Agar siz ushbu xabarni oʻqiyotgan boʻlsangiz, demak, saytimizga tashqi resurslarni yuklashda muammolarga duch kelmoqdamiz.

If you're behind a web filter, please make sure that the domains *.kastatic.org and *.kasandbox.org are unblocked.

Asosiy kontent

Tanishing, Jovel Keyrolo!

Biologiya oʻqituvchisi va chumoli biologi Jovel Keyrolo bilan tanishing!

Salom, Men Jovel Kveyroloman

Sizning kasbingiz nima?

Men 9-sinf biologiya oʻqituvchisiman. Bu bir yil davomida oʻquvchilarimga biologiyaga oid turli mavzularni –♀ ekologiyadan tortib to genetika, evolyutsiyaga qadar boʻlgan mavzularni oʻrgatishimni bildiradi. Mening maqsadim shogirdlarimning biologiyaga oid asosiy tushunchalarini shakllantirish, shuningdek, ilmiy-tanqidiy savol berish, tadqiqotlar oʻtkazish va natijalarni taqdim etish kabi baʼzi boshlangʻich ilmiy koʻnikmalarini rivojlantirishdir.
Ushbu rasmda men nima uchun oʻqituvchi boʻlishni tanlaganim haqida bakalavrlar bilan suhbatlashyapman :)
Har kecha men ertangi dars rejasini koʻrib chiqaman. Har kuni toʻrtta turli xil guruh talabalariga bir xil mavzu boʻyicha dars oʻtaman. Har bir sinfda 30–32 nafar talaba bor. Tasavvur qilganingizdek, men kunning oxirigacha charchab qolaman! Ishimda doimo olgʻa undovchi omil bugun oʻtmoqchi boʻlgan darsimga toʻlaqonli tayyor boʻlishim, oʻquvchilarim bilan yaxshi munosabatni tiklab, ularni eng zoʻr olim va inson boʻlib yetishishga undashimdir.

Biologiyaga qanday qilib qiziqib qoldingiz va nimalarni oʻrgandingiz?

9-sinfda oʻqiyotganimda biologiyaga qiziqib qolganman. Mening gʻayratga toʻla bir biologiya oʻqituvchim bor edi, u meni dunyoni boshqa koʻz bilan koʻrishga undagan. U bizga botanika fanini oʻrgatganida men hech qachon daraxtga oddiy daraxt kabi qaramaganman. Daraxtning turli qismlari uning tirik qolishi uchun qanday qilib birgalikda ishlayotganini oʻrganish juda ham zavqli edi. Kollejga borganimda, men tirik mavjudotlar va ularning qanday rivojlanishi, tirik qolishi va oʻzaro munosabatlari haqida oʻrganishni davom ettirmoqchi ekanimni bilardim. Oxir-oqibat men chumolilarni oʻrganadigan laboratoriyaga qoʻshildim va uch yilni chumolilar tirik qolishi uchun qanday ishlashi va birga yashashi haqida oʻrganishga sarfladim.
Shuningdek, kollejda odamlar bilan ishlash menga juda yoqishini anglab yetdim. Jamoat markazlarida ishladim va kooperativ uylarda boshqaruvchi lavozimida ham oʻz malakamni oshirdim. Kooperativ uy bu 30 tadan 50 tagacha boʻlgan kollej oʻquvchilarining uyi boʻlib, u yerda ular birgalikda ovqat pishiradi, tozalov ishlarini amalga oshiradi va yashaydi. Men odamlarga oʻzlarini xotirjam va xavfsiz his qilishlariga yordam berishni yaxshi koʻraman. Rivojlanish va bilim olishda biologiyaga boʻlgan qiziqishlarimni odamlar bilan ishlashga boʻlgan qiziqishim bilan birlashtira olishimni tushunib yetdim. Biologiyani oʻqitish mening tabiiy olamga boʻlgan cheksiz qiziqishimni yoshlarga hayotda muvaffaqiyatga erishishlarida zarur boʻlgan ilmiy va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam berish uchun imkoniyatim bilan birlashtiradi.
Yuqoridagi rasmda men chumolilar ustida olib boriladigan tadqiqotim oldida turibman..!

Boʻsh vaqtingizda nimalar bilan shugʻullanasiz?

Boʻsh vaqtimda uydan tashqarida boʻlishni yaxshi koʻraman! Men raqobatbardosh suzuvchilar guruhi aʼzosiman, hozir suvga shoʻngʻish boʻyicha sertifikat olishga harakat qilyapman va boshqa boʻsh vaqtlarimda oʻrmonda sayohat qilaman. Oʻqituvchi boʻlganim uchun yozda dalalarda ishlab, biologlarga maʼlumot toʻplashda yordam berishim mumkin. Boʻsh vaqtimni, shuningdek, ota-onam bilan yoki San-Fransisko koʻrfazida joylashgan koʻplab qahvaxonalar, bogʻlar va restoranlarda doʻstlarim bilan birga oʻtkazaman.
Ushbu rasmda men Jasper togʻiga sayohat qilyapman!

Biologiyaga qiziquvchi odamlar uchun sizning maslahatingiz qanday?

Menimcha, biologiyaga qiziqadigan insonlar biologiyaning ayrim yoʻnalishlarida faoliyat olib borishlari kerak! Buning koʻplab usullari mavjud. Tezkor Google qidiruvini amalga oshirish orqali yaqin atrofdagi insonlarga yordam bera olishingizni aniqlashingiz mumkin. Bu koʻpincha mahalliy tabiatni muhofaza qilish tashkilotlariga muayyan hududdagi turlarning mavjudligini oʻrganish va turlarni bir necha yil davomida solishtirishga yordam berishni oʻz ichiga oladi.
Biologiya bilan shugʻullanishning yana bir usuli bu mahalliy universitet professorlariga murojaat qilishdir. Koʻpincha professor yoki magistrlar bakalavr yoki oʻrta maktabda taʼlim oladigan koʻngillilarni qabul qiladi. Bakalavr boʻlganimda men postdoktorlik tadqiqotchisiga oʻz loyihasi ustida ishlashga yordam berishni boshladim va oxirida uning loyihasini davom ettirib, bakalavr tadqiqot loyihamni yaratdim. Baʼzi doʻstlarim biologiyani turli xil usullarda oʻrganish uchun turli xil laboratoriyalarda ishladi. Yodda tuting: biologiyaning koʻplab sohalari mavjud! Agar siz hayvonlar va oʻsimliklarni oʻrganishni yaxshi koʻrsangiz, hayvonlar yoki oʻsimliklarni oʻrganadigan laboratoriyada koʻngilli boʻlib xizmat qilishingiz mumkin. Agar siz genetikaga qiziqsangiz, DNK bilan ishlaydigan laboratoriyada koʻngilli boʻlib ishlang.
Garchand baʼzida fan sizga juda ham qiyin, yetib-boʻlmas koʻrinsa-da, agar unda faol ishtirok etish imkoniyatlarini izlasangiz, bu juda oson. Qatʼiyatli boʻling, shundagina muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin.