If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Ekologik aloqalar. Takrorlash.

Asosiy atamalar

AtamaTaʼrif
JamoaAniq bir hududda birgalikda yashovchi barcha turlar populyatsiyalarining yigʻindisi
Turlararo aloqaJamoadagi har xil turlar orasidagi aloqa
Populyatsiya sigʻimiMuhit taʼminlay oladigan tur polpulyatsiyasining maksimal hajmi
RaqobatIkki turga mansub organizmlarning bitta cheklangan resursdan foydalanishi va bir-biriga manfiy taʼsir koʻrsatishi
YirtqichlikBir tur vakili (yirtqich) ikkinchi tur vakili (oʻlja)ning tanasini butunligicha yoki maʼlum qismini isteʼmol qilishi
OʻtxoʻrlikYirtqichlikning alohida turi boʻlib, bunda oʻlja oʻsimlik sanaladi
SimbiozIkki tur vakillari uzoq muddat bir-biriga bogʻliq yashashi bilan xarakterlanuvchi turlararo aloqa
MutualizmIkki xil tur vakillari bir-biriga foyda keltirib yashaydigan simbioz turi
KommensalizmSimbiotik aloqaning bir turi boʻlib, bunda bir organizm foyda koʻradi, ikkinchi organizm esa foyda ham, zarar ham koʻrmaydi
ParazitizmSimbiotik aloqaning bir turi boʻlib, bunda bir organizm foyda koʻradi, ikkinchi organizm esa zarar koʻradi

Ekologik aloqalar

Maʼlum hududda birgalikda yashovchi har xil tur populyatsiyalari birgalikda ekologik jamoani hosil qiladi.
Jamoa ekologlari jamoadagi har xil turlar bir-biri bilan qanday aloqada boʻlishini oʻrganadi. Ikki yoki undan ortiq turlar orasidagi aloqa turlararo aloqa deb ataladi.
Har xil turlararo aloqalar ikki tomonga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Ushbu taʼsir musbat (+), manfiy (-) yoki neytral (0) boʻlishi mumkin.

Raqobat

Turlararo raqobatda ikki turga mansub organizmlar bir xil cheklangan resursdan foydalanadi va shuning uchun raqobatlashadi. Raqobat ikkala tur vakillariga ham manfiy taʼsir koʻrsatadi (-/- munosabat), chunki ikkala tur ham ikkinchisi boʻlmaganda koʻproq yashab qolib, koʻproq koʻpaygan boʻlar edi.
Turlar oʻzaro oʻxshash qoʻnim (yashash joyi)ga, yaʼni ular tirik qolish va koʻpayish uchun kerak boʻlgan oʻxshash talablarga ega boʻlganida oʻzaro raqobatlashadi.

Yirtqichlilik

Kiyikni boʻgʻizlayotgan qoplon
Yirtqichlikning amaldagi koʻrinishi. Manba: Wikimedia CC BY-SA 3.0
Yirtqichlikda bir tur vakili (yirtqich) ikkinchi tur vakili (oʻlja) tanasini butunligicha yoki bir qismini isteʼmol qiladi. Ushbu aloqa yirtqich uchun foydali boʻlsa-da, oʻlja uchun zararli (+/- aloqa). Yirtqichlik asosan ikki hayvon turi oʻrtasida kechadi, lekin ushbu aloqada hayvon yoki hasharot oʻsimlik qismini yeyishi ham mumkin. Yirtqichlikning ushbu alohida shakli oʻtxoʻrlik deb ataladi.

Simbioz

Simbioz ikki tur vakillari uzoq muddat bir-biriga bogʻliq yashashi bilan xarakterlanuvchi turlararo aloqani anglatuvchi umumiy tushunchadir.
Mutualizmda ikki xil tur vakillari uzoq muddat bir-biriga foyda keltirib yashaydi (+/+ aloqa).
Mutualizmga misol: maynalar bitlarni yeb foyda koʻradi, bu qoʻtos uchun ham foydali, chunki bitlar chaqishi tufayli qichishish biroz kamayadi.
Mayna va qoʻtos oʻrtasidagi mutualistik aloqa. Maynalar qoʻtos terisidagi bitlarni terib oʻzini ovqat bilan taʼminlaydi, buqa esa parazitlardan qutiladi. Manba: Wikimedia, CC BY 4.0.
Kommensalizm simbiotik aloqaning bir turi boʻlib, bunda bir organizm foyda koʻradi, ikkinchi organizm esa foyda ham, zarar ham koʻrmaydi (+/0 aloqa).
Parazitizm uzoq davom etuvchi aloqa boʻlib, bunda bir organizm – parazit foyda koʻradi, ikkinchi organizm – xoʻjayin esa zarar koʻradi (+/- aloqa).

Ekologik aloqalar. Xulosa

Turlararo aloqa1-turga taʼsiri2-turga taʼsiri
Raqobat--
Yirtqichlik/oʻtxoʻrlik+-
Mutualizm++
Kommensalizm+0
Parazitizm+-

Populyatsiyaning boshqarilishi

Muhit taʼminlay oladigan tur populyatsiyasining maksimal hajmi populyatsiya sigʻimi deb ataladi.
Umuman olganda, turning yashab qolishi uchun zarur boʻlgan har qanday resurs chegaralovchi omil boʻla oladi. Oʻsimliklar uchun suv, quyosh nuri, oʻsish uchun joy asosiy resurslardan hisoblanadi. Hayvonlar uchun esa u ozuqa, suv, yashirinish va uya qurish uchun joy hisoblanadi.
Chegaralangan resurslar raqobatga sabab boʻladi. Resurslar koʻp boʻlib, undan barcha organizmlar foydalana oladigan va populyatsiya sigʻimi darajasidan yetarlicha past boʻlgan holatlarda raqobat kuchli boʻlmasligi mumkin. Lekin populyatsiya hajmi ortgach, raqobat ham kuchayib boradi.
Dengiz mushuklarining populyatsiya sigʻimi. Manba: OpenStax, CC BY 4.0.
Yuqoridagi grafikda dengiz mushuklarining populyatsiya sigʻimi keltirilgan. Koʻpincha populyatsiya kattaligi populyatsiya sig‘imiga yetganda, shu sigʻimdan biroz kamroq yoki koʻproq boʻlishi mumkin. Haqiqiy populyatsiyalar uchun populyatsiya sigʻimi atrofida bunday tebranishlari (oldinga va orqaga sakrashlari) ularning toʻla tekis boʻlishiga qaraganda koʻproq uchraydi.

Eslab qoling

  • Odatda simbioz atamasidan ikki taraf foyda koʻradigan aloqani anglatish uchun foydalaniladi. Lekin ekologlar tilida simbioz kengroq tushuncha boʻlib, tomonlarga musbat yoki manfiy taʼsir koʻrsatuvchi, uzoq davom etuvchi yaqin aloqani anglatadi.
  • Simbiotik aloqalar doim ham bir-biridan aniq farq qilmaydi. Shuni aytish kerakki, kommensialistik aloqalarni yaqindan kuzatganimizda aslida ular biroz mutalistik yoki biroz parazitik aloqa ekani koʻrinadi.
Misol uchun, olimlar odam tanasidagi normal mikroflora vakillarining salomatligimizga naqadar muhim ekani haqida yangidan yangi maʼlumotlar topmoqda. Biz esa ular hech qanday foyda keltirmaydi deb oʻylab kelganmiz.
  • Parazitizm va yirtqichlikning ikkisi ham +/- effektga ega boʻlsa-da, ular bitta narsa emas. Yirtqichlikda (yoki oʻtxoʻrlikda) oʻlja yirtqich tomonidan isteʼmol qilinadi. Bundan farqli ravishda, parazitizmda zarar koʻrayotgan organizm bir martalik ovqatlanishdayoq nobud boʻlmaydi. Bundan tashqari, parazitlar odatda oʻz xoʻjayinlariga nisbatan ancha kichik boʻladi.
Ammo xuddi simbiotik aloqada boʻlganidek, chegaralar aniq emas. Organizmlar turli darajada ikkala guruhga ham mansub boʻlishi mumkin.