If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Turlar va turlanish

Turlarning taʼrifi qanday ekanligi. Yoʻq boʻlib ketgan turlardan yangi turlar qanday vujudga kelishi.

Asosiy tushunchalar

  • Biologik tur konsepsiyasiga koʻra, agar organizmlar bir-biri bilan erkin chatishib, yashovchan va nasl beradigan zurriyot qoldirsa, ular bir turga mansub hisoblanadi.
  • Boshqa turlar bir-biridan prezigot va postzigot toʻsiqlar bilan ajralib turadi hamda bu ularning juftlashib, yashovchan, nasl beruvchi zurriyot qoldirishiga yoʻl qoʻymaydi.
  • Turlanish bu yangi turlar paydo boʻlishi jarayonidir. Bu jarayon organizmlar guruhi reproduktiv jihatdan yakkalanib, ajralib ketganda sodir boʻladi.
  • Allopatrik turlanishda ajdod tur avlod turlarga uzoq davom etgan geografik ajralish natijasida evolyutsion jihatdan rivojlanadi.
  • Simpatrik turlanishda bitta ajdod tur alohida turlarga hech qanday geografik jihatdan ajralishlarsiz evolyutsion rivojlanadi.

Kirish

Qaysidir darajada, tur tushunchasi juda intuitivdir. Siz odam, katta panda yoki kungaboqar kabi organizmlarni ularning belgilariga asosan turli guruhlarga boʻla olishingiz uchun zoolog boʻlishingiz shart emas. Ushbu usul tekshirilayotgan turlar bir-biridan katta farq qilganda juda qoʻl keladi. Katta ehtimol bilan siz hech qachon panda bilan kungaboqarni adashtirib yubormasangiz kerak (agar juda kuchli koʻzoynaklarga ehtiyojingiz boʻlmasa, albatta!)
Ammo chuqur oʻylab koʻrilsa, turni aynan nima turga aylantiradi? Oʻxshash organizmlar odatda bir turga mansub boʻladi, lekin doim ham emas. Masalan, men quyida keltirilgan Afrika baliqxoʻr burgutini Shimoliy Amerika oqbosh suvburgutdan ajrata olmayman. Ammo ular boshqa-boshqa turlardir.
Ayrim turlar bir-biriga juda oʻxshash boʻladi. Misol uchun, Afrika baliqxoʻr burguti va oqbosh suvburgut boshqa-boshqa turlar boʻlsa-da, ular bir-biriga juda oʻxshash.
Manba: OpenStax College, Biology CC BY 4.0ʼga tegishli “Formation of new species: Figure 2” (Yangi turlarning paydo boʻlishi: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Boshqa tarafdan qaraganda esa bir turga mansub organizmlar bir-biridan keskin farq qilishi mumkin. Misol uchun, itlarning turli koʻrinish va kattalikdagi vakillari mavjud: kichik Chihuahuadan to yirik Daniya itigacha. Ammo ularning barchasi bitta tur – canis familiaris xonaki itlar turiga mansub.
Bir turga mansub organizmlar tashqi koʻrinish jihatidan bir-biridan katta farq qilishi mumkin. Misol uchun, yirik Daniya iti va Chihuahua bitta tur – xonaki itlar turiga kiradi. Ammo birinchi vakil ikkinchisidan ancha katta.
Manba: “Big and little dog” (Katta va kichkina it) / Ellen Levy Finch, CC BY-SA 3.0
Agar tashqi koʻrinish turlarni bir-biridan aniq ajrata olmasa, unda bu vazifani nima bajara oladi? Hayvonlar, oʻsimliklar va zamburugʻlar kabi eukariotlarni olimlar oʻzaro chatisha olish xususiyatiga koʻra turlarga ajratishadi. Yaʼni agar organizmlar bir-biri bilan muvaffaqiyatli chatisha olsa, ular bir turga mansub sanaladi.
Ushbu maqolada turlar qanday taʼriflanishi haqida chuqurroq bilib olamiz. Bundan tashqari, biz turlanish – yangi turlar paydo boʻlishini ham koʻrib chiqamiz.

Biologik tur tushunchasi

Turlarning eng keng tarqalgan taʼrifi – biologik tur konsepsiyasiga koʻra, tur deb oʻzaro erkin chatisha oladigan hamda yashovchan, nasl bera oladigan zurriyot qoldiruvchi organizmlar guruhiga aytiladi.
Ushbu taʼrifga koʻra, bir tur vakillari oʻzaro chatishish qobiliyatiga ega. Lekin bu amalda ham ular oʻzaro chatishuvchi guruh aʼzolari boʻlishini anglatmaydi. Misol uchun, Avstraliya va Afrikada yashovchi itlarning bir-biri bilan uchrashish ehtimolligi juda kam, lekin ular chatishsa, oʻzlaridan nasl qoldira oladi.
Biologik tur konsepsiyasiga asosan, bir turga mansub deb hisoblanish uchun oʻzaro chatishishdan tashqari, ularning zurriyotlari sogʻlom va nasl bera oladigan boʻlishi ham kerak. Baʼzan har xil turga mansub individlar oʻzaro chatishib, sogʻlom avlod qoldira olsa-da, ushbu avlod bepusht boʻladi, yaʼni koʻpaymaydi.
Misol uchun, urgʻochi ot va erkak eshak chatishganda ulardan xachir deb ataluvchi gibrid avlod tugʻiladi. Quyidagi suratda keltirilgan xachir juda sogʻlom boʻlib, uzoq umr koʻra olsa-da, u bepusht va oʻzidan avlod qoldira olmaydi. Shu sababli ot va eshak boshqa-boshqa turlar sanaladi.
Gibridlar ikkita turning qoʻshilishidan hosil boʻlgan avlodlardir. Xachir urgʻochi ot va erkak eshakning gibrid avlodi sanaladi. Xachirlar bepusht boʻlgani sababli ular alohida tur hisoblanmaydi.
Manba: “Juancito” / Dario u (public domain)
Biologik tur konsepsiyasi tur tushunchasini evolyutsiya jarayoni bilan bogʻlaydi. Umumiy olib qaraganda, bir tur vakillari oʻzaro chatisha olgani sababli turda umumiy genofond – gen variantlarining jamlanmasi mavjud boʻladi.
Ikkinchi tomondan qaraganda, har xil turlar genlarini oʻzaro almashtira olmaydi. Baʼzan har xil tur vakillari chatishib, DNKsini qoʻsha olsa-da, hosil boʻlgan avlod bepusht boʻlib, ushbu kombinatsiyani keyingi avlodlarga oʻtkaza olmaydi. Genlar oqimidagi ushbu toʻsiq tufayli har bir tur boshqa turlardan alohida guruh sifatida evolyutsion jihatdan rivojlanadi.

Turlarni bir-biridan nima ajratib turadi?

Biologik tur konsepsiyasi organizmlarni oʻzaro chatishib, sogʻlom, koʻpaya oladigan nasl bera olish yoki olmasligi asosida bir turga kiritadi. Ammo nima sababdan har xil tur vakillari oʻzaro chatisha olmaydi? Oʻsimlik va hayvon kabi bir-biridan oʻta farq qiladigan turlar uchun bu savol oʻrinsiz koʻrinishi mumkin, ammo yuqorida keltirilgan ot va eshak kabi turlar uchun javobni topish unchalik oson emas.
Umuman olganda, turlar reproduktiv izolyatsiya mexanizmlari deb ataluvchi toʻsiqlar sababli oʻzaro chatishib, sogʻlom, koʻpaya oladigan nasl qoldira olmaydi.
Ushbu toʻsiqlar taʼsir muddatiga qarab ikki guruhga: prezigotik va postzigotik toʻsiqlarga boʻlinadi.

Prezigotik toʻsiqlar

Prezigotik toʻsiqlar boshqa-boshqa tur vakillarining qoʻshilishidan bir hujayrali embrion – zigotaning hosil boʻlishiga xalaqit beradi. Quyida ayrim misollarni koʻrib chiqamiz:
  • Ikki tur vakillari turli muhitlarda yashab, bir-birini uchratmasligi mumkin. Bunday holat yashash joyi boʻyicha izolyatsiyalanish deb ataladi.
  • Ikki tur kun yoki yilning turli paytlarida koʻpaygani sababli juft tanlash vaqtida bir-birini uchratmasligi mumkin. Bu holat mavsumiy (yoki vaqt bilan bogʻliq) izolyatsiya deb ataladi.
  • Ikki turda turlicha juftlashish odatlari yoki talablari boʻlib, bir-birini “jalb eta olmasligi“ mumkin. Bu holat xulq-atvor tufayli izolyatsiyalanish deb ataladi.
  • Ikki tur hosil qilgan tuxum hujayra va spermatozoid qoʻshilish paytida uchrashsa ham, urugʻlanish sodir boʻlmasligi mumkin. Bu holat gametali izolyatsiya deb ataladi.
  • Ikki turning koʻpayish organlari shunchaki bir-biriga mos tushmasligi mumkin. Bu holat mexanik izolyatsiya deb ataladi.
Bular prezigotik toʻsiqlarga misol boʻladi, chunki ular gibrid zigota hosil boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.

Postzigotik toʻsiqlar

Postzigot toʻsiqlar ikki tur vakillari qoʻshilishidan hosil boʻlgan gibrid, bir hujayrali embrion – zigotaning sogʻlom, nasl qoldira oladigan yetuk organizm boʻlib yetishishiga toʻsqinlik qiladi. Postzigot toʻsiqlar koʻpincha gibrid embriondagi xromosomalar toʻplamining oʻzaro mos kelmasligi yoki toʻliq maʼlumot saqlamasligi bilan bogʻliq boʻladi.
Ayrim holatlarda xromosoma kombinatsiyalarining mos kelmasligi embrionning oʻlimiga olib kelsa, ayrim holatlarda nosogʻlom individ tugʻilishiga olib keladi. Boshqa holatlarda esa gibrid organizm sogʻlom boʻladi, lekin u xromosomalarni tuxum hujayra va spermatozoidlarga teng boʻla olmagani sababli bepusht boʻladi. Shu sababli xachirlar bepusht boʻladi4.
Prezigot va postzigot toʻsiqlar nafaqat turlarning alohidaligini taʼminlaydi, balki quyida berilganidek yangi turlar paydo boʻlishiga ham yordam beradi.

Yangi turlar qanday kelib chiqadi?

Yangi turlar turlanish deb ataluvchi jarayonda paydo boʻladi. Turlanish jarayonida ajdod tur ikki yoki undan koʻproq yangi turlarga rivojlanib, ular orasida irsiy farqlar paydo boʻladi va oʻzaro chatishish qobiliyatini yoʻqotadi.
Darvin turlanishni shoxlanishga qiyos qilgan. U ushbu jarayonni shu qadar muhim deb hisoblaganki, quyida chapda berilgan suratni oʻzining mashhur “Turlarning kelib chiqishi” kitobidagi yagona rasm sifatida keltirgan. Darvin fikrining zamonaviy talqini sifatida fillarning evolyutsiya davomida kelib chiqishi oʻng tomonda daraxt koʻrinishida keltirilgan.
Manba: Formation of new species: Figure 3 (Yangi turlarning paydo boʻlishi: 3-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Tur paydo boʻlishi uchun dastlabki populyatsiyadan yangi populyatsiyalar paydo boʻlib, ular shunday rivojlanishi kerakki, ikki yangi populyatsiya orasida oʻzaro chatishishning imkoni boʻlmasligi lozim. Biologlar turlanish sodir boʻlishini ikki katta guruhga ajratadi:
  • Allopatrik turlanish (“allo” – oʻzga, “patrik” – vatan degan maʼnoni anglatadi) avlod populyatsiyalarning ota-ona turlaridan geografik jihatdan ajralishi va ularning keyingi evolyutsiyasini oʻz ichiga oladi.
  • Simpatrik turlanish (“sim” – bitta, “patrik” – vatan soʻzlaridan olingan) avlod populyatsiyalarning ota-ona turlar bilan bir joyda qolishi va ulardan yangi turlar rivojlanishini oʻz ichiga oladi.
Keling, turlanish sodir boʻlishining ushbu yoʻllari va ular qanday kechishini chuqurroq koʻrib chiqamiz.

Allopatrik turlanish

Allopatrik turlanishda ajdod tur togʻ tizimi, koʻchki yoki daryo singari uzoq davom etadigan geografik toʻsiqlar natijasida ajralib chiqqan populyatsiyalarning mustaqil rivojlanishi tufayli yangi ikki yoki undan ortiq avlod turlarga aylanadi.
Baʼzan lava oqimi kabi omillar populyatsiyalar hududini oʻzgartirib, ularni alohida guruhlarga boʻlib yuboradi. Baʼzan esa populyatsiyaning ayrim vakillari oldindan mavjud boʻlgan toʻsiqlardan oʻtib, populyatsiyadan ajralib chiqadi. Misol uchun, qitʼa populyatsiya vakillari biror-bir parcha ustida suzib, biror-bir orolga oqib borib qolsa, populyatsiyadan ajraladi.
Reproduktiv jihatdan ajralgan guruhlarda irsiy divergensiya kuzatilishi mumkin. Yaʼni bir necha avlodlar almashgandan keyin ushbu guruhlar irsiy materiallari va nasldan naslga oʻtuvchi belgilari bilan bir-biridan farq qila boshlaydi. Irsiy divergensiya muhitga moslashgan belgilarning tanlanishini taʼminlovchi tabiiy tanlanish va genlar dreyfi kabi evolyutsion kuchlar tufayli yuzaga keladi.
Ushbu guruhlar divergensiyalanar ekan, ularda prezigot yoki postzigot toʻsiq boʻlishi mumkin boʻlgan yangi belgilar yuzaga kela boshlaydi. Misol uchun, bir guruh katta tanaga, ikkinchi guruh esa kichik tanaga ega boʻlib boradi. Agar ushbu populyatsiyalar keyinroq qayta birlashsa, individlar jismonan qoʻshila olmaydi, chunki endi prezigot toʻsiq paydo boʻldi.
Agar reproduktiv toʻsiqlar yetarli darajada kuchli boʻlsa, unda genlar oqimi toʻxtaydi va guruhlar oʻzlarining alohida yoʻllari bilan rivojlana boradi. Yaʼni ular geografik toʻsiqlar olib tashlangandan keyin ham bir-birlari bilan genlarini almashina olmaydi. Shu nuqtaga kelib ushbu guruhlar alohida tur deb hisoblanishi mumkin.

Tematik vaziyat: olmaxonlar va Katta Kanyon

Katta Kanyon million yillar davomida Kolorado daryosining taʼsiri natijasida oʻyiqlar hosil qilib borgan. Kanyon paydo boʻlishidan oldin hududda faqat bir turdagi olmaxon yashagan. Kanyon chuqurlashgan sari shimol va janub tomondagi olmaxonlarning ikkinchi tomonga oʻtishi qiyinlashib borgan.
Arizona shtatida joylashgan Katta Kanyon million yillar davomida Kolorado daryosining taʼsiri natijasida oʻyiqlar hosil qilib borgan. Kanyon chuqurlashgan sari u ikki tomondagi olmaxon populyatsiyalari orasida geografik toʻsiq boʻla boshlagan. Allopatrik turlanish natijasida olmaxonlarning ikki turi rivojlanib chiqqan.
Manba: Toroweap sunrise (Torovip vodiysida tong otishi) / John Fowler, CC BY 2.0
Oxir-oqibat kanyon juda chuqurlashib, olmaxonlarning ikki tomondagi populyatsiyalari bir-biridan toʻliq ajralgan. Shimol va janubdagi olmaxon populyatsiyalari chuqur kanyon toʻsigʻi tufayli bir-biridan reproduktiv jihatdan ajralgan va nihoyat, ular mustaqil tur boʻlib rivojlangan5.
Allopatrik turlanish natijasida Katta Kanyonning janub tomonida Harris antilopa olmaxonlari rivojlangan.
Allopatrik turlanish natijasida Katta Kanyonning shimol tomonida oq dumli antilopa olmaxonlari rivojlangan.
Manba: Chapda Ryan Johnston, CC BY 2.0ʼga tegishli “Ammospermophilus harrisii” nomli rasm; oʻngda esa Jarek Tuszynski, CC BY-SA 3.0ʼga tegishli “Ammospermophilus leucurus” nomli rasm oʻzgartirib olindi.

Simpatrik turlanish

Simpatrik turlanishda organizmlar ajdodlari yashagan bitta hududda hech qanday geografik toʻsiqlarsiz reproduktiv jihatdan ajraladi va yangi turlarga aylanadi.
Dastlab bu fikr ahmoqona tuyulishi mumkin, ayniqsa, allopatrik turlanishni koʻrib chiqqandan soʻng. Nima sababdan populyatsiyadagi ayrim guruhlar bir joyda yashasa-da, oʻzaro chatishmay qoʻyadi?
Simpatrik turlanish bir necha xil yoʻllar bilan kechishi mumkin. Lekin koʻp uchraydigan mexanizmlardan biri – asosan oʻsimliklarda – bu hujayra boʻlinish paytida xromosomalarni ajratishdagi xatolikdir. Keling, jarayonga yaqinroq nazar tashlaymiz.

Poliploidiya

Poliploidiya bu bir juft xromosoma toʻplamidan koʻproq xromosomalarni saqlash holatidir. Odam va hayvonlardan farqli ravishda oʻsimliklar xromosoma toʻplamlari – ploidiyadagi oʻzgarishlarga chidamli boʻladi. Bu oʻsimliklarda simpatrik turlanish sodir boʻlishi vositasidir.
Poliploidiya qanday qilib yangi turlar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin? Misol tariqasida bir juft xromosoma toʻplami tutgan diploid 2n oʻsimliklar populyatsiyasida ikki juft xromosomalar yigʻindisiga ega tetraploid 4n oʻsimlik paydo boʻldi, deb faraz qilaylik.
Bunday tetraploid oʻsimlik meyoz jarayonidagi xromosomalar ajralishidagi xatolik tufayli diploid tuxum hujayra va diploid spermatozoid hosil qilib, ularning qoʻshilishidan tetraploid zigota hosil qilganda paydo boʻlishi mumkin. Bu jarayon quyidagi sxemada keltirilgan, ammo siz xromosomalarning ajralishida qanday qilib xatoliklar sodir boʻlishi haqida koʻproq bilib olmoqchi boʻlsangiz, nodisyunksiya maqolasini oʻqib chiqishni tavsiya qilamiz.
Manba: Ilmari Karonen (public domain)ʼga tegishli Polyploidization (Poliploidlanish) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Tetraploid oʻsimlik yetilganida u diploid 2n tuxum hujayra va sperma hosil qiladi. Ushbu jinsiy hujayralar oʻsimliklarda keng tarqalgan oʻz-oʻzidan urugʻlanish yoʻli bilan oʻzaro qoʻshilib, yanada koʻproq tetraploid organizmlar hosil qilishi mumkin.
Boshqa tarafdan esa diploid tuxum hujayralar va spermaning ota-ona turga kiruvchi gaploid 1n jinsiy hujayralar bilan qoʻshila olish qobiliyati shubha ostida boʻladi. Gaploid va diploid gametalar qoʻshilib, 3 xromosomalar toʻplamiga ega triploid oʻsimlik hosil boʻlganda ham, ular meyoz jarayonida xromosomalar toʻplami teng boʻlinmasligi hisobiga nasl qoldira olmagan boʻlar edi.
Manba: Ilmari Karonen (public domain)ʼga tegishli Polyploidization (Poliploidlanish) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Tetraploid oʻsimliklar va ularning diploid ajdodlari oʻzaro qoʻshilib, nasl qoldiradigan zurriyot yarata olmagani sababli ular ikkita alohida tur hisoblanadi. Bu atigi bir avlod almashinishidayoq yangi tur paydo boʻlganini koʻrsatadi.
Poliploidiya yoʻli bilan yangi turlar paydo boʻlishi oʻsimliklarda koʻp uchrasa-da, hayvonlarda deyarli uchramaydi. Umuman olganda, odam va hayvon turlari ploidiyadagi oʻzgarishlarga chidamli emas. Misol uchun, odamlarning triploid va tetraploid embrionlari yashovchan emas.

Poliploidiyasiz simpatrik turlanish

Organizmlar simpatrik turlanishda geografik jihatdan ajralish va poliploidiyadan boshqa mexanizmlar bilan ham yangi turlarni hosil qilishi mumkinmi? Garchi ularning qanchalik muhim yoki odatiy mexanizm ekani haqida koʻplab munozaralar boʻlsa-da, boshqa mexanizmlar ham mavjud deb ayta olamiz. Misol uchun, bitta geografik hududda yashab, bir xil resurslarga ega boʻlib turib ham, populyatsiyadagi guruhning baʼzi aʼzolari boshqa hudud yoki resurslardan foydalanganda simpatrik turlanish sodir boʻlishi mumkin.
Shimoliy Amerikadagi olma pashshalari bunga yorqin misol boʻla oladi. Nomidan koʻrinib turganidek, quyida rasmi keltirilgan Shimoliy Amerikaning olma pashshalari olma daraxtida yashaydi, oziqlanadi va koʻpayadi. Ammo ularning asl yashash muhiti doʻlana boʻlgan. Bundan atigi 200 yil oldin olma daraxti yevropaliklar tomonidan Amerikaga olib kelingach, pashshalarning bir guruhi undan ozuqa manbai sifatida foydalana boshlagan6,7.
Olma pashshasi simpatrik turlanish yoʻli bilan Shimoliy Amerika meva pashshasidan rivojlanib chiqqan deb taxmin qilinadi. Simpatrik turlanishning ushbu misoli hududiy farqlanish natijasida yuzaga kelgan. Ajdod pashshalar doʻlana bilan oziqlanishda davom etayotgan bir vaqtda olma pashshalari olma daraxtini tanlay boshlagan.
Manba: Rhagoletis pomonella.jpg (Olma pashshasi) /Joseph Berger, CC BY 3.0
Olma daraxtida dunyoga kelib, olma bilan oziqlanuvchi pashshalar shu daraxtdagi boshqa pashshalar bilan qoʻshilgan. Oʻz navbatida, doʻlanada yashaydigan pashshalar ham oʻz daraxtidagilar bilan qoʻshilgan7. Shu yoʻsinda, hech qanday geografik toʻsiq boʻlmasa-da, populyatsiya amalda ikki guruhga boʻlingan va ular orasidagi genlar oqimi kamaygan.
Vaqt oʻtishi bilan ushbu populyatsiyalar irsiy jihatdan alohida guruhlarga ajralgan, tabiiy tanlanish davomida olma va doʻlana mevalariga nisbatan mos boʻlgan belgilar, moslanishlar yuzaga kelgan. Misol uchun, olma va doʻlana pashshalari yilning turli paytlarida, oziqlanadigan mevaning pishish paytiga sinxron ravishda tuxumdan chiqadi8,9.
Olma va doʻlana pashshalari hozir ham oʻzaro chatisha oladi, shu sababli ular hali mustaqil turlar sanalmaydi. Lekin koʻplab olimlarning fikricha, ularda simpatrik turlanish jarayoni kechmoqda.

Xulosa

Biologik tur konsepsiyasi turni bir yoki bir nechta populyatsiyada birga yashovchi, erkin chatishib, sogʻlom va nasl bera oladigan zurriyot qoldiruvchi organizmlar guruhi sifatida taʼriflaydi. Turning boshqa konsepsiyalari ham mavjud boʻlib, ular maʼlum bir organizmlar uchun mos keladi.
Turlar bir-biridan prezigot va postzigot toʻsiqlar bilan ajralib turadi. Ushbu toʻsiqlar zigota paydo boʻlishidan oldin yoki keyin namoyon boʻlib, boshqa-boshqa turga mansub turlarning erkin chatishib, sogʻlom nasl qoldirishiga toʻsqinlik qiladi. Bu toʻsiqlar turlarning reproduktiv jihatdan izolyatsiyalanishini taʼminlaydi.
Yangi turlar turlanish jarayonida paydo boʻladi. Bunda ajdod populyatsiyasidan irsiy jihatdan farq qiluvchi ikki yoki undan koʻp avlod populyatsiyalar hosil boʻladi. Turlanish guruhlarning reproduktiv izolyatsiyalanishi va ular orasidagi irsiy farqlarning toʻplanib borishini oʻz ichiga oladi.
Allopatrik turlanishda guruhlar geografik toʻsiqlar tufayli reproduktiv jihatdan izolyatsiyalanadi va mustaqil rivojlanadi. Simpatrik turlanishda reproduktiv izolyatsiyalanish va mustaqil rivojlanish geografik toʻsiqlarsiz, masalan, poliploidiya yoʻli bilan amalga oshadi.