If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Invaziv tur

Turlarni invaziv deb hisoblashga nima sabab boʻlishi. Ekologik jamoalarga qanday invaziv turlar zarar yetkazishi mumkinligi.

Asosiy tushunchalar

  • Invaziv turlar deb oʻz tabiiy tarqalish hududidan tashqaridagi joyga olib kirilgan va yangi hududlarga salbiy taʼsir koʻrsatgan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan turlarga aytiladi.
  • Invaziv turlar jamoa strukturasini oʻzgartiradi, mahalliy turlarni hudud yoki resurs uchun raqobatda yengib, ularning qirilib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.
  • Osiyo karp baligʻi (zogʻorabaliq) invaziv turlarning taʼsirini namoyon qila oladi. Qoʻshma Shtatlarga odamlar tomonidan olib kirilgan bu tur qitʼadagi suv havzalarini egallab olgan. U Buyuk Koʻllar havzasidagi mahalliy baliq populyatsiyalariga va baliqchilikka katta xavf solishi mumkin.

Kirish

Quyidagi rasmga qarang. Tennesi tepaliklaridagi oddiy tonggi sayr! Ammo eʼtibor bilan qarasangiz... bu daraxtlar... ular bir nima bilan qoplangan. Yaqindan kuzatilsa, nafaqat daraxtlar, balki butun landshaft qalin yashil yopinchiq bilan qoplanganini koʻrish mumkin. Bu yopinchiq kudzu deb ataluvchi invaziv oʻsimlik turidan iborat.
Tennesidagi ushbu tepalik, undagi daraxtlar, butalar va yer kudzu toklari bilan qoplangan.
Manba: “Kudzu” / Katie Ashdown, CC BY 2.0
Invaziv turlar resurslarga boy va yirtqichlar yoʻq yangi ekotizimga olib kirilganda nimalarga olib kelishi mumkinligiga kudzu yaqqol misol boʻla oladi. Kudzu Qoʻshma Shtatlarga Osiyodan manzarali oʻsimlik sifatida 1800-yillar oxirida olib kelingan. 1900-yillar boshidan u janubda tuproq yemirilishini kamaytirish uchun keng koʻlamda ekila boshlangan. Oʻsha paytlarda odamlar uning kuniga oʻttiz santimetrdan oʻsib yer, buta, daraxt va hattoki uylar va eski mashinalarni oʻzining boʻgʻuvchi poyasi bilan tez surʼatda qoplab olishini bilmagan.2
Kudzu kabi invaziv turlar ekologik oʻzgarishlar, shu jumladan, odamlar sabab boʻlganlari ham ekotizimlar va jamoalarga qanchalik taʼsir qila olishiga yaqqol va biroz xavotirli misol boʻla oladi. Usbu maqolada biz invaziv turlarning nima ekani va ular qanday qilib ekotizimlarga zararli taʼsir koʻrsatishi – mahalliy turlar sonini kamaytirib, jamoa tarkibini oʻzgartirishini chuqurroq oʻrganamiz.

Invaziv tur nima?

Invaziv tur deb oʻz tabiiy tarqalish hududidan tashqaridagi joyga olib kirilgan va yangi hududlarga salbiy taʼsir koʻrsatgan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan turga aytiladi.1 Qoʻshma Shtatlarda koʻplab invaziv turlar mavjud boʻlib, ularning ayrimlari quyidagi rasmda keltirilgan. Agar siz oʻrmonda, qayiqda sayr qilishni yoki hech boʻlmaganda koʻchada sayr qilishni yoqtirsangiz, invaziv turlarni uchratgan boʻlishingiz ehtimoli yuqori.
Rasmning yuqoridan chap qismida uzun va ingichka binafsharang qarmoqchoʻp guli, oʻrtada esa koʻldagi inshootga yopishib olgan dreysena mollyuskalari, oʻngda sariq gulli buta – itshumurt tasvirlangan. Pastdan oʻngda mayda oq gulli oʻsimlik – sarimsoqoʻt; oʻrtada chirildoqqa oʻxshash hasharot – shumtol yashil bronza qoʻngʻizi, oʻngda esa chugʻurchuq qushi rasmi keltirilgan.
Surat OpenStax College, Biology, CC BY 4.0ʼning Community ecology (Jamoa ekologiyasi) nomli maqolasidan oʻzgartirib olindi. Surat mualliflari: yuqoridan chapdan oʻngga qarab: Liz West; M. McCormick, NOAA; E. Dronkert; Dan Davison; USDA; Don DeBold

Tematik vaziyat: Osiyo karp baligʻi

Kudzu oʻsimliklari kabi muhitga aks taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan Osiyo karp baligʻi (zogʻorabaliq) bilan tanishib chiqamiz. 1970-yillarda Qoʻshma Shtatlarga olib kirilgandan beri kuchli ishtahasi va tez koʻpayishi hisobiga ularning soni shunchalik ortib ketdiki, Mississippi va Illinoys shtatlaridagi ayrim daryolarda ular biomassaning 95% ini tashkil qila boshladi. Bundan tashqari, ular Qoʻshma Shtatlar va Kanada oʻrtasida suv yoʻllariga egalik qilish boʻyicha xalqaro munozaraga ham sabab boʻldi. Bu holat invaziv tur yangi joylarga oʻrnashib olganda qanday oqibatlarni keltirib chiqarishiga misol boʻla oladi.
Aslida hammasi qanday boshlangan? Osiyo karp baligʻi – bir emas, bir necha turlar guruhi – Qoʻshma Shtatlarga 1970-yillarda olib kirilgan.2 Ular baliq fermalari va kanalizatsiya tozalash xizmatlari tomonidan ariqlardagi ortiqcha planktonlardan xalos boʻlish maqsadida olib kelingan. Ammo baʼzi baliqlar qochishga muvaffaq boʻlgan. 1980-yillarga kelib ushbu baliq turlari Mississippi daryo havzasi, xususan, Illinoys va Missuri daryolarini koloniyalashtira boshladi.
Koʻp oziqlanganligi va tez koʻpayganligi sababli Osiyo karp baliqlari arealdagi ular bilan bir xil oziqlanadigan mahalliy baliq turlarini raqobatda yutib chiqadi. Qora karp midiya va shilliqqurtlar bilan ovqatlanib, mahalliy baliqlar ozuqa zaxirasini kamaytiradi va mollyuskalar populyatsiyasiga zarar keltiradi. Osiya karp baligʻi turiga kiruvchi kumushrang karp boshqa mahalliy baliqlarning lichinka va yosh paytidagi asosiy ozuqasi boʻlmish planktonlar bilan oziqlanadi.2
Osiyo karp baliqlarini yeyish mumkin boʻlsa-da, ularning suyaklari koʻp va Qoʻshma Shtatlarning aksariyat hududlarida unga ovqat sifatida talab kam. Mabodo baliq oviga chiqsangiz, juda ehtiyot boʻling: Osiyo karp baligʻidan tarsaki yeyishingiz mumkin! Yaqinlashib kelayotgan qayiq motoridan qoʻrqqan karp rasmda koʻrsatilgani kabi oʻzini havoga otadi va bexosdan qayiqdagilarni urib yuborishi mumkin.
Orqa fonda: qoʻlida toʻr tutgan AQSH baliqchilik va yovvoyi hayvonlar xizmati xodimi qayiqda. Oldinda: Osiyo karp baligʻi daryodan havoga sakramoqda.
Zogʻorabaliq. Manba: “Asian carp” / Steve Hillebrand, USFWS, CC BY 2.0
Buyuk Koʻllar va ularning qimmatli baliqlari losos (qizil baliq) va gulmohi baliqlar (forel) Osiyo karp baliqlari tufayli xavf ostida. Ushbu invaziv tur baliqlar allaqachon Michigan koʻliga quyiluvchi daryo va kanallar, shu jumladan, Buyuk Koʻllarni Mississippi daryosi bilan tutashtiruvchi suv yoʻllarini koloniyalashtirib boʻlgan.
Karp baliqlarining bu kanaldan chiqib ketmasligi uchun kanal elektrli toʻsiqlar bilan yopilgan. Lekin xavf shunchalik jiddiyki, Kanada va bir nechta shtatlar Chikago kanalini Michigan koʻlidan uzib qoʻyishni talab qilmoqda. Osiyo karp baliqlari dreysena kabi shunchaki yoqimsiz, lekin xavfsiz muammoga aylanadimi yoki dunyodagi eng katta chuchuk suv baliq havzasini barbod qiladimi, aniq aytish qiyin.
Osiyo karp baligʻi haqidagi ushbu tafsilotlar populyatsiya va jamoa ekologiyasi, siyosat va baliqchilik sanoati manfaatlari oʻzaro bir nuqtada qanday kesishishi, ekologiyaning odam ozuqa zaxiralariga va AQSH iqtisodiyotiga qanchalik taʼsir qila olishini koʻrsatadi. Shaxsiy darajada esa daryo boʻyida zavqlanib vaqt oʻtkazayotgan kishining sakrayotgan karpdan tarsaki yeyishi ekologiyaning qanchalik ahamiyatli ekanini koʻrsatadi.