If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Koʻplab allellar, chala dominantlik va kodominantlik

Hayotda genlar (allellar) turli koʻrinishda namoyon boʻladi. Allellar har doim ham bir-biriga nisbatan toʻliq dominant yoki retsessiv boʻlmaydi, balki kodominantlik yoki chala dominantlikni namoyon qilishi mumkin.

Kirish

Gregor Mendel har qanday narsani osonlik bilan tushuntira olishni bilardi. Mendel noʻxat oʻsimligida olib borgan tajribalarida har bir gen ikkita variantda yoki allelda boʻlib, bu allellar oʻzaro aniq dominant-retsessiv bogʻlanishga ega edi (yaʼni dominant gen retsessiv gen ustidan toʻliq ustunlik qilib, buni fenotipda namoyon etishi).
Endi esa bilamizki, hamma allellar ham Mendel tajribalarida boʻlgandek xususiyatlarni namoyon etavermaydi. Masalan, quyidagicha:
  • Juft allellar biroz boshqacharoq dominant-retsessiv aloqalarga ega boʻlishi mumkin (bunda dominant gen retsessiv gen ustidan toʻliq “ustunlik” qila olmaydi).
  • Populyatsiyada genning ikkitadan ortiq alleli boʻlishi mumkin.
Yuqoridagi holatlarda ham organizmdagi barcha allellar yigʻindisi boʻlmish genotip tashqi koʻrinishlar yigʻindisi – fenotipni belgilab beradi. Biroq fenotipni namoyon qilishda allellar bir-biriga turli yoʻllar bilan taʼsir etishi mumkin.
Bu holatda shunisi qiziqki, Mendel oʻrgangan noʻxatdagi genlarda bunday kompleks jihatlar kuzatilmadi. Agar bu roʻy berganda, Mendel oʻz tajribalari natijasini tushunmagan va bizga hozirgi maxsus holatlarni tushunimizga yordam berayotgan irsiyatning muhim prinsiplarini aniqlay olmagan boʻlardi.

Chala dominantlik

Mendel olgan natijalar oʻsha paytda mashhur boʻlgan, ular ota-ona belgilari farzandlarda aralashgan holatda namoyon boʻlishi haqidagi fikrga mutlaqo qarshi chiqdi. Lekin baʼzi holatlarda geterozigota organizm fenotipi uning gomozigota ota-onasidagi fenotiplarning oraliq formasi boʻlishi mumkin.
Masalan, namozshomgul, Antirrhinum majus, oʻsimligida gomozigota oq gulli oʻsimlik (CWCW) bilan gomozigota qizil gulli oʻsimlik chatishtirilishi natijasida pushti gulli oʻsimliklar (CRCW) olinadi. Shu kabi ikkita gomozigota oʻrtasida oraliq geterozigota hosil boʻlishi chala dominantlik deb ataladi.
CWCW (qizil) va CRCR (oq) genotipli namozshomgul oʻsimliklarining chatishtirilishini koʻrsatuvchi diagramma. F1 oʻsimliklarining hammasi pushti boʻlib, CRCW genotipga ega.
Biz chala dominantlikni namoyon qiluvchi chatishtirishlar uchun ham Mendelning modelini qoʻllay olamiz. Masalan, olingan pushti gulli oʻsimliklarni oʻz-oʻziga chatishtirish natijasida 1 CRCR : 2 CRCW : 1 CWCW kabi genotipik nisbat hamda 1:2:1 fenotipik nisbatda qizil:pushti:oq gullar olinadi. Allellar chala dominantlikni namoyon qilsa-da, baribir Mendel qonunlariga koʻra irsiylanadi.
CRCW genotipli pushti gullarning oʻz-oʻziga chatishtirilishi natijasida 1:2:1 nisbatda qizil, pushti hamda oq gullar olinadi.

Kodominantlik

Chala dominantlik kabi kodominantlikda ham geterozigota organizmda ikkala allel bir vaqtda namoyon boʻladi.
Biz kodominantlikni odamdagi MN qon guruhlari misolida koʻrishimiz mumkin (ABO qon guruhlariga nisbatan keng tarqalmagan boʻlsa-da, lekin ahamiyat jihatidan muhim). MN qon guruhlari insondagi aniq bir genning allellari orqali ifodalanadi. LM alleli qizil qon tanachalari yuzasidagi M marker hosil boʻlishini taʼminlasa, LN allel esa biroz boshqacharoq N marker hosil boʻlishiga javobgardir.
Gomozigota (LMLM va LNLN) genotipli organizmlardagi qizil qon tanachalari yuzasida mos ravishda faqat M yoki N markerlari boʻladi. Lekin geterozigota (LMLN) genotipli organizm hujayralarida bu markerlar teng miqdorda uchraydi.
Chala dominantlikdagi kabi kodominantlik allellarining irsiylanishida ham Mendel qonunlarini qoʻllashimiz mumkin. Masalan, LMLN genotipli ota-onadan tugʻilgan farzandlar 1:2:1 nisbatda LMLM, LMLN va LNLN genotipli hamda M, MN va N fenotipli qon guruhlariga ega boʻladi (bu holat oilada yetarlicha farzand tugʻilganda aniq kuzatilishi mumkin).

Koʻp allellik

Mendel ishlariga koʻra, maʼlum bir gen har doim ikkita allelga ega boʻladi. Bugungi kunda esa bu holat har doim ham toʻgʻri chiqavermaydi. Individlarda (va barcha diploid organizmlarda) maʼlum bir gen ikki allelli boʻlsa-da, populyatsiya darajasida koʻp allellik kuzatilishi hamda ular populyatsiyadagi individlar boʻylab farq qilishi mumkin.
Misol sifatida quyonlarda jun rangini ifodalovchi C genini olaylik. Bu gen quyidagi toʻrt xil allel shaklida kelishi mumkin: C, cch, ch va c:
  • CC quyon qora yoki malla junli boʻladi
  • cchcch genotipli quyon shinshilla rangli (och kulrang) junga ega.
  • chch genotipli quyon esa Himolay nasliga oʻxshash junli boʻlib, tanasi oq, yuzi, quloqlari, oyoq va dumlari esa qora boʻladi
  • cc genotipli quyon esa albinos boʻlib, oq rangli junga ega.
Quyonlarda C genining har xil allellari
  • CC quyon qora junli boʻladi
  • cchcch genotipli quyon shinshilla rangli (och kulrang) junga ega.
  • chch genotipli quyon esa Himolay nasliga oʻxshash junli boʻlib, tanasi oq, oyoq va dumlari qora boʻladi
  • cc genotipli quyon esa albinos boʻlib, oq rangli junga ega.
Rasm manbasi: “Belgilar va xususiyatlar: 5-rasm”, OpenStax College, Biology (CC BY 3.0).
Koʻp allellik bir nechta dominantlik holatini namoyon qiladi. Bu holatda qora C alleli boshqa hamma allellar ustidan toʻliq; shinshilla cch alleli esa Himolay ch va albinos c allellari ustidan chala; Himolay ch alleli esa albinos c alleli ustidan toʻliq dominantdir.
Quyon chatishtiruvchilar yuqoridagi holatlarni har xil genotipli quyonlarni oʻzaro chatishtirish hamda tugʻilgan quyonchalar fenotipini kuzatish yordamida aniqlaganlar.