If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Populyatsiya ekologiyasi. Takrorlash.

Asosiy atamalar

AtamaMaʼnosi
PopulyatsiyaBir turga mansub, maʼlum bir hududda istiqomat qiluvchi organizmlar guruhi; masalan, Nyu Yorkdagi daydi mushuklar
Populyatsiya ekologiyasiAbiotik (oʻlik) va biotik (tirik) tabiat omillarining populyatsiya zichligi, tarqalishi va oʻlchamiga taʼsirini oʻrganuvchi fan
Populyatsiya oʻlchami (N)Populyatsiyadagi individlar soni; masalan, oʻrmondagi 500 ta kiyik (N=500)
ZichlikBir maydon yoki hajm birligidagi individlar soni; masalan, oʻrmonning 1 akr maydonidagi 100 ta kiyik
Zichlikka bogʻliq omillarPopulyatsiya zichligi sababli yuzaga keluvchi, populyatsiyadagi individlar sonini (N) oʻzgartiruvchi har qanday omil; masalan, yashash uchun kurash
Zichlikka bogʻliq boʻlmagan omillarPopulyatsiya zichligi oqibatida yuzaga kelmasdan, populyatsiyadagi individlar sonini (N) oʻzgartiruvchi har qanday omil; masalan, zilzila singari tabiiy ofatlar
TarqalishIndividlarning populyatsiya chegarasi boʻylab tarqalish xususiyati; masalan, notekis taqsimlanish
Populyatsiya sigʻimi (K)Maʼlum bir sharoitda populyatsiya individlarining ehtimoliy eng maksimal soni (maksimal N); masalan, botqoqlikdagi alligatorlar uchun populyatsiya sigʻimi K=10 ga teng
Eksponensial oʻsishPopulyatsiyaning resurslar miqdori cheklanmagan, ideal holatda oʻsishi; masalan, bakteriyalarning oziq moddalar bilan boyitilgan petri kosachasida ochiq qoldirilishi
Logistik oʻsishPopulyatsiyaning cheklangan resurslar sharoitida oʻsishi; masalan, hozirgi kundagi odam populyatsiyasi

Oroldagi quyonlar soni qancha?

Tasavvur qiling, siz Tinch okeanida yaqinda kashf qilingan yangi orolga populyatsiya ekologi boʻlib joʻnatildingiz. Populyatsiya ekologi sifatida sizning vazifangiz oroldagi har xil quyon populyatsiyalarini oʻrganishdir. Lekin bunda sizdan ushbu populyatsiyalarga aloqador bir qancha savollarga javob topish soʻralgan. Ushbu holatda qaysi jihatlar sizni koʻproq qiziqtirgan boʻlardi?
Eng oldin biz populyatsiyada nechta individ borligini aniqlashimiz kerak. Populyatsiya ekologiyasida populyatsiya oʻlchami N harfi bilan belgilanib, populyatsiyadagi individlar sonini ifodalaydi. Masalan, agar orolda 100 ta quyon boʻlsa, populyatsiya oʻlchami 100 ga teng, yaʼni N=100.
Lekin bizni populyatsiya oʻchamidan boshqa jihatlar ham qiziqtirsa-chi? Baʼzan populyatsiya ekologi uchun populyatsiyadagi individlar sonidan koʻra ularning orolda qay tarzda tarqalgani yoki taqsimlangani koʻproq qiziqish uygʻotadi. Bu holatda quyidagi savollar tugʻilishi mumkin:
  • Ushbu hududda populyatsiya qanday tarqalgan?
  • Quyonlar orolning bir qismida koʻp va boshqa qismida kam tarqalganmi yoki butun orol boʻylab teng taqsimlanganmi?
Ushbu savollarga javob topish uchun ekologdan populyatsiya zichligini, yaʼni bir maydon yoki hajm birligidagi individlar sonini bilish talab etiladi.
Ushbu rasmdagi quyonlar qanday taqsimlangan? Image from Wikimedia Commons, public domain.
Oroldagi quyonlar uchun ozuqaning yagona manbai orol markazidagi tepalikda deb tasavvur qilaylik. Ushbu holatda bizni quyidagi savollar qiziqtiradi:
  • Ushbu hududda quyonlar qanday taqsimlangan? Yagona ozuqa manbai orol markazida boʻlgani uchun quyonlar shu joyda zich holatda tarqaladi.
  • Agar ozuqa orolning turli qismlarida joylashganda nima boʻlardi? Bu quyonlarning tarqalishiga qanday taʼsir koʻrsatardi? Bu holatda quyonlar orol boʻylab tekis taqsimlanishini kutishimiz mumkin boʻlar edi.
Ekolog olim sifatida populyatsiyaning tarqalishi, yaʼni individlarning populyatsiya chegarasi boʻylab tarqalish xususiyatini eʼtiborga olib ushbu jarayon qanday holatlarda boʻlishini oʻrganishimiz mumkin. Ekologiyada populyatsiyadagi individlar uch xil umumiy holatda taqsimlanadi: tekis, notekis va tasodifiy.
Koʻp holatlarda populyatsiyadagi individlarning qay tarzda tarqalishi ularning oʻzaro va tashqi muhit bilan munosabatlari haqida populyatsiya zichligidan koʻra koʻproq maʼlumot beradi.

Populyatsiya dinamikasi

Populyatsiyaning tarqalishi va zichligiga qoʻshimcha ravishda ekologlardan populyatsiyadagi individlar sonining (N) maʼlum vaqt davomida qanday oʻzgarishini oʻrganish ham talab etiladi. Ekologiya dinamik fan boʻlgani uchun populyatsiyadagi oʻzgarishlarning uchrashi va bu oʻzgarishlar populyatsiya hamda abiotik va biotik omillar orasidagi munosabatlarga qanday taʼsir qilishini eʼtiborga olish lozim boʻladi.
Ekologlar populyatsiya oʻlchami va tarkibining maʼlum vaqt davomida qanday oʻzgarganini (populyatsiya dinamikasi) oʻrganish uchun turli xil matematik modellardan foydalanadi. Quyida ushbu dinamik holatlar qaysilar ekani va ular oroldagi quyonlarga qanday tatbiq qilinishini koʻrib chiqamiz.

Eksponensial oʻsish

Populyatsiyadagi individlar sonining tashqi muhit cheklovlariga qaramasdan oʻsishi eksponensial oʻsish deyiladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu turdagi model populyatsiyaning resurslar cheklanmagan, ideal sharoitda oʻsishini ifodalaydi. Ushbu turdagi oʻsish modeli J shaklidagi egri chiziq bilan tasvirlanadi.
J-simon shakldagi eksponensial oʻsishni boshidan kechirayotgan oroldagi quyonlar populyatsiyasi chizmasi
Rasm olingan manba: “Environmental limits to population growth: Figure 1 (modified)” by OpenStax College, Biology, CC BY 4.0.
Masalan, oroldagi quyonlar cheklanmagan resurslarga (ovqat, suv, joy, jufti) ega boʻlsa, u holda bunday populyatsiya oʻlchami (N) eksponensial tarzda oʻsib boradi. Ushbu “mukammal” sharoitda populyatsiya sonini (N) qisqartiruvchi hech qanday cheklovlar boʻlmaydi. Buning natijasida maʼlum vaqtdan keyin orol butunlay quyonlar bilan toʻlib ketardi.

Logistik oʻsish

Tabiatda resurslar miqdori cheklangani sababli eksponensial oʻsishni doimiy taʼminlab turishning iloji yoʻq. Bu holatda shunday cheklovlardan soʻng quyonlar populyatsiyasi qay tarzda oʻsadi? Bu savolga javob tariqasida ekologlar foydalanadigan logistik oʻsish modelidan foydalanishimiz mumkin.
Logistik oʻsish modelida resurslar cheklangani sababli eksponensial oʻsishni toʻxtatadi. Oʻz navbatida J shaklidagi egri chiziq S shaklidagi egri chiziq bilan almashinadi.
S-simon shakldagi logistik oʻsishni boshidan kechirayotgan oroldagi quyonlar populyatsiyasi
Rasm quyidagi manzildan olingan: “Environmental limits to population growth: Figure 1 (modified)” by OpenStax College, Biology, CC BY 4.0.
Populyatsiyaning oʻsishiga aslida nima “xalal beradi”? Populyatsiya ekologiyasida maʼlum bir sharoitdagi mavjud resurslar hisobiga taʼminlanuvchi populyatsiya individlarining maksimal soni populyatsiyaning sigʻimi deyiladi va K harfi bilan belgilanadi. Ushbu populyatsiya sigʻimiga (K) yetgandan soʻng populyatsiya soni shu koʻrsatkich (K)dan biroz chetlashib turishi mumkin va bu hududdagi mavjud resurslarga bogʻliq.

Populyatsiya oʻsishini tartibga solish

Logistik oʻsish modelida koʻrganimizdek, quyonlar populyatsiyasi boshqa populyatsiyalarning oʻsishi singari populyatsiya sigʻimi darajasi (K)ga yetgandan soʻng ushbu koʻrsatkichdan oshirishga nisbatan qarshilikka uchraydi. Bu holatda populyatsiya ekologi sifatida qanday omillar quyonlar populyatsiyasiga taʼsir etishi yoki uni tartibga solib turishi mumkinligini aniqlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Quyonlar populyatsiyasiga zichlikka bogʻliq boʻlgan, yaʼni populyatsiyaning zichligi ayni bir vaqt oraligʻida oʻsish surʼatiga taʼsir qiluvchi omillar bilan bir qatorda zichlikka bogʻliq boʻlmagan, yaʼni populyatsiya zichligidan qatʼi nazar uning oʻsish surʼatiga taʼsir koʻrsatuvchi omillar ham taʼsir qiladi.
Quyidagi jadvalda zichlikka bogʻliq omillarga misollar keltirilgan. Populyatsiya zichligining ortishi bilan bu omillarning populyatsiya (N)ga taʼsiri ham kuchayib boradi.

Zichlikka bogʻliq omillar

OmilSharhOrol quyonlari
Oʻzaro raqobatZich populyatsiyalarda zichlikning yuqori koʻrsatkichi ozuqa uchun kurashning kuchayishiga sabab boʻlib, bu populyatsiyadagi individlar soni (N) kamayishiga olib keladiKoʻp quyonlar = Cheklangan resurslar uchun keskin kurash
YirtqichlikPopulyatsiyadagi individlar soni oshib borgani sari yirtqichlar uchun oʻljalar soni ham ortadiKoʻp quyonlar = Oroldagi yirtqich mushuklar uchun oson ovlanadigan koʻp oʻljalar
KasallikZich populyatsiyalarda kasallik individlar orasida tez tarqalib, populyatsiya oʻlchamining (N) pasayishiga olib keladiKoʻp quyonlar = Yuqori kasallanish holati

Zichlikka bogʻliq boʻlmagan omillar

Zichlikka bogʻliq boʻlmagan omillar biroz boshqacharoq. Koʻpchilik noqulay ob-havo, tabiiy ofatlar va ifloslanish kabi abiotik (oʻlik tabiat) omillar populyatsiya zichligiga bogʻliq boʻlmagan tarzda populyatsiyaning oʻlim koʻrsatkichiga taʼsir qiladi. Oroldagi zilzila tufayli barcha quyonlar qirilib ketishi mumkin. Bunda yashab qolish ehtimoli populyatsiya zichligining yuqori yoki pastligidan qatʼi nazar bir xil, shuning uchun u zichlikka bogʻliq boʻlmagan omilga misol boʻladi.
Koʻrib turganimizdek, populyatsiya ekologiyasi oroldagi quyonlarni sanab chiqishdan koʻra koʻproq narsani qamrab oladi. Bunga qoʻshimcha quyonlar populyatsiyasiga taʼsir qiluvchi omillarni chuqur oʻrganish natijasida ekolog populyatsiyadagi dinamik oʻzgarishlarni va hatto kelajakdagi oʻzgarishlarni ham populyatsiyaning kechagi va bugungi holatiga asoslangan holda bashorat qilishi mumkin. Keyingi orol sari olgʻa!

Koʻp uchraydigan tushunmovchiliklar

  • Talabalar baʼzida populyatsiya oʻzining sigʻimi darajasiga (K) yetgandan soʻng boshqa oʻzgarmaydi deb notoʻgʻri oʻylashadi. Bu holat populyatsiya ekologiyasi uchun mutlaqo ziddir. Populyatsiya har doim oʻz sigʻimini (K) birdek ushlab tura olmaydi. Shuni yodda tutish kerakki, ekologiya bu populyatsiyaga har doim taʼsir koʻrsatuvchi omillarni oʻrganuvchi dinamik fandir. Eng barqaror populyatsiyalarda ham individlar soni populyatsiya sigʻimi K atrofida biroz tebranib (oʻzgarib) turadi.4
  • Talabalar baʼzida populyatsiyaning oʻsish modellari faqat eksponensial yoki logistik boʻladi deb xato fikrga borishadi. Aslida bunday emas! Populyatsiya oʻsish xususiyatiga koʻra faqat eksponensial yoki logistik boʻlavermaydi. Populyatsiyaning oʻsish modellari maʼlum bir chegara oraligʻida boʻlib, u eksponensialdan logistik oʻsishgacha farqlanib turadi. Oʻsish xususiyatlari har doim toʻlqin singari tebranib, sof eksponensial hamda sof logistik holatlarining oraligʻida yotadi.
  • Talabalar koʻp hollarda populyatsiya oʻlchami muntazam ravishda oʻsadi deb xato oʻylashadi. Lekin populyatsiya oʻlchami doim ham oʻsib boravermaydi. Baʼzida populyatsiya soni (N)da jiddiy muammo boʻlib, unda pasayish kuzatilishi mumkin. Populyatsiya oʻlchamining pasayishi turli xil kasalliklar, ocharchilik yoki tabiiy ofatlar natijasida hosil boʻluvchi salbiy (manfiy) oʻsish darajasi natijasida yuzaga keladi.