Agar siz ushbu xabarni oʻqiyotgan boʻlsangiz, demak, saytimizga tashqi resurslarni yuklashda muammolarga duch kelmoqdamiz.

If you're behind a web filter, please make sure that the domains *.kastatic.org and *.kasandbox.org are unblocked.

Asosiy kontent

Tanishing, Kris Nortard!

Tanishing, Kris Nortard. U oziq-ovqat boʻyicha olim va eng zoʻr frizbi atletikachisi.

Salom, men Kris Nortardman!

Sizning kasbingiz nima?

Men “Saputo sut mahsulotlari” kompaniyasining tadqiqot va rivojlantirish boʻlimida oziq-ovqat boʻyicha olim sifatida ishlayman. Mening ishim tvorog, smetana va muzqaymoq aralashmasi kabi sut mahsulotlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Biz isteʼmol qiladigan sut mahsulotlarining koʻpi oddiy jarayonlardan boshlanadi – eng sevimli muzqaymoq doʻkoningizdagi silkitishdan tortib, mahalliy oziq-ovqat doʻkonidagi tvorogga qadar – va mening vazifam shu oddiy jarayonlarni formulalarga aylantirish, formulani sinov bosqichlaridan oʻtkazish va ushbu mahsulotning keng miqyosda ishlab chiqarilishini nazorat qilish.
Isteʼmolchilar sogʻlik uchun foydali mahsulotlar, chiroyli yorliqlar va tabiiy taʼmlarni talab qilishi tufayli oziq-ovqat dunyosi muntazam oʻzgarib boradi. Boshqa turdagi oziq-ovqatga moyillik ortib borar ekan, ovqatshunos olimlardan bu moyilliklardan xabardor boʻlib, doimiy ravishda isteʼmolchilarning talablariga javob beradigan oziq-ovqat bilan taʼminlash talab etiladi.

Biologiyaga qanday qilib qiziqib qoldingiz va nimalarni oʻrgandingiz?

Men har doim ilm-fanga qiziqib kelganman. Kollejda vaqtimni biologiya, kimyo va anatomiya yoki fiziologiya oʻrtasida uchga taqsimlaganman. Biologiyaning menga yoqadigan jihati bu uning fan sifatida turli sohalari mavjudligi va men mikrobiologiyani oʻrganishdan boshlab organizmning hujayraviy asosini koʻrib chiqib, ekologiyadagi butun boshli populyatsiyalarni oʻrganishim mumkinligidir. Mikro bosqichidagi biror narsa kattaroq narsaga qanday taʼsir qilishi mumkinligini tushunish biologiyaga boʻlgan qiziqishimni uygʻotdi.
Oziq-ovqat bir xil tarzda ishlaydi. Mikroskopik bosqichda nima sodir boʻlishini tushunish tayyor mahsulotning qanday ishlashini va u qanday taʼmga ega boʻlishini, masalan, oqsillarning tanaga va ogʻiz boʻshligʻiga qanday taʼsir qilishini tushunishga yordam beradi. Oziq-ovqatshunos olimlar odatda koʻproq kimyoviy bilimga ega boʻlishsa-da, biologiyaning eng zoʻr tarafi bu uning juda koʻp sohalarga tatbiq qilinishi va kuchli biologiya bilimiga ega inson turli sohalarda ishlashi mumkinligidir.

Boʻsh vaqtingizda nimalar bilan shugʻullanasiz?

Kollejda men frizbi (yengil disk uloqtirish oʻyini) bilan shugʻullanganman va bugungi kunda ham bir nechta ligalarda oʻynab, mahalliy oʻrta maktab jamoasiga murabbiylik qilib kelyapman. Men sevimli basketbol jamoam – Minnesota shtatidagi “Timberwolves”ga, shuningdek, “Liverpool FC” jamoasiga muxlislik qilishni va sport musobaqalarini tomosha qilishni yoqtiraman.
Frizbi oʻynayotgan Kris.
Konsertlarga koʻp borib turaman va koʻproq yangi musiqalarni tinglashga harakat qilaman. Ayni paytda “Soʻnggi soya qoʻgʻirchoqlari”ning yangi albomini tinglashdan oʻzimni toʻxtata olmayapman. Menga gitara va boshqa bir nechta asboblarni chalish yoqadi. Mening ayrim sevimli mashgʻulotlarim: biroz mizgʻib olish, pitsa yeyish, maysa ustida yalangoyoq yugurish va doʻstim Brayan Teysenni basketbolda magʻlub etish.

Biologiyaga qiziquvchi odamlar uchun sizning maslahatingiz qanday?

Yangi narsalar bilan shugʻullanib koʻrish uchun koʻplab imkoniyatlardan foydalanib qoling. Oziq-ovqat sohasiga qiziqishimni anglashdan oldin juda koʻp sohalarda oʻzimni sinab koʻrdim, hattoki zooparkda hayvonlarga qarovchi sifatida ham amaliyot oʻtadim.
Yoqtirmay qolishingiz mumkinligidan xavotirlanib yangi fanlarga va turli xil amaliyotlarga qatnashmay qoʻymang. Tadqiqot va rivojlantirish singari toʻgʻri kasb topish ham urinish va xatolarni talab qiladi. Aqlli hamkasbim bir paytlar menga tadqiqot va rivojlantirish qanday ekanini tasvirlab bergan edi: “Shahzodaga duch kelishdan oldin bir nechta qurbaqalarni oʻpib koʻrishingizga toʻgʻri keladi”.