If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Evolyutsiya dalillari. Takrorlash.

Asosiy atamalar

TerminMaʼnosi
EvolyutsiyaVaqt oʻtishi davomida qadimgi organizmlardan hozirgi organizmlarning kelib chiqish jarayoni
Umumiy ajdodIkki va undan ortiq avlodlar uchun umumiy boʻlgan ajdod
Qazilma qoldiqQadimgi organizmlarning saqlanib qolgan qoldiqlari
Gomologik tuzilma (organ)Har xil turlarning bitta ajdoddan kelib chiqishi tufayli mavjud oʻxshash tuzilma
Rudimentar tuzilma (organ)Hech qanday funksiyaga ega boʻlmagan yoki funksiyasi qisqargan organ
Analog tuzilmaTurli xil organizmlarning bir xil muhit sharoitlarida yashashi yoki bir xil tabiiy tanlanish bosimi ostida boʻlishi tufayli bir-biridan mustaqil ravishda shakllangan tuzilma
EmbriologiyaEmbrionlar va ularning rivojlanishini oʻrganuvchi fan
BiogeografiyaOrganizmlar hozir qayerda yashayotgani va ularning ajdodlari qadimda qayerda yashaganini oʻrganuvchi fan

Evolyutsiyani isbotlovchi dalillar

Hozirgi kunda ikkita turning bir-biriga qarindosh yoki qarindosh emasligi evolyutsiyani oʻrganuvchi soha mutaxassislarini qiziqtiradi. Evolyutsiyani isbotlovchi dalillar anatomik tuzilishga oid, genetik va biogeografik boʻlishi mumkin.

Evolyutsiyani isbotlovchi anatomik dalillar

Organizmlar uchun umumiy boʻlgan anatomik xususiyatlarni (shu jumladan, faqat rivojlanish paytida koʻrinadiganlari ham) kuzatish ularning bitta umumiy ajdodga ega ekanliklarini koʻrsatadi.
Turli davrlarga tegishli boʻlgan bir-biriga qarindosh otlarning qazilma qoldiqlari.
Yaqin oʻtmishdan uzoq oʻtmishga nazar
Equus – yangi davrning toq tuyoqli ot turi
Pliohippus – Miosen davri oxirida yashagan toq tuyoqli ot
Merychippus – oʻrta Miosen davrida yashagan ot turi, uch barmoqli boʻlib, yon tomonidagi barmoqlari koʻproq qisqargan.
Mesohippus – Eosen davri oxirida yashagan uch barmoqli ot
Otlarning evolyutsiyasini koʻrsatuvchi qazilma qoldiqlar. Rasm Wikimedia, CC BY-SA 3.0 dan olingan.
Anatomik dalillar hozirgi (hozirgi kunda yashaydigan) organizmlar va yoʻq boʻlib ketgan organizmlarning qoldiqlari bilan solishtirilishi mumkin.

Gomologik tuzilma (organ)lar

Agar ikki va undan ortiq turlar bitta umumiy oʻziga xos fizik xususiyatga ega boʻlsa, demak, turlar bunday xususiyatni ular uchun umumiy boʻlgan ajdoddan meros qilib olgan. Ajdodlari umumiy boʻlgani uchun umumiy boʻlgan xususiyatlar gomologik tuzilmalar deyiladi.
Odam, qush va kitlardagi qoʻl, qanot hamda old suzgichlar suyak joylashuvi bir xil boʻlgan gomologik organlardir. Gomologik organlar umumiy kelib chiqishga ega boʻladi.
Inson, qush va kitlarning gomolog qoʻl va oyoqlari. Rasm Wikimedia, CC BY-SA 4.0 asosida oʻzgartirilgan.
Masalan, kitlarda, insonlarda va qushlarda old tana aʼzolar turli koʻrinishga ega, chunki ular har xil muhit sharoitlarida bir-biridan farq qiluvchi vazifalarni bajarishga moslashgan. Lekin ularning suyak tuzilishiga eʼtibor bersangiz, suyaklarning joylashish tartibi barcha turlar orasida oʻzaro oʻxshash boʻlishini koʻrasiz.
Bir nechta turlarning embriologik rivojlanishini bir-biriga solishtirish
Baliq, salamandra, toshbaqa, tovuq, choʻchqa, sigir, quyon va insonning (chapdan oʻngga) embrion rivojlanishi. Rasm Wikimedia, Public Domain dan olingan.
Embriologiya turlarning evolyutsion rivojlanishini tushunib olish uchun muhim ahamiyatga ega, chunki baʼzi gomologik tuzilmalar faqat embrion rivojlanish paytida koʻrinishi mumkin. Masalan, barcha umurtqali organizmlarning embrionlarida (insonlardan tortib to joʻja va baliqqacha) rivojlanishning ilk davrlaridayoq dumlar boʻladi, hattoki bu dum keyinchalik toʻliq rivojlangan organizmlarda yoʻq boʻlib ketsa ham.

Rudimentar tuzilma (organ)lar

Rudimentar tuzilmalarning organizmda ahamiyati juda kam yoki hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Insondagi dum embrional rivojlanish paytida dum suyagigacha qisqargani bunga misol boʻladi. Rudimentar tuzilmalar organizmlarning ajdodlari toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Masalan, baʼzi ilonlarda juda kichik rudiment oyoq suyaklarining aniqlanishi ularning toʻrt oyoqli ajdodlardan kelib chiqqanini koʻrsatadi.
Baʼzi ilonlarda, masalan, Boa boʻgʻma ilonida uchraydigan kichkina oyoqchalar rudiment hisoblanadi. Bu qoldiq ilonlarda hech qanday vazifaga ega emas, lekin ularning toʻrt oyoqli (toʻrt oyoqda yuruvchi) ajdodlarida u muayyan vazifani bajargan.
Rudiment oyoqli Boa boʻgʻma iloni. Rasm Wikimedia, CC BY-SA 4.0 asosida oʻzgartirilib olingan.

Analogik tuzilmalar

Organizmlarning oʻxshash anatomik tuzilishi ularning bir-biriga qarindoshligidan darak bersa ham, tuzilishi oʻxshash boʻlgan hamma tuzilmalar ham umumiy ajdod hisobiga kelib chiqmagan.
Analog tuzilmalar bir xil muhit sharoitlarida yoki bir xil tabiiy tanlanish bosimi ostida boʻlgan, har xil turga oid organizmlarda mustaqil ravishda paydo boʻlgan tuzilmalar.
Mushuk va beshiktervatar oyoqlari bir-biriga analog hisoblanadi. Yaʼni ajdodlari umuman boshqa boʻlganiga qaramasdan, tabiiy tanlanish bosimlari bir xil boʻlgani uchun ularning oyoqlari bir xil funksiyani bajaradi.
Mushuk va beshiktervatar oyoqlarining bir-biriga analogligi. Rasm Wikimedia, CC BY-SA 4.0 asosida oʻzgartirilgan.
Masalan, mushuklarning oyogʻi va beshiktervatarning oyogʻi bir-biriga analog hisoblanadi. Ikkala oyoq ham yurish uchun moʻljallangan, lekin ularning evolyutsion kelib chiqishi umuman boshqa-boshqa. Tashqi tomondan ular oʻxshash koʻrinadi. Chunki ikkalasi ham bir xil tabiiy tanlanish bosimi ostida boʻlishi oyoqlarining yurish uchun moslashishiga olib kelgan. Lekin oyoqlarni tashkil qilgan tuzilmalar bir-birinikidan farq qiladi, bu esa ularning umumiy ajdoddan kelib chiqmaganini anglatadi.

Evolyutsiyani isbotlovchi DNK dalillari

Eng boshlangʻich bosqichda barcha tirik organizmlar bir xil genetik materialga, bir xil genetik kodga va gen ifodasining (transkripsiya va translyatsiya) bir xil boshlangʻich jarayoniga ega boʻladilar.
Guruhdagi organizmlardan qaysilari bir-biriga yaqin qarindoshligini aniqlash uchun biz turli xil molekulyar xususiyatlardan, masalan, genlarning nukleotidlar ketma-ketligidan foydalanamiz.
Biologlar koʻpincha qarindosh (yoki gomolog) genlar ketma-ketligini taqqoslaydi. Agar ikkita tur “bir xil” genga ega boʻlsa, demak, ular bu genlarni umumiy ajdoddan meros qilib olgan boʻladi.
Umumiy qilib aytganda, solishtirilayotgan ikki turning gomologik genlarida DNK farq qancha koʻp boʻlsa, turlar bir-biriga shuncha uzoq qarindosh boʻladi.

DNK gellarini oʻqish

DNK segmentlarini gel elektroforez yordamida tahlil qilish mumkin, bunda DNKning boʻlaklari oʻlchami (uzunligi)ga qarab ajratiladi.
Boʻlaklar gorizontal tasmalar koʻrinishida berilgan. Namunalar orasida oʻlcham jihatidan oʻxshash boʻlgan tasmalar bir xil gorizontal chiziqda boʻladi va umumiy DNK ketma-ketligiga ega ekanidan darak beradi. Ikkita namuna qancha koʻp umumiy boʻlaklarga ega boʻlsa, ular bir-biriga shuncha koʻp bogʻlangan boʻladi.
Solishtirilayotgan toʻrtta namunaning DNK geli
Toʻrt xil turning DNK gelini taqqoslash: A, B, C va D. A va C turlar bir-biriga koʻproq yaqin, chunki ular uchta umumiy tasmaga ega.

Evolyutsiyani isbotlovchi biogeografik dalillar

Biogeografiya tushunchasi birinchi navbatda Charlz Darvinga turlar umumiy ajdodlardan kelib chiqqanligini koʻrsatdi. Toshga aylangan qazilma qoldiqlar va turlarning tarqalish tabiati hozirgi kundagi organizmlarning qanday paydo boʻlganini aytib berishi mumkin.
Masalan, Pangaea (taxminan 200 million yil oldin) superkontinentining parchalanishidan oldin rivojlanib boʻlgan organizmlarning katta guruhlari yer yuzi boʻylab tarqalish imkoniyatiga ega boʻlgan. Bundan farqli oʻlaroq, superkontinentning parchalanishidan keyin rivojlangan organizmlarning katta guruhlari esa yerning faqat kichikroq mintaqalarida tarqalgan.
Atrof-muhit har doim ham turlarning bir-biriga oʻxshashligini yoki farq qilishini tushuntira olmaydi. Bir-biriga yaqin boʻlgan turlarda har xil muhit sharoitlarida turli xil xususiyatlar paydo boʻladi. Xuddi shunga oʻxshab, bir-biriga juda uzoq boʻlgan turlarda bir xil muhit taʼsiri ostida bir-biriga oʻxshash xususiyatlar paydo boʻladi.

Koʻp uchraydigan xatolar va notoʻgʻri tushunchalar

  • Evolyutsiya bu “shunchaki” nazariya emas. Fanda “nazariya” kengroq qamrovli savollarga javob beradi va u koʻplab manbalarning maʼlumotlariga asoslangan boʻladi. Evolyutsiya ham juda yaxshi asoslangan va yuqorida sanab oʻtilgan dalillarga tayangan ilmiy nazariyadir.
  • Odatda biologlar faqat organizmlarning anatomik tuzilishi va biogeografik dalillarga asoslanib turlarning oʻzaro qon-qarindoshligi haqida xulosa qilishmaydi. Balki turlarning ham jismoniy xususiyatlari, ham DNK ketma-ketliklarini birgalikda oʻrganib, ularning bir-biriga yaqinligini aniqlashadi.
  • Hamma turlarning ham qazilma qoldiqlari mavjud emas. Baʼzilar barcha tirik organizmlarning toshga aylangan qoldiqlari boʻladi deb ishonadi. Afsuski, toshga aylanish jarayoni juda kam uchraydigan hodisa, chunki vaqt oʻtishi bilan toshga aylanish maʼlum tartibda sodir boʻlishi uchun koʻplab turli xil sharoitlarni talab qiladi. Bunday sharoitlar doim ham mavjud boʻlmagani sababli barcha yoʻq boʻlib ketgan organizmlarning qazilma qoldiqlariga ega emasmiz.
Yerda yashab oʻtgan koʻplab turlarning qazilma qoldiqlari mavjud emas, shuning uchun paleontologik solnomamizda ularning oʻrinlari ochiq qolgan. Lekin bunday organizmlar oldin mavjud boʻlmagan deb xulosa qilish notoʻgʻri. Paleontologik solnomamizda juda koʻp oraliq formalarning qazilma qoldiqlari bor va ularning barchasi evolyutsiyani isbotlovchi dalillardir!