Asosiy kontent
Yuqori sinf biologiyasi
Course: Yuqori sinf biologiyasi > Unit 1
Lesson 1: Biologiya va ilmiy uslub- Biologiyani koʻrib chiqish
- Hayot nima?
- Ilmiy usul
- Ilmiy usul
- Eksperimental xulosalarni isbotlaydigan dalillarga misollar
- Ilmiy uslub va maʼlumotlarni tahlil qilish
- Tajribani tashkil qilishga (dizayn) kirish
- Nazorat qilinadigan tajribalar
- Biologiya va ilmiy uslub. Takrorlash.
- Tajribani tashkil qilish va xatolik
© 2023 Khan AcademyFoydalanish shartlariMaxfiylik siyosatiCookie Notice
Ilmiy usul
Gipotezani tekshirish uchun ilmiy usuldan qanday foydalaniladi?
Kirish
Biologik tadqiqot odatda kuzatishdan boshlanadi, yaʼni nimadir biologning diqqatini tortishi kerak! Masalan, saraton biologi maʼlum bir saraton kasalligi turini kimyoterapiya bilan davolash mumkin emasligini payqab, nega bu mumkin emas deb oʻylashi mumkin. Dengiz ekologi oʻrganib chiqqan hududlaridagi marjon riflarining oq tusga kirayotganini koʻrganda buning sababini aniqlash uchun tadqiqot olib borishi mumkin.
Biologlar ushbu kuzatuvlarni qanday olib boradi? Qanday qilib siz tabiat haqida oʻz kuzatishlaringizni amalga oshirishingiz mumkin? Ushbu maqolada biz ilmiy-tadqiqot usuli – biologlar va boshqa koʻplab olimlar tomonidan qoʻllanadigan mantiqiy yechim usulini koʻrib chiqamiz.
Ilmiy-tadqiqot usuli
Biologiya va boshqa fanlarning negizida ilmiy-tadqiqot usuli deb nomlanuvchi muammoni yechish yondashuvi yotadi. Ilmiy-tadqiqot usuli beshta asosiy bosqich, shuningdek, fikr-mulohaza bildirish bosqichidan iborat:
- Kuzatish.
- Ilmiy savolni oʻrtaga tashlash.
- Gipoteza yoki tekshirish kerak boʻlgan izohni ilgari surish.
- Gipotezaga asoslanib taxmin qilish.
- Taxminni tekshirib koʻrish.
- Takrorlash: natijalardan yangi gipoteza yoki taxmin qilish uchun foydalanish.
Ilmiy-tadqiqot usuli barcha fanlarda, jumladan, kimyo, fizika, geologiya va psixologiyada qoʻllanadi. Ushbu sohalardagi olimlar turli savollarni oʻrtaga tashlaydi va turli tekshiruvlarni oʻtkazib koʻradi. Biroq mantiqiy va dalillar bilan tasdiqlangan javoblarni topish uchun ular bitta asosiy yondashuvdan foydalanadi.
Ilmiy usulga misol: toster non tayyorlashdagi muvaffaqiyatsizlik
Keling, kundalik hayotdagi bir amaliy muammoga eʼtibor qaratib, ilmiy usul haqida tasavvurimizni biroz oshiraylik.
Kuzatamiz.
Aytaylik, siz ikki boʻlak nonni olib, ularni tosterga joyladingiz va tugmachani bosdingiz. Biroq noningiz tayyor boʻlmadi.
2. Savol beramiz.
Nima uchun non qotib chiqmadi?
3. Gipotezani ilgari suramiz.
Gipoteza bu qandaydir tarzda tekshirib koʻrsa boʻladigan, ilmiy savolga berilgan ehtimoliy javob. Masalan, bizning gipotezamiz shuki, elektr rozetkasi buzilgani sababli toster nonimizni tayyorlab bermagan boʻlishi mumkin.
Ushbu gipoteza toʻgʻri izoh boʻlishi shart emas. Aksincha, u toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini tekshirib koʻrishimiz mumkin boʻlgan taxminiy javobdir. Balki, butunlay yangi gipoteza yaratishimizga toʻgʻri kelar.
4. Taxmin qilamiz.
Taxmin bu gipotezamizning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi haqida biz kutgan natijadir. Bunday holda agar elektr rozetkasi buzilgan boʻlsa, tosterni boshqa rozetkaga ulash muammoni hal qilishi mumkin deb taxmin qila olamiz.
5. Taxminlarimizni tekshiramiz.
Gipotezani tekshirib koʻrish uchun biz taxminimiz bilan bogʻliq kuzatish yoki tajriba oʻtkazishimiz kerak. Masalan, ushbu holatda biz tosterni boshqa rozetkaga ulab, uning ishlash-ishlamasligini tekshirib koʻramiz.
- Agar toster noningizni qotira boshlasa, gipoteza dalillangan, yaʼni toʻgʻri boʻlishi mumkin deb hisoblanadi.
- Agar toster yana ishlamasa, u holda gipoteza dalillanmagan boʻladi va u, ehtimol, notoʻgʻridir.
Sinov natijalari gipotezani dalillashi yoki uning aksi boʻlishi ham mumkin. Gipotezani dalillaydigan natijalar uning mutlaq toʻgʻriligini koʻrsatmaydi, balki gipoteza toʻgʻri boʻlishi mumkinligini anglatadi. Boshqa bir tomondan, agar natijalar gipotezaga zid boʻlsa, gipoteza toʻgʻri emas. Gipotezaga teskari natija biz uni bekor qilishimiz va yana yangi gipoteza qidirishimiz mumkinligini anglatadi. Sinov jarayonida yuzaga keladigan kamchiliklar esa bundan mustasno. Shunday boʻlishi ham mumkinligini hech qachon unutmang.
6. Takrorlaymiz.
Ilmiy-tadqiqot usulining soʻnggi bosqichi – natijalar haqida fikr yuritish va ulardan keyingi jarayonlarda foydalanishdir.
- Agar gipoteza dalillansa, biz uni tasdiqlash uchun qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazishimiz yoki yanada aniqroq boʻlishi uchun takrorlab chiqishimiz mumkin. Masalan, nima uchun rozetkaning buzilganini tekshirib koʻrishimiz mumkin.
- Agar gipoteza dalillanmasa, biz yangi gipoteza oʻylab topishimiz mumkin. Masalan, keyingi gipoteza – toster ichidagi simlar uzilgan boʻlishi mumkin.
Koʻp hollarda ilmiy usul iterativ (takrorlanuvchi) jarayondek kechadi. Sodda qilib aytganda, harakatlarimiz toʻgʻri chiziq boʻylab emas, balki aylana boʻylab sodir boʻlayotganga oʻshaydi. Yaʼni birinchi aylanib chiqishning natijasidan keyingi bosqich (aylanib chiqish)da qanday yoʻl tutish haqida xulosalar chiqaramiz.