If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Ekologiya darajalari: individlardan ekotizimgacha

Individlar, turlar, populyatsiyalar, jamoalar va ekotizim...qanday farqi bor?
“Dastur qoʻllanmasisiz oʻyinchilarni bilolmaysiz” degan jumlani hech eshitganmisiz? Baʼzida sportdagi voqealar, teatr tomoshalari yoki biror-bir oʻyinda nima yuz berayotganini anglash uchun qoʻshimcha maʼlumotlar, ishtirokchilar roʻyxati, ularning ismlari, vazifalari, qoidalar yoki baʼzi bir izohlarni oldindan bilish kerak boʻladi. Ekosistemani tashkil etuvchi turli xil tarkibiy qismlar oʻrtasidagi kichik, ammo muhim farqlarni tushunishda ham xuddi shunday. Individ, populyatsiya, turlar, jamoa va ekosistema kabi atamalar barchasi aniq ekologik darajalarni ifodalaydi va ularni sinonim sifatida oʻzaro yoki almashtirib qoʻllab boʻlmaydi. Quyida ekologiyaning ishtirokchilari haqida maʼlumotga ega boʻlishingiz uchun qisqacha qoʻllanma yoki dastur keltirilgan.
Siz ham bir individsiz, uy hayvoningiz boʻlgan mushuk ham, Kanadada yashaydigan shimol bugʻusi ham, Hind okeanidagi orolda oʻsuvchi kokosli palma daraxti ham, Tinch okeanidagi kulrang kit ham, sigir ichagida yashovchi tasmasimon chuvalchang ham, sigirning oʻzi ham bir individdir. Individ bu bitta organizm va organizmning bir turi (masalan, bizning misolimizdagi odam, mushuk, bugʻu, palma daraxti, kulrang kit, chuvalchang yoki sigir) hisoblanadi. Organizmning oʻziga xos koʻrinishi esa tur deyiladi. Tur tushunchasining har xil taʼriflari mavjud, ammo biz tur organizmning oʻziga xos koʻrinishi degan taʼrif bilan hozircha cheklanamiz.
Olimlar tomonidan oʻrganilgan va tavsiflangan turlarning barchasining nomi ikki qismdan iborat, bu binar yoki ilmiy nom deb yuritiladi va har bir tur uchun oʻziga xosdir (masalan, odamlar = Homo sapiens; uy mushugi = Felis catus; bugʻu = Alces alces; kokos palmasi = Cocos nucifera; kulrang kit = Eschrichtius robustus; qoramol chuvalchangi = Taenia saginata va uy sigiri = Bos primigenius). Ilmiy nomning asosiy afzalligi shundaki, qaysi tur haqida gap ketayotganini oson va tez tushunish mumkin. Butun dunyodagi turlar ichida faqat bitta turdagi organizm bunday noyob nomga ega boʻladi, bu esa umumiy nomlarni ishlatishdan koʻra aniqroq va tushunishga osonroq. Masalan, agar gap yumronqoziq haqida ketayotgan boʻlsa, xuddi shunga oʻxshash umumiy nomdan foydalangan holda gapirilgan boʻlsa, mamlakatning qaysi qismida yashashingizga qarab yer ostida yashaydigan har qanday sutemizuvchini, ilon va hatto toshbaqani tushunishingiz ham mumkin.
Agar Gopherus polyphemus haqida gap ketsa, bilingki, bu toshbaqa (yumronqoziq toshbaqasi) turidir.
Xoʻsh, populyatsiya oʻzi nima? Bu hamma bir xil turga tegishli boʻlgan individlar guruhidir. Populyatsiyalar geografik joylashuvga asoslangan; ular maʼlum bir hududda yashaydi. Ammo bu maydonning oʻlchami yoki koʻlami oʻzgarishi mumkin – shahar, shtat, mamlakat yoki yarimshar miqyosida odamlarning soni shu jumladandir. Yoki Hind okeanidagi orolda, Seyshel Respublikasiga kiruvchi barcha orollarda yoki Hind okeanining barcha orollaridagi palma daraxtlari soni ham bunga bir misol. Populyatsiya toʻgʻrisida oʻqiyotgan yoki yozayotgan kishi qaysi koʻlamdan foydalanishga qaror qilishi va bunda oʻrganishi yoki tushuntirishi kerak boʻlgan narsaga eng mosini tanlashi kerak. Fanning eng ajablanarli joyi shundaki, ishning koʻlami va oʻlchamini tavsiflashda istagancha erkinlik mavjud, lekin qaysi oʻlcham ishlatilishining tushunarli boʻlishi ham juda muhim.
Turlar populyatsiyalardan iborat. Masalan, qancha populyatsiyadan? Bu turning qanchalik keng tarqalgani va geografik hududning kichik yoki katta ekaniga bogʻliq. Baʼzi turlar juda cheklangan hududga ega yoki kam tarqalgan, masalan, biror-bir tur butun dunyoda bitta orol yoki bitta togʻda boʻlishi mumkin. Orol yoki togʻdagi bitta populyatsiya butun bir turni tashkil qiladi. Tabiatni muhofaza qilish nuqtayi nazaridan qaraganda, bunday populyatsiyalar juda zaifdir. Agar bitta populyatsiyaga biror zarar yetsa, butun tur yoʻq boʻlib ketishi mumkin. Ammo koʻplab turlar dunyoda keng tarqalgan. Masalan, Yelloustoun milliy bogʻi, Men, Minnesota, Alberta, Manitoba va boshqa AQSH shtatlari hamda Kanada provinsiyalarida bugʻularning populyatsiyalari mavjud. Agar Yer yuzida qancha bugʻu borligini bilmoqchi boʻlsak, turli hududlardagi turli populyatsiyalarning sonini bilishimiz kerak boʻladi.
Jamoalar maʼlum bir hududdagi har xil turlarning barcha populyatsiyalari yigʻindisidan iborat. Nega “maʼlum bir hududda” kabi noaniq atama ishlatilgan? Chunki koʻlam va oʻlchov oʻzgaruvchan boʻlib, uning darajasini jamoa haqida oʻrganayotgan yoki yozayotgan kishi belgilaydi. Biz tropik oʻrmondagi bitta daraxtning yoki oʻrmondagi hamma daraxtlarning tepasida yoki soyasida yashaydigan barcha organizmlar jamoasi haqida soʻz yuritayotgan boʻlishimiz mumkin. Jamoa tushunchasida eng muhim narsa shundaki, jamoa ushbu hududda joylashgan har xil turlarning koʻp sonli populyatsiyalari va bu turlarning bir-biri bilan oʻzaro munosabatini oʻz ichiga oladi. Har bir populyatsiya maʼlum bir turga mansub individlardan iborat boʻlib, individlar bir-biri bilan, yaʼni oʻz turlarining boshqa vakillari bilan (masalan, jang qilish, parvarishlash, juftlashish, bir-birini changlatish) va boshqa turlarning vakillari bilan (masalan, ularni ozuqa sifatida ovlash, uya qurish uchun joy sifatida foydalanish, ularning ustida oʻsish va yashash kabi) oʻzaro munosabatga kirishadi. Jamoani oʻrganuvchi ekologlar maʼlum bir hududda yashovchi populyatsiyalar va ularning oʻzaro munosabatlarini oʻrganadi. Ushbu boʻlimda turli xil ekologik taʼsirlar va ularning turlari haqida alohida maqola berilgan.
Bu bizni ekosistema darajasiga olib chiqadi. Jamoalar va ekosistemalar oʻrtasida qanday farq bor? Ekosistemalar haqida gap borganda, nafaqat ushbu hududda joylashgan har xil populyatsiyalar va turlar, balki atrof-muhit, jonsiz yoki abiotik sharoitlar (eslatma: “a-” prefiksi “-siz” degan maʼnoni anglatadi, “bio” soʻzi hayot degan maʼnoni beradi, shuning uchun abiotik soʻzma-soʻz “hayotsiz” yoki, boshqacha qilib aytganda, jonsiz degan maʼnoni anglatadi), shuningdek, ularning qandayligi, oʻzaro va atrof-muhit bilan taʼsirlashishi ham hisobga olinadi. Masalan, harorat va yogʻingarchlikning oʻzgarishi har xil oʻsimlik turlari va hayvonlar yashaydigan hududlarga taʼsir qiladi; baʼzilari quruq choʻl sharoitida omon qolishi mumkin, boshqalari yomgʻirli oʻrmonlarda yuqori yogʻingarchilikka ega boʻlgan sharoitga muhtoj. Ammo oʻrmonlarning oʻzi ham harorat va yogʻingarchilikka taʼsir qiladi. Yozning jazirama kunida oʻrmon soyasi ochiq joydan koʻra qanchalik salqin va nam ekanini hech kuzatganmisiz? Chuvalchanglar ham bunday sharoitda sudralib, tuproqning tuzilishi va tarkibini oʻzgartiradi.
Ekosistemaning kattaligi qancha boʻlishi kerak? Taxmin qilganingizdek, bu olim yoki muallifning sistemani qanchalik katta yoki kichik shaklda tavsiflashni xohlashiga bogʻliq. Bu sizning bogʻingizdek yoki Baykal koʻlidek va hatto butun Avstraliya qitʼasi kabi katta boʻlishi mumkin. Har xil oʻlchamlar yoki koʻlamlar turli tadqiqotlar, hisobotlar va qoidalar uchun mos keladi. Olim yoki muallif shunchaki bu oʻlcham nimaligi va nega shu vaziyatga mos ekanini izohlab oʻtishi kerak.
Yuqoridagi diagramma turli xil ekologik darajalarning bir-biri bilan qanday bogʻliq ekanini tasavvur qilishga yordam beradi. Individlar populyatsiyani tashkil qiladi; populyatsiyalar turni tashkil qiladi; bir nechta turlar va ularning oʻzaro munosabat va taʼsirlari jamoani tashkil qiladi; agar abiotik omillar ham hisobga olinsa, koʻp turlar va ularning oʻzaro taʼsiri ekosistema (ekotizim)ni tashkil qiladi. Bu ekologiyaning iyerarxiyasi hisoblanadi.