Asosiy kontent
Biologiya
Course: Biologiya > Unit 3
Lesson 2: Kogeziya va adgeziyaSuvning kogeziya va adgeziyasi
Suvning kogezion, adgezion va sirt tarangligi kuchlari hamda vodorod bogʻlanishi bilan bogʻliqligi.
Suv kogeziyasi
Biror marta shishaning eng tepasigacha suv toʻldirib, asta-sekin bir necha tomchi qoʻshib koʻrganmisiz? Suv toshib ketishidan oldin, shisha ustida gumbaz kabi shaklni hosil qiladi. Ushbu gumbazga oʻxshash shakl suv molekulalarining kogezion xossasi yoki birining boshqasiga yopishib olishga moyilligi sababli hosil boʻladi. Kogeziya molekulalarning bir turdagi boshqa molekulalarni oʻziga tortishi boʻlib, suv molekulalarida bir-biri bilan vodorod bogʻlarini hosil qilish xususiyati tufayli kuchli kogezion kuchlar mavjud.
Sirt tarangligi — suyuqlikka biror kuch yoki bosim berilganda, suyuqlik oʻz yuzasini saqlashga urinishidir. Sirt tarangligini saqlash uchun uchun kogezion kuchlar javobgardir. Suv yuzasidagi (suv va havo oraligʻidagi) molekulalar suyuqlik ichidagi suv molekulalari singari qoʻshni molekulalar bilan vodorod bogʻlarini hosil qiladi. Biroq ular bir tomondan havo bilan taʼsirlashganligi tufayli bogʻlanish hosil qilish uchun ularda qoʻshni molekulalari kamroq boʻladi va shu sababli ular oʻzlarida mavjud qoʻshni molekulalar bilan yanada mustahkamroq bogʻlar hosil qiladi. Sirt tarangligi suvning sharsimon tomchilar hosil qilishiga sabab boʻladi va agar qogʻoz parchalari yoki igna kabi mayda buyumlar suv yuzasiga ehtiyotkorlik bilan joylashtirilgan boʻlsa, sirt tarangligi ularni ushlab turishga imkon beradi.
Suv adgeziyasi
Suv oʻziga yopishishni yaxshi koʻradi, ammo bu maʼlum bir vaziyatlarga xosdir, aslida u boshqa turdagi molekulalarga yopishishni afzal koʻradi. Adgeziya deb bir turdagi molekulalarning boshqa turdagi molekulalarni tortishiga aytiladi. Ayniqsa, musbat yoki manfiy zaryadga ega boʻlgan boshqa molekulalarni suv oʻziga kuchli tortadi.
Masalan, menzurka ichidagi suvga joylashtirilgan (kapillyar naycha deb nomlanuvchi) ingichka shisha orqali suv yuqoriga “oʻrmalab chiqishi” adgeziya sabab sodir boʻladi. Bu yerning tortish kuchiga qarshi boʻlgan yuqoriga yoʻnalgan harakat kapillyar harakat deyilib, u suv molekulalari va naychaning shisha devorlari orasidagi tortishish (adgeziya) hamda suv molekulalari orasidagi oʻzaro taʼsirlashuv (kogeziya)ga bogʻliq boʻladi.
Suv molekulalari boshqa suv molekulalariga qaraganda shishaga kuchliroq tortiladi (chunki shisha molekulalari suv molekulalariga qaraganda qutbliroqdir). Siz buni quyidagi tasvir orqali koʻrishingiz mumkin: suv naychaning chetki qismlarida balandroq koʻtarilgan va oʻrta qismida pasaygan. Silindr yoki naychadagi suyuqlikda hosil boʻlgan botiq yuza menisk deyiladi.
Kogezion va adgezion kuchlar qanday ahamiyatga ega? Ular biologiyada suv bilan bogʻliq koʻplab jarayonlarda, shu jumladan, suvning daraxt ildizidan yuqori qismlariga harakatlanishi va koʻzlarimiz ichki burchaklaridagi koʻz yosh yoʻlining koʻz shilliq pardasini yuvib, tozalab turishida muhim rol oʻynaydistart superscript, 1, end superscript. Kogeziyaga oddiy misol bu suv odimchisi (quyidagi tasvirda berilgan hasharot)ning suv yuzasida harakatlanishidir. Bu hasharotning suv yuzasida tura olishi sirt tarangligiga tayanadigan jarayon hisoblanadi.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.