If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Ekologik munosabatlar

Ekotizimda hech bir organizm boshqalaridan alohida mavjud boʻlolmaydi. Barcha organizmlar ekotizimda birga yashaydi va bir-birlariga bogʻliq. Organizmlar bir-biri bilan turlicha munosabatda boʻladi va bu oʻzaro munosabatlarning koʻpi organizmlar hayoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Xoʻsh, bu oʻzaro munosabatlar ekotizimda qanday oʻrin tutadi? Oʻzaro munosabatlarning bir toifasi organizmlarning ozuqa va energiya olish usullarini tavsiflaydi. Baʼzi organizmlar oʻzlari uchun ozuqa hosil qilishi mumkin boʻlsa, boshqa organizmlar ozuqani boshqa organizmlarni isteʼmol qilish orqali oladi. Ozuqa moddalarni boshqa organizmlarni yeyish orqali oladigan organizmlar konsumentlar yoki geterotrof organizmlar deyiladi. Ilm-fanga aloqador juda koʻp antiqa soʻzlar mavjud, ammo shunisi yaxshiki, atamalarning aksariyati lotin yoki yunon tiliga borib taqaladi. Masalan, geterotrof yunoncha “hetero” – “boshqa” va “trophe” – ozuqa degan maʼnoni anglatishini bilib olsangiz, uni eslab qolishingiz yanada osonlashadi. Aniqroq aytsak, geterotroflar boshqa organizmlardan ozuqa sifatida foydalanadi. Keyin ular ozuqadagi moddalar va energiyadan oʻsish, koʻpayish va butun hayot faoliyati uchun foydalanadi. Barcha hayvonlar, barcha zamburugʻlar va baʼzi bakteriyalar geterotroflar va konsumentlar hisoblanadi.
Baʼzi konsumentlar yirtqich hisoblanadi; ular boshqa hayvonlarni ovlaydi, tutadi, oʻldiradi va yeydi. Oʻlja hayvonlar yashirinish, qochish yoki turli xil moslanishlar va strategiyalar yordamida oʻzini himoyalashga va nobud boʻlmaslikka harakat qiladi. Bu sakkizoyoq yoki kiyikning oʻzini himoyalovchi ranglari orqali yashira olishi, quyon yoki impala bugʻusining oʻta tezkorligi, arining nishi yoki dengiz tipratikanining ignalari koʻrinishida boʻlishi mumkin. Agar oʻljaning omadi chopmasa, u yirtqich uchun ozuqa va energiya manbai boʻladi. Aksincha, agar oʻljaning omadi kelib, yirtqichdan qocha olsa, yirtqich boshqa joylarda ovni davom ettirish uchun qimmatbaho energiyasini sarflashi kerak boʻladi. Oziq zanjiridagi oʻrniga qarab yirtqichlar ham, oʻz navbatida, oʻlja boʻlishlari mumkin. Misol uchun, gulmohi (forel) baligʻi hasharotlar uchun yirtqich boʻlsa, ayiq uchun oʻlja hisoblanadi. Bularning barchasi oʻzaro munosabatlarning oʻziga xos jihatlariga bogʻliq. Ekologlar konsumentlarning qaysi turdagi ozuqani isteʼmol qilishiga qarab boshqa oʻziga xos nomlardan ham foydalanadi: goʻsht isteʼmol qiluvchi hayvonlar – goʻshtxoʻrlar va oʻsimliklarni isteʼmol qiluvchi hayvonlar – oʻtxoʻrlar. Hammaxoʻr hayvonlar ham oʻsimliklar, ham hayvonlar bilan oziqlanadi. Ilmiy atama nomidan organizm nima bilan oziqlanishini taxmin qilish qiyin emas. Masalan, hasharotxoʻr – bu hasharotlarni yeydigan goʻshtxoʻr hayvon, mevaxoʻr esa mevalarni yeydigan oʻtxoʻrdir.
Hamma organizmlar ham ozuqa va energiya uchun boshqa organizmlarni yeyavermaydi. Baʼzi organizmlar oddiy kimyoviy birikmalar va quyoshdan foydalangan holda oʻzlariga energiyaga boy ozuqa hosil qiladigan ajabtovur qobiliyatga ega. Oddiy anorganik molekulalarni glyukoza kabi murakkab, energiyaga boy organik molekulalarga aylantirish uchun quyosh nuri yoki kimyoviy energiyadan foydalanib, oʻzlarining ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqaradigan organizmlar produtsentlar yoki avtotroflar deyiladi. Shu yerda yunon tiliga oid qisqacha maʼlumotni keltirsak: “auto” — “oʻzim” degani va “troph” — “ozuqa” degan maʼnoni anglatadi. Shunday qilib, avtotroflar oʻzlari ozuqa hosil qilib, oʻzlarini oziqlantiradi. Oʻsimliklar, suvoʻtlar va fitoplankton kabi mikroskopik organizmlar hamda baʼzi bakteriyalar quyosh nuridan, suvdan va karbonat angidriddan energiyaga boy molekulalarni (boshqacha aytganda, oʻzlarining ozuqalarini) hosil qilish uchun fotosintez jarayonidan foydalanadi (“photos” – “yorugʻlik” hamda “synthesis” – “hosil qilish” degan maʼnoni anglatadi – fotosintezatorlar ozuqa hosil qilish uchun quyosh nuridan foydalanadi). Baʼzi produtsent hosil qiluvchilar fotosintezatorlarga emas, balki xemosintezatorlarga (oziq-ovqat tayyorlash uchun kimyoviy vositalardan foydalanish) kiradi; Bu bakteriyalar va ularning turdoshlari energiyaga boy molekulalarni hosil qilish uchun quyosh nuridan foydalanish oʻrniga energiya manbai sifatida oddiy kimyoviy moddalardan foydalanadi. Xemosintezatorlar quyosh nuri tushmaydigan joylarda, masalan, okean tubining katta chuqurlikdagi tuynuklari boʻylab yashaydi.
Odamlar yoki hayvonlardan misol tariqasida jirafani olsak, quyoshda qancha turishidan qatʼi nazar, hech qachon quyosh nurini yutib oziqlana olmaydi yoki umuman fotosintez jarayonini amalga oshira olmaydi. Biz shunchaki quyosh nuri ostida isib, chanqashimiz mumkin va och qolganimizda esa boshqa organizmni yeyishimiz kerak boʻladi. Produtsentlar oʻzlari ishlab chiqaradigan ozuqa va uning tarkibidagi kimyoviy energiyani qurilish molekulalari va energiya ishlab chiqarish uchun oʻz ehtiyojlariga sarflaydi. Shunda ular oʻsish, harakatlanish va koʻpayish imkoniyatiga ega boʻladi. Konsumentlar produtsentlar bilan oziqlanganda produtsent tanasidagi qurilish molekulalari va kimyoviy energiyani oʻzlashtiradi. Hayotning boshqa barcha koʻrinishlari produtsentlar ishlab chiqargan energiyaga boy oziq-ovqat molekulalariga bogʻliq boʻlib, konsumentlar toʻgʻridan toʻgʻri produtsentlarni yoki produtsentlarni isteʼmol qilgan boshqa organizmlarni isteʼmol qilib bu ozuqani oladi. Shak-shubhasiz, ekologlar maʼlum bir konsument oziq zanjirining qaysi qismida turishini ifodalaydigan tushunchalarni qoʻllaydi. Birinchi tartib konsumentlar produtsentlarni isteʼmol qiladi (masalan, barg yeydigan kapalak qurti); ikkinchi tartib konsument birinchi tartib konsumentni isteʼmol qiladi (masalan, kapalak qurtini yeydigan chumchuq). Va bu yana davom etishi mumkin: uchinchi tartib konsument ikkinchi tartibli konsumentni isteʼmol qiladi (masalan, chumchuqni yeydigan qirgʻiy). Bir organizm nima isteʼmol qilayotganiga qarab har xil konsumentlarning turli koʻrinishlarini oʻzida namoyon qilishi mumkin. Masalan, ayiq mevalarni isteʼmol qilganda, u birinchi tartib konsument boʻladi, lekin baliq isteʼmol qilganida esa baliq nimani isteʼmol qilganiga koʻra ikkinchi tartib yoki uchinchi tartib konsument boʻlishi mumkin!
Tabiatda barcha organizmlar oʻz vazifasiga ega va har bir tirik mavjudot maʼlum bir vaqtdan soʻng nobud boʻladi. Nobud boʻlgan tana oʻlaksaxoʻrlar, yaʼni detritofaglar (detrit, yaʼni oʻlik organizmlar qoldiqlarini yeydi) va destruktorlar uchun ozuqaga aylanadi. Garchi detritofaglar va destruktorlar ham ahamiyatli vazifani bajarsalar-da, ekotizimning qanday ishlashi kuzatilganda koʻpincha eʼtiborga olinmaydi. Ular tana qismlari va chiqindi mahsulotlarini parchalab, ularda saqlanadigan ozuqa moddalari va minerallarni ekotizimga yana qaytaradi. Ushbu oʻzaro munosabatlar bizning sogʻligimiz va butun sayyoramiz ekologiyasi uchun juda katta ahamiyatga ega; ularsiz tabiat tom maʼnoda oʻlik organizmlar bilan toʻlib ketgan boʻlar edi. Qisqichbaqa, hasharotlar, zamburugʻlar va bakteriyalar tabiat tozalovchilari hisoblanadi.
Organizmlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning yana bir toifasi har xil turdagi organizmlarning yaqin, odatda uzoq muddatli oʻzaro taʼsiriga bogʻliq. Ushbu munosabatlar simbioz deyiladi. Simbiozning taʼsiri munosabatga kirishgan organizmlar uchun ijobiy, salbiy yoki neytral boʻlishi mumkin. Organizmlar koʻpincha bir-birlarini ozuqa bilan taʼminlaydi yoki bir-birlarining xizmatida boʻlishi ham mumkin va bu oʻzaro munosabatlar ularga foyda keltiradi. Ushbu “ikki tomonlama foydali” simbiotik munosabatlar mutualizm (+ +) sifatida maʼlum. Masalan, daraxtda yashovchi chumolilar daraxtni isteʼmol qilmoqchi boʻlgan organizmdan daraxtni himoyalashi mumkin, shu bilan birga, daraxt chumolilar uchun xavfsiz boshpana boʻlib xizmat qiladi. Simbiotik munosabatlar har ikkala organizm uchun har doim ham ijobiy boʻlmasligi, baʼzan ushbu munosabatlarda ikkinchi tomon jabr koʻrishi mumkin. Masalan, parazitizmda (+ -) parazit foyda koʻradi, xoʻjayin organizm esa zarar koʻradi, masalan, kana it qonini soʻrishi bunga misol boʻladi. Yirtqichlilik (+ -) esa boshqa bir gʻolib-magʻlub munosabati boʻlib, bu simbioz emas. Yirtqich hayvon foyda koʻradi, oʻlja esa oʻlim bilan yuzlashadi, ammo bu qisqa muddatli oʻzaro munosabatdir. Parazitizmda parazit odatda oʻz xoʻjayinini oʻldirmaydi, lekin hayoti davomida undagi ozuqa bilan uzoq vaqt oziqlanadi.
Yana bir simbiotik munosabat kommensalizm (+ 0) deb nomlanib, bu bitta organizm uchun foydalidir, ammo ikkinchisiga na ijobiy, na salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu munosabat organizmlarning biri uchun neytral hisoblanadi. Masalan, kitga yopishib olgan moʻylovoyoq qisqichbaqa suvda oziq-ovqat toʻplash va filtrlash uchun minglab kilometrlik yoʻlga chiqishi mumkin. Kit bu yoʻlovchilardan zarar koʻrmaydigandek. Ammo bu organizmlar kit ustida boʻlgani sababli suvdagi harakati davomida kit odatdagidan koʻproq energiya sarflashiga toʻgʻri kelar ekan. Agar shunday boʻlsa, bu kit uchun salbiy taʼsir boʻlishi mumkin. Koʻp hollarda keyingi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, bitta ishtirokchi uchun dastlab neytral deb qaralgan va shuning uchun kommensalizmning namunasi deb hisoblangan munosabatlar aslida biroz ijobiy yoki salbiy taʼsirga ega boʻlib chiqmoqda, shuning uchun tasnif endi kommensalizm emas, aksincha, mutualizm yoki parazitizmdir. Daraxtdagi qushlar uyasi kommensalizmmi yoki uyaning boʻlishini daraxtga qandaydir foydasi yoki zarari bormi? Ikkala usulda ham toʻgʻri tushuntirishlar berish mumkin; faqat batafsil tadqiqotlargina bu savolga aniq javob berish uchun zarur maʼlumotlarni taqdim qilishi mumkin.
Raqobat oʻzaro munosabatlarning qiziqarli bir namunasidir. Ikki organizm oziq-ovqat, boshpana, juft yoki quyosh nuri kabi bir xil cheklangan resurs uchun raqobatlashsa yoki kurashsa, odatda gʻolib va ​​magʻlub (+ -) boʻladi, ammo raqiblar tom maʼnoda oʻlimgacha kurashib, bir-birini oʻldirsa, bu oʻzaro munosabat ikkalasi uchun ham (- -) salbiy boʻladi. Raqobat oʻzaro, yaʼni maʼlum bir tur ichida va turlararo ikkita tur oʻrtasida boʻlishi mumkin. Oʻzaro raqobat bir xil turdagi organizmlar oʻrtasida paydo boʻladi (masalan, urgʻochi dengiz fillari toʻdasi uchun kurashadigan ikkita erkak dengiz fili yoki boʻsh joy va quyosh nurlari uchun kurashadigan ikkita bir xil oʻsimlik) va turlararo munosabat har xil turlar oʻrtasida sodir boʻladi (masalan, ikki xil korall turlari bir-biridan oʻzib ketish uchun quyosh nuri va boʻsh joy uchun raqobatlashadi). Agar raqobat uzoq muddatli boʻlsa va ikki xil tur oʻrtasida sodir boʻlsa, bu simbiozga yana bir misol boʻla oladi.
Xulosa qilib aytganda, ekotizimdagi organizmlar oʻrtasida turli xil munosabatlar mavjud va har qanday muayyan bir organizm turli vaqtlarda turli vazifalarni bajarib, ekotizimda bir nechta rol bajarishi odatiy holdir. Masalan, baliq, kiyik kabi boshqa hayvonlarni ovlaganimizda, oʻldirganimizda va tanovul qilganimizda yoki oziq-ovqat doʻkoni yoki restorandan sotib olingan tovuqni isteʼmol qilganimizda biz insonlar konsument va yirtqichlar hisoblanamiz. Shuningdek, bizning uy hayvonlari bilan oʻzaro mutualistik munosabatlarimiz ham mavjud. Resurs uchun odamlar oʻrtasida hatto er-xotinlarda ham raqobat roʻy beradi! Organizmlar, shu jumladan, odamlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar hayotning bir shakli boʻlib, ekotizimlarning ishlashi va holatiga katta taʼsir koʻrsatadi.