If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Nishalar va raqobat

Ekologik nisha nima? Turlar va bir-biriga oʻxshash nishalar oʻrtasida resurslar uchun raqobat. Raqobatni kamaytirish uchun resurslarni teng taqsimlash.

Asosiy tushunchalar:

  • Turlararo raqobatda ikkita tur bir xil cheklangan resursdan foydalanadi. Raqobat ikkala turga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi ( -/- oʻzaro munosabat).
  • Turlarning nishasi bu asosan ekologik tushuncha boʻlib, zarur (yoki foydalanish mumkin boʻlgan) sharoitlar, resurslar va oʻzaro munosabatlar majmui bilan belgilanadi.
  • Raqobat orqali chetlashtirish prinsipiga koʻra, bitta nishani egallagan (bitta manbadan foydalanuvchi) ikkita tur birgalikda mavjud boʻla olmaydi.
  • Bitta nishada mavjud boʻlgan ikkita tur oʻrtasida shu nishaga ega chiqish uchun tabiiy tanlanish jarayoni kechadi va natija resurslar taqsimlanishi bilan yakunlanadi.

Kirish

Odamlar boshqa odamlar bilan har doim raqobat qilib keladi– ish joyi, sport musobaqalari, uchrashuvlar uchun. Ammo biz boshqa turlar bilan ham raqobatdamizmi? Agar siz qachonlardir lagerga borganingizda rakun, ayiq yoki boshqa jonzot tomonidan ovqat oʻgʻirlatgan boʻlsangiz, siz har xil turga mansub vakillar orasidagi chegaralangan resurs uchun oʻzaro raqobat – turlararo raqobatni boshdan kechirgansiz.
Resurslar muhitda koʻpincha cheklangan boʻladi va koʻplab turlar ulardan foydalanish uchun raqobatlashishi mumkin. Masalan, bogʻdagi oʻsimliklar tuproqdagi ozuqa moddalari, suv va yorugʻlik uchun bir-biri bilan raqobatlashishi mumkin. Turlararo raqobatning umumiy taʼsiri raqobatda qatnashadigan ikkala tur uchun ham salbiy (oʻzaro -/- taʼsir) hisoblanadi. Yaʼni agar bitta tur yoʻq boʻlsa, ikkinchi tur uchun bu holat foyda keltiradi.
Ushbu maqolada biz ekologik nisha va bitta nishada yashovchi turlar oʻrtasidagi raqobat qanday kechishini koʻrib oʻtamiz. Shuningdek, turli xil nishalarni egallash uchun tabiiy tanlanish orqali turlar qanday qilib oʻzgarishi, shu orqali resurslarni qayta taqsimlashi va raqobatni kamaytirishini koʻrib chiqamiz.

Nisha tushunchasi

Turlarning nishasi bu ularning ekologik vazifasi yoki “hayot tarzi” boʻlib, sharoitlar, resurslar va zarur (yoki foydalanishi mumkin boʻlgan) oʻzaro taʼsirlar toʻplamidan iborat1. Har bir tur oʻziga xos tarzda ekologik jamoaga moslashadi va atrof-muhit omillari uchun oʻziga xos chidamlilik chegarasi mavjud. Masalan, baliq turlarining nishasini qisman shoʻrlanish (tuzlilik), pH (kislotalilik) va chidashi mumkin boʻlgan harorat, shuningdek, isteʼmol qilinishi mumkin boʻlgan ozuqa turlari bilan belgilash mumkin.
Koʻrib turganimizdek, aynan bir xil nishada yashaydigan ikkita organizm bitta arealda yashab qola olmaydi (chunki ular aynan bir xil resurslar uchun raqobatlashadi, shunday ekan, bu holat ulardan birining yoʻqolib ketishiga olib keladi). Biroq nishalari faqatgina qisman bir-biriga mos keladigan turlar birga yashashlari mumkin. Bundan tashqari, uzoq vaqt davomida turlar har xil muhitda yashash yoki kamroq oʻxshash resurslardan foydalanish uchun oʻzgarib, rivojlanib borishlari mumkin.

Raqobat orqali chetlashtirish prinsipi

Raqobat orqali chetlashtirish prinsipi ikkita tur arealdagi aynan bitta nishada birga yashay olmasligini anglatadi. Buning sababi bir xil nishada yashovchi turlar bir xil ehtiyojlarga ega, demak, ular aynan bir xil resurslar uchun raqobatga kirishadilar.
Raqobat orqali chetlashtirish prinsipining mashhur misoli quyidagi rasmda keltirilgan, unda bir hujayrali mikroorganizmlarning ikki turi – Paramecium aurelia va Paramecium caudatum tasvirlangan. Laboratoriyada yakka holda oʻstirilganda ikkala tur ham yaxshi oʻsib rivojlanadi. Ammo ular bitta naychada (yashash joyida) cheklangan miqdordagi ozuqa bilan oʻstirilganda, ikkalasi ham kam oʻsadi va oqibatda P. aurelia ozuqa uchun raqobatda P. caudatum dan ustun kelib, P. caudatum yoʻq boʻlib ketishiga sabab boʻladi.
a, b va c chizmalarda hujayralar sonining kunlik oʻzgarishi tasvirlangan. (a) grafikda P. aureliaʼning yolgʻiz oʻsishi, (b) grafikda P. caudatumʼning yolgʻiz oʻsishi, (c) grafikda esa ikkala turning birgalikda oʻsishi tasvirlangan. Alohida oʻstirilganda, ikkala tur ham logistik oʻsishni namoyon qilib, nisbatan yuqori hujayrali zichlikka ega boʻlib oʻsgan. Ikkala tur ham birga oʻsganda esa P. aurelia yakka holda oʻstirilgandagi bilan deyarli bir xil hujayra zichligini hosil qilgan, ammo P. caudatum deyarli oʻsmagan va oxir-oqibat uning populyatsiyasi soni nolgacha tushib qolgan.
OpenStax College, Concepts of Biology, CC BY 4.0ʼga tegishli “Community ecology: Figure 7” (Jamoa ekologiyasi: 7-rasm) nomli grafik material oʻzgartirib olindi.
Tabiatda kamdan kam hollarda ikkita tur aynan bir xil nishalarni egallaydi. Biroq ikkita turning nishasi qanchalik koʻp bir-biriga oʻxshash boʻlsa, ular orasidagi raqobat shunchalik kuchayadi2.

Resurslarni taqsimlash

Agar raqobatlashayotgan turlardan biri yoki ikkalasi ham boshqa-boshqa resursdan foydalanishga oʻtsa, boshqa arealni egallasa yoki kunning boshqa vaqtida hayot kechirishga tayyor boʻlsa, raqobatdan qutulish mumkin. Ushbu turdagi evolyutsiyaning natijasi shuki, ikkita oʻxshash tur asosan bir-biriga mos kelmaydigan resurslardan foydalanadi va shu tariqa alohida nishalarga ega boʻladi. Yuqoridagi holat resurslarning taqsimlanishi deb nomlanadi va bu turlarning birgalikda yashashiga sharoit yaratadi, chunki ular oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri raqobat kamayadi.
Puerto-Riko orolida yashovchi anol kaltakesaklari resurslarning taqsimlanishiga yaxshi misol boʻla oladi. Ushbu guruhda tabiiy tanlanish turli xil manbalardan foydalanadigan har xil turlarning evolyutsiyasiga sabab boʻlgan. Quyidagi rasmda anol kaltakesaklarining 11 ta turi oʻrtasidagi resurslar taqsimlanishi koʻrsatilgan. Har bir tur oʻziga maʼqul boʻlgan hududda yashaydi, bu oʻsimlikning turi va balandligi (daraxtlar, butalar, kaktuslar va boshqalar), quyosh nuri, namlik va boshqa omillarga bogʻliq holda belgilanadi.
Anol kaltakesaklarining turlari orasidagi resurslar taqsimoti aks ettirilgan rasm. Baʼzilari daraxt tepasida, baʼzilari oʻrtasida, yana baʼzilari daraxt poyasida yashaydi. Yana boshqa bir anol turlari butalar yoki kaktuslarda yashaydi. Shuningdek, baʼzi turlar quyoshli, quruqroq muhitda yashasa, boshqalari soyali, qorongʻi muhitda yashaydi. Rasmda hammasi boʻlib 11 ta turning oʻziga xos muhitni egallashi tasvirlangan.
Manba: “Community ecology: Figure 9” (Jamoa ekologiyasi), / Eva Horne; Williams va boshqalardan3 oʻzgartirib olingan; maqola manbasi: CC BY 4.0