If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Tanishing, Alisa Lehman!

Tanishing, Alisa Lehman, inson genetikasi fani boʻyicha yozuvchi va havaskor!

Salom, mening ismim Alisa Lehman!

Sizning kasbingiz nima?

Men “23vaMen”da toʻgʻridan toʻgʻri isteʼmolchilar uchun genetik xizmat koʻrsatish boʻyicha mutaxassisman. Mahsulotni oʻrganish boʻyicha guruhning bir aʼzosi sifatida men hisobotlarimizning ilmiy asoslanganini va Oziq-ovqat va dori nazaroti idorasi standartlariga javob berishini taʼminlayman. Shuningdek, men hisobotlarimiz foydalanuvchilar tushunadigan tarzda yozilishini taʼminlashga ham yordam beraman. Men kunning koʻp qismini ilmiy adabiyotlarni oʻqish va baholash, genetik bogʻliqliklarning asosliligini hujjatlashtirish hamda ushbu bogʻliqlikni sodda va tushunarli tilda tushuntirish bilan oʻtkazaman.

Biologiyaga qanday qilib qiziqib qoldingiz va nimalarni oʻrgandingiz?

Oʻrta maktabdagi ilk biologiya darsiga bir necha hafta qatnashganimdan soʻng, menda bu fanga nisbatan qiziqish paydo boʻldi. Menga barcha tirik mavjudotlar bir xil prinsiplarga asosan qurilganligini oʻrganish juda yoqardi. Oʻrta maktabdagi har doim qoʻllab-quvvatlovchi kimyo fani oʻqituvchisi yordamida yozda oʻrta maktab oʻquvchilarini mahalliy universitetning mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi bilan birlashtiruvchi dasturda qatnashishga muvaffaq boʻldim. Laboratoriyada ishlagan oʻsha yozdan keyin men kollejda ham darslarda, ham ilmiy laboratoriyalarda ishlash davomida molekulyar biologiya, mikrobiologiya va genetika boʻyicha bilim-koʻnikma toʻplashni davom ettirdim. Oʻqishni tugatgandan soʻng yangi antibiotiklarni ishlab chiqishga harakat qilayotgan sanoat korxonasida dotsent boʻlib ishladim, keyin esa falsafa doktori darajasini qoʻlga kiritdim.
Aynan magistraturada oʻqish davomida men koʻproq ilmiy tarzda yozish va muloqot qilishni boshladim; Ilm-fan bilan oʻzim shugʻullanishdan koʻra men shu maʼlumotlarni boshqalarga tushuntirib berishni yaxshi koʻrardim va hanuzgacha yaxshi koʻraman. Magistraturada men ilmiy muzeyda (Texnik innovatsiyalar muzeyi) koʻngilli boʻlib yozuv va muloqotga oid koʻnikmalarimni, ham tashrif buyuruvchilar bilan oʻzaro muloqot qilish, ham genetika haqidagi ommaviy savollarga (Genetikdan soʻrang) javoblar yozish orqali kengaytirdim. Hozirgi paytda tadqiqotlarim va yozma hisobotlarim bilan genetikani umumiylashtirib bera olaman.

Boʻsh vaqtingizda nimalar bilan shugʻullanasiz?

Ilm-fan haqidagi hikoyalarni oʻqishdan tashqari, vaqtimning koʻp qismini ovqat pishirishga, doʻstlarim va oila aʼzolarim bilan oʻtkazishga sarflayman. Shuningdek, yugurish yoki piyoda sayr qilish uchun vaqt ajratishni yaxshi koʻraman.
Piyoda sayr qilayotgan Alisa.

Biologiyaga qiziquvchi odamlar uchun sizning maslahatingiz qanday?

Oʻrganing, oʻrganing, oʻrganing. Biologiya juda koʻp turli xil fanlarni oʻz ichiga oladi. Tabiat qoʻynida ishlash yoqadimi? Ehtimol, ekologiya sohasidagi ishlar sizga yoqar. Odamlar va boshqa hayvonlar qanday fikrlashlari sizni qiziqtiradimi? Unday boʻlsa, nevrologiya sizga toʻgʻri kelishi mumkin. Barcha tirik mavjudotlar qanday ishlashining asoslarini oʻrganmoqchimisiz? Genetika yoki biokimyo sizning eng sevimli mashgʻulotingiz boʻlishi mumkin.
Agar siz biologiya sohasidagi mutaxassislikni tanlagan boʻlsangiz ham, sizning kasbingiz ochiq dalada ishlashdan tortib oʻrta maktab yoki universitetlarda oʻqituvchilik qilish, biotexnika yoki dori ishlab chiqarish kompaniyasida, marketingda yoki laboratoriyada ishlash, biznesni rivojlantirish yoki ilmiy yozishgacha boʻlgan vazifalarni oʻz ichiga olishi mumkin. Qoʻlingizdan kelgancha hammasiga urinib koʻrishga vaqt ajrating; qiziquvchanlik va mantiqiy fikrlash qobiliyati qayerda ishlashingizdan qatʼi nazar, sizni rivojlantiradigan eng muhim qobiliyatlar hisoblanadi.