suyak koʻmigida hosil boʻladi va rivojlanadi, T hujayralar esa suyak koʻmigida hosil boʻladi, lekin timus (ayrisimon bez)da rivojlanadi.
Gumoral immunitet
Gumoral immunitet tana boʻylab harakatlanuvchi antitanalarning faoliyatiga asoslanadi.
Gumoral immunitet B hujayralardagi antitana antigenga yopishishi orqali boshlanadi. Keyin B hujayralar antigenni oʻziga biriktirib olib, uni maxsus yordamchi T hujayralarga uzatadi va T hujayralar oʻz navbatida B hujayralarni faollashtirib turadi.
Faollashgan B hujayralar ikki xil hujayra ishlab chiqaradi: plazma hujayralari; ular qonga antitanalar ajratadi va xotira B hujayralari; patogen haqidagi maʼlumotlarni yodda saqlaydi.
Hujayraviy immunitet
Antitanalar koʻpincha tanadagi patogenlarga bir oʻzi qarshi kurasha olmaydi. Bunday hollarda organizm zararlangan tana hujayralarini yoʻq qilishda hujayraviy immunitetni ishga soladi.
Hujayraviy immunitet uchun T hujayralar masʼuldir. T-killer hujayralar (yoki sitotoksik T hujayralar) zararlangan hujayralarni tanadan toksinlar ajratish yoki apoptoz orqali yoʻqotadi. T-helper hujayralar esa boshqa immun hujayralarni faollashtiradi.
Vaksinalar
Vaksinalar faoliyati antigenni tanish va antitana javobi bilan bogʻliq. Vaksina maʼlum bir kasallikni keltirib chiqaruvchi patogen antigenidan iborat. Masalan, suvchechakka qarshi vaksina suvchechak antigenlaridan iborat. Odamga suvchechakka qarshi vaksina yuborilganda immun tizimi antitana ishlab chiqaruvchi hujayralarni faollashtiradi va ular ham oʻz navbatida suvchechakka qarshi antitana ishlab chiqaradi. Natijada keyinchalik odam suvchechak bilan kasallansa, organizm u bilan kurashga tayyor turadi.
Viruslarning tuzilishi
Viruslar xoʻjayin organizmni egallab olib, undan koʻproq viruslar hosil qilishda foydalanuvchi zararli tuzilmalardir.
Viruslarning tuzilishi, genomi va xoʻjayin hujayralari bilan farqlanuvchi juda koʻplab turlari bor. Shunga qaramasdan, bir qancha xususiyatlari bilan ular bir-biriga oʻxshaydi. Hamma viruslar himoya oqsil qobigʻi, yaʼni kapsid va u bilan oʻralgan nuklein kislotali genomga ega (DNK yoki RNK).
Baʼzi viruslarda kapsidni tashqi tomondan oʻrab turuvchi gʻilof membranasi ham mavjud.
Virus bilan zararlanish bosqichlari
Viruslar oʻzining genomidagi DNK yoki RNKsiga asoslanib, xoʻjayin hujayrasi manbalaridan foydalangan holda oʻz-oʻzini koʻpaytiradi.
- Virus hujayra yuzasidagi retseptor orqali uni taniydi va unga birikadi.
- Virusning oʻzi yoki genomi hujayra ichiga kiritiladi.
- Virus genomidan nusxa olinadi va undagi genlardan foydalanib oqsillar sintezlanadi.
- Yangi hosil qilingan genom va oqsillardan yangi viruslar jamlanadi (hosil qilinadi).
- Yangi hosil boʻlgan virus hujayrani tark etadi va boshqa yangi hujayralarni zararlaydi.
Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar
- Hamma bakteriyalar ham zararli emas. Aslida aksariyat bakteriyalar zararsiz boʻlib, ularsiz hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi! Bakteriyalar bizga oziqni hazm qilishda, vitaminlar ishlab chiqarishda va har xil oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashda yordam beradi.
Baʼzi bakteriyalar patogen bakteriyalar egallashi mumkin boʻlgan sohalarni egallash orqali himoya qiladi. Masalan, antibiotiklardan foydalanish natijasida oshqozon-ichak florasining koʻp qismi nobud boʻladi. Bu esa oʻsha joyda patogen bakteriyalar koʻpayib, diareya va boshqa oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqarishiga sabab boʻladi.
- Baʼzi kasalliklar vaksinalar tufayli deyarli yoʻqotilgan. Lekin bu ushbu kasalliklarga qarshi vaksinalarni qoʻllashni toʻxtatishimiz kerakligini anglatmaydi. Bu kasalliklarning koʻpchiligi hali ham odam populyatsiyalarida uchrashi sababli vaksinalarni qoʻllashni davom ettirish tavsiya etiladi.
- Baʼzi odamlar vaksinalar kasallikka qarshi doimiy immunitetni taʼminlaydi deb hisoblaydi. Baʼzi kasalliklar uchun birgina vaksina yetarli, lekin koʻp kasalliklarga qarshi himoyalanish uchun bu vaksinalarni bir necha marta olishga toʻgʻri keladi.
Masalan, grippga qarshi vaksinalar vaqt oʻtishi bilan oʻz samarasini yoʻqotadi, chunki virusdagi mutatsiyalar ularga chidamlilikni oshiradi. Shuning uchun yildan yilga yangi grippga qarshi vaksinalar yaratilmoqda.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.