If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Populyatsiya oʻlchami, zichligi va tarqalishi

Ekologik populyatsiya nimaligi. Olimlar qanday qilib populyatsiya oʻlchamini, zichligi, va hududda taqsimlanishini baholab, taʼriflab berishi.

Asosiy tushunchalar

  • Populyatsiya maʼlum bir hududda yashaydigan biror-bir turga kiruvchi barcha organizmlardir.
  • Populyatsiyalar va ularning vaqt oʻtishi bilan qanday oʻzgarishini statistik oʻrganish demografiya deb nomlanadi.
  • Populyatsiyaning ikkita muhim oʻlchovi bular populyatsiya soni, yaʼni populyatsiyada taxminan nechta organizm borligi va populyatsiya zichligi, yaʼni maʼlum bir hududda maydon birligi yoki hajmiga toʻgʻri keladigan organizmlar sonidir.
  • Ekologlar kvadratlar va belgilab qayta tutish usulidan foydalangan holda populyatsiyalarning soni va zichligini hisoblaydi.
  • Populyatsiyadagi organizmlar bir xil, tasodifiy yoki toʻp-toʻp boʻlib tarqalgan boʻlishi mumkin. Bir xil tarqalish populyatsiya teng tarqalganini, tasodifiy esa organizmlar tasodifiy joylashganini va toʻp-toʻp tarqalish populyatsiyaninig guruh-guruh boʻlib tarqalganini anglatadi.

Populyatsiya oʻzi nima?

Ingliz tilida odatda “population” deganda maʼlum bir joyda istiqomat qiluvchi insonlar soni, yaʼni aholi tushuniladi. Masalan, Nyu York shahrida 8,6 million aholi yashaydi1. Yoki Nebraska shtatidagi Monovi shahrida bir kishi istiqomat qiladi. Bir oʻylab koʻring-a, agar siz u yerga koʻchib oʻtishni xohlasangiz, Monovi shahri aholisini ikki baravarga koʻpaytirgan boʻlasiz!
Ekologiyada “populyatsiya” deganda maʼlum bir hududda yashovchi muayyan bir turdagi barcha organizmlar tushuniladi. Masalan, Nyu York shahrida yashaydigan odamlar populyatsiyasi, Gross shahrida yashovchi boshqa bir odamlar populyatsiyasi, deb gapirishimiz mumkin. Biz ushbu populyatsiyalarni ularning soni (yaʼni biz koʻpincha shaharlar yoki davlatlar haqida gaplashganda nazarda tutadigan aholi soni), shuningdek, ularning zichligi (yaʼni maʼlum bir hududga toʻgʻri keladigan odamlar soni) va tarqalishi (yaʼni odamlarning qanchalik tarqalgani) bilan tavsiflashimiz mumkin.

Demografiya: populyatsiyalar va ularning qanday oʻzgarishini tavsiflash

Aksariyat hollarda ekologlar shaharlardagi odamlarni, yaʼni aholini oʻrganmaydi. Buning oʻrniga ular turli oʻsimliklar, hayvonlar, zamburugʻlar va hattoki bakteriyalar populyatsiyalarini oʻrganadi. Har qanday populyatsiyaning (inson yoki boshqa organizm boʻlishidan qatʼi nazar) statistik tadqiqoti demografiya deb nomlanadi.
Demografiya nima uchun muhim? Turli sabablarga koʻra populyatsiyalarning soni va tuzilishi oʻzgarishi mumkin: masalan, yosh va jinsga koʻra tarqalishi. Ushbu oʻzgarishlar populyatsiyaning atrof-muhit va boshqa turdagi jonzotlar bilan oʻzaro munosabatiga taʼsir qilishi mumkin.
Vaqt oʻtishi bilan populyatsiyalarni kuzatish orqali ekologlar ushbu populyatsiyalar qanday oʻzgarganini koʻrishi va kelajakda ular qanday oʻzgarishi mumkinligini oldindan bilib olishi mumkin. Populyatsiyalar soni va tuzilishini monitoring kuzatish ekologlarga ularni boshqarishda yordam berishi mumkin, masalan, “tabiatni muhofaza qilish uchun amalga oshirilayotgan ishlar yoʻqolib borayotgan turlar sonining koʻpayishiga yordam beryaptimi?” kabi savollarga javob topishga imkon beradi.
Ushbu maqolada biz populyatsiya soni, zichligi va tarqalishi kabi tushunchalarni oʻrganish orqali demografiyaga sayohatimizni boshlaymiz. Tabiatdagi populyatsiyalar uchun ushbu qiymatlarni aniqlashda ekologlarning baʼzi usullarini ham koʻrib chiqamiz.

Populyatsiya soni va zichligi

Aholi demografiyasini oʻrganish uchun, avvalo, bir necha asosiy oʻlchovlar bilan tanishib olamiz. Ulardan biri shunchaki populyatsiyadagi organizmlar miqdori yoki populyatsiya soniN. Yana biri populyatsiya zichligi – hududdagi maʼlum bir oʻlchamdagi maydonga yoki hajmga toʻgʻri keladigan organizmlar sonidir.
Son va zichlik populyatsiyaning hozirgi holatini tavsiflashda va, ehtimol, kelajakda qanday oʻzgarishi mumkinligini taxmin qilishda muhimdir:
  • Katta populyatsiyalar kichik populyatsiyalarga qaraganda barqarorroq boʻlishi mumkin, chunki ular koʻproq genetik oʻzgaruvchanlikka ega va shu bois tabiiy tanlanish orqali atrof-muhit oʻzgarishiga moslanish uchun ularda koʻproq imkoniyat mavjud.
  • Organizmlar siyrak tarqalgan hududda yashovchi populyatsiyaning aʼzosi koʻpayish uchun juft topishda organizmlar zichroq tarqalgan populyatsiya aʼzosiga nisbatan koʻproq qiynalishi mumkin.

Populyatsiya sonini aniqlash

Populyatsiya sonini topish uchun undagi barcha organizmlarni shunchaki sanab chiqsak-chi? Zoʻr boʻlardi! Ammo real vaziyatlarda buning doim ham iloji yoʻq. Masalan, polizingizda oʻsayotgan har bir oʻtni bittalab sanab chiqqan boʻlarmidingiz? Yoki Ontario koʻlidagi har bitta losos baligʻini-chi?1 Populyatsiyadagi barcha organizmlarni sanab chiqish vaqt va pul jihatidan juda qimmatga tushishi yoki shunchaki ilojsiz ham boʻlishi mumkin.
Shu sabablarga koʻra, olimlar koʻpincha populyatsiyadan bir yoki bir nechta namunalarni olishadi va ushbu namunalar orqali populyatsiya toʻgʻrisida umumiy xulosa chiqarib, populyatsiya sonini hisoblab chiqishadi. Populyatsiyaning soni va zichligini aniqlash uchun turli xil usullardan foydalanish mumkin. Bu yerda biz ikkita eng muhim usulni koʻrib chiqamiz: kvadrat va belgilab qayta tutish usuli.

Kvadrat usuli

Oʻsimliklar kabi harakatsiz organizmlar yoki juda mayda va sekin harakatlanadigan organizmlar uchun kvadrat deb nomlanuvchi romlardan populyatsiya soni va zichligini aniqlashda foydalanish mumkin. Biror bir hududdagi kvadrat maydon kvadrat rom orqali belgilanadi. Kvadrat usuli taxta va sim orqali joyni belgilab yoki yogʻoch, plastmassa yoki boʻlmasa quyidagi rasmda koʻrsatilganidek, yerga joylashtirilgan metall kvadrat yordamida amalga oshirilishi mumkin.
Manba: OpenStax College, Biology, CC BY 4.0ʼga tegishli “Population demography: Figure 2” (Populyatsion demografiya: 2-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi; asl manba: NPS Sonoran Desert Network.
Kvadrat romlar joylashtirilgandan soʻng, tadqiqotchilar chegaralangan joydagi organizmlar sonini hisoblashadi. Biror bir hududdagi bir nechta tasodifiy joylardan bir nechta kvadrat namunalari olinadi, bu esa qayd etilgan raqamlar shu hududdagi populyatsiyalar sonini aniq ifodalashga yordam beradi. Va nihoyat, shu maʼlumotlardan butun bir hududdagi populyatsiya soni va populyatsiya zichligini aniqlash uchun foydalanish mumkin.

Belgilab qayta tutish usuli

Sutemizuvchilar, qushlar yoki baliqlar kabi harakatlanadigan organizmlar uchun koʻpincha populyatsiya sonini aniqlashda belgilab qayta tutish usuli qoʻllanadi. Ushbu usul hayvonlarni namuna uchun tutish va ularni biror-bir tarzda belgilashni oʻz ichiga oladi. Masalan, quyida koʻrsatilgandek etiketkalar, tasmalar, boʻyoq yoki boshqa shunga oʻxshash belgilardan foydalanish mumkin. Soʻngra belgilangan hayvonlar yana tabiatga qoʻyib yuboriladi va populyatsiyaga qayta qoʻshilishiga imkon beriladi.
Manba: “Population demography: Figure 3” (Populyatsion demografiya 3-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0; asl manba: chapda Neal Herbert NPSʼning; oʻrtada Pacific Southwest Region USFWSʼning; oʻngda Ingrid Taylarning oʻzgartirilgan ishlari
Keyinchalik yangi namunalar yigʻiladi. Ushbu yangi namunalarning baʼzilari belgili (yaʼni qayta tutilganlari) va baʼzilari belgisiz organizmlardan iborat boʻladi. Belgili organizmlarning belgisiz organizmlarga nisbati yordamida olimlar populyatsiyada umumiy qancha organizm borligini taxmin qilishlari mumkin.

Namuna: belgilab-qayta tutish usulidan foydalanish

Aytaylik, biz kiyik populyatsiyasining sonini topmoqchimiz. Faraz qilaylik, biz 80 ta kiyikni tutib, ularni belgilab, yana oʻrmonga qoʻyib yuboramiz. Belgilangan kiyiklarning populyatsiyaga qaytib, ular bilan yaxshilab aralashishiga imkon berilgach, birmuncha muddatdan soʻng 100 ta kiyikni tutamiz. Ushbu kiyiklardan 20 tasi birinchi safar belgilanganlar ekaniga guvoh boʻlamiz.
Agar 100 ta kiyikdan 20 tasi belgilangan boʻlsa, bu ularning soni (yaʼni 80 ta belgilangan kiyikdan) kiyik populyatsiyasining 20 foizini tashkil etadi. Ushbu maʼlumotlardan foydalanib quyidagi munosabatlarni aniqlashimiz mumkin:
birinchi marta tutilganda belgilanganlar soni (M)umumiy populyatsiya (N)=ikkinchi marta tutilganda belgilanganlar soni(x)ikkinchi marta tutilganlarning umumiy soni (n)
MN = xn
Endi tenglamani biroz oʻzgartiramiz:
N = nMx
Va nihoyat, kiyik misolidagi qiymatlarni tenglamaga qoʻyamiz:
N = (100 ikkinchi marta tutilganlarning umumiy soni)(80 birinchi marta tutilganda belgilanganlarning soni)(20 ikkinchi marta tutilganda belgilanganlarning soni) = 400 ta kiyik
Ushbu yondashuv har doim ham mukammal emas. Baʼzi hayvonlar birinchi ovdan keyin ikkinchi ovda qoʻlga tushmaslikni oʻrganishi mumkin, bu populyatsiyaning taxminiy doirasini oshiradi. Shu bilan bir qatorda, agar qopqonga ovqat qoʻyiladigan boʻlsa, baʼzi bir hayvonlarni tutish ehtimoli ortadi va populyatsiyaning umumiy soni kamroq chiqadi. Shuningdek, baʼzi turlarga belgi qoʻyish ularga, ularning yashovchanlik qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, ushbu usulga koʻra, tadqiqot davomida hayvonlar oʻlmaydi, tugʻilmaydi, populyatsiyadan qochmaydi va unga kirmaydi deb hisoblanadi.
Populyatsiya sonini aniqlashning yana boshqa usullariga radio uzatish moslamalari bilan belgi qoʻyilgan hayvonlarni elektron kuzatish va tijorat uchun ovlangan baliq yoki boshqa hayvonlar maʼlumotlaridan foydalanish ham kiradi.

Turlarning tarqalishi

Koʻpincha ekologlar maʼlum bir hududda yashovchi populyatsiyaning soni va zichligini oʻrganish bilan bir qatorda ularning qanday tarqalganini ham bilishni xohlashadi. Turlarning tarqalish shakli yoki taqsimlanish shakli populyatsiyadagi organizmlar maʼlum bir vaqtda qanday masofada tarqalishiga ishora qiladi.
Populyatsiyani tashkil etadigan organizmlar koʻproq yoki kamroq darajada joylashishi, tasodifiy ravishda, yaʼni oldindan aytib boʻlmaydigan tarzda tarqalishi yoki guruhlarga boʻlinishi mumkin. Ular mos ravishda bir xil, tasodifiy va toʻp-toʻp tarqalish shakllari deb nomlanadi.
Yerpo CC BY-SA 4.0ʼga tegishli “Population distribution” (Populyatsiyaning tarqalishi) nomli grafik material oʻzgartirib olindi; oʻzgartirilgan rasm CC BY-SA 4.0 raqamli litsenziyaga ega.
  • Bir xil tarqalish. Bir xil tarqalish turida populyatsiya tarkibidagi organizmlar koʻproq yoki kamroq tekis tarqaladi. Bu tarqalishga misol sifatida yaqin atrofdagi organizmlarning koʻpayishiga toʻsqinlik qiladigan toksinlar chiqaradigan oʻsimliklarni keltirsa boʻladi, bu allelopatiya hodisasi deb ataladi. Shuningdek, bir xil tarqalishni oʻz hududlarini himoya qiladigan hayvonlarda ham uchratish mumkin.
  • *Tasodifiy tarqalish. *Tasodifiy tarqalishda organizmlar oldindan aytib boʻlmaydigan shaklda tasodifiy ravishda taqsimlanadi. Tasodifiy tarqalishga urugʻlarini shamol tarqatadigan momaqaymoq va boshqa oʻsimliklarni misol qilib keltirish mumkin. Urugʻlar keng tarqaladi va atrof-muhit qulay boʻlganda, yaʼni tuproq, suv, ozuqa va yorugʻlik yetarli boʻlgan sharoitda tushgan yerlarida oʻsib chiqadi.
  • *Toʻp-toʻp tarqalish. *Toʻp-toʻp tarqalishda organizmlar guruhlarga boʻlingan holda tarqaladi. Bunday tarqalishni eman daraxtlari kabi urugʻini yerga tashlaydigan oʻsimliklarda yoki fillar toʻdasiga oʻxshab guruh boʻlib yashaydigan hayvonlarda uchratish mumkin. Toʻp-toʻp tarqalishni qirlarda ham koʻrish mumkin, bunda faqat baʼzi bir joylargina organizmlarning yashashiga yaroqli boʻladi.
Ushbu misollardan koʻrinib turibdiki, populyatsiyada organizmlarning tarqalishi oddiy zichlikni hisoblash bilan cheklanib qolmay, organizmlarning bir-biri va atrof-muhit bilan oʻzaro munosabatlari haqida ham koʻproq maʼlumot beradi.

Xulosa

Ekologiyada populyatsiya muayyan bir hududda yashovchi maʼlum bir turdagi barcha organizmlarni oʻz ichiga oladi. Populyatsiyalar va ularning vaqt oʻtishi bilan qanday oʻzgarishini statistik jihatdan oʻrganish demografiya deb nomlanadi.
Populyatsiyaning ikkita muhim oʻlchovi bular: populyatsiya soni, yaʼni individlar soni va populyatsiya zichligi, yaʼni maydon birligi yoki hajmiga toʻgʻri keladigan individlar soni. Ekologlar koʻpincha kvadratlar va belgilab qayta tutish usuli yordamida populyatsiyalarning soni va zichligini hisoblashadi.
Populyatsiyani uni tashkil etuvchi organizmlarning tarqalishi nuqtayi nazaridan ham tavsiflash mumkin. Organizmlar bir xil, tasodifiy yoki toʻp-toʻp shaklda tarqalishi mumkin. Bir xil degani populyatsiya bir tekis tarqalganini, tasodifiy esa organizmlarning tasodifiy joylashganini hamda toʻp-toʻp tarqalish guruhlarga boʻlinib tarqalganini anglatadi.