Asosiy kontent
Biologiya
Course: Biologiya > Unit 15
Lesson 2: Transkripsiya- DNK replikatsiyasi va RNK transkripsiyasi hamda translyatsiyasi
- Transkripsiya va iRNK protsessing
- RNKning molekulyar tuzilishi
- Transkripsiya haqida umumiy tushuncha
- Transkripsiya bosqichlari
- Eukariot pre-iRNK protsessingi
- Transkripsiya
© 2023 Khan AcademyFoydalanish shartlariMaxfiylik siyosatiCookie Notice
Transkripsiya haqida umumiy tushuncha
Transkripsiya davomida RNK molekulasi hosil qilish uchun gen DNKsi transkripsiyalanadi (nusxa koʻchiriladi).
Asosiy tushunchalar:
- Transkripsiya gen ekspressiyasining ilk qadami hisoblanadi. U gendagi DNK ketma-ketligini RNK molekulasiga koʻchirib olish jarayonini oʻz ichiga oladi.
- Transkripsiya RNK polimerazalari deb nomlangan fermentlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda DNK molekulasidan andoza sifatida foydalanib, RNK zanjiri sintezlanadi.
- Transkripsiya uchta bosqichga boʻlinadi: initsiatsiya, elongatsiya va terminatsiya.
- Eukariotlarda transkripsiyadan soʻng RNK molekulasi bir qancha oʻzgarishlarga uchraydi, bular: splaysing, oxirgi uchlariga 5ʼ qalpoq va poli-A dum biriktirish.
- Transkripsiya davomida organizmda har bir genning nazorati alohida amalga oshiriladi.
Kirish
Nimanidir koʻchirib olishingiz kerak boʻlganini eslay olasizmi? Balki, sizga kimdir ovozli xabar qoldirgan va siz uni qogʻozga tushirishingiz kerak boʻlgandir. Yoki sinfda yozgan narsalaringizni qayta koʻrib chiqish uchun yangidan yozishga toʻgʻri kelgandir.
Ushbu misollar transkripsiya bu maʼlumot qayta yoziladigan jarayon ekanini koʻrsatib turibdi. Transkripsiya – kundalik hayotimizda roʻy beradigan, shuningdek, bizning hujayralarimiz yanada ixtisoslashgan va aniq belgilangan tarzda bajarishi kerak boʻlgan jarayon. Biologiyada transkripsiya bu genning DNK ketma-ketligini RNK alifbosida nusxalash jarayonidan iborat.
Transkripsiya haqida umumiy tushuncha
Transkripsiya genlar ekspressiyasidagi birinchi bosqich boʻlib, bunda gendagi maʼlumot yordamida oqsil funksional mahsuloti ishlab chiqariladi. Jarayonning maqsadi – DNK ketma-ketligini RNK molekulasiga koʻchirish. Oqsil kodlovchi gen uchun RNK yoki transkript polipeptid sintezida zarur boʻlgan maʼlumotni tashish vazifasini bajaradi. Eukariotlarda transkriptlar translyatsiya bosqichidan oldin bir qancha jarayonlardan oʻtadi.
RNK polimeraza
Transkripsiyani amalga oshiruvchi eng muhim ferment bu RNK polimeraza boʻlib, bu ferment bir zanjirli DNKdan andoza sifatida foydalanib komplimentar RNK sintez qiladi. RNK polimeraza yangi nukleotidlarni 3ʻ oxiriga 5ʼ dan 3ʼ yoʻnalishiga biriktirib, RNK zanjirini sintez qiladi.
Transkripsiya bosqichlari
Gen transkripsiyasi uchta bosqichdan iborat: initsiatsiya, elongatsiya va terminatsiya. Bu maqolada bakteriyada ushbu bosqichlar qanday amalga oshishini koʻrib chiqamiz. Har bir bosqich haqida chuqurroq maʼlumot olish uchun transkripsiya bosqichlari maqolasini koʻrib chiqing.
- Initsiatsiya. RNK polimeraza gen boshlanish qismiga yaqin joyda DNK ketma-ketligining promoter deb nomlangan nuqtasiga bogʻlanadi. Har bir gen (bakteriyada genlar guruhi) oʻz promoteriga ega. DNKga bogʻlangan RNK polimeraza spiralni ochadi va transkripsiya uchun bitta zanjir hosil boʻlishini taʼminlaydi.
- Elongatsiya. DNKdagi andoza zanjir RNK polimeraza uchun andoza boʻlib xizmat qiladi. Ushbu andozani “oʻqish” davomida polimeraza komplimentar nukleotidlardan 5ʼ-3ʼ yoʻnalishida RNK molekulasini sintezlaydi. RNK transkript andoza boʻlmagan (kodlovchi) zanjirdagi ketma-ketlik bilan bir xil nukleotidlarga ega, lekin uratsil (U) asosi oʻrnida timin (T) asosi boʻladi.
- Terminatsiya. Terminator deb nomlangan nukleotidlar ketma-ketligi RNK sintezi tugaganini bildiradi. Transkripsiya tugagach, transkript polimerazadan ajraladi. Quyida koʻrsatilganidek, terminatsiya mexanizmi RNKda toʻgʻnagʻich hosil boʻlishini oʻz ichiga oladi.
Eukariotlardagi RNK modifikatsiyalari
Bakteriyalarda RNK transkript informatsion RNK (iRNK) vazifasini bajaradi. Eukariotlarda esa oqsil kodlovchi transkript pre-iRNK deb yuritiladi va translyatsiyaga yaroqli boʻlishi uchun qoʻshimcha jarayonlardan oʻtishi kerak.
- Eukariot pre-iRNKsi oxirlari 5ʼ qalpoq (boshiga) va 3ʼ poli-A dum (oxiriga) qoʻshish yoʻli bilan modifikatsiyalanadi.
- Aksariyat eukariot pre-iRNKlar splaysingga uchraydi. Bu jarayonda pre-iRNKning ayrim qismlari (intronlar) olib tashlanadi, qolgan qismlari (ekzonlar) esa bir-biriga biriktiriladi.
Modifikatsiya RNKning stabilligini oshiradi, splaysing esa unga toʻgʻri ketma-ketlikni beradi. (Agar intronlar olib tashlanmasa, ekzonlar bilan birga translyatsiya qilinadi va notoʻgʻri (keraksiz) oqsillar sintezlanadi.)
Eukariotlardagi pre-iRNK toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish uchun pre-iRNK maqolasini koʻrib chiqing.
Transkripsiya har bir gen uchun alohida boʻladi
Barcha genlar ham doim transkripsiya qilinmaydi. Transkripsiya har bir gen uchun alohida nazorat qilinadi. Hujayralar ayni damda zarur boʻlgan moddalarni kodlovchi genlarning transkripsiyasini boshqarib turadi.
Masalan, quyidagi rasmda ixtiyoriy hujayra RNKlarining ayni vaqtda qanday joylashganligi koʻrsatilgan. Ushbu hujayrada 1-, 2- va 3-genlar transkripsiya qilinadi, 4-gen esa bunday emas. Shuningdek, 1-, 2- va 3-genlar turli darajalarda transkripsiya qilinadi, yaʼni ularning har biri uchun har xil miqdordagi RNK molekulalari hosil qilinadi.
Keyingi maqolada biz RNK polimeraza, transkripsiya bosqichlari va eukariotlarda RNK modifikatsiyasi toʻgʻrisida chuqurroq maʼlumotga ega boʻlamiz. Bundan tashqari, bakteriya va eukariot hujayralardagi farqlarni ham koʻrib chiqamiz.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.