If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Tanishing, Karl Stenoin!

Tanishing, Karl Stenoin, hasharotlar ekologi va faxriy sportchi!

Salom, mening ismim Karl Stenoin!

Sizning kasbingiz nima?

Men Minnesota universiteti monarx laboratoriyasida kapalaklar va ularning ozuqalarini oʻrganaman. Aniqroq qilib aytganda, men oʻlimga olib keladigan parazitlarning bir turi boʻlgan parazitsimon arilarni oʻrganaman. Parazitsimon arilar juda xilma-xil. Aslida, parazitsimon arilarning turlari barcha sutemizuvchilar, baliqlar, qushlar, sudralib yuruvchilar va amfibiyalarning umumiy soniga qaraganda koʻproq! Aksariyat insonlar bular haqida hech qachon eshitmagan, ammo ular hamma joyda bor va ekosistemani tartibga solishda muhim rol oʻynaydi.
Karl dalada kapalak toʻri oldida.
Parazitsimon arilar odamlarni chaqmaydi va ularning aksariyati juda ham mayda. Ular tuxumlarini boshqa hasharotlar ichiga qoʻyadi, bu tuxumlarni yorib chiqqan hasharotlar esa xoʻjayin organizmni ichkaridan yeb bitiradi. Agar ular haqida koʻproq bilmoqchi boʻlsangiz, ushbu veb sahifani tomosha qilishingiz mumkin. Men ushbu parazitsimonlarning evolyutsion rivojlanishiga qiziqaman, ayniqsa, nima uchun ular baʼzi xoʻjayin organizmlarga hujum qiladi-yu, boshqalariga hujum qilmasligi meni hayratga soladi.
Aspirant sifatida men oʻz vaqtimni turli xil narsalarga sarflayman. Koʻpincha laboratoriyada va undan tashqarida kechadigan tajribalarni loyihalashtiraman va oʻtkazaman, maʼlumotlarni tahlil qilaman, shu bilan birga, kompyuterimda ilmiy ishlar yozaman va kollejda biologiya darslarini oʻtaman.
Bu mening YouTubeʼdagi kanalim: https://www.youtube.com/c/carlstenoien. Unda metamorfoz jarayonini boshdan kechirayotgan kapalaklar haqida bir nechta videolar (misol uchun, mana bunga va mana bunga oʻxshash), shuningdek, men oʻrgangan parazitsimon arilar haqidagi videolar (mana bu va mana bunisi) ham mavjud.

Biologiyaga qanday qilib qiziqib qoldingiz va nimalarni oʻrgandingiz?

Bolaligimda mening nonushta paytidagi eng yoqtiradigan mashgʻulotlarimdan biri bu don qutilari, sut kartonlari va dasturxondagi boshqa barcha narsalarning ozuqa tarkibi haqidagi yorliqlarni oʻqish boʻlgan. Menga inson tanasi biologiyasi, ayniqsa, sportchilar biologiyasi (misol uchun, jismoniy mashqlar, ovqatlanish va uyqu kabi narsalar) doimo qiziq boʻlgan va universitetga borganimda sport tibbiyoti shifokori boʻlishni rejalashtirgan edim. Ammo universitetdagi ilk biologiya darsidan keyinoq boshqa koʻplab organizmlar xulq-atvori, fiziologiyasi va evolyutsion tarixi odamlarnikiga qaraganda qiziqarliroq ekanini tushunib yetdim! Shundan soʻng men diqqat-eʼtiborimni sport tibbiyotidan ekologiya va evolyutsion biologiyaga yoʻnaltirdim.
Universitetda 3- va 4-bosqich oraligʻidagi yoz davomida men Virjiniya shtatidagi “Blandy” eksperimental fermasiga borib, bakalavrlar tadqiqot dasturida qatnashish imkoniga ega boʻldim. Men chuchuk suv ekosistemalaridagi amfibiyaga xos kasalliklar va hasharotlar bilan oziqlanadigan hayvonlar ekologiyasini oʻrganishga qaror qildim. Men botqoq yerlarda yurib, yuzlab qiziqarli organizmlar toʻrining har bir burchagida tortib koʻrib, qilayotgan ishimdan zavqlandim. Ushbu loyiha menga parazitlarning juda ham xilma-xil va qiziqarli ekanini hamda ularni nisbatan kam sonli olimlar oʻrganayotganini anglashga imkon berdi. Meni parazitlarga jalb qilgan kitob, bu Karl Zimmerning “Parazit Reks” kitobi boʻlib, uni oʻqishni barchaga tavsiya etaman.

Boʻsh vaqtingizda nimalar bilan shugʻullanasiz?

Garchi men sport tibbiyoti bilan shugʻullanmayotgan boʻlsam-da, hali ham jismoniy faoliyatni juda yaxshi koʻraman! Yiliga velosipedda 4000–5000 km sayohat qilaman, futbol ligalarida oʻynayman, men yugurish va mashqlar davomida oʻzimni juda yaxshi his qilaman.
Universitetda oʻqiyotganimda men ikki kun davom etgan va oʻn xil yoʻnalishni (yugurishdan tortib sakrashgacha boʻlgan hamma narsani) oʻz ichiga olgan dekatlon nomli musobaqada yengil atletika boʻyicha qatnashdim.
Balandlikka sakrash musobaqasida qatnashayotgan Karl.
Turmush oʻrtogʻim Karen va men sayr qilishni, lagerda dam olishni, sayohat qilishni va doʻstlarimiz bilan vaqt oʻtkazishni yaxshi koʻramiz. Men hozir hasharotlarni fotosuratga olishni ham oʻrganyapman!
Karl suratga olgan ov qilayotgan beshiktebratar rasmi.

Biologiyaga qiziquvchi odamlar uchun sizning maslahatingiz qanday?

Biologiya koʻpchilik oʻylaganidan koʻra koʻproq matematik va hisob-kitobga oid bilim-koʻnikmalarni talab qiladi, chunki genlar, hujayralar, organizmlar yoki ekosistemalarni oʻrganishingizdan qatʼi nazar, hozir biz har qanday davrga nisbatan koʻproq maʼlumot mabalariga egamiz. Agar vaqtni orqaga qaytarishning iloji boʻlganida, maktab va universitetda oʻqish davomida matematika va statistikaga koʻproq eʼtibor qaratgan boʻlardim. Ishonasizmi, yoʻqmi, agar men hisoblashga oid maʼlum bir bilimlarni yoki ehtimollik nazariyasini oʻrganishim kerak boʻlsa, Xan akademiyasining videolaridan tez-tez foydalanib turaman!