If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Biologiya va ilmiy uslub. Takrorlash.

Asosiy atamalar

AtamaTaʼrif
BiologiyaTirik organizmlarni oʻrganuvchi fan
KuzatishHodisalarga tartibli ravishda eʼtibor berish va ularni qayd qilish
GipotezaTajriba yoki kuzatuv natijasida tekshirilishi mumkin boʻlgan ilmiy taxmin
Nazoratli tajribaBitta oʻzgaruvchisi bilan farqlanuvchi tajriba
Mustaqil oʻzgaruvchiTajriba uchun atayin tanlangan oʻzgaruvchi
Bogʻliq oʻzgaruvchiMaxsus ravishda kuzatiladigan va mustaqil oʻzgaruvchiga bogʻliq boʻlgan oʻzgaruvchi
Nazorat guruhiMustaqil oʻzgaruvchisi oʻzgarmagan asosiy guruh
Ilmiy nazariyaHodisalarning yaxshi tekshirilgan va umumiy tan olingan usulda tushuntirib berilishi
Ilmiy tekshirishdagi xatolikIlmiy tekshirish paytida uning natijalariga ataylab yoki nogoh ravishda taʼsir qilish jarayoni
PlatseboTajribalarda nazorat sifatida foydalaniladigan, davolash taʼsiriga ega boʻlmagan modda
Ikki karra yashirin tadqiqotTekshiriluvchilar ham, tekshiruvchilar ham kim maʼlum turdagi davoni olayotganini bilmaydigan ilmiy tekshiruv

Biologiyaning xususiyati (tabiati)

Biologiya tirik jonzotlar yoki organizmlarni oʻrganish bilan shugʻullanuvchi fandir. Biologlar bizga maʼlum barcha organizmlarga xos xususiyatlarni aniqlashgan. Garchi ushbu belgilarning ayrimlari jonsiz narsalarda ham uchrasa-da, biror narsa tirik sanalishi uchun u keltirilgan barcha xususiyatlarga ega boʻlishi kerak.

Tirik organizmlarning asosiy xususiyatlari

  1. Organizatsiya: tirik organizmlar oliy darajada tuzilgan (yaʼni ular ixtisoslashtirilgan, muvofiqlashtirilgan qismlarga ega) va bir yoki koʻp hujayralardan tashkil topgan.
  2. Metabolizm: tirik organizmlar ularning hayot faoliyatini taʼminlab beruvchi kimyoviy reaksiyalarning kechishi uchun energiyadan foydalanishi va oziq moddalarini qabul qilishi shart. Organizmda kechuvchi biokimyoviy reaksiyalarning barcha yigʻindisi uning metabolizmi deb ataladi.
  3. Gomeostaz: tirik organizmlar hujayra faoliyati uchun zarur boʻlgan sharoitlarning nisbatan tor doirasini saqlab turish uchun ichki muhitni nazorat qiladi.
  4. Oʻsish: tirik organizmlar dasturiy ravishda oʻsadi. Individual hujayralar kattalashadi, koʻp hujayrali organizmlarda esa hujayra boʻlinishi orqali hujayralar soni ortadi.
  5. Koʻpayish: tirik organizmlar yangi organizmlarni hosil qilish uchun oʻzlaridan koʻpaya oladi.
  6. Javob: tirik organizmlar ularning muhitidagi taʼsirlar yoki oʻzgarishlarga javob qaytaradi.
  7. Evolyutsiya: tirik organizmlarning populyatsiyalarida evolyutsiya yuz berishi mumkin, yaʼni vaqt oʻtishi bilan populyatsiyaning genetik tarkibi oʻzgarishi mumkin.

Ilmiy metodologiya

Ilmiy usul kuzatuvlar oʻtkazish va savollar soʻrashni oʻz ichiga oladi.
Olimlar kuzatuvlari asosida oʻz gipotezalarini yaratadi va maʼlumotlar yigʻish hamda ularni tahlil qilish uchun nazorat tadqiqotlarini ishlab chiqadi. Ular ushbu maʼlumotlardan kelib chiqib xulosalar bera oladi va yangi ilmiy tadqiqotlar uchun savollar shakllantira oladi.

Ilmiy usulga misol: toster tayyorlay olmaslik

  1. Kuzatuv: bu toster jihozi nonni qotirmaydi.
  1. Savol: nima uchun toster jihozi nonni qotirmayapti?
  1. Gipoteza: ehtimol, rozetka buzilgandir.
  1. Taxmin: agar tosterni boshqa rozetkaga ulansa, u holda toster nonni qotirib beradi.
  1. Taxminiy fikrni tekshirish: tosterni boshqa rozetkaga ulab, yana urinib koʻramiz.
Natija quyidagicha:
Chap panel: non qizarib chiqdi! Gipoteza tasdiqlandi. Oʻng panel: Non hali ham qizarmayapti. Gipoteza tasdiqlanmadi.
  1. Takrorlash vaqti!
Chap panel (gipoteza tasdiqlangan holatda): biroq aslida rozetkada qanday muammo bor? Oʻng panel (gipoteza tasdiqlanmagan holatda): hmm...ehtimol, tosterning simi uzilgandir.
Koʻp tadqiqotlardan olingan maʼlumotlardan dunyo qanday tashkil etilganini yaxshiroq anglashda va ilmiy nazariyalarni yaratishda foydalaniladi.

Tajribani loyihalash

Tajriba ilmning yuragidir. Olimlar savollar beradi, maʼlumotlar toʻplaydi, fikrlarini boʻlishadi va maʼlumotlarni tahlil qiladi.
Eksperiment (tajriba)ni loyihalashda, avvalo, eksperiment javob berishi kerak boʻlgan maxsus savol (yoki savollar) toʻgʻri aniqlanishi kerak. Shuningdek, mustaqil va bogʻliq oʻzgaruvchini ham aniqlash kerak, chunki moʻljallangan eksperimentning maqsadi bitta oʻzgaruvchining boshqasiga qanday taʼsir qilishini tushunishdir.
Oddiy eksperiment faqat bitta mustaqil oʻzgaruvchiga ega boʻlishi kerak. Eksperimentning natijasiga taʼsir qiluvchi barcha boshqa omillar nazorat qilinishi yoki doimiy bir xilda ushlab turilishi kerak. Bundan tashqari, eksperimentda bita guruh nazorat guruhi boʻlishi kerak, ushbu shakllantirilgan guruh qiyosiy moʻljal uchun foydalaniladi. U boshqariluvchi mustaqil oʻzgaruvchiga ega boʻlmaydi.

Xatolar va kamchiliklarni kamaytirish

Mumkin boʻlgan eng aniq natijalarga olib keladigan tajribani loyihalashtirish juda muhimdir.
Umuman olganda, olimlar obyektiv boʻlishga intiladi, ammo ular nima boʻlganda ham insonlardir va oʻzlarining yoqtiradigan, yoqtirmaydigan narsalari va shaxsiy tarafkashliklariga ega. Shu sababli ilmiy maʼlumotlar turli olimlar tomonidan turli yoʻllar bilan talqin qilinishi mumkin.
Bunga yoʻl qoʻymaslikning baʼzi usullari:
  • Tajribada namunaning juda katta hajmga ega boʻlishi: bu kutilmagan natijalarga olib kelishi mumkin boʻlgan tajriba subyektlari orasidagi kichik farqlarni hisobga olishga yordam beradi.
  • Eksperimental sinovlarni bir necha bor takrorlash: xatolar tajriba subyektlaridagi kichik farqlar, metodologiyadagi yoki maʼlumotlarni yigʻishdagi kamchiliklar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Sinovlarni takrorlash bu taʼsirlarni kamaytirishga yordam beradi.
  • Barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olish: Baʼzida taklif qilingan gipotezaga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni chiqarib yuborishga toʻgʻri keladi. Biroq bu notoʻgʻri oʻrganishga olib keladi! Gipotezaga mos kelishi yoki kelmasligidan qatʼi nazar, barcha maʼlumotlar saqlanib qolishi kerak.
  • Agar lozim boʻlsa, platsebolardan foydalanish: platsebolar tekshirilayotgan subyektlar oʻzlari davo vositasini qabul qilgan yoki qilmaganliklari haqida bilmasliklarini taʼminlaydi. Bu tadqiqotchilarga moddaning haqiqiy taʼsirini aniqlashga yordam beradi.
  • Kerak boʻlganda ikki karra yashirin tadqiqotlar oʻtkazish: ikki karra yashirin tadqiqotlar tadqiqotchilarga maʼlum bir ishtirokchining holatini bilishlariga toʻsqinlik qiladi. Bu kuzatuvchilarning notoʻgʻri fikrlarini bartaraf qilishga yordam beradi.

Tadqiqot natijalarini eʼlon qilish

Tadqiqotlar qabul qilinishi uchun uni ilmiy hamjamiyatda eʼlon qilish kerak. Olimlar koʻpincha guruhlarda mehnat qiladi va boshqa guruhlar bilan tadqiqotlarini boʻlishadi. Ushbu aloqa mosligiga ishonch hosil qilish uchun aniq koʻrsatmalarga amal qilish kerak.
Tadqiqot natijalarini tahlil qilingan ilmiy jurnallarda nashr etish olimlarga fikr almashish imkonini beradi, boshqa olimlar uchun esa taqdim etilgan maʼlumotlar tahlilini baholash va sinab koʻrish imkoniyatini yaratadi.

Eslab qoling

  • Gipoteza doim ham toʻgʻri izoh boʻlavermaydi. Bu ehtimol toʻgʻriligi yoki yangi gipoteza yaratish kerakligini bilish uchun sinovdan oʻtkazilishi mumkin boʻlgan izoh hisoblanadi.
  • Barcha izohlar ham gipoteza boʻlavermaydi. Gipoteza yaroqli boʻlishi uchun tekshiriladigan va inkor qilib boʻladigan boʻlishi kerak. Masalan, “Koinot goʻzal” yaxshi gipoteza emas, chunki bu fikrni tekshirib koʻra oladigan va uning yolgʻonligini koʻrsatadigan hech qanday tajriba mavjud emas.
  • Aksariyat hollarda ilmiy usul takrorlanuvchi jarayondir. Boshqacha aytganda, bu toʻgʻri chiziq emas, balki aylanadan iborat. Bitta tajribaning natijasi koʻpincha yana bir nechta tajriba uchun savollar tugʻdiradigan fikr-mulohazaga aylanadi.
  • Olimlar “nazariya” soʻzini olim boʻlmagan insonlardan farqli ravishda qoʻllaydilar. Koʻp insonlar “menda bitta nazariya bor” deyishganda, ular aslida “mening taxminim bor” degan gapni nazarda tutadi. Oʻz navbatida, ilmiy nazariyalar juda yaxshi tekshirilgan boʻladi va tabiiy hodisalarni juda ishonchli va ilmiy tarzda izohlaydi. Ular koʻplab takroriy kuzatuvlar va koʻplab tajribalardan toʻplangan maʼlumotlarni birlashtiradi.