If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Hayot jadvallari, omon qolishi va yosh-jins tarkibi

Atrof-muhit ekologlari populyatsiyaning hozirgi holatini tavsiflash va uning kelajakdagi oʻsishini taxmin qilish uchun foydalanadigan jihozlar.

Asosiy tushunchalar

  • Ekologlar populyatsiyaning oʻsishi yoki kamayishini oldindan aytish uchun turli yoshdagi organizmlarning tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlarini hamda populyatsiyaning joriy yosh va jins tarkibini bilishlari zarur.
  • Hayot jadvallari organizmlar hayotining turli davrlaridagi tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlarini oʻzida umumlashtiradi.
  • Yashovchanlik egri chiziqlari yoshdan yoshga oʻtganda populyatsiyaning qancha qismi yashab qolishini koʻrsatuvchi grafiklar hisoblanadi.
  • Yosh-jins piramidasi populyatsiya individlarining yosh va jins toifalariga qanday taqsimlanganini koʻrsatadigan populyatsiyaning “manzarasi” hisoblanadi.

Kirish

Dunyo mamlakatlari inson tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlarining hisobotlarini saqlaydi. Bu nafaqat davlatning jami populyatsiyasini, balki yosh va jins boʻyicha boʻlingan muayyan guruhlarni ham oʻz ichiga oladi. Koʻpincha bunday maʼlumotlar hayot jadvali deb nomlanadigan jamlovchi jadvallarda joylashtiriladi (oʻzbekcha manbalarda “oʻlim jadvali” deb ham yuritiladi). Uddaburon sugʻurta kompaniyalari statistik jihatdan sof foydani kafolatlash uchun ushbu hayot jadvallaridan maʼlum bir yoshdagi oʻlim ehtimolligini olib, sugʻurta qiymatini hisoblashda ustalik bilan foydalanadi.
Ekologlar odatda oʻzlari oʻrganadigan turlar haqidagi shunday maʼlumotlarni toʻplaydi, ammo ular bundan foyda olishni koʻzlamaydi! Ekologlarning maqsadi turlar haqida maʼlumotlarni toʻplash va ularni himoya qilishdan iborat. Masalan, ekologlar yoʻqolish xavfi ostida boʻlgan qizil pandadan xavotirlanyapti deylik. Ular qizil pandalar guruhini tugʻilishidan to oʻlimigacha kuzatib, har yili nechta panda tugʻilgani va nechtasi yashab qolganini qayd etib boradi. Ushbu maʼlumotlardan foydalanib ular oʻzlari kuzatgan pandalar guruhining hayot tarixi yoki oʻziga xos yashovchanlik va koʻpayish qonuniyatlarini yaxshiroq tushunib olishlari mumkin boʻladi.
Hayot tarixining qanday foydali jihatlari bor? Baʼzi hollarda ekologlar organizmlarning qanday yashashi, koʻpayishi va oʻlishiga shunchaki qiziqishadi. Ammo hayot tarixi maʼlumotlarini toʻplashning amaliy ahamiyati ham mavjud. Muayyan populyatsiyaning “manzarasi” – qancha yosh va qari organizmlar mavjud va qanchasi urgʻochi yoki erkak ekani bilan tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlarini bogʻlash orqali ekologlar populyatsiyaning kelajakda qanday qilib oʻsishi yoki kamayishini oldindan xulosa qiladi. Bu bizning misolimizdagi qizil pandalar kabi yoʻqolib borayotgan turlar uchun juda muhim hisoblanadi.

Hayot jadvali

Hayot jadvali populyatsiyadagi hayot va oʻlim holatlarini aynan aks ettiradi. U populyatsiyadagi organizmlar hayotining turli davrlarda yashashi, oʻlimi yoki koʻpayish ehtimolligini oʻzida jamlaydi.
Keling, yashovchanlik va koʻpayishni emas, shunchaki yashovchanlikni koʻrsatuvchi hayot jadvalini koʻrib chiqamiz. Quyidagi hayvonga eʼtiborimizni qaratamiz: Dall togʻ qoʻyi – Shimoliy Amerika shimoli-gʻarbida yashovchi yovvoyi qoʻy.
Manba: Dall sheep (Dall qoʻyi) / Devid Mak-Master, CC BY-SA 3.0
Toʻliq ochib berish uchun ushbu maʼlumotlar biroz noodatiy usulda toʻplangan. Olaus Myuri ismli ekolog 1930–1940-yillarda bir necha yil davomida Alyaskadagi Mak-Kinli togʻi milliy bogʻida izlanishlar olib borgan. Olim oʻlgan Dall togʻ qoʻyining kalla suyagiga duch kelganida har safar shoxlar oʻlchamidan hayvon oʻlgan paytida necha yoshda boʻlganini taxmin qilishda foydalangan1. U oʻzi topgan 608 ta kalla suyagidan foydalanib, aniqlagan qoʻy yoshlari asosida ularning hayot davomiyligidagi yashovchanlik va oʻlim koʻrsatkichlarini taxmin qilgan.
Quyida Myurining kalla suyaklari toʻplami maʼlumotlariga asoslangan jadval keltirilgan. Tushunishga oson boʻlishi uchun jadval 1000 ta qoʻy populyatsiyasiga moslangan. Jadvalni kuzatar ekanmiz, oʻrta hisobda oʻsha 1000 ta qoʻyning necha yoshda aynan qanchasi yashab qolishi yoki nobud boʻlishini tasavvur qilishimiz mumkin.
Keling, jadvalning 1-qatoriga koʻz yugurtirib chiqamiz. Bu yerda biz yangi tugʻilgan qoʻylar soni 1000 ta ekanini koʻrishimiz mumkin. Shu qoʻylarning 54 tasi 0,5 yoshga yetmasdan turib nobud boʻladi. Bu esa eng chetki oʻng qatorda koʻrsatilgan 54/1000 yoki 0,054 oʻlim darajasiga mos keladi.
Yillar boʻyicha yosh oraligʻi1000 ta tugʻilganlar ichidan yosh oraligʻi boshlanishigacha yashab qolganlar soni1000 ta tugʻilganlar ichidan har bir yosh oraligʻida halok boʻlganlar soniYoshga mos oʻlim darajasi – yosh oraligʻida halok boʻlgan individlar ulushi
0–0,51000540,054
0,5–19461450,1533
1–2801120,015
2–3789130,0165
3–4776120,0155
4–5764300,0393
5–6734460,0627
6–7688480,0698
7–8640690,1078
8–95711320,2312
9–104391870,426
10–112521560,619
11–1296900,9375
12–13630,5
13–14331
Jadval Eduard S. Diveyʼdan moslashtirib olindi2.
Jadvalni kuzatish orqali biz qoʻylar uchun eng katta oʻlim xavfi qachon boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Yuqori oʻlim xavfi kuzatilgan davrlardan biri – bu 0,5 va 1 yoshlar oraligʻi. Bu shuni koʻrsatadiki, juda yosh qoʻylar yirtqichlar uchun oson oʻlja va ochiqlikda oʻlishi mumkin. Yana bir yuqori oʻlim darajasi – 8 yoshlar atrofida boshlanadigan qoʻylarning soʻnggi hayot davri. Bunda qoʻylar qarish sababidan oʻladi.
Bu nisbatan oddiy hayot jadvali. Unda faqatgina yashovchanlik darajasi koʻrsatilgan, koʻpayish darajasi esa koʻrsatilmagan. Koʻpgina hayot jadvallarida yashovchanlik va koʻpayish birgalikda koʻrsatiladi. Agar biz bu jadvalga koʻpayishni ham kiritganimizda edi, bizda har bir yosh oraligʻida tugʻilgan qoʻzichoqlarning oʻrtacha sonini koʻrsatuvchi alohida yana bir ustun boʻlar edi.

Yashovchanlik egri chiziqlari

Hayot jadvali osongina tushuniladigan narsa emas. Bu kabi maʼlumotlarni yashovchanlik egri chizigʻida koʻrib chiqsak, yanada tushunarliroq boʻladi.
Yashovchanlik egri chizigʻi har bir yosh ketma-ketligida boshlangʻich guruhning qancha qismi yashab qolganini koʻrsatadi. Quyida Dall togʻ qoʻylarining yashovchanlik egri chizigʻi keltirilgan:
Qoʻylar yashovchanligida boshida biroz pasayish yuz bergani, ammo qoʻylarning asosiy oʻlim koʻrsatkichi umrining nisbatan kechki davrlarida boʻlgani jadvalda aniq va ravshan koʻrsatilgan.
Turlarda yashovchanlik egri chiziqlari turlicha shaklni hosil qiladi. Odatda biz ularning shakliga qarab yashovchanlik egri chiziqlarini 3 turga boʻlishimiz mumkin:
Manba: Population demography: Figure 5 (Populyatsion demografiya: 5-chizma) / OpenStax College, Biology CC BY 4.0
  • I tur. Odamlar va koʻpchilik primatlarning yashovchanlik egri chiziqlari I turga kiradi. I tur egri chiziqda organizmlar hayotining yosh yoki oʻrta yosh davrlarida halok boʻlishga moyil boʻlmaydi, balki ular koʻproq katta yoshda oʻladi. Bu egri chiziqqa ega turlarda nasl soni odatda kam boʻladi va bu ota-onaga naslning yashab qolishi uchun koʻproq gʻamxoʻrlik qilish imkonini beradi.
  • II tur. Juda koʻp qushlarda II tur yashovchanlik egri chizigʻi kuzatiladi. II tur egri chiziqda organizmlar har bir yosh intervalida deyarli bir xil darajada halok boʻladi. Bunday yashovchanlik egri chizigʻiga ega organizmlarda ham nasl soni nisbatan kam boʻladi va ular ham naslga sezilarli darajada gʻamxoʻrlik qiladi.
  • III tur. Daraxtlar, dengiz umurtqasizlari va koʻplab baliqlarda III turdagi yashovchanlik egri chizigʻi kuzatiladi. III tur egri chiziqda juda kam organizmlar oʻzlarining yoshlik davrlarida yashab qoladi. Biroq bu davrdan oʻta olgan omadlilar shundan soʻng ancha uzoq yashaydi. Ushbu egri chiziqqa ega turlar, masalan, daraxtlar minglab urugʻ yetishtirgani kabi bir vaqtning oʻzida juda koʻp nasl qoldiradi, ammo bu tur naslga gʻamxoʻrlik koʻrsatmaydi.

Yosh-jins tuzilmasi

Qanday qilib hayot jadvalidagi tugʻilish va oʻlim koʻrsatkichlaridan populyatsiya oʻsishi yoki kamayishini taxmin qilishda foydalanish mumkin? Buni samarali amalga oshirish uchun bizga populyatsiyaning hozirgi holatidagi “manzarasi” kerak boʻladi.
Masalan, faraz qilaylik, bizda ayiqlarning 2 ta populyatsiyasi bor: biri asosan yosh, koʻpayish yoshidagi urgʻochi ayiqlardan, ikkinchisi esa asosan koʻpayish yoshidan oʻtgan erkak ayiqlardan iborat. Ushbu populyatsiyalar garchi bir xil oʻlchamda boʻlsa va hayot jadvalida maʼlum bir yoshda bir xil koʻpayish va yashovchanlik koʻrsatkichlariga ega boʻlsa ham, ular turli yoʻlni bosib oʻtadi.
  • Birinchi populyatsiya oʻsishga moyil, chunki unda yangi naslni yetishtirish uchun eng yaxshi yoshda boʻlgan ayiqlar koʻpchilikni tashkil etadi.
  • Ikkinchi populyatsiya qisqarishga moyil, negaki unda oʻlim ostonasida turgan va bundan buyogʻiga koʻpaymaydigan ayiqlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Shunday qilib, biz populyatsiyaning kelajakdagi oʻsishi haqida oʻylab turganimizda kimlardir populyatsiyada katta tafovutni hosil qiladi! Populyatsiyaning yosh-jins tuzilmasi haqida maʼlumot koʻpincha populyatsiya piramidasida koʻrsatiladi. X-oʻqi populyatsiyaning har bir toifadagi (erkaklar chapda, urgʻochilar esa oʻngda) foiz ulushini, y-oʻqi esa tugʻilgandan to keksalik yoshigacha boʻlgan yosh guruhlarini koʻrsatadi.
Manba: “Population pyramid” (Populyatsion piramida) / CK-12 Foundation, CC BY-NC 3.0
Odam populyatsiyalarini ifodalashda populyatsiya piramidalaridan koʻp foydalaniladi. Haqiqatan, quyida koʻrsatilganidek piramidalarning oʻsuvchi, barqaror va qisqaruvchi kabi oʻziga xos shakllari mavjud.
Manba: “Human population growth: Figure 3” (Odam populyatsiyasining oʻsishi: 3-chizma) / OpenStax College, Biology CC BY 4.0
  • Aholisi tez oʻsayotgan mamlakatlarning yosh tuzilmasini koʻrsatuvchi diagrammalar qirrali piramida shaklida. Bu yerda ularning katta qismi yosh aholi, shulardan koʻpchiligi koʻpayish yoshi (reproduktiv yosh)ga yetgan yoki yaqin orada shu yoshga yetadi. Ushbu namuna odatda iqtisodiy jihatdan rivojlanmagan, tibbiy xizmat va boshqa resurslar yetishmasligi tufayli umr davomiyligi chegaralangan davlatlarda shu koʻrinishga ega boʻladi.
  • AQSH kabi iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan mamlakatlarni oʻz ichiga olgan hududlarning yosh-jins tuzilmasi piramidasi sekinlik bilan oʻsish holatida. Lekin piramida qirrali emas, negaki bu yerda yosh va reproduktiv yoshdagi odamlar aholi tez oʻsayotgan davlatlarga nisbatan kamroq, keksa yoshli odamlar esa koʻproq.
  • Italiya kabi boshqa rivojlangan davlatlarda aholi oʻsish koʻrsatkichi 0 ga teng. Bu populyatsiyalarning yosh tuzilmasi gumbaz shaklida va sekin oʻsayotgan piramida misolidagidan-da koʻproq ulushdagi oʻrta va keksa yoshli aholiga ega.
  • Baʼzi rivojlangan davlatlarda qisqarayotgan populyatsiyalar kuzatiladi. Bu holat Yaponiyaga tegishli. Bunday davlatlarning populyatsiya piramidasi oʻzining asos qismida ichkariga botib kirgan, bu yosh aholi populyatsiyaning kichik qismini tashkil etishini koʻrsatadi.
Bunday populyatsiyalarning asosiy qonuniyatlari tabiatdagi koʻplab populyatsiyalarga mos keladi. Yosh va koʻpayuvchan individlarning koʻpligi populyatsiyaning oʻsishidan dalolat beradi. Keksa yoshli individlar ulushining reproduktiv yoshdan oʻtgani populyatsiyaning qisqarishga moyilligini anglatadi.