If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Qandli diabet qanday kasallik?

Qandli diabet nima?

Qandli diabet keng tarqalgan kasallik boʻlib, bunda qondagi shakar (glyukoza) miqdori meʼyoridan ortiq boʻladi. Buning sababi shuki, oshqozon osti bezi yetarli miqdorda insulin ishlab chiqara olmaydi yoki tanadagi hujayralar insulinga rezistent boʻlib qoladi.

Organizm glyukoza miqdorini qanday boshqaradi?

Ovqat isteʼmol qilinganda qondagi glyukoza miqdori keskin oshib ketadi. Chunki isteʼmol qilingan ovqat glyukozaga (hujayralar uchun ishlatiladigan energiya) aylanadi va tanadagi hujayralarga yetkazilishi uchun qonga oʻtadi. Oshqozon osti bezidagi maxsus hujayralar glyukoza miqdorining ortganini sezadi va qonga insulin chiqaradi. Insulinning juda koʻplab vazifalari bor, ammo ular ichida asosiylardan biri qonda glyukoza darajasini meʼyorlashtirishdir. Buning uchun insulin qondan glyukozani hujayralarga oʻtkazadigan tizimni faollashtiradi. Shuningdek, jigarda glikogen sintetaza deb nomlangan fermentni faollashtirib, qondagi shakarni kamaytiradi. Ushbu ferment uzun glyukozalar zanjiridan iborat boʻlgan glikogenni hosil qiladi va u jigarda saqlanadi, keyinchalik qonda glyukoza kamayganda ishlatiladi. Insulin tanada ishlayotganda qondagi glyukoza miqdori asta-sekin ovqatlanishdan oldingi darajaga qaytadi. Yaqinda ovqat isteʼmol qilmagan holatdagi glyukoza darajasi (och holatdagi glyukoza deyiladi) 3,5-6 mmol/l (70-110 mg/dL) atrofida boʻladi. Ovqatdan soʻng qondagi glyukoza miqdori qancha va qanday ovqat isteʼmol qilinganiga qarab 7,8 mmol/L (140 mg/dL) gacha koʻtarilishi mumkin.
Meʼyorda insulin boshqarilishining sxemasi

Qandli diabetda nima sodir boʻladi?

Qandli diabetning ikki turi, 1- va 2-turlari mavjud. Ikkala turda ham qondagi shakarning hujayralarga oʻtishida muammo boʻladi. Bu esa qondagi glyukoza miqdori oshishi va hujayralarda glyukoza yetishmasligiga olib keladi. 1-tur va 2-tur qandli diabet oʻrtasidagi asosiy farq bu qondagi shakarning meʼyoriy darajasidan yuqori boʻlishiga olib keladigan mexanizmlardir.
1-tur qandli diabet:
1-tur diabetga chalinganlar insulinning absolyut yetishmasligidan aziyat chekishadi. Garchi aniq sabab topilmagan boʻlsa-da, 1-tur qandli diabetda insulin hosil qiladigan hujayralar tananing oʻz immun tizimi tomonidan yoʻq qilinishi maʼlum. Bunday holat autoimmun jarayon tufayli immun tizimi tananing baʼzi hujayralarini begona deb hisoblab, ularni yoʻq qilishga harakat qilganda kuzatiladi. Natijada tana ushbu hujayralarning barchasini yoʻq qiladi va diabet simptomlari yuzaga chiqadi.
1-tur diabetda insulinni tartibga solish sxemasi
2-tur qandli diabet
2-tur diabetga chalingan odamlarda insulin ishlab chiqariladi, ammo ularning hujayralarida maʼlum darajada insulinga rezistentlik mavjud. 2-tur diabet insulinga rezistentlik bilan boshlanib, insulin ishlab chiqarilishining butunlay yoʻqolishi bilan yakunlanadigan uzluksiz jarayondir. Dastlab hujayralarning insulinga rezistentligi oshganda, organizm bu holatni kompensatsiyalash va glyukoza miqdorini meʼyoriy darajada ushlab turish uchun insulin miqdorini koʻpaytiradi. 2-tur diabetga chalinganlar kasallikning dastlabki davrida sogʻlom odamlarga nisbatan koʻproq miqdorda insulinga ega boʻladi. Oxir-oqibat tana yetarlicha insulin ishlab chiqara olmaydi va qonda glyukoza darajasi koʻtarila boshlaydi. Oshqozon osti bezi hujayralari koʻproq va koʻproq insulin ishlab chiqaradi va natijada ishdan chiqadi. 2-tur diabet rivojlanib borar ekan, bemorlar oʻz tanalarida yetarli miqdordagi molekula boʻlishini taʼminlash uchun insulin olishni boshlashlari kerak.
2-tur diabetda insulinni tartibga solish sxemasi

Qandli diabetning simptomlari qanday?

Boshlangʻich simptomlar:
1-tur: 1-tur diabetning klassik boshlangʻich simptomlari – chanqash, siyishning koʻpayishi, vazn yoʻqotish, hujayralar ochligi tufayli ochlik hissi va charchoq. Qonda glyukoza miqdori oshgan sari organizm ortiqcha glyukozani siydik bilan chiqarishga harakat qiladi va suv ichishni koʻpaytirish orqali qonni suyultiradi. Ammo koʻp bemorlar diabetik ketoatsidoz deb nomlangan ogʻir holatda kasalxonaga kelganlaridagina dastlabki tashxis qoʻyiladi. Bu holat hujayralar muqobil energiya ishlab chiqaradigan mexanizmlardan foydalanganda yuzaga keladi va uni keton tanachalari deb ataladigan oraliq mahsulotlarning yuqori miqdori keltirib chiqaradi. Keton tanachalari qon pH muhitini kislotaliga oʻzgartiradi, bu esa xavfli kislota-asos buzilishlariga olib keladi. Diabetik ketoatsidoz qorin ogʻrigʻiga, koʻngil aynishi/qusish va uyquchanlikka olib keladi va u hayot uchun xavfli hisoblanadi.
2-tur: 2-turdagi QD simptomlari 1-turga oʻxshaydi, ammo odatda kattaroq yoshda boshlanadi va asta-sekin rivojlanadi. 40% bemorlarda kasallik simptomlari boʻlmaydi. Qolgan 60% bemorlarda kasallik tashnalik va koʻp siyish, diabetik ketoatsidoz yoki kasalxonaga yotqizishni talab qiladigan ogʻir suvsizlanish bilan bogʻliq, giperosmolyar giperglikemiya deb ataladigan holat bilan kelishi mumkin.
Qandli diabet simptomlarining diagrammasi

Qandli diabetning kechki asoratlari:

Qandli diabetning asosiy asoratlari tanadagi katta tomirlarning shikastlanishidan kelib chiqadigan yurak ishemik kasalligi, kardiovaskulyar kasalliklar, periferik angiopatiyalar va serebrovaskulyar kasalliklarni oʻz ichiga oladi. Glyukozaning qondagi yuqori darajasi organizmdagi surunkali yalligʻlanishga, shu jumladan, arteriya devorlarining yalligʻlanishiga ham olib keladi. Bu surunkali yalligʻlanish aterosklerozga, arteriya devorlarida fibroz tolali pilakcha shakllanishiga olib keladi. Bu arteriyalarni toraytirib, ularda qon oqimining pasayishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari, pilakchalar uzilib ketishi va tomirlarni toʻsib qoʻyadigan tromblarni hosil qilishi mumkin. Agar bu miyada yoki yurakda boʻlsa, u insult yoki infarktga olib keladi.
Qonda glyukoza miqdorining yuqoriligi tanadagi kichik tomirlarga ham zarar yetkazishi mumkin, bu esa mikrovaskulyar asoratlarga olib keladi. Bu holat qontomirlardagi hujayralarning shikastlanishiga va qon oqimining pasayishiga olib keladi, natijada toʻqimalar oʻlishni boshlaydi. Yaxshi nazorat qilinmagan qandli diabet retinopatiya (koʻrlikka olib boruvchi koʻzning toʻr pardasi shikastlanishi), nefropatiya (buyrak yetishmovchiligiga olib boruvchi buyraklarning zararlanishi), neyropatiya (sezgining pasayishi yoki sanchiq hislariga sabab boʻluvchi nerv tolalarining zararlanishi) va gastroparezga (surunkali qusish va qorin ogʻrigʻiga sabab boʻluvchi hazm qilish tizimining disfunksiyasi) olib kelishi mumkin. Ushbu simptomlarning barchasi glyukozaning tomirlarga taʼsiri natijasida yuzaga keladi.
Qandli diabet tananing immun tizimiga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatadi. Glyukoza darajasi immun hujayralarning faolligini oshiradi. Ushbu hujayralar oxir-oqibat holdan toyadi, sezgirligi pasayadi va patogen agentlarga qarshi taʼsiri susayadi. Yaxshi nazorat qilinmagan bemorlar ogʻir teri infeksiyalariga koʻproq moyil boʻladi va pnevmoniya yoki siydik yoʻllari infeksiyalari kabi kasalliklarning davolanish muddati uzoq davom etadi.

Sizda diabet boʻlish ehtimoli qancha?

1-tur diabet kimlarda paydo boʻlishi yoki qanday qilib uning oldini olish mumkinligi nomaʼlum. 1-tur diabetning asosiy sababi autoimmun jarayon boʻlib, atrof-muhit zararli omillari esa eng katta xavf omilidir. Aksincha, diabetning 2-turi semirish va parhezga bevosita bogʻliqdir. Ortiqcha vaznli odamlarda insulinga rezistentlik doimiy oshadi va diabetga chalinish ehtimoli yuqoridir. Jismoniy mashqlar va sogʻlom ovqatlanish 2-tur diabet profilaktikasining muhim jihatidir. Ikkala turdagi diabetda ham genetik omilning ahamiyati bor, 2-tur diabet uchun esa bu omil ahamiyati koʻproqdir.

Uni qanday davolaysiz?

1-tur diabet kasalligidagi yagona samarali davolash insulin qabulidir, chunki bu bemorlarda insulin ishlab chiqarilmaydi. Turli xil insulin turlari va turli xil berish tartiblari bor, lekin koʻp bemorlar ovqatdan oldin qisqa taʼsir etuvchi insulinni, tunda esa uzoq taʼsir qiluvchi insulinni qabul qiladilar. Davolashning yangi usullari insulin nasosidan foydalanishni oʻz ichiga olib, bunda qondagi glyukoza darajasi mashinaga kiritiladi va u glyukoza darajasiga qarab maxsus algoritm asosida organizmga insulin yuboradi.
2-tur diabetni davolashda tanlov kengroqdir. 2-tur diabetning yengil shakliga chalinganlar uchun boshlangʻich terapiya bu turmush tarzini oʻzgartirish, yaʼni sogʻlom ovqatlanish va mashqlar bilan tana vaznini kamaytirishdir. Agar bu foyda bermasa, birinchi ishlatiladigan dori odatda Metformin boʻlib, u jigardagi glyukoneogenez deb ataladigan jarayonda glyukoza hosil boʻlishini toʻxtatadi. Shuningdek, u hujayralardagi insulin retseptorlar sonini koʻpaytirib, ularning insulinga sezgirligini oshiradi. Metformin va insulindan tashqari oshqozon osti bezidan insulin chiqarilishini koʻpaytiradigan bir qator dorilar mavjud. Bularga sulfonilmochevina, alfa-glyukozidaza ingibitorlari va glinidlar kiradi.

Quyidagilarni eʼtiborga oling:

  • Baʼzida ayollar homiladorlik paytida diabet kasalligiga chalinishi mumkin, bu jarayon gestatsion diabet deb ataladi. Odatda kasallik bola tugʻilgandan keyin yoʻqoladi, baʼzan homiladorlikdan keyin ham davom etishi mumkin. Gestatsion diabet 2-tur diabetga oʻxshaydi: ushbu kasallikning asosida ham insulin rezistentligi yotadi. Ikkinchi trimestrda homilador ayollarda insulinga rezistentlik oshadi va qondagi qand miqdori ortib, bu homila uchun glyukoza yetkazib berishni koʻpaytiradi. Aksariyat ayollarda oshqozon osti bezi ishlab chiqaradigan insulin miqdori koʻpayadi, ammo gestatsion diabet kasalligi bilan ogʻrigan ayollarda u yetarlicha ishlab chiqarilmaydi va bu holat funksional jihatdan 2-tur diabetga aylanadi.
  • Qandli diabet tanangizning maʼlum kasalliklarga javobini oʻzgartirishi mumkin. Masalan, diabetga chalinganlarda yurak xuruji atipik simptomlar bilan kechadi (va koʻpincha ogʻriqsiz boʻladi). Ehtimol, bu nerv shikastlanishi bilan qisman bogʻliqdir. Diabetga chalingan koʻp bemorlarda periferik neyropatiya, yaʼni oyoq-qoʻllarda sezgi pasayishi, sanchiqlar his qilish kuzatiladi va ularda ogʻriq sezish kamayadi. Bunday bemorlar tanasining boshqa qismlari, shu jumladan, yuraklarida ham nerv tolalari zararlangan boʻlishi mumkin. Atipik simptomlar yurak xuruji tashxisining kechikishiga olib keladi.