If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Ekologiya nima?

Ekologiya bilan umumiy tanishish. Biotik va abiotik omillar. Ekologiyaning turli darajalari.

Asosiy tushunchalar

  • Ekologiya bu organizmlarning bir-birlari hamda tashqi muhit bilan munosabatlarini oʻrganuvchi fandir.
  • Yer yuzida organizmlarning tarqalishi va koʻpayishi biotik – tirik organizmlar hamda abiotik – jonsiz yoki fizik omillar taʼsirida shakllanadi.
    • Ekologiya organizm, populyatsiya, jamiyat, ekotizim va biosfera kabi darajalarda oʻrganiladi.

Ekologiya faniga xush kelibsiz!

Hech oʻrmonda sayr qilib, u yerda yashovchi gʻaroyib organizmlar xilmaxilligiga, qirqquloqdan tortib daraxtlargacha, lagan oʻlchamidek keladigan qoʻziqorinlargacha ahamiyat berganmisiz? Yoki mashinada sayohat qilib, oynadan eman oʻrmonidan baland qaragʻayzorlarga, ulardan yaylov-tekisliklarga almashinayotgan manzara oʻzgarishini tomosha qilganmisiz? Agar shunday boʻlsa, siz biologiyaning tarmogʻi boʻlmish organizmlarning bir-birlari hamda atrof-muhit bilan munosabatini oʻrganuvchi ekologiyaning mumtoz namunasidan bahramand boʻlgan ekansiz.
Ekologiya faqatgina boy oʻrmon, jilovlanmagan yovvoyi tabiat yoki boy manzara emas. Siz, masalan, karavotingiz ostida yashaydigan suvarakni, dushingizdan mogʻor oʻsib chiqqanini yoki hatto oyoq barmoqlari orasida zamburugʻlar paydo boʻlganini hech koʻrganmisiz? Agar shunday boʻlsa, amalda ekologiyaning asl namunalariga guvoh boʻlibsiz.
Organizmlar orasidagi va ularning jismoniy muhitidagi oʻzaro munosabatlarni aks ettiruvchi tasvirlar.
Yuqoridan chapda: moxli toʻnkada oʻsuvchi qoʻziqorinlar. Yuqoridan oʻngda: yovvoyi gullar, oʻtlar va ahyon-ahyonda daraxtlar bilan qoplangan yam-yashil tepaliklar. Quyidan chapda: quruq, sariq maysali dalalar va uzoqda koʻrinib turgan choʻqqi hamda qorli togʻlar. Quyidan oʻngda: yogʻoch pol ustidagi suvarak.
Manba: yuqoridan chapda Jens Hellermann, public domainʼga tegishli Oʻrmon” nomli surat; yuqoridan oʻngda Kgwo1972, public domainʼga tegishli Konza Prairie qoʻriqxonasi”; quyidan chapda Dominic Sherony CC BY-SA 2.0ʼga tegishli “San Rafael maysazorlari”; quyidan oʻngda 邰秉宥, CC BY-SA 2.0ʼga tegishli “Yaqinlashtirilgan plandagi suvarak” surati.

Biotik va abiotik omillar

Ekologiyaning asosiy maqsadi atrof-muhitda tirik mavjudotlarning tarqalishi va koʻpayishini tushunishdir. Masalan, sizning bogʻingiz yoki mahallangiz bogʻida dunyoning narigi tomonida joylashgan, sizga tengdosh boʻlgan “Xan akademiyasi” oʻquvchisining bogʻidan farqli oʻlaroq, oʻsimliklar, hayvonlar va zamburugʻlar toʻplami bor. Tabiatdagi bunday qonuniyatlar organizmlarning oʻzaro taʼsiri, shuningdek, organizmlar va ularning fizik olami bilan bogʻliq.
Keling, misol tariqasida dushingizdagi mogʻorga qaytamiz. Aytaylik, paypoq javoningizdagidan koʻra dushingizda mogʻor koʻproq paydo boʻladi. Nega shunday boʻlishi mumkin?
  • Ehtimol, mogʻorning oʻsishi uchun muayyan miqdorda suv kerakdir va shu miqdordagi suv faqat dushxonada mavjuddir. Suvning mavjudligi abiotik, yaʼni jonsiz organizmlarning tarqalishiga taʼsir koʻrsatadigan omildir.
  • Ehtimol, mogʻor dushda topilgan oʻlik teri hujayralari toʻkilishidan paydo boʻlar. Boshqa organizmlardan kelib chiqadigan ozuqa moddalarining mavjudligi biotik, yaʼni tirik organizmlarga xos boʻlgan, tarqalishga taʼsir etuvchi omil hisoblanadi.

Tematik vaziyat: qizil panda

Keling, biotik va abiotik omillar gʻoyasini dala ekologiyasi bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarga tadqiq etish juda qiziq boʻlgan yana bir organizmda qoʻllab koʻramiz. Qizil pandalar yenotlarning uzoq qarindoshlari boʻlib, faqat sharqiy Himolaylarda uchraydi. Ular koʻp vaqtini daraxtlarda oʻtkazadi va asosan vegetarian tarzda oziqlanadi. Soʻnggi yillarda qizil pandalar populyatsiyasining koʻpayishi sezilarli darajada pasaygan, bu esa tabiatni muhofaza qilish guruhlarining ularni xavf ostidagi va yoʻqolib borayotgan turlar sifatida tasniflashlariga olib keldi1,2.
Daraxt shoxidan osilib turgan qizil panda. Qizil moʻynali bu ajoyib hayvon xuddi yenotlarga oʻxshaydi.
Bu kamayishning asosiy omillari nimada? Ekologlar aniqlashicha, daraxtlarning kesilishi va xonaki itlar keltirib chiqargan kasalliklar qizil pandalarning kamayishiga olib kelgan asosiy biotik omillardir2. Abiotik omillar hozirgacha unchalik ahamiyat kasb etmagan boʻlsa-da, iqlim oʻzgarishi kelgusida yashash makonlarining qisqarishiga sabab boʻlishi mumkin3.
Qizil pandalar sonining kamayishiga olib kelgan asosiy omillarni oʻrganish ekologlarga noyob turlarni saqlab qolish uchun reja ishlab chiqish imkonini beradi.

Ekologiya mutaxassislarini qaysi savollar qiziqtiradi?

“Nima uchun qizil pandalar kamayib ketyapti?” kabi tabiat olami savollariga javob berish uchun ekologlar biologiya va boshqa tabiiy fanlarga ham murojaat qiladi. Ular jumlasiga biokimyo, fiziologiya, xulq-atvor biologiyasi, molekulyar biologiya, geologiya, shuningdek, kimyo va fizika kiradi.
Qadimgi tabiatshunos olimlar (yunon faylasufi Aristoteldan boshlab), shubhasiz, birinchi ekologlar boʻlishgan! Biroq hozirgi kun ekolog olimlari ancha qatʼiy, miqdoriy aniqlikka tayanadi. Ular nazorat tajribalari oʻtkazadi, ulkan maʼlumotlar bazasi statistikasidan qonuniyatlarni aniqlashda foydalanadi hamda ekologik munosabatlarning matematik modelini ishlab chiqadi.

Keng qamrovli ekologiya

Ekologiya fani doirasida olimlar keng qamrovli beshta darajada, baʼzida alohida-alohida, baʼzida bir-biriga bogʻliq holda ish olib borishadi. Bular: organizm, populyatsiya, jamoa, ekotizim va biosfera.
Keling, bularning har biriga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
  • Organizm: organizmlarni oʻrganuvchi ekologlar moslanish – muayyan yashash muhitida tabiiy tanlanish orqali organizmlarning muayyan muhitlarda yashab ketishini taʼminlovchi foydali xususiyatlarini oʻrganadi. Ushbu moslanish morfologik, fiziologik yoki xulq-atvorga asoslangan boʻlishi mumkin.
  • Populyatsiya: populyatsiya – bu bir paytda bir hududda yashovchi bir turdagi organizmlar guruhi. Populyatsiyalarni oʻrganuvchi ekologlar populyatsiyaning soni, joylashuvi, strukturalari hamda vaqt oʻtishi bilan ularning qanday oʻzgarishini oʻrganadi.
  • Jamoa: biologik jamoa oʻrganilayotgan hududda yashovchi turfa xil turlarning barcha populyatsiyalaridan tashkil topadi. Jamoani oʻrganuvchi ekologlar asosiy eʼtiborni populyatsiyalar oʻrtasidagi munosabat va bu munosabat qanday qilib jamoani hosil qilishiga qaratadi.
  • Ekotizim: ekotizim mintaqadagi, jamoadagi barcha organizmlarga taʼsir etuvchi abiotik omillardan tashkil topgan barcha organizmlarni oʻz ichiga oladi. Ekotizimni oʻrganuvchi ekologlar koʻpincha energiya oqimi va ozuqa moddalarini qayta ishlashga eʼtibor berishadi.
  • Biosfera: ekologik tizim sifatida qaralganda, biosfera bu Yer sayyorasidir. Biosferani oʻrganuvchi ekologlar global qonuniyatlarni, masalan, iqlim yoki turlarning tarqalishi, yaʼni ekotizimlar oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirlarni hamda global iqlim oʻzgarishi kabi butun dunyoga taʼsir koʻrsatuvchi hodisalarni oʻrganadi.
Tirik organizmlar iyerarxiyasini izohlovchi sxema
Eng yuqorida oʻrmondagi baland boʻyli daraxtlarning fotosurati joylashgan. “Organizmlar, populyatsiyalar va jamoalar: ushbu oʻrmonda har bir qaragʻay tanasi bitta alohida organizmdir. Bu hududda oʻsuvchi qaragʻaylarning barchasi populyatsiyani hosil qilsa, hududdagi har xil turlarning barcha populyatsiyalari esa jamoani hosil qiladi”.
Ikkinchi rasmda suv havzasi surati tasvirlangan boʻlib, uning ortida uzun-uzun oʻt-oʻlanlar, zich oʻsgan oʻsimliklar va daraxtlar oʻsib borar ekan, ular suvdan uzoqlashgan sari kattalashib boradi. Surat yoniga quyidagi jumla yozilgan: “Ekotizimlar: Amerika Qoʻshma Shtatlarining janubi-sharqidagi sohilboʻyi ekotizim tirik organizmlar va ularning muhitidan iborat”.
Uchinchi tasvirda esa Yer sayyorasi chizilgan va “Biosfera: biosfera Yer yuzidagi barcha ekotizimlardan iborat” deb yozilgan.
OpenStax College, Biology, CC BY 3.0ʼga tegishli “The scope of ecology: Figure 1” (Ekologiya sferasi: 1-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Ekologiyaning beshta darajasi yuqorida miqdorning oshib borishi ketma-ketligida berib oʻtildi. Ular bosqichma-bosqich paydo boʻladi: individlar populyatsiyalarni, populyatsiyalar jamoalarni, jamoalar bilan birgalikda ularning muhitlari esa ekotizimlarni hosil qiladi... Har bir daraja oʻzining paydo boʻlish xususiyatiga ega, yangi xususiyatlar darajalarning tarkibiy qismlarida mavjud boʻlmasa-da, bu qismlarning oʻzaro munosabatlari va aloqalaridan kelib chiqadi.
Ekologiyani oʻrganish darajalari organizmlarning bir-biri va atrof-muhit bilan oʻzaro munosabatlari toʻgʻrisida turli qarashlarni taklif qiladi. Men bu darajalarni koʻrsatish darajalari turlicha boʻlgan lupalarga oʻxshataman. Agar muayyan ekotizimda nima sodir boʻlayotganini koʻrishni istasangiz, sizga bir nechta lupa kerak boʻladi.