Agar siz ushbu xabarni oʻqiyotgan boʻlsangiz, demak, saytimizga tashqi resurslarni yuklashda muammolarga duch kelmoqdamiz.

If you're behind a web filter, please make sure that the domains *.kastatic.org and *.kasandbox.org are unblocked.

Asosiy kontent

Gastroenterit qanday kasallik?

Gastroenterit nima?

Yuqumli diareya, sayohatchilar diareyasi, oshqozon buzilishi, oshqozon grippi. Tibbiy nuqtayi nazardan, nima deb atashingizdan qatʼi nazar, bularning barchasi bir holat – gastroenteritni bildiradi va uning soʻzma-soʻz maʼnosi oshqozon (gastro) va ichaklar (entero) yalligʻlanishini (it) anglatadi. Kasallikning asosiy belgisi qusish va/yoki diareyadir. Odatda kasallik rivojlanishiga virus yoki bakteriyalarning ogʻiz orqali ichakka oʻtishi sabab boʻladi. Gastroenterit dunyo boʻylab juda keng tarqalgan kasalliklardan biri boʻlib, har qanday odam, har qanday joyda gastroenteritga chalinishi mumkin.

Sogʻlom hazm tizimi, ammo baʼzan buzilishlar boʻlib turadi

Ovqat hazm qilish tizimingiz siz isteʼmol qilgan ovqatni qon orqali soʻriladigan darajada oziq moddalarga parchalaydi hamda bu oziq moddalar butun tanangiz boʻylab hujayra va toʻqimalarga yetkazib beriladi va toʻqimalarda ular energiya, hujayralar oʻsishi va tiklanishi uchun ishlatiladi. Ushbu jarayon samarali amalga oshishi uchun oziq-ovqat isteʼmol qilishdan boshlab fizik va kimyoviy hazm qilish, ozuqa moddalar, suv va elektrolitlar soʻrilishi va axlatni shakllantirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni boshqarish va muvofiqlashtirish uchun bir nechta fizik va kimyoviy jarayonlar birgalikda ishlaydi. Hazm tizimingizni zararli mikroblar taʼsiridan asosan ichak immun tizimi himoya qiladi. Ammo baʼzida mikroblar immun tizimidan qutulib qolib, yalligʻlanishni yuzaga keltiradi, bu ovqat hazm qilish jarayonini muvozanatdan chiqaradi va gastroenteritning odatiy belgi va simptomlarini paydo qiladi. Gastroenteritga olib keladigan turli xil mikroblar mavjud:
Virusli gastroenterit: rotavirus, norovirus (ushbu guruhning yagona turi boʻlgan Norvalk virusi), adenovirus va astrovirus. Ushbu viruslar ichak devorining epitelial qatlamiga kirishi va koʻpayishi hisobiga absorbsiya jarayoni buziladi va ichaklar suvni absorbsiya qilish oʻrniga uni sekretsiya qila boshlaydi.
Bakterial gastroenterit: Kampilobakter bakteriyalar, Ichak tayoqchasi, Salmonella, Shigella, Clostridium difficile va vabo keltirib chiqaradigan Vabo vibrioni. Bakteriyalar ichak devoriga yopishadi, koʻpayadi va keyinchalik ichak shilliq qavatiga, xususan, yoʻgʻon ichakka kirib boradi. Suv va elektrolitlarning absorbsiyasini buzadigan toksinlarni ishlab chiqarishdan tashqari bunday bakterial infeksiyalar koʻpincha ichakda yara hosil boʻlishi va qon ketishiga olib keladi.
Parazitar gastroenterit: protozoylar deb ataladigan turli xil bir hujayrali mikroorganizmlar, jumladan, Lyambliya, Ichak amyobasi va Cryptosporidium turlari. Ushbu mikroblar ichak devorlariga yopishib, mikroabsesslar, yaralar, qon ketishi va yalligʻlanishni keltirib chiqaradi.
Oshqozon-ichak trakti buzilishini faqat infeksiyalar emas, balki baʼzi noinfeksion holatlar ham keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, artrit kabi yalligʻlanish kasalliklaridagi ogʻriqlarni davolashda ishlatiladigan nosteroid yalligʻlanishga qarshi dori vositalari, shuningdek, baʼzi oziq-ovqatlar; masalan, glyuten. Nosteroid yalligʻlanishga qarshi vositalarni uzoq muddat yoki meʼyordan ortiq isteʼmol qilish shilliq sekretsiyasiga taʼsir koʻrsatib, yara va qon ketishini keltirib chiqarishi mumkin. Bundan farqli oʻlaroq, baʼzi odamlar uchun glyuten moddasi ichak shilliq qavatidagi absorbsiyaga javob beradigan hujayralarni, yaʼni enterotsitlarni yoʻq qiladigan autoimmun jarayonni qoʻzgʻatadi, ichak devorining tuzilishini buzadi va ichaklarni yalligʻlantiradi. Taʼsirlovchi uzoq vaqt taʼsir etganda diareya va kasallikning boshqa simptomlari toʻrt haftadan koʻproq davom etib, surunkali gastroenteritga sabab boʻladi.

Simptomlar

Gastroenterit koʻpincha viruslar, baʼzan bakteriyalar va kamroq hollarda parazitlar tufayli yuzaga keladi. Belgilar va simptomlar infeksiyani keltirib chiqaradigan mikrobdan qatʼi nazar, bir-biriga oʻxshashdir va odatda yuqtirganingizdan bir-uch kun oʻtgach boshlanadi. Eng keng tarqalgan simptom diareya boʻlib, bu axlat suyulib, hojatxonaga tez-tez va shoshilinch ravishda borishdir. Diareya turli ogʻirliklarda boʻlishi mumkin. Qorin sanchigʻi, qusish, koʻngil aynishi, isitma, titroq yoki bosh ogʻrigʻi kabi boshqa simptomlar boʻlishi ham odatiy hol. Virusli infeksiyalar odatda bir hafta, oʻn kun ichida tuzaladi, ammo baʼzi bakterial infeksiyalar bir necha hafta davom etadigan kuchli qorin ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkin.
Gastroenterit koʻpincha diareyaning vaqtinchalik xuruji bilan kechsa-da, uzoq davom etganida shoshilinch tibbiy yordamga sabab boʻluvchi ogʻir suvsizlanishga olib kelishi mumkin. Suvsizlanish belgilariga kun davomida kuchli chanqash, kam siydik ajralishi yoki umuman ajralmasligi, lablar va ogʻizning quruqlashishi, yonoqlarning ichkariga kirishi, bosh aylanishi, holsizlik va teri turgorligining (terining elastiklik darajasi) pasayishi yoki yoʻqolishi kiradi.

Gastroenterit sabablari va xavf omillari

Gastroenteritga chalinish ehtimolingizni oshiradigan koʻplab xavf omillari fekal axlat-oral yoʻl orqali tarqaladigan mikroblarni yuqtirishingiz bilan bogʻliq. Bunda mikrob axlat bilan ifloslangan suv yoki oziq-ovqat, bemor odam bilan yoki axlat bilan bevosita kontaktda yuqishi mumkin. Bolalarda immunitet sustligi uchun gastroenteritga chalinish ehtimoli koʻproq. Rivojlanayotgan mamlakatlarda gigiyenaga eʼtibor kamligi, bir joyda koʻp odam yashashi va sifatsiz ovqatlanish yuqtirish xavfini kuchaytiradi. Oʻrta yoshdagilarda immunitet kuchaygani uchun kasallikka chalinish kamayadi, ammo inson keksaygani sari immuniteti susayadi va gastroenteritga chalinish xavfi yana oshadi. Bu shuni anglatadiki, qariyalar uyida birga yashaydigan keksalarda kasallikka moyillik ortadi va kasallik tarqalishi oson boʻladi.
Quyidagi holatlar gastroenterit yuzaga kelishi xavfini ham oshiradi: ona suti bilan boqmaslik (12 oylikkacha eng yaxshi himoya), chaqalogʻingizni boqish uchun chaqaloq shishasidan foydalanish (bular oson zararlanishi mumkin, chunki ularni tozalash qiyin), ovqatni isteʼmol qilishdan oldin uni xona haroratida bir necha soat davomida saqlash (bu bakteriyalar koʻpayishiga imkon beradi), ifloslanishi mumkin boʻlgan suvni saqlash yoki ifloslangan manbadagi suvdan ichish, hojatxonadan foydalangandan soʻng ovqatni tayyorlash yoki isteʼmol qilishdan oldin qoʻlni yaxshi yuvmaslik, ishlatilgan bolalar tagliklari kabi chiqindilarni toʻgʻri zararsizlantirmaslik. Bundan tashqari, xom yoki yaxshi pishirilmagan hayvon va parranda goʻshti, pasterizatsiya qilinmagan sut, pishloq, tuxum, meva va sabzavot sharbatlari kabi xavfli maxsulotlar isteʼmoli, “ovqatdan zaharlanish” deb nom olgan gastroenterit xavfini oshiradi.
Gripp virusi singari gastroenterit ham mavsumiydir, yaʼni siz yilning baʼzi vaqtlarida boshqalariga qaraganda koʻproq kasallikka uchraysiz. Nam va quruq fasllari boʻlgan joylarda nam mavsumda kasallik avj olishi mumkin, toʻrt faslli mintaqalarda esa qishda avj olish ehtimoli koʻproq.

Sizda gastroenterit boʻlish ehtimoli bormi?

Gastroenterit butun dunyoda har qanday yosh va har qanday irqda uchrashi mumkin. Dunyo boʻyicha har yili taxminan uch-besh milliard besh yoshdan kichik boʻlgan bolalarda oʻtkir virusli gastroenterit uchraydi1 va har yili taxminan 1,5 million kishi (bolalar va kattalar) ushbu kasallikdan vafot etadi.2
Rotavirus bolalardagi gastroenteritning eng koʻp uchraydigan sababidir, norovirus esa kattalardagi gastroenteritga koʻproq sabab boʻladi va rivojlangan mamlakatlarda bu kasallikning aksariyat qismi ushbu virus hisobiga kelib chiqadi. Kasalxonalar va qariyalar uylari kabi insonlar yaqin yashaydigan joylar norovirus kabi baʼzi mikroblarning odamdan odamga yuqish ehtimolligini oshiradi va bu kichik mahalliy epidemiyalarni yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, bunday epidemiyalar diareya toʻxtagandan keyin ham bemor atrofdagilar uchun yuqumli boʻlishi mumkinligi sabab roʻy beradi. Parazitar gastroenterit rivojlanayotgan mamlakatlarda koʻproq uchraydi va agar siz shunday mintaqalarga borsangiz, uni yuqtirish ehtimolingiz koʻproqdir. Parazitlar koʻp uchraydigan boshqa joylarga bolalar bogʻchasi va tabiiy ofatlar yuz bergan hududlar kiradi.

Gastroenteritning oldini olsa boʻladimi?

Oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishning eng yaxshi usuli bu kasallik qoʻzgʻatadigan mikroblarning ogʻizga tushish ehtimolini kamaytiradigan oddiy choralarni koʻrishdir. Bularga hojatxonadan keyin qoʻlingizni yaxshilab yuvish, bolalaringizga ham buni oʻrgatish, ovqatlanish jihozlarini boshqalarga bermaslik, tish choʻtkasi va sochiq kabi buyumlardan individual holda foydalanish kabi tadbirlar kiradi. Bundan tashqari, uyingizdagi qattiq sirtlarni dezinfeksiyalash va agar oʻzingiz yoki oila aʼzolaringiz kasallangan boʻlsa, yuqmaslik uchun ehtiyot choralarini koʻrish zarur. Shuningdek, har qanday zararli bakteriyalarni yoʻq qilish uchun barcha meva va sabzavotlarni yuvish, hayvon va parranda goʻshtini yaxshilab pishirish kerak.
Hozirgi kunda butun dunyo sogʻliqni saqlash agentliklari tomonidan tasdiqlangan ikki xil rotavirus vaksinasi mavjud. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti chaqaloqlar va yosh bolalarda kasallikning oldini olish uchun rotavirus vaksinasini tavsiya qilgan. Hozirgi kunda koʻplab rivojlangan davlatlar ushbu vaksinani ishlatmoqda, afsuski, rivojlanayotgan mamlakatlar uning keng tatbiq qilinishi uchun zarur boʻlgan infratuzilma va resurslarning yetishmasligi kabi qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Gastroenteritni tashxislash va davolash

Gastroenterit tashxisi asosan sizning simptomlaringizga, obyektiv tekshiruvga va yurtingizdagi yuqumli kasalliklar tarqalish holatiga asoslangan. Ammo sizdagi simptomlar juda ogʻir boʻlsa yoki sizda suvsizlanish belgilari boʻlsa, kasallikning boshqa sabablarini aniqlash va davolash uchun axlat tahlilini topshirishingiz zarur boʻlishi mumkin.
Gastroenteritning aksariyat holatlari bir hafta atrofida oʻz-oʻzidan tuzalib ketadi. Dastlabki davolanish achchiq ovqat yoki alkogol kabi oshqozon-ichak tizimini taʼsirlaydigan narsalarni isteʼmol qilishdan saqlanish va suyuqlikni meʼyorida ichish kabi choralarni oʻz ichiga oladi. Agar simptomlaringiz juda ogʻir boʻlsa, diareya va qusishni kamaytirish uchun diareya yoki qusishga qarshi dorilarni qabul qilishingiz mumkin. Virusli gastroenteritni davolash uchun maxsus dorilar yoʻq; lekin maʼlum bir mikrob aniqlangan boʻlsa, sizga antibiotiklar buyurilishi mumkin. Antibiotiklar faqat bakteriyalarga qarshi taʼsir qiladi va bakteriyalarning antibiotiklarga rezistent shtammlari rivojlanmasligi uchun ular iloji boricha kamroq ishlatiladi. Juda ogʻir holatlarda asoratlarning oldini olish uchun kasalxonaga yotib davolanishingiz talab etiladi.

Quyidagilarni eʼtiborga oling:

  • Dunyo miqyosida gastroenterit bilan kasallanish koʻrsatkichi yuqoridir. AQSHdagi kasalliklarni nazorat qilish markazlari (CDC) 1999-yildan 2007-yilgacha gastroenterit tufayli oʻlganlarning yillik soni 7000 dan 17000 gacha koʻpayganini va asosan 65 yoshdan oshganlar ekanini aniqlagan.4 Oʻlimning aksariyat qismiga Clostridium difficile yoki C. diff bakteriyasi sabab boʻlgan va bu antibiotiklarga rezistent Clostridium difficile shtammining paydo boʻlishi bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Aksariyat antibiotiklarga rezistentlik ulardan notoʻgʻri foydalanish tufayli rivojlanadi, bu esa faqat shifokorlar buyurgan antibiotiklarni qabul qilish va har doim belgilangan davolash kursini yakunlash muhimligini koʻrsatadi.
  • Rotavirus vaksinasi birinchi marta 2006-yilda AQSHda sotuvga chiqarildi. 2012-yilga kelib AQSHda besh yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻtkir gastroenterit bilan gospitalizatsiya miqdori 55% ga pasaydi, ayniqsa, rotavirusli gastroenterit bilan gospitalizatsiya miqdori keskin kamaydi.5 AQSHda hisobga olingan bolalarning 75% i rotavirus vaksinasi bilan emlangan va emlash qamrovini kengaytirish boʻyicha ishlar davom etmoqda.