If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Yirtqichlik va oʻtxoʻrlik

Yirtqich va oʻlja. Yirtqichlardagi moslanishlar oʻljani ovlashga, oʻljadagi moslanishlar esa yirtqichdan qochishga yordam beradi.

Asosiy tushunchalar

  • Yirtqichlilik bu organizmlarning oʻzaro munosabati boʻlib, bunda bir organizm – yirtqich boshqa bir organizm – oʻljani butunlay yoki tana qismlarini yeb oziqlanadi.
  • Oʻtxoʻrlik bu yirtqichlilikning bir koʻrinishi boʻlib, bunda oʻlja organizm oʻsimlik hisoblanadi.
  • Yirtqich va oʻlja populyatsiyalari bir-birining dinamikasiga taʼsir qiladi. Yirtqich va oʻlja organizmlar populyatsiyasi soni oʻzaro bogʻliq sikllar orqali oshib, kamayib turadi.
  • Yirtqichlar va oʻljalar ularning oʻzaro munosabatlarida muhim boʻlgan, tabiiy tanlanish natijasida kelib chiqqan foydali xususiyatlar – adaptatsiyaga ega. Oʻljalar uchun bu turli xil himoya va ogohlantiruvchi signallar, masalan, yorqin ranglanishni oʻz ichiga oladi.

Kirish

Tabiatdagi har xil turlarning oʻzaro munosabatlaridan biri haqida soʻrashsa, birinchi navbatda, yirtqichlilik yodga tushadi. Axir, koʻpchiligimiz lososlarni tutayotgan ayiqlarni, zebralarni yeyayotgan sherlar yoki oʻljasini ushlayotgan sakkizoyoqlarni televizorda tabiatga oid kanallar orqali koʻrganmiz. Aslida, bu bolaligimda tomosha qilish uchun ruxsat berilgan yagona telekanal edi – men buni ajoyib deb oʻylardim!
Yirtqichlilikda yirtqich oʻlja tanasini butunlay yoki baʼzi qismlarini yeydi va bundan yirtqichga ijobiy (+), oʻljaga esa salbiy (-) taʼsir kelib chiqadi. Tabiatga oid televizion koʻrsatuvlar bir hayvonning boshqasini oʻldirayotgani haqidagi holatni yoritadi, ammo bunda yirtqichlilik unchalik koʻzga tashlanmaydigan shaklga ega boʻlishi ham mumkin. Masalan, chivin sizning ozgina qoningizni soʻrsa, buni yirtqichlilikning bir turi sifatida qabul qilish mumkin. Oʻtxoʻr hayvonlarda ham shunday, masalan, sigir yoki bugʻu oʻsimlikning bir qismini isteʼmol qilishi mumkin.1
Ushbu maqolada biz yirtqichlilik: uning turli koʻrinishlari, yirtqich va oʻlja populyatsiyalarining qanday taʼsirga uchrashi va tabiiy tanlanish qanday qilib yirtqichlar va oʻljalarning xususiyatlarini shakllantirgani haqida batafsil koʻrib chiqamiz.

Nima yirtqichlilik hisoblanadi?

Yirtqich boshqa bir oʻlja deb ataladigan tirik yoki oldinroq oʻldirilgan organizmning butun tanasi yoki baʼzi qismlari bilan oziqlanuvchi organizm hisoblanadi. “Tirik yoki oldinroq oʻldirilgan” tushunchalari yirtqichlarni zamburugʻ va bakteriya singari oʻlik organizm qoldiqlarini parchalaydigan redutsentlardan ajratib turadi.2
Agar biz sherning zebrani yeyayotganini koʻrsak, sherni qatʼiy yirtqich deb ayta olamiz. Ammo kengroq olib qaraganda, zebra ham aslida yirtqich!1 Yirtqichning oʻljasi hayvon boʻlishi mumkin, ammo u oʻsimlik yoki zamburugʻ boʻlishi ham mumkin. Shuningdek, yirtqich oʻz oʻljasini oʻldirishi shart emas. Buning oʻrniga oʻtlayotgan sigir yoki qon soʻruvchi chivin singari oʻlja tanasining bir qismini olib, uni tirik qoldirishi ham mumkin.1 Yirtqich hayvon yoki hasharotlar oʻsimlikni isteʼmol qilishi bilan boradigan munosabat oʻtxoʻrlik deb ataladi. (Ilmiy atamalarda “herbivory”; “herbi” – oʻt, oʻsimlik va “-vory” – yeyish degan maʼnoni anglatadi.)

Yirtqich va oʻljalarning populyatsion dinamikalari

Jamoadagi yirtqichlar va oʻljalar populyatsiyasi doimiy bir xil emas. Aksincha, koʻp holatlarda ular bir-biriga bogʻliq tarzda sikllarda oʻzgarib turadi. Yirtqich-oʻlja dinamikasining eng yorqin misoli yirtqich – silovsin va oʻlja – qor quyonining sikllarida namoyon boʻladi. Ajablanarlisi shundaki, ushbu sikl almashinuvlarini Shimoliy Amerika oʻrmonlarida ovchilar tomonidan toʻplangan hayvonlar terisi soniga asoslangan deyarli 200 yillik maʼlumotlarda uchratish mumkin.
Yuqori panel: grafikda hayvonlar soni (minglik sanoqda) vaqt oʻtishi bilan qanday oʻzgargani aks ettirilgan. Quyonlar soni kamayganda 10 000 lar atrofida boʻlsa, koʻtarilganda 75 000 dan 150 000 gacha yetgan. Odatda silovsinlar quyonlardan kamroq boʻlsa-da, silovsinlar soni quyonlar sonining koʻpayish va kamayish qonuniyatiga boʻysungan.
Quyi panel: silovsin va quyon rasmlari
Manba: yuqorida “Community ecology: Figure 2 ” (Jamoa ekologiyasi: 2-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0; pastda “Populations of snowshoe hare and their Canada lynx predator show repeating cycles” (Oppoqoyoq quyon populyatsiyasi va ularni ovlovchi Kanada silovsinlari oʻrtasida takrorlanuvchi sikl) / CK-12 Foundation, CC BY-NC 3.0
Silovsin va quyonlarning populyatsion sikllari taxminan 10 yilda bir marta takrorlanadi, bunda silovsin populyatsiyasi quyon populyatsiyasidan bir yildan ikki yilgacha orqada qoladi. Bunga klassik izoh quyidagicha: quyonlar sonining oshishi bilan silovsinlar uchun koʻproq ozuqa mavjud boʻladi, bu silovsinlar sonining oʻsishiga imkon beradi. Silovsin populyatsiyasi chegaraviy darajaga yetganda, quyonlar shu qadar kamayadiki, quyon populyatsiyasi kamayishni boshlaydi. Ozuqa taqchilligi sabab silovsinlar soni ham kamayishni boshlaydi. Silovsin populyatsiyasi kam boʻlganida quyon populyatsiyasi koʻpaya boshlaydi, chunki yirtqichlar bosimi kamayadi – sikl yana takrorlanadi.
Bugungi kunda ekologlar ikkita populyatsiya sikllar almashinuvi butunlay yirtqichlilik bilan boshqariladi, degan fikrni rad etishmoqda. Masalan, quyonlar tomonidan isteʼmol qilinadigan oʻsimliklarning mavjudligi raqobat tufayli quyonlar haddan tashqari koʻpayib ketganda oʻsimliklarning kamayishiga olib keladi. Natijada bu holat ham siklga taʼsir qiluvchi omil boʻlishi mumkin.3 Soʻnggi yillarda oʻtkazilgan baʼzi bir tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, yirtqichlilik, ozuqa tanqisligi yoki zichlikka bogʻliq boʻlgan boshqa stress omillari tufayli urgʻochi quyonlarning nasldorlik – reproduktiv funksiyasi susayishi mumkin.4 Shunday boʻlsa-da, silovsin va quyonlarning yirtqich va oʻlja oʻzaro munosabati siklning asosiy elementi hisoblanadi.

Yirtqichlilikka qarshi himoya mexanizmlari

Jamoani oʻrganish davomida biz jamoaning turli populyatsiyalari aʼzolariga taʼsir qilgan va taʼsir qilib kelayotgan evolyutsion kuchlarni hisobga olishimiz kerak. Turlar turgʻun emas, aksincha, avlodlar davomida oʻzgarib turadi va tabiiy tanlanish orqali muhitga moslashadi.
Yirtqich va oʻlja turlarning ikkalasida ham tabiiy tanlanish natijasida yuzaga keladigan foydali xususiyatlar – adaptatsiya mavjud boʻlib, bu ularga oʻz vazifalarini yaxshiroq bajarishga yordam beradi. Masalan, oʻlja turlar yirtqichlardan qochishga yordam beradigan himoyalovchi moslanishga ega. Ushbu himoya mexanik, kimyoviy, jismoniy yoki xatti-harakatlar orqali namoyon boʻlishi mumkin.
Mexanik himoyaga misol oʻsimliklarda tikanlarning yoki toshbaqalarda qattiq qobiqlarning mavjudligi boʻlib, bu yirtqich yoki oʻtxoʻr hayvonda jismoniy ogʻriqlar keltirib chiqarishi yoki yirtqichning oʻljani isteʼmol qilishiga xalaqit berishi mumkin. Koʻplab hayvonlar va oʻsimliklar oʻzlarida kimyoviy himoyani hosil qiladi. Masalan, digitalis oʻsimligi isteʼmol qilinganda juda zaharli taʼsir koʻrsatadi. Quyida pastki qatordagi rasmda koʻrsatilgan mingoyoq ham kimyoviy, ham mexanik himoyaga ega: u xavf tugʻilganda himoya uchun kulcha boʻlib oʻralib oladi hamda koʻz va terini achishtirish xususiyatiga ega zaharli modda ajratadi.
Yuqoridan chap tomondagi rasmda uzun va oʻtkir tikanakli gledichiya – tikan daraxti tasvirlangan. Yuqoridan oʻng tomondagi rasmda gumbazsimon qobiqqa ega toshbaqa aks ettirilgan. Pastdan chap tomondagi rasmda pushti, qoʻngʻiroqcha shaklidagi digitalis guli tasvirlangan. Pastki oʻng tomondagi rasmda esa kulcha shaklida oʻralib olgan mingoyoq keltirilgan.
Manba: Community ecology: Figure 3 (Jamoa ekologiyasi: 3-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0; yuqoridan chapda Huw Williamsʼning; yuqoridan oʻngda “JamieS93”/Flickrʼning; pastdan chapda Philip Jägenstedtʼning; pastdan oʻngda Cory Zankerʼning oʻzgartirilgan ishlari
Koʻplab turlar yirtqichlar sezib qolmasligi uchun oʻzlarining tana shakli va rangini ishga soladilar. Masalan, qisqichbaqasimon oʻrgimchak gul bargining rangi va shakliga mos tuslanadi, bu esa haqiqiy gul fonida turgan paytda uni koʻrishni qiyinlashtiradi. Buni quyidagi rasmda koʻra olasizmi? Men buni topish uchun bir daqiqa vaqt sarfladim! Yana bir ajoyib misol: rangini atrofga mos ravishda oʻzgartirishi mumkin boʻlgan xameleon. Bularning ikkalasi ham kamuflyaj, yaʼni atrofdagi fon bilan aralashib himoyalanishning yorqin misolidir.
Manba: Community ecology: Figure 4 (Jamoa ekologiyasi: 4-rasm) / Davron Rintoul CC BY 4.0
Baʼzi turlar ranglarni teskari yoʻlda ishlatadi – bu yirtqichlarni ularni yeyish yaxshi emasligi haqida ogohlantiradi. Masalan, quyida koʻrsatilgan zaharli qulupnay qurbaqasi yirtqichlarni zaharli ekani toʻgʻrisida ogohlantirish uchun yorqin rangga ega, “Mephitis mephitis” yoʻl-yoʻl skuns esa qalin chiziqlaridan foydalanib yirtqichlarni oʻzining yoqimsiz hidi haqida ogohlantiradi.
Chap tomondagi rasmda barg ustida qizil qurbaqa va oʻng tomonda skuns tasvirlangan.
Manba: Community ecology: Figure 5 (Jamoa ekologiyasi: 5-rasm) / OpenStax College, Biology, CC BY 4.0; chapda Jay Iwasakiʼning; oʻngda Dan Dzurisinʼning oʻzgartirilgan ishi
Ushbu ikkita misoldan tashqari koʻplab turlar yoqimsiz taʼm, zaharli kimyoviy moddalar, chaqish yoki tishlash xususiyati haqida ogohlantirish uchun yorqin yoki koʻzga tashlanuvchi ranglarda tuslanadi. Ushbu rangni eʼtiborsiz qoldirib, organizmni isteʼmol qiladigan yirtqichlar yomon taʼm yoki toksik kimyoviy moddalar tufayli kelajakda ushbu turni yemaydigan boʻladi. Ushbu turdagi himoya mexanizmi aposematik rang yoki ogohlantiruvchi rang deb ataladi.
Baʼzi zaharli yoki xavfli boʻlmagan turlar mimikriya yoki boshqa turlarning himoya rangini oʻzlashtirish orqali himoyalanadi. Beyts mimikriyasida zararsiz turlar zararli turlarning ogohlantiruvchi himoya rangiga taqlid qiladi. Agar ularga bir xil yirtqichlar xavf solsa, garchi zararsiz tur aʼzolari aslida taqlid qilgan organizmning jismoniy yoki kimyoviy himoya mexanizmiga ega boʻlmasa-da, zararsiz turlarni himoya qiladi. Masalan, aksariyat zaharli boʻlmagan va chaqmaydigan hasharot turlari ari yoki asalarilarning rangiga taqlid qiladi.
Manba: Community ecology: Figure 6 (Jamoa ekologiyasi: 6-rasm) / OpenStax College, Biology CC BY 4.0; Cory Zankerʼning ishlari oʻzgartirib olindi.
Myuller mimikriyasida koʻp turlar bir xil ogohlantiruvchi rangdan foydalanadi, lekin hamma tur aslida oʻz himoya usuliga ega. Masalan, quyidagi rasmda bir xil tuslanuvchi ikkita nordon taʼmga ega kapalak tasvirlangan. Yirtqichlar bu ikki kapalakning biriga duch kelib, uning yoqimsiz taʼmga ega ekanini bilib olgach, kelajakda ikkala turdan ham qochishga harakat qiladi. Bunday oʻxshash koʻrinish evolyutsion jihatdan juda katta ahamiyatga ega, chunki yirtqich bu turlarni taʼmi tufayli yeyishdan qochishi natijasida ikkala tur uchun ham halokat darajasi kamayadi.
Manba: Community ecology: Figure 6 (Jamoa ekologiyasi: 6-rasm) / OpenStax College, Biology CC BY 4.0; Mualliflar: Joron M., Papa R., Beltrán M., Chamberlain N., Mavárez J. va boshqalar.
Bu yirtqichlilikni kamaytirish uchun oʻlja turlarda paydo boʻlgan koʻplab moslanishlarning baʼzi namunalaridir. Albatta, yirtqichlar ham oʻtkir tirnoq va tishlar, yuqori tezlik va kamuflyajni taʼminlovchi tuslanish kabi oʻljalarni maksimal darajada qoʻlga kiritish uchun xizmat qiluvchi moslanish usullariga ega.5 Qaysidir maʼnoda, bu evolyutsion qurollanish poygasi boʻlib, unda ikkala tomon ham oʻyinni davom ettirish uchun tavakkal qilib koʻrishi kerak.1