If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Toʻqimalar, organlar va organ sistemalari

Tanadagi organ sistemalari hamda asosiy toʻqima turlari va ular birgalikda qanday ishlashi haqida bilib oling.

Asosiy tushunchalar

  • Odamlar va boshqa murakkab tuzilgan koʻp hujayrali organizmlar tanani tirik saqlab turishda ahamiyatli boʻlgan jarayonlarni amalga oshiruvchi, birgalikda ishlaydigan organlar tizimiga ega.
  • Odam tanasi bir-biriga asoslangan holda qurilgan darajali tuzilmalarga ega. Hujayralar toʻqimalarni, toʻqimalar organlarni, organlar esa organ tizimlarini tashkil etadi.
  • Organ tizimining ishlashi uning tarkibiga kiruvchi organlarning oʻzaro uyushgan faoliyatiga bogʻliq. Masalan, hazm tizimi organlari ozuqa mahsulotlarini oʻzlashtirishda oʻzaro hamkorlik qiladi.
  • Organizmning yashab qolishi koʻpincha endokrin va asab tizimlari tomonidan boshqariladigan barcha organ tizimlarining birgalikdagi faoliyatiga bogʻliq.

Kirish

Agar siz bir hujayrali organizm boʻlganingizda va ozuqa moddalariga boy joyda yashaganingizda, tirik qolish juda oson boʻlar edi. Masalan, agar siz hovuzda yashaydigan amyoba boʻlganingizda, oziq moddalarini oʻz atrofingizdagi muhitdan oʻzlashtirishingiz mumkin boʻlardi. Metabolizm uchun zarur boʻlgan kislorod hujayra membranasi orqali hujayra ichiga diffuz yoʻl bilan kirishi, yana shu tarzda karbonat anigrid va boshqa chiqindi moddalar chiqib ketishi mumkin. Koʻpayish vaqti kelganda, ikkiga boʻlinish kifoya!
Ammo siz hozir Xan akademiyasi maʼlumotlaridan foydalanayotganingizni hisobga olsak, amyoba emasligingiz aniq va shuni aytish mumkinki, yuqoridagi kabi jarayonlar odam singari yirik, koʻp hujayrali organizmlarda u qadar oddiy tarzda kechmaydi. Sizning murakkab tuzilishga ega boʻlgan tanangizda 30 trilliondan ortiq hujayralar mavjud va ularning aksariyati tashqi muhit bilan bevosita aloqaga ega emas.start superscript, 1, end superscript Tananing ichki qismlaridagi hujayralar, masalan, suyakdagi yoki jigardagi hujayralar zarur boʻlgan ozuqa moddalarini yoki kislorodni atrof-muhitdan bevosita ololmaydi.
Xoʻsh, tana oʻz hujayralarini qanday oziqlantiradi va oʻz faoliyatini qanday davom ettiradi? Keling, sizning ajoyib tana tizimingiz buni qanday qilib amalga oshirishini batafsil koʻrib chiqamiz.

Koʻp hujayrali organizmlar ixtisoslashgan tizimlarga muhtoj

Aksariyat koʻp hujayrali organizmlardagi hujayralarning koʻpchiligi va tashqi muhit oʻrtasida ozuqa moddalari hamda chiqindi moddalarning toʻgʻridan toʻgʻri almashinishi sodir boʻlmaydi, buning oʻrniga ular ichki muhit hisoblanuvchi hujayra tashqarisidagi suyuqlik bilan oʻralgan. Hujayralar ushbu suyuqlikdan kislorod va ozuqa moddalarini oladi va unga chiqindi moddalarini chiqaradi. Odamlar va boshqa murakkab organizmlar hujayralar ehtiyojlarini qondira oladigan holda ichki muhitni barqaror saqlovchi maxsus tizimlarga ega.
Tananing turli tizimlari turli xil funksiyalarni bajaradi. Masalan, ovqat hazm qilish tizimi ovqatni qabul qilish va oʻzlashtirish uchun javobgar, nafas olish tizimi esa qon aylanish tizimi bilan birga ishlagan holda kislorodni qabul qilish va karbonat angidriddan xalos boʻlish uchun javobgardir. Mushak va skelet tizimlari harakatlanishda muhim ahamiyatga ega; reproduktiv tizim koʻpayish jarayonlarini amalga oshiradi; ayirish tizimi organizmni metabolik chiqindi moddalardan xalos qiladi.
Ixtisoslashgani sababli ushbu turli xil tizimlar bir-biriga bogʻliqdir. Ovqat hazm qilish, mushak, skelet, reproduktiv va ayirish tizimlarini tashkil etuvchi hujayralar nafas olish tizimi orqali oʻzlashtiriladigan kislorodga muhtoj, shu oʻrinda nafas olish sistemasi hujayralari (boshqa tizim hujayralari singari) ozuqa moddalariga muhtoj va metabolik chiqindilardan xalos boʻlishlari kerak. Tananing barcha tizimlari organizmning doimiy ravishda ushlab turilishi va ishlashi uchun birgalikda faoliyat olib boradi.

Tana tuzilishi haqida umumiy maʼlumot

Barcha tirik organizmlar bir yoki koʻp sonli hujayradan iborat. Amyobalar singari bir hujayrali organimzlar faqat bitta hujayradan iborat. Odamlar kabi koʻp hujayrali organizmlar koʻp sonli hujayralardan tashkil topadi. Hujayralar hayotning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi.
Odamlar kabi murakkab koʻp hujayrali organizmlardagi hujayralar toʻqimalardan, maʼlum bir vazifada birga ishlaydigan oʻxshash hujayralar guruhlaridan tashkil topgan. Organlar – bu maʼlum bir funksiyani bajarish uchun tashkil etilgan ikki yoki undan ortiq toʻqimalardan iborat tuzilmalardir va tegishli funksiyalarga ega boʻlgan organlar guruhlari turli xil organ tizimlarini tashkil etadi.
Chapdan oʻngga: yakka mushak hujayrasi, mushak toʻqimasini tashkil etuvchi bir nechta mushak hujayralari, mushak toʻqimasidan iborat organ (siydik pufagi) va buyrak, siydik yoʻli, siydik pufagi va uretradan iborat organ tizimi.
Rasm krediti: Levels of structural organization of the human body OpenStax College, Anatomy & Physiology, CC BY 4.0 tomonidan muvofiqlashtirilgan.
Hujayralar, toʻqimalar, organlar va organ tizimlari – har bir darajada strukturalar funksiyalar bilan chambarchas bogʻliq. Masalan, ingichka ichakdagi ozuqa moddalarni oʻzlashtiradigan hujayralar tana harakati uchun zarur boʻlgan mushak hujayralaridan keskin farq qiladi. Yurakning tuzilishi butun tanani qon bilan taʼminlash vazifasini aks ettiradi, oʻpkaning tuzilishi esa kislorodni olish va karbonat angidridni chiqarib yuborishning samadorligini oshiradi.

Toʻqima turlari

Yuqorida koʻrganimizdek, har bir organ maʼlum bir vazifani bajarish uchun birga ishlaydigan ikki yoki undan ortiq toʻqimalardan, oʻzaro oʻxshash hujayralardan tashkil topgan. Odamlar va boshqa yirik koʻp hujayrali hayvonlar toʻrt turdagi toʻqimalardan iborat: epiteliy toʻqimasi, biriktiruvchi toʻqima, mushak toʻqimasi va nerv toʻqimasi.
Nerv toʻqimasi, koʻp qavatli yassi epiteliy toʻqimasi, yurak mushak toʻqimasi va ingichka ichakdagi biriktiruvchi toʻqima misolida keltirilgan toʻqimalarning toʻrt turi.
Rasm krediti: Types of tissues: Figure 1 manbasidan, OpenStax College, Anatomy & Physiology, CC BY 3.0 asosida moslashtirildi.

Epiteliy toʻqimasi

Epiteliy toʻqimasi mustahkam oʻrab turuvchi hujayralar qatlamlaridan iborat boʻlib, ular sirt yuzalarni, shu jumladan, tananing tashqi qismi va tana boʻshliqlarining ichki yuzalarini qoplaydi. Masalan, terining tashqi qatlami va ingichka ichakning ichki yuzasi epiteliy toʻqimasidan iborat.
Epiteliy hujayralari qutblangan boʻlib, bu ularning yuqori va pastki tomonlari borligini anglatadi. Apikal qism, yaʼni epiteliy hujayrasining ustki tomoni boʻshliqning ichki tomoniga yoki strukturaning tashqarisiga qaraydi va odatda suyuqlik yoki havo taʼsiri ostida boʻladi. Bazal qism – hujayralarning pastki tomoni. Masalan, ichak hujayralarining apikal qismi barmoq shaklidagi tuzilmalarga ega, ular ozuqa moddalarini soʻrish uchun sirt maydonini oshiradi.
Ingichka ichakni qoplab turuvchi uchta hujayra tasvirlangan rasm. Har bir hujayrada yadro mavjud boʻlib, u plazmatik membrana bilan oʻralgan. Hujayralarning ustki (apikal) qismida moddalar soʻriladigan boʻshliqqa qaragan mikrovorsinkalar mavjud.
Rasm krediti: Eukaryotic cells: Figure 3, OpenStax College, Biology, CC BY 3.0 tomonidan taqdim etildi.
Epiteliy hujayralari bir-biriga mahkam birikkan va bu ularning suyuqliklar va zararli mikroblar harakatiga toʻsqinlik qilishida muhim rol oʻynaydi. Koʻpincha hujayralar suyuqlik toshqinlariga qarshilikni oshirish uchun ularni mahkam ushlab turadigan ixtisoslashgan biriktiruvchilar orqali oʻzaro birikadi.

Biriktiruvchi toʻqima

Biriktiruvchi toʻqima hujayralararo matritsada tarqalgan hujayralardan iborat. Koʻpgina hollarda matritsa qattiq, suyuq yoki jelesimon maydalangan shakldagi kollagen va fibrin kabi oqsil tolalaridan iborat. Biriktiruvchi toʻqima, nomidan koʻrinib turibdiki, boshqa toʻqimalarni bogʻlab turadi.
Quyida koʻrsatilgan siyrak tolali biriktiruvchi toʻqima biriktiruvchi toʻqimaning eng keng tarqalgan turidir. U butun tanada tarqalgan boʻlib, organlar va qontomirlarni ushlab turadi va epiteliy toʻqimasini uning ostidagi muskullar bilan bogʻlaydi. Zich yoki tolali biriktiruvchi toʻqima muskullarni suyaklar bilan, suyaklarni esa oʻzaro bogʻlaydigan pay va boylamlarda uchraydi.
Siyrak tolali biriktiruvchi toʻqima siyrak joylashgan kollagen va elastik tolalardan iborat. Biriktiruvchi toʻqima matritsasining tolalari va boshqa tarkibiy qismlari fibroblastlar tomonidan ishlab chiqariladi.
Rasm krediti: Animal primary tissues: Figure 6 OpenStax College, Biology, CC BY 4.0 tomonidan taqdim etildi.
Biriktiruvchi toʻqimaning ixtisoslashgan shakllariga yogʻ toʻqimasi (tanadagi), suyak, togʻay va qon kiradi. Qonda hujayralararo matritsa plazma deb nomlanadigan suyuqlikdan iborat.

Mushak toʻqimasi

Mushak toʻqimasi tanani tik holatda saqlashda, uning harakatlanishida va hatto qon haydash va ovqat hazm qilish tizimi orqali ovqatni harakatlantirishda muhim rol oʻynaydi.
Koʻpincha mushak tolalari deb ataladigan mushak hujayralarida ularning qisqarishini taʼminlaydigan aktin va miozin oqsillari mavjud. Mushakning uchta asosiy turi bor: skelet mushagi, yurak mushagi va silliq mushak.
Chapdan oʻngga. Silliq mushak hujayralari, skelet mushak hujayralari va yurak mushak hujayralari. Silliq mushak hujayralarida chiziqlar boʻlmaydi, ammo skelet mushaklarida ular mavjud. Yurak mushak hujayralarida chiziqlar mavjud, ammo koʻp yadroli skelet hujayralaridan farqli oʻlaroq, ularda faqat bitta yadro mavjud. Yurak mushak toʻqimasida, shuningdek, qoʻshni hujayralarni oʻzaro biriktirib turuvchi, elektr impulslarini hujayradan hujayraga oʻtkazishda yordam beruvchi plazmatik membrana boʻylab joylashgan ixtisoslashgan qismlar, yaʼni oraliq disklar mavjud.
Rasm krediti: Animal primary tissues: Figure 12 OpenStax College, Biology, CC BY 4.0 tomonidan taqdim etildi.
Koʻndalang targʻil mushak deb nomlanadigan skelet mushagi biz kundalik hayotda mushak deb tushunadigan toʻqimamiz hisoblanadi. Skelet mushaklari paylar bilan biriktirilgan va bu harakatlarni ongli ravishda boshqarishga imkon beradi. Masalan, oyoqlardagi toʻrt boshli yoki qoʻllardagi ikki boshli skelet mushaklari shular jumlasiga kiradi.
Yurak mushagi faqat yurak devorlaridagina mavjud. Skelet mushaklari kabi yurak mushagi ham koʻndalang targʻil hisoblanadi. Ammo u ixtiyoriy nazorat ostida emas, shuning uchun yurakning urishi haqida oʻylash shart emas. Alohida tolalar oraliq disklar deb nomlangan tuzilmalar orqali oʻzaro birikadi, bu ularning oʻzaro mutanosib qisqarishiga imkon beradi.
Silliq mushak qontomirlar devorida, shuningdek, oshqozon, bachadon, siydik pufagi va boshqa ichki tuzilmalarda joylashgan. Silliq mushak koʻndalang targʻil emas va u ongli nazorat ostida ham emas. Bu ovqat hazm qilish yoʻli orqali ovqatni harakatlantirish haqida oʻylash shart emasligini anglatadi!

Nerv toʻqimasi

Nerv toʻqimasi tashqi yoki ichki taʼsir(stimul)larni sezish hamda maʼlumotlarni qayta ishlash va uzatish vazifasini bajaradi. U ikkita asosiy hujayradan iborat: neyronlar yoki nerv hujayralari va gliya.
Neyronlar nerv tizimining asosiy funksional birligidir. Ular oʻtkaziladigan nerv impulslari yoki harakat potensiallari deb nomlangan elektr signallarini ishlab chiqaradilar, bu neyronlarga uzoq masofalarga maʼlumotni juda tez yetkazish imkonini beradi. Gliya asosan neyronal funksiyaga yordamchi vazifalarni bajaradi.
Neyron tasviri. Neyron signallarni qabul qiladigan dendrit va ularni joʻnatadigan akson nomli oʻsimtalarga ega. Shuningdek, gliya hujayralarining ikki turi tasvirlangan: astrositlar nerv hujayrasining kimyoviy muhitini tartibga soladi va oligodendrositlar elektr nerv impulsi yanada samaraliroq uzatilishi uchun aksonni izolyatsiya qiladi.
Rasm krediti: Animal primary tissues: Figure 13 OpenStax College, Biology, CC BY 4.0 tomonidan taqdim etildi.

Organlar

Yurak, oʻpka, oshqozon, buyraklar, teri va jigar kabi organlar maʼlum bir funksiyani bajarish uchun tashkil etilgan ikki yoki undan ortiq toʻqima turlaridan iborat. Masalan, yurak qon haydaydi, oʻpka kislorodni olib, karbonat angidridni chiqarib yuboradi va teri ichki tuzilmalarni tashqi muhitdan himoya qilish uchun toʻsiq rolini bajaradi.
Aksariyat organlar toʻrtala toʻqima turini ham oʻz ichiga oladi. Ingichka ichakning qatlamli devorlari toʻqimalarning organ hosil qilishiga yaxshi misoldir. Ichakning ichki qismi epiteliy hujayralari bilan qoplangan, ularning bir qismi gormonlar yoki hazm fermentlarini ajratib turadi, boshqalari esa ozuqa moddalarni oʻzlashtiradi. Epiteliy qatlami atrofida bezlar, qontomirlar va neyronlar bilan navbatlashib keladigan biriktiruvchi toʻqima va silliq mushak qavatlari joylashgan. Silliq mushak ovqatni ichak orqali, oʻzi bilan bogʻliq boʻlgan neyronlar tarmogʻi nazorati ostida harakatlantiradi.squared
Oshqozon-ichak traktining koʻndalang kesmasi. Tashqi tomondan ichkariga qarab: qontomirlar, silliq mushak qavatlaridagi nerv tarmoqlari, biriktiruvchi toʻqima, yana bir silliq mushak qavati, yana bir biriktiruvchi toʻqima qavati, epitelial toʻqima va oʻrtada boʻshliq – bu ovqat hazm boʻladigan yoʻl.
Image credit: modified from Layers of the GI tract by Goran tek-en, [CC BY-SA 3.0](https://creativecommons.org/licenses/by-sa/3.0/deed.en; the modified image is licensed under a CC BY-SA 3.0 license

Organ tizimlari

Organlar maʼlum bir funksiyani bajarish uchun birgalikda ishlaydigan organ tizimlariga birlashadi.
Masalan, yurak va qontomirlar yurak-qontomir tizimini tashkil qiladi. Ular qon aylanishida birgalikda faoliyat koʻrsatadi, kislorod va ozuqa moddalarini tanadagi hujayralarga yetkazib, karbonat angidrid va metabolik chiqindi moddalarni olib ketadi. Yana bir misol – tanaga kislorod yetkazib beradigan va karbonat angidridni chiqarib yuboradigan nafas olish tizimi. Bunga burun, ogʻiz, halqum, hiqildoq, traxeya va oʻpkalar kiradi.
Ikkita jadval. Chap tomonda burun yoʻllari, traxeya va oʻpkalardan iborat nafas yoʻllari tasvirlangan diagramma. Oʻng tomonda yurak va qontomirlardan iborat qon aylanish tizimi tasvirlangan diagramma.
Image credit: Structural organization of the human body: Figures 2 and 3 by OpenStax College, Anatomy & Physiology, CC BY 4.0

Inson tanasining asosiy organ tizimlari

Organ tizimlariFunksiyaIshtirok etadigan organlar, toʻqimalar va tuzilmalar
Yurak-qontomirKislorod, ozuqa va boshqa moddalarni hujayralarga tashiydi va qoldiq moddalar, karbonat angidrid hamda boshqa moddalarni hujayradan olib ketadi; shuningdek, tana haroratini barqarorlashtirishga yordam beradiYurak, qon va qontomirlar
LimfaInfeksiya va kasalliklardan himoya qiladi va toʻqimalardan qon oqimiga limfa suyuqligini oʻtkazadiLimfa, limfa tugunlari va limfa tomirlari
HazmOziq mahsulotlarini qayta ishlaydi va ozuqa moddalari, minerallar, vitaminlar va suvni soʻrib oladiOgʻiz boʻshligʻi, soʻlak bezlari, qiziloʻngach, oshqozon, jigar, oʻt pufagi, oshqozon osti bezi, ingichka va yoʻgʻon ichak
EndokrinGormonlar orqali tanadagi oʻzaro munosabatni taʼminlaydi va gomeostazni saqlab turish uchun boshqa organ tizimlaridagi uzoq muddatli oʻzgarishlarni boshqaradiGipofiz, epifiz, qalqonsimon bez, oshqozon osti bezi, buyrakusti bezlari, urugʻdonlar va tuxumdonlar.
TeriShikastlanish va suyuqlikni yoʻqotishdan himoya qiladi, mikroorganizmlarning organizmga kirishidan saqlaydi hamda himoyani taʼminlaydi; tana harorati boshqaruvida qatnashadiTeri, soch va tirnoqlar
MushakHarakat, tayanch va issiqlik ishlab chiqarilishini taʼminlaydiSkelet, yurak va silliq mushaklar
NervMaʼlumotni toʻplaydi, uzatadi va qayta ishlaydi hamda boshqa organ tizimlarida qisqa muddatli oʻzgarishlarni boshqaradiMiya, orqa miya, nerv va sezgi organlari – koʻzlar, quloqlar, til, teri retseptorlari va burun
ReproduktivGametalar – jinsiy hujayralar va gormonlarni ishlab chiqaradi; nasl vujudga keltiradiBachadon naylari, bachadon, qin, tuxumdonlar, sut bezlari (ayol), urugʻdonlar, urugʻ olib ketuvchi kanal, urugʻ pufakchalari, prostata va jinsiy olat (erkak)
NafasGaz almashinishi mumkin boʻlgan joylarga havo yetkazib beradiOgʻiz, burun, halqum, kekirdak, traxeya, bronxlar, oʻpka va diafragma
SkeletTananing yumshoq toʻqimalariga tayanch boʻladi va himoya qiladi; boʻgʻimlardagi harakatni taʼminlaydi; qon hujayralarini ishlab chiqaradi; minerallarni saqlaydiSuyaklar, togʻay, boʻgʻimlar, paylar va boylamlar
Siydik ayirishQon va tanadagi ortiqcha suv, tuz va chiqindi moddalarni bartaraf qiladi va miqdorini nazorat qiladiBuyraklar, siydik yoʻllari, siydik pufagi va siydik kanali
ImmunitetKasallik keltirib chiqaruvchi vositalar – patogen mikroblar va boshqa kasalliklardan himoya qiladiLeykotsitlar, bodomsimon bezlar, adenoidlar, timus va taloq
This table is modified from Major organ systems of the human body by CK-12 Foundation, CC BY-NC 3.0.
Turli xil organ tizimlari bir-biridan farq qiladi deb ayta olsak-da, bir tizimning tarkibiy qismlari boshqa tizimda ham maʼlum bir vazifani bajarishi mumkin. Masalan, ogʻiz nafas olish tizimiga ham, ovqat hazm qilish tizimiga ham tegishlidir.
Turli xil tizimlar orasida juda koʻp funksional moslanishlar mavjud. Masalan, yurak-qontomir tizimi hujayralarga kislorod va oziq moddalar yetkazib beradi deb oʻylasak-da, u haroratni saqlashda ham muhim rol oʻynaydi. Qon, shuningdek, endokrin tizim bezlari tomonidan ishlab chiqarilgan gormonlarni tashiydi, qolaversa, oq qon hujayralari immunitet tizimining muhim tarkibiy qismidir.

Tizimdagi organlar birgalikda ishlaydi.

Xuddi montaj liniyasida ishlaydigan ishchilar singari, organ tizimining tarkibidagi organlar tizimning toʻliq ishlashi uchun birgalikda faoliyat koʻrsatishi kerak. Masalan, hazm tizimining ishlashi – ovqatni qabul qilish, uni soʻrilish uchun kichik boʻlgan molekulalarga parchalash, soʻrilish jarayoni va keraksiz chiqindi mahsulotlarini yoʻq qilish har bir keyingi organning oʻz bajaradigan ishiga bogʻliq.start superscript, 3, comma, 4, end superscript
Hazm qilish bu ozuqa moddalarining soʻrilishi uchun ovqatning parchalanish jarayonidir. Bu jarayon ham mexanik, ham kimyoviy hazmni oʻz ichiga oladi. Mexanik hazm jarayonida ovqat mayda boʻlaklarga parchalanadi. Kimyoviy hazm jarayonida oqsil va kraxmal kabi yirik molekulalar osonlikcha soʻrilishi mumkin boʻlgan oddiy qismlarga parchalanadi.
Mexanik hazm kimyoviy hazmning dastlabki bosqichlari bilan birga ogʻiz boʻshligʻi va oshqozonda sodir boʻladi. Chaynash ovqatni mayda boʻlaklarga ajratadi, oshqozon esa ovqatni suyuq aralashmaga aylantiradi. Oshqozon, shuningdek, ovqatni saqlash vazifasini ham bajaradi, qisman hazm qilingan ovqatni ingichka ichakka kerakli miqdorda oʻtkazib turadi.start superscript, 4, end superscript
Hazm tizimi. Oshqozon bilan bogʻlanadigan ogʻiz boʻshligʻidan boshlanadi. Jigar va oshqozon osti bezi oldiniga ingichka ichakka, keyin esa yoʻgʻon ichakka oʻtib ketuvchi oshqozonga yaqin joylashadi.
Image credit: modified from Digestive systems: Figure 5 by OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Ingichka ichak kimyoviy hazmning asosiy joyi boʻlib, oshqozon osti bezi va jigardan ajraluvchi fermentlar tomonidan amalga oshiriladi. Ingichka ichak, shuningdek, oziq moddalari oʻzlashtiriladigan asosiy joydir; shakar va aminokislota kabi molekulalar hujayralar tomonidan oʻzlashtiriladi va foydalanish uchun qon oqimiga oʻtkaziladi.
Ogʻiz boʻshligʻi, oshqozon, ingichka ichak va boshqa hazm tizimi organlari ovqatni hazm qilish va oziq moddalarni oʻzlashtirish uchun birgalikda ishlaydi. Agar oshqozon ishlamay qolsa yoki oshqozon osti bezi singari ferment ishlab chiqaruvchi organ ishini toʻxtatsa, hazm jarayoni yaxshi kechmaydi!

Organ tizimlari ham hamkorlikda ishlaydi.

Organ tizimidagi organlar oʻz vazifalarini bajarish uchun birgalikda ishlagani kabi, turli organ tizimlari ham organizmning toʻxtovsiz faoliyat olib borishida hamkorlikda ishlaydilar.
Masalan, nafas va qon aylanish tizimi hujayralarni kislorod bilan taʼminlash va hujayralarda hosil boʻladigan karbonat angidriddan xalos boʻlish uchun oʻzaro hamkorlikda ishlaydi. Qon aylanish tizimi oʻpkadagi kislorodni qabul qiladi va uni toʻqimalarga yetkazadi, soʻng karbonat angidridni ham shu tariqa teskari yoʻnalishda oʻpkaga yetkazadi. Oʻpka karbonat angidridni chiqarib yuboradi va kislorod saqlagan yangi havoni yutadi. Ikkala tizim birgalikda ishlasagina kislorod va karbonat angidridi hujayralar va atrof-muhit oʻrtasida yaxshi almashinishi mumkin.
Tanadagi bu singari hamkorlikning boshqa koʻplab misollari mavjud. Masalan, qon aylanish tizimidagi qon hazm tizimidan oziq moddalarni olishi va buyraklarda filtrlanishi lozim, aks holda, tanadagi hujayralar saqlanib qolinmasligi va chiqindi moddalar tanadan chiqib ketmasdan toʻplanib qolishi mumkin.

Nazorat va muvofiqlashtirish

Tananing koʻp funksiyalari nerv va endokrin tizimlari tomonidan boshqariladi. Ushbu ikkita tartibga soluvchi tizim boshqa organ tizimlarining ishiga taʼsir qiladi va tananing turli qismlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida kimyoviy messenjer (xabarchi)lardan foydalanadi.
Nerv va endokrin tizimining farqi nimada?
  • Endokrin tizimida kimyoviy messenjerlar qonga chiqariladigan gormonlardir.
  • Asab tizimida kimyoviy xabarchilar bu kichik boʻshliq orqali toʻgʻridan toʻgʻri bir hujayradan ikkinchi hujayraga yuborilgan neyrotransmitterlardir.
Gormonlar qon oqimi orqali oʻz nishonlariga yetib borishlari kerak boʻlgani sababli endokrin tizimi odatda signal toʻgʻridan toʻgʻri nishon hujayraga yetib boruvchi nerv tizimiga nisbatan jarayonlarni sekinroq muvofiqlashtiradi. Baʼzi hollarda nerv va endokrin tizimlari tashqi nojoʻya taʼsirga qarshi “kurash yoki qoch” javobini qaytarish uchun birgalikda harakat qiladilar.