If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Ekologik suksessiya

Suksessiya ekologik jamoada ilg‘or oʻzgarish sifatida. Birlamchi va ikkilamchi suksessiya. Klimakterik jamoa taʼrifi.

Asosiy tushunchalar

  • Suksessiya vaqt oʻtishi bilan ekologik jamoaning tarkibida ketma-ket progressiv oʻzgarishlarning sodir boʻlishi hisoblanadi.
  • Birlamchi suksessiyada yangi paydo boʻlgan yoki shakllangan togʻ jinsi tirik organizmlar tomonidan birinchi marotaba ishgʻol qilinadi.
  • Ikkilamchi suksessiyada tirik organizmlar tomonidan dastlab ishgʻol qilingan hudud buzilib vayron boʻladi, keyin esa qaytadan ishgʻol qilinadi.

Kirish

Siz biror marta murakkab va xilma-xil oʻsimliklar va hayvonlar dunyosiga boy boʻlgan landshaft, masalan, oʻrmonlar qanday paydo boʻlganiga qiziqqanmisiz? Bir vaqtlar bu yerlar ochiq qoyalardan tashkil topgan boʻlishi kerak, lekin bugungi kunga kelib bu yerlarda bir-biriga oʻzaro taʼsir koʻrsatib, birgalikda hayot kechiruvchi, har xil turlardan iborat populyatsiyalarga boy ekologik jamoalar yashaydi. Aftidan, ular bir tunda paydo boʻlib qolmagan!
Jamoalarning qanday paydo boʻlganligi hamda vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib borishi ekologlarda katta qiziqish uygʻotib kelgan. Aslida ham ular koʻp vaqtlarini murakkab jamoalar, jumladan, oʻrmonlar qanday qilib boʻsh yer yoki yalangʻoch qoyadan paydo boʻlishini kuzatish uchun sarflashadi. Masalan, ekologlar vulqonlar otilishini, muzliklar yoki oʻrmon yongʻinlari orqaga chekinishini, yerlarning boʻshab qolishini va ochiq togʻ jinslarining paydo boʻlish joylarini oʻrganishadi.
Ushbu joylarni oʻrganish mobaynida ekologlar ekologik jamoaning bosqichma-bosqich oʻzgarib borish jarayonini kuzatadi. Koʻp hollarda buzilgan hududlarda paydo boʻlgan jamoalarning tarkibi odatda koʻp yillar davomida bir necha oʻzgarishlarga uchraydi. Ushbu qator oʻzgarishlar ekologik suksessiya deyiladi.

Suksessiya

Ekologik suksessiya ekologik jamoalarni tashkil qiluvchi turlarda vaqt oʻtishi bilan bir qator taraqqiy etib boruvchi oʻzgarishlar sodir boʻlishidir. Ekologlar odatda suksessiyani boshlanish nuqtasiga koʻra farq qiluvchi ikki turga ajratishgan:
  • Birlamchi suksessiyada yangi paydo boʻlgan yoki shakllangan togʻ jinsi tirik organizmlar tomonidan birinchi marotaba ishgʻol qilinadi.
  • Ikkilamchi suksessiyada tirik organizmlar tomonidan dastlab ishgʻol qilingan hudud buzilib ketadi, buzilishdan keyin esa qayta ishgʻol qilinadi.
Suksessiyada koʻpincha turlarning xilmaxilligi past, barqarorligi kamroq boʻlgan jamoadan turlarning xilmaxilligi yuqori va ancha barqaror jamoaga oʻtib borish kuzatiladi,1 lekin bu universal qoida emas.

Birlamchi suksessiya va kashshof turlar

Birlamchi suksessiya yangi yerning shakllanishi yoki ochiq qoyaning paydo boʻlishida kuzatilib, u ilk bor ishgʻol qilinishi mumkin boʻlgan tabiiy muhitni hosil qiladi.
Masalan, vulqonlarning otilishidan keyin Gavayidagi Katta Orolda boʻlgani kabi birlamchi suksessiya jarayonini kuzatish mumkin. Lava okean tubiga oqib, yangi togʻ jinsini shakllantiradi. Har yili Katta Orolga taxminan 32 akr yer maydoni qoʻshilib turadi. Birlamchi suksessiya paytida bu yerlarda nimalar sodir boʻladi?
Dastlab ob-havo va boshqa tabiiy kuchlar taʼsirida substrat, yaʼni togʻ jinsi yemirilib parchalanadi. Bu esa maʼlum turdagi chidamli oʻsimliklar va tuproqni uncha talab etmaydigan, yaʼni kashshof turlar sifatida maʼlum boʻlgan lishayniklarning oʻsishiga sharoit yaratib beradi (quyidagi rasmga qarang). Bu turlar minerallarga boy lavani parchalab, tuproqqa aylanishiga yordam beradi, keyinchalik chidamli turlar kamayib, ularning oʻrnini kashshof turlar egallaydi. Bundan tashqari, dastlab paydo boʻlgan bu turlar oʻsib va nobud boʻlib borar ekan, doimiy shakllanib borayotgan qatlamda organik moddalarga boy tuproq hosil boʻlishiga yordam beradi.
Suratda Maui hududida sukkulent oʻsimliklarning birlamchi suksessiya davrida lavani ishgʻol etishi aks etgan.
Gavayining Maui orolidagi lava ustida birlamchi suksessiya payti; sukkulent oʻsimliklar kashshof turlar hisoblanadi. Manba: Community ecology: Figure 17 (Jamoa ekologiyasi: 17-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0; Forest va Kim Star ishlari asosida taqdim etildi.
Bu jarayon birlamchi suksessiya paytida bir necha marta takrorlanadi. Har bir bosqichda oldingi turlar hosil qilgan muhitdagi oʻzgarishlar tufayli yangi turlar ushbu hududga kirib keladi va oldingi turlarning oʻrnini egallashi mumkin. Birmuncha vaqt oʻtib, jamoa nisbatan barqarorlikka erishishi va oʻzgarmas tarkibda qolishi mumkin. Lekin suksessiya doimo yoki koʻpincha turgʻun holatga kelishining oxirgi nuqtasi borligi aniq emas, biz buni keyingi mavzularda koʻrib chiqamiz.

Ikkilamchi suksessiya

Ikkilamchi suksessiyada dastlabki egallangan hudud buzilib, undagi jamoaning hammasi yoki koʻpchiligi nobud boʻlganidan keyin yana qayta egallanadi.
Ikkilamchi suksessiyaga eman va hikori oʻrmonlarining yongʻin tufayli boʻshab qolishi yaqqol misol boʻladi. Yongʻin koʻplab oʻsimliklarni va hududdan uchib keta olmaydigan hayvonlarni nobud qilishi mumkin. Lekin ularning ozuqaviy moddalari kul sifatida tuproqqa qaytadi. Birlamchi suksessiyadagi yalangʻoch togʻ jinsini ishgʻol qilishga nisbatan buzilgan hududni tezda qayta ishgʻol qilish osonroq, chunki uning tuprogʻi allaqachon ozuqaviy moddalarga boy boʻladi.
Yongʻin sodir boʻlishidan oldin eman va hikori oʻrmonlarining oʻsimlik dunyosida baland boʻyli daraxtlar hukmronlik qilardi. Ularning boʻyi quyosh energiyasini olishga yordam bergan, lekin ulardan quyida oʻsadigan oʻsimliklarga soya solgan. Vaholanki, yongʻindan keyin bu daraxtlar darhol qayta tiklanmaydi. Buning oʻrniga dastlab bu yerlarda bir yillik oʻsimliklar, yaʼni faqat bir yil yashaydigan oʻsimliklar, keyin esa bir necha yillar ichida tez oʻsadigan va koʻpayadigan oʻtlar oʻsadi. Birlamchi suksessiyada hududlarni dastlab ishgʻol qilgan oʻsimliklar kashshof oʻsimliklar deyiladi.
Oʻrmon suksessiyasi. Manba: Forest succession /Lucas Martin Frey, CC BY 3.0
Koʻp yillardan keyin oʻtlar va boshqa turdagi oʻsimliklarning oʻsishi natijasida atrof-muhit qisman oʻzgarib, bu yerlarda butalar paydo boʻladi, ularning ketidan esa kichik qaragʻay, eman va hikori daraxtlari oʻsib chiqadi. Nihoyat, keyinchalik yana buzuvchi omillar boʻlmasa, eman va hikori daraxtlari yana hukmronlik qila boshlaydi va zich qoplam hosil qilib, jamoaning tarkibini yongʻin boʻlishidan oldingi holatga qaytaradi. Bu suksessiya jarayoni taxminan 150 yil davom etadi.

Suksessiyaning borish yoʻli va tugash nuqtasi

Suksessiyani ilk marotaba oʻrgangan ekologlar suksessiya jarayonini oldindan aytish mumkin, jamoa doimo bir xil ketma-ketlikdagi bosqichlarni bosib oʻtadi deb oʻylashgan. Shuningdek, ular suksessiyaning oxirgi barqaror, yaʼni atrof-muhit bilan muvozanatda boʻlgan holatini klimaks bosqichidagi jamoa deb nomlashgan va bu holat oʻsha joyning iqlimi bilan belgilanadi deb hisoblashgan. Masalan, yuqorida keltirilgan misolda yetilgan eman va hikori oʻrmoni muvozanatga erishgan, klimaks bosqichidagi jamoa hisoblangan.
Suksessiya jarayonining oldindan belgilab qoʻyilgan yoʻldan borishi va barqaror muvozanatga erishgan jamoa toʻgʻrisida ilgari surilgan fikrlar bugungi kunga kelib turli savollarni yuzaga chiqarmoqda. Oldindan belgilab qoʻyilgan yoʻldan emas, muayyan vaziyatlarga qarab suksessiyaning turli yoʻllarni bosib oʻtishi maʼlum boʻlib bormoqda.1 Shuningdek, barqaror klimaks bosqichiga chiqqan jamoalar baʼzi holatlarda shakllanayotganligiga qaramasdan, koʻplab muhitlar uchun bu kam uchraydigan holat boʻlishi mumkin. Ekotizim tez-tez turli buzuvchi omillar taʼsiriga duchor boʻlib turishi ham mumkin va bu jamoaning muvozanat holatiga chiqishiga toʻsqinlik qiladi yoki muvozanat qaror topganda tezda bu holatni izdan chiqaradi.