If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Hayot tarixi strategiyalari

Organizmlar dunyoga keltiradigan nasl sonini maksimal darajaga yetkazish uchun energiyani qanday taqsimlashi.

Xulosa

  • Turlarning hayot tarixi deb turlarning vakili (asosan uning hayot sikli)ga xos boʻlgan yashovchanlik va koʻpayish hodisalari qonuniyatiga aytiladi.
  • Hayot tarixi qonuniyatlari tabiiy tanlanish orqali rivojlanib, oʻsish, koʻpayish va yashovchanlik orasidagi kompromissning “muvofiqlashuv”ini namoyon etadi.
  • Bunday kompromisslardan biri zurriyotlar soni va har bitta zurriyotga sarflanadigan energiya (moddiy resurslar va ota-ona parvarishi jihatdan) miqdori taqsimotidir.
  • Ilk koʻpayishning muvofiq vaqtda boʻlishi yana bir kompromiss hisoblanadi. Erta koʻpayish nasl qoldirmasdan oʻlish ehtimolligini pasaytiradi, ammo kechroq koʻpayish organizmlarga oʻz naslini sogʻlom dunyoga keltirish va yaxshiroq parvarish qilish imkonini beradi.
  • Ayrim turlar hayot davomida bir marta (semelpariya), boshqa turlar esa hayoti mobaynida bir necha marta (iteropariya) nasl qoldiradi.

“Hayot tarixi” nima?

Sizning hayotingiz tarixi nimaga oʻxshaydi? Ekologiya fanida bu savol boshingizdan oʻtgan qiyinchiliklar, siz erishgan yutuqlar yoki orttirgan doʻstlik munosabatlaringizni anglatmaydi. (Bu ular yaxshi emas degani ham emas!)
Balki, ekologiya fanida hayot tarixi haqida soʻz yuritilganda populyatsiya yoki turning hayot jadvallarida namoyon boʻladigan asosiy demografik xususiyatlarni tushunamiz. U organizmlarning ilk koʻpayish jarayoni, har bir koʻpayish davridagi nasllar soni va oʻsha organizmning necha marta koʻpayganini oʻz ichiga oladi. Odamlar uchun hayot tarixi kech boshlanuvchi reproduksiya (koʻpayish), kam nasl va bir necha marta nasl berish qobiliyatiga toʻgʻri keladi.
Biz hayot tarixini turlarning hayot sikli deya taʼriflashimiz mumkin, ayniqsa, hayot sikli xususiyatlari yashovchanlik va reproduksiyaga bogʻliq1. Hayot tarixi tabiiy tanlanish natijasida shakllanadi va turlar oʻzlarining cheklangan resurslarini oʻsish, yashovchanlik va nasl qoldirish oʻrtasida qanday taqsimlashida namoyon boʻladi.

Hayot tarixi strategiyalari va tabiiy tanlanish

Barcha mavjudotlar oʻsish, nasl qoldirish va oʻz tanalarining ishlab turishi uchun energiya va ozuqa moddalariga muhtoj. Tabiatda bunday resurslar taʼminoti cheklangan va ularga erishish uchun (masalan, oʻsimliklarda quyosh nuri va tuproq minerallari uchun yoki hayvonlarda ozuqa manbalari uchun) doimo kurash kechadi. Shu sababli har bir organizm oʻsish, koʻpayish va tananing ishlab turishi jarayonlariga taqsimlanuvchi cheklangan resurslardan foydalanadi.
Organizmlarning cheklangan resurslarni “oqilona” belgilashi nimani anglatadi? Evolyutsion nuqtayi nazardan qaraganda, bu moslanuvchanlik yoki keyingi avlodga qoldiriladigan nasllar sonini oshirish maqsadida potensial jarayonlar (oʻsish, koʻpayish va tanani saqlab turish) oʻrtasida taqsimlangan resurslarni anglatadi. Oʻz resurslarini ancha samarali taqsimlash imkonini beruvchi irsiy belgilarga ega organizmlar ushbu belgilari kam boʻlgan organizmlarga qaraganda koʻproq nasl qoldiradi va bu tabiiy tanlanish orqali populyatsiyada ushbu belgilarning koʻpayishiga sabab boʻladi2,3.
Uzoq vaqt mobaynida bu jarayon hayot tarixi strategiyalari yoki hayot sikli belgilari yigʻindisi (nasl soni, koʻpayish muddati davri, ota-ona parvarishining koʻp yoki kamligi va hokazolar)ga ega turlarda oʻz egallagan oʻrni va muhitiga yaxshi moslashgan turlarning paydo boʻlishiga olib keladi. Optimal hayot tarixi strategiyasi belgilar, atrof-muhit va boshqa cheklovlarga bogʻliq holda har bir tur uchun oʻziga xos boʻlishi mumkin2.
Ushbu maqolada biz hayot tarixi strategiyalaridagi bir qancha kompromisslarni oʻrganamiz va turli strategiyalardan foydalanadigan oʻsimlik va hayvonlarga misollar keltiramiz.

Ota-ona parvarishi va serpushtlik

Hayot tarixi strategiyalaridagi yirik kompromisslardan biri zurriyotlar soni va ota-onaning individual zurriyotga gʻamxoʻrligi oʻrtasida yuzaga keladi. Asosan, bu “miqdorga qarshi sifat” muammosi: koʻp sonli nasl nisbatan kamroq parvarishni, kam sonli nasl esa koʻproq parvarishni talab qiladi.
Ilmiyroq aytganda, serpushtlik har bir naslga sarflanadigan energiya miqdoriga teskari tarzda bogʻliq boʻladi. Serpushtlik – bu organizmning reproduktiv quvvati (uning qancha miqdorda nasl qoldira olish layoqati). Organizm qanchalik yuqori serpushtlikka ega boʻlsa, u har bitta naslni shunchalik kam energiya (ham tuxum yoki urugʻda zaxiralangan quvvat kabi bevosita resurslar, ham ota-ona parvarishi) bilan taʼminlaydi.
  • Juda koʻp miqdorda nasl beradigan organizmlar naslga kam energiya sarflaydi va odatda kam gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. Zurriyotlar “mustaqil” boʻladi va bunda qoldirilgan nasl miqdori ayrimlari yashab qolishi uchun yetarli deb hisoblangan boʻladi (garchi har biri uchun buning ehtimoli juda past boʻlsa ham).
  • Kam sonli nasl qoldiradigan organizmlar doimo har bir naslga katta energiya sarflaydi va koʻpincha naslni yaxshilab parvarishlaydi. Bunday organizmlar samarali ravishda “bor eʼtiborini tuxumlarga qaratadi” (aniqrogʻi, baʼzi hollarda!) va har bir naslning yashab qolishi uchun jiddiy gʻamxoʻrlik koʻrsatadi.
Biologiyadagi koʻplab vaziyatlarda bular umumiy yoʻnalishlar boʻlib, universal qoidalar hisoblanmaydi. Asosiy nuqta shundaki, koʻp nasl beradigan organizm shunchaki har bitta naslga katta energiya sarflay olmaydi. Qachonki ularda kamroq zurriyot boʻlsa, oʻshanda ular shu zurriyotlarning yashab qolishini taʼminlash uchun koʻproq energiya sarf eta oladi.

Misol: koʻp nasl, kam taʼminot – kam parvarish

Oddiy dengiz shilliqqurti (chigʻanoq) birvarakayiga yuzlab tuxum qoʻyadi va bu tuxumlarni yorib chiqadigan shilliqqurt bolalari boshlanishidan ancha mustaqil boʻlishadi. Haqiqatan, eng oldin tuxumni yorib chiqqan 10% shilliqqurt tuxumni sekinlik bilan yorib chiqayotgan boshqa sheriklarini nonushtaga paqqos tushiradi4!
Egg cases - Common whelk” (Chigʻanoq tuxumlari) / Sarah Smith, CC BY-SA 2.0.
Kannibalizmdan tashqari, bu misol ota-ona gʻamxoʻrlik strategiyasiga yaxshi misol boʻladi. Dengiz shilliqqurtlari va boshqa koʻplab dengiz umurtqasizlari oʻz nasliga juda kam gʻamxoʻrlik qiladi. Buning oʻrniga ular oʻz energiya zaxirasining katta qismini har biri nisbatan kichik boʻlgan koʻplab naslllarni qoldirishga ishlatadi. Raqamlarga kelganda, hatto dengiz shilliqqurti hayratlanarli emas – bitta urgʻochi dengiz tipratikani bir uvildiriq tashlashda 100000000 ta tuxum qoʻyishi mumkin5.
Mana shu xildagi strategiyaga ega turlarda nasllar odatda erta yoshdan yetarlicha mustaqil boʻladi. Shunga qaramay, har bir naslga koʻp energiya sarflanmagani uchun ular kichik boʻlib, kam energiya zaxiralari bilan dunyoga keladi. Bu yirtqich hayvonlarga nisbatan naslni zaiflashtiradi, shuning uchun naslning koʻpchiligi yoki katta qismi omon qolmaydi, boshqa tomondan, ularning son jihatidan koʻp ekani populyatsiyaning yashab qolishini kafolatlaydi.

Misol: kam nasl, koʻp taʼminot – koʻp parvarish

Yuqoridagi vaziyatlarga teskari strategiyani koʻrish uchun gigant pandani misol qilib olamiz. Urgʻochi pandalar odatda har tugʻishda faqat bittadan bolalaydi va yosh pandacha yetarlicha mustaqil boʻlmaydi6. Quyidagi rasmda koʻrsatilgan pushti narsa sichqon yoki mushukcha emas, balki yangi tugʻilgan panda.
Manba: “Newborn panda cub - Chengdu Panda Base” (Yangi tugʻilgan panda bolasi) / Buster&Bubby, CC BY-NC 2.0
Pandaga oʻxshab koʻpayish davrida kam sonli nasl beradigan hayvon turlari koʻp hollarda bolalariga keng koʻlamda gʻamxoʻrlik qiladi. Ular kattaroq, energiyaga “boy” nasl ham berishi mumkin. Yuqoridagi yangi tugʻilgan panda jajjigina koʻrinishi mumkin, ammo yangi tuxumdan chiqqan dengiz chigʻanoqlari bilan solishtirganda u ancha ulkan! Shunday yuqori parvarish strategiyasiga ega turlar oʻzlarining quvvat zaxiralarini naslning salomatligi uchun sarflaydi.
Bu turdagi strategiya sutemizuvchilar, jumladan, odam, kenguru va pandalar uchun xos. Bu turlarning bolalari tugʻilganda nisbatan himoyasiz boʻladi va yetarlicha mustaqil boʻlishi uchun biroz rivojlanishlari kerak boʻladi.
Rasm Shealah Craighead (public domain)ʼdan moslashtirib olindi: “Ailuropoda melanoleuca”.

Oʻsimliklarda hosildorlik va parvarish

Hayvonlarda koʻrib chiqilgan bunday keng qamrovli qonuniyatlar oʻsimliklarga ham taalluqli. Albatta, oʻsimliklar hayvonlar kabi oʻz nasliga ota-ona sifatida gʻamxoʻrlik qilmaydi. Biroq ular ham juda koʻp sonli energetik “zaif” yoki kam sonli energetik “quvvatli” urugʻlar yetishtiradi.
Misol uchun, kokos va kashtan kabi kamhosil oʻsimliklar har biridan yangi oʻsimlik unib chiqish imkoniyati yaxshi boʻlgan energiyaga boy, kam sonli urugʻlar yetishtiradi. Orxideya kabi yuqori hosildor oʻsimliklarda esa teskarisi: ular doim koʻp sonli, kichkina, har birida yashab qolish ehtimoli nisbatan past boʻlgan energiyasi zaif urugʻlar yetishtiradi.

Ilk reproduksiya davri (erta yoki kech)

Turlarning eng dastlabki reproduksiya vaqti – hayot tarixining alohida muhim qismi boʻlib, unda biz kompromisslarni va turlar oʻrtasida xilma-xil variatsiyalarni koʻramiz. Baʼzi oʻsimlik va hayvon turlari koʻpayish davrini erta boshlasa, boshqalari ancha kech boshlaydi. Ushbu strategiyalarning qanday ijobiy va salbiy jihatlari mavjud?
Barvaqt koʻpayadigan organizmlarda nasl qoldirishga ulgurmay halok boʻlish xavfi kam boʻladi, ammo bu ularning oʻsishi yoki salomatligiga xalal berishi mumkin. Masalan, guppiga oʻxshagan kichik baliqlar oʻzlarining bor quvvatlarini hayotning erta davridagi koʻpayishga safarbar etadi, natijada ular yirtqichlarga qarshi himoyalanish imkonini beruvchi yetarli oʻlchamga yeta olmaydi. (Hurkak guppini rasmga olish ham juda mushkul!)
Kech yoshlarda koʻpayadigan organizmlar odatda yuqori nasldor boʻladi yoki ularda oʻz nasliga gʻamxoʻrlik qilish qobiliyati yaxshiroq boʻladi. Boshqa tomondan esa ularda koʻpayish yoshigacha yashab qola olmaslik xavfi yuqoriroq boʻladi. Yirikroq baliqlar, masalan, koʻk jabrali quyoshbaliq yoki akulalar energiyalaridan oʻzlarini himoyalash imkonini beradigan oʻlchamgacha oʻsishda foydalanadi. Natijada reproduksiya kechikadi va shu tufayli ularning koʻpayishga ulgurmay (yoki oʻzlarining eng yuqori koʻpayish jarayoniga yetmay) halok boʻlish ehtimoli yuqoriroq boʻladi.
Umuman olganda, dastlabki koʻpayish yoshi turlarning umr davomiyligi bilan aloqador7. Qisqa umr koʻradigan turlar koʻp hollarda koʻpayishni erta boshlaydi. Uzoq umr koʻruvchi turlar esa koʻpayish davrini kechroq boshlaydi. Bu – imkoni boricha koʻproq nasl qoldirish muammosining kompleks “yechimi” hayot tarixi strategiyasi ekani va har qaysi tarkibiy qism (masalan, dastlabki koʻpayish yoshi) ikkinchisi (masalan, umr davomiyligi) bilan bogʻliqlikda ahamiyatga egaligi haqida yaxshi eslatma.

Yakka va koʻp sonli koʻpayish hodisalari

Hayot tarixi strategiyasining yana bir muhim jihati organizmning oʻz hayoti davomida necha marta koʻpayishi bilan bogʻliq. Baʼzi turlar uchun koʻpayish bir martalik, yoppasiga boʻladigan hodisa va shu hodisadan soʻng organizm ortiq yashamaydi. Boshqa turlarda esa organizmning umri davomida koʻpayish uchun imkoniyatlari bir necha yoki juda koʻp martalab yuzaga keladi.
Ekologiyaga oid lugʻatga nazar tashlagan holda turlarni ikki guruhga ajratamiz:
  • Hayotida faqat bir marta koʻpayuvchilar (semelpariya)
    • Hayot davomida bir necha marta koʻpayuvchilar (iteropariya)

Semelpariya

Semelpariyada tur individlari hayoti davomida faqat bir marta nasl beradi, soʻngra nobud boʻladi. Bunday qonuniyatga boʻysunuvchi turlar keyinchalik yashay olmaydigan holatda sogʻliklarini qurbon qilib, oʻzlarining butun resurslarini yagona koʻpayish hodisasiga sarflaydi.
Semelpariyani namoyon qiluvchi turlarga hayotida bir marta gullab, keyin nobud boʻladigan bambukni, shuningdek, bor energiya resurslarini okeandan oʻzining chuchuk suv havzasiga koʻchish va u yerda koʻpayish uchun sarflaydigan, soʻngra nobud boʻladigan chinuk lososini misol keltirish mumkin.
Manba: “Life histories and natural selection: Figure 1” (Hayot tarixi va tabiiy tanlanish: 1-chizma) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0. Roger Tabor, USFWS tomonidan moslashtirilgan.

Iteropariya

Iteropariyada tur individlari hayoti davomida takror-takror koʻpayadi. Organizmlarning koʻpayish sikllariga bogʻliq ravishda iteropariya turli koʻrinishlarda boʻlishi mumkin. Iteropariya kuzatiladigan turlar koʻp martalab koʻpayish imkonini beruvchi moslanish afzalligi (koʻp nasl qoldirish imkoniyati) ularda mavjud boʻlgani bois oʻzlarining bor quvvatini bir martalik koʻpayish hodisasiga sarflamaydi.
Baʼzi hayvonlar yilda faqat bir marta juftlashadi, ammo ular bir necha juftlashish mavsumini yashab oʻtadi. Prongorn antilopalari mavsumiy estral sikl (kuyikish – “jinsiy faollik” davri)ga ega boʻlgan hayvon turlaridan biri. Estral bu gormonal qoʻzgʻalgan fiziologik holat boʻlib, hayvon tanasini muvaffaqiyatli juftlashuvga tayyorlaydi. Tur ichidagi estral sikl davom etayotgan urgʻochi individlar faqatgina estral faza davomida juftlashadi.
Manba: “Life histories and natural selection: Figure 1” (Hayot sikli va tabiiy tanlanish: 1-chizma) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0. Mark Gocke, USDA tomonidan moslashtirilgan.
Odamlar va shimpanzelarni oʻz ichiga olgan primatlarda boshqacha qonuniyat kuzatiladi. Ularda reproduktiv davrning har qanday paytida koʻpayish yuz berishi mumkin. Biroq urgʻochilarda ovulyatsiya davomida oyda faqat bir necha kun davom etadigan menstrual sikllar homiladorlikka olib kelishi mumkin.
Manba: “Life histories and natural selection: Figure 1 (Hayot sikli va tabiiy tanlanish: 1-chizma) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0. “Shiny Things”/Flickr tomonidan moslashtirilgan.