If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Plazmatik membrana va sitoplazma

Hujayra plazmatik membranasi va sitoplazmasining tuzilishi va vazifalari. Bundan tashqari, fosfolipid qoʻshqavati va mikrovorsinkalar bilan ham tanishamiz.

Kirish

Hujayra oʻzi nima? Xoʻsh, qaysidir maʼnoda hujayrani ichiga gel (yoki biror-bir shilimshiqsimon yopishqoq modda) solingan yelim xaltachaga oʻxshatish mumkin. Yelim xaltacha – tashqi tarafdan hujayra oʻralgan plazma membranasi, gel esa uning ichidagi sitoplazma.
Albatta, hujayra har doim ham shunchaki gel solingan yelim xaltachadan koʻproq narsani oʻz ichiga oladi. Hujayra bu barcha tirik mavjudotlarning strukturaviy jihatdan murakkab tuzilgan asosiy qurilish blokidir. Plazmatik membrana va sitoplazma haqiqatan juda murakkab tuzilgan.
Membrana lipid va oqsillarning ikki qavatli, nozik tuzilmasidir. U moddalarning hujayraga kirishi va chiqishini nazorat qiladi. Xuddi shunga oʻxshash tarzda, eukariot hujayra sitoplazmasi nafaqat sitozoldan (suv, ion va makromolekulalardan tashkil topgan gelsifat modda), balki sitoskeletni (yoki “hujayra skeleti” deyish ham mumkin) tashkil etuvchi struktur oqsillar va organellalardan iborat.
Ushbu maqolada biz plazmatik membrana va sitoplazma toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtamiz.

Plazmatik membrana

Prokariot hujayralarda ham, eukariot hujayralarda ham hujayraning ichki qismini tashqi muhitdan ajratib turuvchi lipidlar qoʻshqavati – plazmatik membrana mavjud. Ushbu qoʻshqavat asosan fosfolipidlar deb nomlanuvchi ixtisoslashgan lipidlardan iborat.
Fosfolipid gidrofil, yaʼni suvni yaxshi koʻruvchi fosfat “boshchasi” va ikkita gidrofob, suvdan qoʻrquvchi yogʻ kislotasi “dumchalari”dan tashkil topgan. Fosfolipidlarning gidrofob dumchalari ichkariga qarab, gidrofil boshchalari tashqi tomonga qarab joylashgani tufayli oʻz-oʻzidan ikki qavatli tuzilishga ega boʻlib qoladi. Energetik jihatdan qulay boʻlgan ushbu ikki qavatli struktura fosfolipid qoʻshqavati deb nomlanadi va koʻpgina biologik membranalarda uchraydi.
Quyida koʻrsatilganidek, oqsillar ham plazmatik membrananing muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Baʼzi oqsillar membrananing oʻtkazuvchi kanallarini hosil qilsa, ayrimlari membranaga tashqi tomondan birikib turadi, xolos. Hujayra membranalarida xolesterin singari lipidlarning har xil turlari ham uchraydi va uning oquvchanligiga va harakatiga taʼsir koʻrsatadi.
Plazmatik membrana rasmi: fosfolipid qoʻshqavati va uning orasiga botib kirgan oqsillar hamda xolesterin molekulalari koʻrsatib oʻtilgan. Plazmatik membrana hujayra ichidagi sitozolni hujayra tashqi muhitidan ajratib turadi.
Rasm OpenStax Biologyʼdan oʻzgartirib olindi.
Plazmatik membrana hujayraning ichki muhitini tashqi muhitdan ajratib turuvchi chegara hisoblanadi. U turli xil molekulalar (aminokislota, suv, ion, uglevodlar)ni hujayraga kirishi va chiqishini boshqaradi. Ushbu molekulalarning hujayra membranasidan qanday tezlikda oʻtishi shu molekulalarning hajmi va qutblilik xossasiga bogʻliq. Kislorodga oʻxshash ayrim kichik va qutbsiz boʻlgan molekulalar plazmatik membrananing fosfolipid qismidan osongina oʻta oladi. Aminokislotalar kabi yirik va qutbli, gidrofil molekulalar esa, aksincha, hujayra tomonidan boshqarib turiluvchi oqsil kanalchalaridan oʻtadi. Hujayrada kechuvchi moddalar transportini membrana va moddalar transporti boʻlimidan oʻrganishingiz mumkin.
Plazmatik membrana sirt yuzasi hujayraga kiruvchi va undan chiquvchi moddalar almashinuvini cheklab turadi. Baʼzi hujayralar chiqindilar yoki ozuqalar almashinuviga va plazmatik membrananing hududini kengaytirish uchun moslashgan. Masalan, baʼzi ozuqaviy moddalarni oʻzlashtiruvchi hujayra membranalari barmoqchalar shaklida yigʻilgan mikrovilli deb nomlanuvchi tuzilmalar hosil qiladi. Mikrovilliga ega hujayralar hazm boʻlgan ovqatdan ozuqa moddalarini soʻrib oluvchi organ – ingichka ichakning ichki yuzasini qoplaydi. Mikrovilli ichak hujayralariga plazmatik membrana sirti yuzasini koʻpaytirish orqali oziq-ovqatdan ozuqa moddalarining soʻrilishini maksimal darajada oshirilishiga yordam beradi.
Ichak hujayralarining tuzilishi rasmi va mikrosurati: plazmatik membrananing mikrovilli deb nomlanuvchi ingichka ichak ichidagi suyuqlik bilan munosabatda boʻluvchi “barmoqchalari” koʻrsatilgan.
Manba: OpenStax Biology. Muallif: Luiza Hovard

Sitoplazma

Hujayra qismlaridan biri boʻlgan sitoplazma prokariot va eukariot hujayralarda birozgina farq qiladi, xolos. Yadroga ega boʻlgan eukariot hujayralarda plazmatik membrana va yadro orasida mavjud boʻlgan barcha narsa sitoplazma deb ataladi. Prokariotlarda esa yadro mavjud boʻlmagani bois hujayraning ichidagi barcha narsa sitoplazma sifatida qaraladi.
Prokariot va eukariot hujayralar uchun umumiy boʻlgan tarkibiy qismlardan biri bu sitozoldir. Sitozol tarkibida ionlar, kichik molekulalar va makromolekulalar saqlovchi suyuq modda hisoblanadi. Eukariot hujayra sitoplazmasida sitozolda suzib yuruvchi membranali organoidlar mavjud. Sitoskelet tolalar zanjiridan tashkil topgan boʻlib, hujayraga shakl beradi va asosiy tayanch organi hisoblanadi. Sitoskelet hujayra sitoplazmasining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir.
Sitozol asosan suvdan tashkil topgan boʻlishiga qaramay, tarkibida juda koʻp miqdorda oqsillarni tutib turgani uchun jelyesifat yarim suyuq konsistensiyaga ega. Sitozolda koʻp miqdorda glyukoza, polisaxaridlar, aminokisotalar, nuklein kislota, yogʻ kislotalari va shu kabi mikro- hamda makromolekulalar mavjud. Sitozolda natriy, kaliy, kalsiy va shu kabi elementlar ionlari bor. Koʻplab metabolik reaksiyalar, misol uchun, oqsil sintezi ham hujayraning ayni shu qismida sodir boʻladi.