If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Lipidlar

Lipidlar bilan umumiy tanishish, yogʻlar va moylar, toʻyingan va toʻyinmagan yogʻlar, triglitseridlar (triglitserollar), fosfolipidlar va steroidlarni yaqindan koʻrib chiqish.

Kirish

Baʼzan biz yogʻni parhezimizni buzuvchi zararli modda sifatida gapiramiz. Aslida yogʻlar kichikkina molekulalardir, ularning har biri glitserin deb ataladigan kiyim ilgichga oʻxshash struktura hosil qiluvchi molekulaga birikkan uchta uzun uglevodorod dumchalaridan hosil boʻladi. Boshqa biologik molekulalarga oʻxshab, ular ham insonlar va boshqa organizmlar biologiyasida muhim rol oʻynaydi. (Soʻnggi vaqtlardagi parhez tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, shakar yogʻdan koʻra koʻproq sogʻliq bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻlar ekan!)
Yogʻlar suv bilan yaxshi aralashish xususiyatiga ega boʻlmagan molekulalar toifasi boʻlgan lipidlarning bir turi hisoblanadi. Lipidlar gidrofob, qutbsiz va asosan uglevodorod zanjirlaridan iborat boʻladi. Lipidlarning turlari organizmlarda har xil strukturalarga ega va shunga mos ravishda organizmlarda turli vazifalarni bajaradi. Misol uchun, lipidlar energiya saqlaydi, izolyatsiyani taʼminlaydi, hujayra membranalarini tashkil qiladi, yaproqlarda suv oʻtkazmaydigan qatlamlarni hosil qiladi va testosteron kabi gormonlarning tarkibiy qismlarini ham taʼminlaydi.
Bu yerda biz yogʻlar va moylar, mumlar, fosfolipidlar va steroidlarni oʻz ichiga oluvchi lipidlarning eng muhim turlarini batafsil koʻrib chiqamiz.

Yogʻlar va moylar

Yogʻ ikki turdagi qismdan iborat: glitserin asosi va uchta yogʻ kislotasi dumchasi. Glitserin uchta gidroksil (OH) guruhi boʻlgan kichik organik molekuladir, yogʻ kislotasi boʻlsa karboksil guruhiga birikkan uzun uglevodorod zanjiridan iborat. Odatda yogʻ kislotasi 12-18 ta ugleroddan tarkib topadi, ammo baʼzilarida bor-yoʻgʻi 4 ta yoki 36 tagacha uglerod boʻlishi mumkin.
Yogʻ molekulasini hosil qilish uchun glitserin asosidagi gidroksil guruhlar degidratlanish reaksiyasi natijasida yogʻ kislotalarining karboksil guruhlari bilan reaksiyaga kirishadi. Bu esa uchta dumchali yogʻ kislotasi molekulasini glitserin asosiga murakkab efir bogʻlari (karbonil yoki C = O guruhi yonida kislorod atomi joylashgan bogʻlar) orqali bogʻlaydi. Triglitseridlar uchta bir xil yoki uchta har xil va turli uzunlikdagi yogʻ kislotasi dumchalaridan tuzilgan boʻlishi mumkin.
Glitserin asosi va uchta yogʻ kislotasi zanjiridan iborat triatsilglitserin molekulasi sintezi, suvning uchta molekulasi ajralib chiqishi.
Grafik material OpenStax CNX Biologyʼdan oʻzgartirib olindi.
Yogʻ molekulalari triatsilglitserinlar yoki shifokorlar tilida triglitseridlar deb ham ataladi. Inson tanasida triglitseridlar asosan adipotsit deb nomlanuvchi maxsus yogʻ hujayralarida saqlanadi. Adipotsitlar adipoz toʻqimalarini hosil qiladistart superscript, 1, end superscript. Koʻplab yogʻ kislotalari yogʻ molekulalarida uchrasa, ularning baʼzilari tanada erkin ham uchraydi va ularga lipidning bir turi sifatida qaraladi.

Toʻyingan va toʻyinmagan yogʻ kislotalari

Yuqoridagi misolda koʻrsatilganidek, triglitserid yogʻ kislotasining uchta dumchasi bir-biriga oʻxshamaydi. Yogʻ kislotasi zanjirlari uzunligi, shuningdek, ularning toʻyinmaganlik darajasiga koʻra farq qiladi.
  • Uglevodorod zanjiridagi qoʻshni uglerodlar faqatgina oddiy bogʻlarni hosil qilgan boʻlsa, yogʻ kislotasi toʻyingan deb aytiladi. (Yogʻ kislotalari vodorodga toʻyinadi, toʻyingan yogʻda iloji boricha koʻproq vodorod atomlari uglerod skeletiga birikadi.)
  • Uglevodorod zanjirida qoʻshbogʻ boʻlsa, yogʻ kislotasi toʻyinmagan hisoblanadi, chunki endi unda vodorodlar soni kam boʻladi. Yogʻ kislotasida faqat bitta qoʻshbogʻ boʻlsa, u mono-toʻyinmagan; bir nechta qoʻshbogʻ boʻlganda esa u poli-toʻyinmagan deyiladi.
Toʻyinmagan yogʻ kislotalaridagi qoʻshbogʻlar boshqa turdagi qoʻshbogʻlar singari sis yoki trans konfiguratsiyasida mavjud boʻlishi mumkin. Sis konfiguratsiyasida bogʻ hosil qilgan ikkita vodorod bir tomonda, trans konfiguratsiyada esa qarama-qarshi tomonda joylashadi (quyida koʻrsatilgan). Sis qoʻshbogʻ yogʻ kislotasida burchakli strukturani hosil qiladi va bu yogʻlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan xususiyatdir.
Toʻyingan yogʻ kislotasiga misol: stearin kislotasi (toʻgʻri zanjir). Toʻyinmagan yogʻ kislotasiga misol: sis olein kislotasi (sis qoʻshbogʻ, burchaksimon zanjir), trans olein kislotasi (trans qoʻshbogʻ, toʻgʻri zanjir).
Grafik material OpenStax Biologyʼdan olindi.
Toʻyingan yogʻ kislotalari dumchalari toʻgʻri chiziq shaklida boʻladi, shuning uchun toʻyingan dumchali yogʻ molekulalari bir-biriga zich joylashadi. Ushbu zich joylashish xona haroratida (nisbatan yuqori erish haroratiga ega boʻlganda) yogʻlar qattiq boʻlishini taʼminlaydi. Misol uchun, sariyogʻda yogʻning katta qismi toʻyingan boʻladisquared.
Aksincha, sis-toʻyinmagan yogʻ kislotasi dumchalari oʻzining sis qoʻshbogʻi sababli burchakli strukturani hosil qiladi va bu bir yoki undan koʻproq sis-toʻyinmagan yogʻ kislotasi dumchalarining zich joylashuvini qiyinlashtiradi. Shunday qilib, toʻyinmagan dumchali yogʻlar – biz biladigan oʻsimlik moylari xona haroratida (nisbatan past erish haroratida) suyuqlik koʻrinishida boʻladi. Misol uchun, zaytun moyi asosan toʻyinmagan yogʻlardan tashkil topgansquared.

Transyogʻlar

Shu joyda bir narsa eʼtibordan chetda qolganini sezgan boʻlsangiz kerak. Trans yogʻlar yoki yogʻ kislotasi dumchalaridagi trans qoʻshbogʻli toʻyinmagan yogʻlar haqida toʻxtalib oʻtmadik. Trans yogʻlar aslida tabiatda juda kam uchraydi, ammo qisman gidrirlash yoʻli bilan sanoat jarayonlarida osongina ishlab chiqariladi.
Ushbu jarayonda vodorod gazi (asosan sis-toʻyinmagan yogʻlaridan tarkib topgan) moylardan oʻtkaziladi va qoʻshbogʻlarning baʼzilarini oddiy bogʻlarga aylantiradi. Qisman gidrirlashdan maqsad yogʻlarga xona haroratida qattiq holda boʻlish kabi toʻyingan yogʻlarga xos baʼzi xossalarni berishdir, ammo kutilmagan tarzda sis qoʻshbogʻlarining baʼzilari oʻz konfiguratsiyasini oʻzgartirib, trans qoʻshbogʻga aylanadicubed. Trans-toʻyinmagan yogʻ kislotalari yanada zichroq joylashadi va xona haroratida ham qattiq boʻladi. Misol uchun, margarinning ayrim turlari katta miqdorda trans yogʻlardan tarkib topgancubed.
Qisman gidrirlash va trans yogʻlar sariyogʻsifat mahsulotlarni arzon narxlarda ishlab chiqarishning oson yoʻli boʻlib koʻrinishi mumkin. Afsuski, trans yogʻlar inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatar ekan. Trans yogʻlar va yurak qon-tomir kasalliklari oʻrtasida kuchli bogʻliqlik sababli AQSH oziq-ovqat va dori administratsiyasi (FDA – US Food and Drug Administration) yaqindagina oziq-ovqatlar tarkibida trans yogʻlar boʻlishiga nisbatan taqiq qoʻydi. Kompaniya va firmalarga oʻz mahsulotlari tarkibidan trans yogʻlarni chiqarib tashlash uchun 3 yillik muhlat berildistart superscript, 4, end superscript.

Omega yogʻ kislotalari

Yogʻ kislotalarining eslatib oʻtishga arziydigan yana bir sinfi omega-3 va omega-6 yogʻ kislotalarini oʻz ichiga oladi. Omega-3 va omega-6 yogʻ kislotalarining uch xil turi mavjud, ammo bularning barchasi ikkita muhim shakldan hosil boʻladi: linolen kislotasi omega-6 uchun va alfa-linolen kislotasi omega-3 uchun.
Inson tanasi bu molekulalar (va ularning hosilalari)ga muhtoj, ammo alfa linolen kislotasini ham, linolen kislotasini ham sintezlay olmaydistart superscript, 5, end superscript. Shunga koʻra alfa-linolen kislotasi va linolen kislotalari muhim yogʻ kislotalari sifatida tasniflanadi va ratsionimizdan oʻrin olishi juda muhim. Losos kabi baʼzi baliq turlari, chia va zigʻir donlari omega-3 yogʻ kislotasining manbaidir.
Omega-3 va omega-6 yogʻ kislotalari kamida ikkita sis-toʻyinmagan bogʻlardan iborat boʻladi. Quyida koʻrsatilgan alfa-linolen kislotasi biroz egri shakl hosil qilgan. Alfa-linolen kislotasi qoʻshimcha qoʻshbogʻlarning hosil boʻlishidan 6 ta sis-toʻyinmagan qoʻshbogʻ va yarim aylana shaklini hosil qilgan omega-3 – dokozageksaen kislotasiga misol boʻladi.
Rasmda alfa-linolen kislotasi va uning uchta sis qoʻshbogʻi yarim aylana shaklini hosil qilgani koʻrsatilgan.
Grafik material OpenStax Biologyʼdan olindi.
Omega-3 va omega-6 yogʻ kislotalari tanada bir qancha vazifalarni bajaradi. Ular bir qator muhim signal uzatuvchi molekulalar, shuningdek, yalligʻlanish va kayfiyatni boshqaruvchi molekulalarni sintezlash uchun asos (boshlangʻich material) boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, omega-3 yogʻ kislotalari yurak xurujida toʻsatdan oʻlim xavfini hamda qondagi triglitseridlar miqdorini kamaytiradi, qonbosimni tushiradi va tromblar (qon laxtalari) paydo boʻlishining oldini oladi.

Yogʻlarning ahamiyati

Yogʻlar juda zararli deb aytiladi va bu toʻgʻri. Chunki juda koʻp miqdorda qovurilgan va boshqa “yogʻli” taomlarni tanovul qilish ortiqcha vazn paydo boʻlishiga va sogʻligʻimiz bilan bogʻliq muammolarga sabab boʻladi. Shu bilan birga, yogʻlar tana uchun kerakli va bir qancha muhim vazifalarni ham bajaradi.
Misol uchun, bir qancha vitaminlar yogʻda eruvchandir, yaʼni bu vitaminlar tanada yaxshi soʻrilishi uchun yogʻ molekulalari bilan bogʻlanadi. Shuningdek, yogʻlar energiyani uzoq vaqt mobaynida saqlab beradi, ular uglevodlarga nisbatan ikki baravar koʻproq energiya saqlaydi, shu bilan birga, tana uchun izolyatsiyani ham taʼminlaydi.
Boshqa barcha yirik biologik molekulalar singari, muayyan miqdordagi yogʻlar tanamizning (va boshqa organizmlarning jismlarini) toʻgʻri ishlashi uchun zarurdir.

Mumlar

Mumlar – lipidlarning yana bir biologik jihatdan muhim boʻlgan turi. Baʼzi suv qushlarining patlari va ayrim oʻsimliklarning barglari mum bilan qoplangan boʻlib, uning gidrofob (suv oʻtkazmaydigan) xossalari suvni soʻrib olish yoki suvda ivib qolishning oldini oladi. Shuning uchun koʻplab oʻsimliklarning barglarida suv tomchi boʻlib qoladi va yomgʻir yogʻayotgan paytda ham ayrim qushlar ivib ketmaydi.
Mum bilan qoplangan yorqin barg yuzasi tasviri.
Grafik material OpenStax Biologyʼdan olindi.
Struktura jihatidan mumlar odatda murakkab efir bogʻlari orqali spirtlarga bogʻlangan uzun yogʻ kislotalari zanjirlarini oʻz ichiga oladi, oʻsimliklarda hosil boʻlgan mumlar koʻpincha oddiy uglevodorodlar bilan ham yaxshi aralashadistart superscript, 6, end superscript.

Fosfolipidlar

Hujayra ichidagi suyuq shilimshiq modda (sitozol)ni nima himoyalab turadi? Hujayralar plazmatik membrana bilan qoplangan boʻlib, u hujayraning ichki muhiti va atrofdagi muhitdan toʻsiq boʻlib xizmat qiladi.
Fosfolipidlar deb nomlanuvchi lipidlar plazmatik membrananing asosiy komponenti hisoblanadi. Yogʻlar kabi ular ham odatda glitserin asosiga birikkan yogʻ kislotalari zanjirlaridan iborat. Fosfolipidlarda odatda ikkita yogʻ kislotasi dumchalari bor va glitserin asosining uchinchi uglerodini modifikatsiyalangan fosfat guruhi egallagan. Turli xil fosfolipidlar fosfat guruhida har xil modifikatorlarga ega, xolin (azotli saqlovchi birikma) va serin (aminokislota) bularga umumiy misol boʻladi. Modifikatorlar fosfolipidlarga turli xossa va funksiyalarni beradi.
Fosfolipid strukturasi: yogʻ kislotasining gidrofob dumlari va gidrofil boshchasi (murakkab efir bogʻlari, glitserin asosi, fosfat guruhi va fosfat guruhiga biriktirilgan R guruhni oʻz ichiga oladi) koʻrsatilgan. Ikki qavat boʻylab tizilgan fosfolipidlardan iborat qoʻshqavatli membrana, yogʻ kislota boshchasi tashqi tomonga yuzlangan, yogʻ kislota dumi esa oʻrtada joylashgan.
Grafik material OpenStax CNX Biologyʼdan oʻzgartirib olindi.
Fosfolipid – amfipat molekula, yaʼni unda gidrofob va gidrofil qismlar mavjuddir. Yogʻ kislotasi zanjirlari gidrofob boʻlib, suv bilan aralashmaydi, fosfat saqlovchi guruh esa (oʻzidagi zaryad tufayli) gidrofildir va suv bilan taʼsirlashadi. Membranada fosfolipidlar qoʻshqavatli strukturani hosil qiladi, ularning fosfat boshchalari suvga yuzlanadi va dumchalari ichki tomonga yoʻnaladi (yuqoridagi rasmga qarang). Bunday joylashuv gidrofob dumchalarga suv tegishining oldini olib, uni past energiyali va barqaror tartibga aylantiradi.
Agar bir tomchi fosfolipid suvga tomizilsa, u oʻz-oʻzidan mitsella deb nomlanuvchi shar shaklidagi strukturani hosil qilishi mumkin, undagi gidrofil fosfat boshchalari tashqi tomonga yuzlanadi, yogʻ kislotalari esa ichki yuzada qoladi. Mitsellaning hosil boʻlishi energetik jihatdan afzaldir, chunki u gidrofob yogʻ kislota dumchalarini berkitib, gidrofil fosfat boshchalarining atrofdagi suv bilan oʻzaro taʼsirlanishiga imkon beradi.

Steroidlar

Steroidlar lipid molekulalarning yana bir sinfidir. Steroidlar toʻrtta halqaning birlashishidan hosil boʻlgan strukturani namoyon qiladi. Struktura jihatidan ular boshqa lipidlarga oʻxshamasa-da, ular suvda eruvchan boʻlmagani va gidrofobligi sababli lipidlar turkumiga kiritiladi. Barcha steroidlarda toʻrtta bir-biriga bogʻlangan uglerod halqalari mavjud va ularning koʻpchiligida, jumladan, xolesterinda ham kaltagina dumcha bor. Shuningdek, koʻpgina steroidlar quyida xolesterin misolida koʻrsatilganidek, OH funksional guruhiga ega; bunday steroidlar spirtlar sifatida ham turkumlanadi va shuning uchun sterollar deb nomlanadi.
Steroidlarga misol: xolesterin va kortizol. Har ikkisida ham toʻrtta birlashgan uglevodorod halqalari mavjud.
Grafik material OpenStax Biologyʼdan olindi.
Xolesterin eng koʻp uchrovchi steroid boʻlib, asosan jigarda sintezlanadi va koʻpgina steroid gormonlar uchun boshlangʻich asos hisoblanadi. Bularga jinsiy bezlar (urugʻdon va tuxumdon)da ajralib chiqadigan jinsiy gormonlar – testosteron va estradiol kiradi. Xolesterin tanadagi boshqa muhim molekulalar, jumladan, D vitamini va safro kislotalari uchun boshlangʻich modda sifatida ham xizmat qiladi, bu esa oziq-ovqatlardagi yogʻlarni hazm qilish va tanada soʻrilishiga yordam beradi. Shuningdek, u hujayra membranalarining asosiy tarkibiy qismi boʻlib, ularning oquvchanligi va dinamikasini oʻzgartiradi.
Albatta, xolesterin qon tarkibida ham uchraydi va qondagi xolesterin darajasi haqida biz shifokorlardan yoki yangilik xabarlarida ham tez-tez eshitib turamiz. Qondagi xolesterin yurak-qontomir tizimiga (oʻzining yuqori zichligida) himoyalovchi taʼsir koʻrsatishi ham, (oʻzining past zichligida) salbiy taʼsir koʻrsatishi ham mumkin.