Agar siz ushbu xabarni oʻqiyotgan boʻlsangiz, demak, saytimizga tashqi resurslarni yuklashda muammolarga duch kelmoqdamiz.

If you're behind a web filter, please make sure that the domains *.kastatic.org and *.kasandbox.org are unblocked.

Asosiy kontent

Jamoalardagi oʻzaro munosabatlar

Raqobat, yirtqichlik, oʻtxoʻrlik, kommensalizm, parazitizm bilan tanishish.

Asosiy tushunchalar:

  • Ekologik jamoa maʼlum bir hududda yashovchi har xil turlarning barcha populyatsiyalari yigʻindisini oʻz ichiga oladi.
  • Jamoadagi turlar orasidagi oʻzaro munosabatlar turlararo munosabatlar deyiladi.
  • Turlararo munosabatlarning turli shakllari oʻz qatnashchilariga turlicha taʼsir koʻrsatadi, bu musbat (+), manfiy (-) yoki neytral boʻlishi mumkin.
  • Turlararo munosabatlarning asosiy turlari raqobat (-/-), yirtqichlilik (+/-), mutualizm (+/+), kommensalizm (+/0) va parazitizm (+/-) hisoblanadi.

Kirish

Populyatsiya ekologiyasini oʻrganish davomida biz asosan biror-bir tur populyatsiyasini boshqa turlardan alohida ajratib oʻrgandik. Aslida, kamdan kam hollarda bitta tur populyatsiyasi boshqa tur populyatsiyasidan ajralgan holatda yashaydi.
Koʻp hollarda turlar bir hududda yashaydi va ularning oʻzaro munosabatlari populyatsiyaning oʻsishi va kengayishini tartibga solishda muhim rol oʻynaydi.
Birgalikda maʼlum hududda yashovchi bir necha xil turlarning populyatsiyalari ekologik jamoani tashkil etadi. Masalan, agar korall riflarining ekologik jamoasi haqida gapirsak, biz undagi har bir organizm turini, korall turlaridan tortib baliq turlarigacha, korall riflarida yashovchi bir hujayrali, fotosintezlovchi suvoʻtlarga qadar boʻlgan populyatsiyalarni hisobga olamiz. Sogʻlom riflar juda koʻp tur populyatsiyalarini oʻz ichiga oladi.
Dengiz baliqlari akvariumi. Manba: Fish aquarium sea fish tank / visavietnam, public domain
Jamoani oʻrganuvchi ekologlar biz tabiatda koʻrishimiz mumkin boʻlgan turlarning birgalikda yashashi, xilmaxilligi va tarqalishi qonuniyatlarini aynan nima harakatga keltirishini oʻrganishga harakat qiladi. Ushbu savollarga javob topishda eng muhim nuqta bu jamoadagi har xil turlarning bir-biri bilan oʻzaro munosabatlarini oʻrganishdir. Ikki yoki undan ortiq turlarning oʻzaro munosabatlari interspesifik munosabatlar – turlararo munosabatlar (inter – “oʻrtasida”) deyiladi.
Maqolaning asosiy qismida ekologik jamoalardagi turlararo (interspesifik) munosabatlarga eʼtibor qaratamiz. Quyida esa asosiy tushunchalar keltirilgan:
NomTaʼrifTaʼsir
RaqobatIkki xil turga mansub organizmlar bir xil cheklangan resursdan foydalanadi va bir-biriga salbiy taʼsir koʻrsatadi.- / -
YirtqichlilikBitta tur vakili boʻlgan yirtqich ikkinchi tur vakili boʻlgan oʻljasini butunligicha yoki maʼlum bir qismlarini isteʼmol qiladi.+ / -
OʻtxoʻrlikYirtqichlilikning bir koʻrinishi boʻlib, bunda oʻsimliklar oʻlja tur hisoblanadi.+ / -
MutualizmIkkita tur oʻrtasidagi uzoq muddatli, yaqin munosabat boʻlib, bundan ikkala tur ham foyda koʻradi.+ / +
KommensalizmIkkita tur oʻrtasidagi uzoq muddatli yaqin munosabat boʻlib, bundan bitta tur foyda koʻradi, ikkinchisiga hech qanday taʼsir boʻlmaydi.+ / 0
ParazitizmIkkita tur oʻrtasidagi uzoq muddatli yaqin munosabat boʻlib, bundan bitta tur foyda, ikkinchisi esa zarar koʻradi.+ / -

Turlararo oʻzaro munosabatlar haqida umumiy tushuncha

Oʻzaro munosabatlar uchta asosiy guruhga boʻlinadi: raqobat, yirtqichlilik va simbioz. Keling, ularning har birini toʻliqroq koʻrib chiqamiz.

Raqobat

Turlararo raqobatda ikki turga mansub organizmlar bir xil cheklangan resursdan foydalanadi va shuning uchun raqobatlashadi. Raqobat ikkala tur vakillariga ham manfiy taʼsir koʻrsatadi (-/- munosabat), chunki ikkala tur ham ikkinchisi boʻlmaganda koʻproq yashab qolib, koʻproq koʻpaygan boʻlar edi.
Turlar nishalari umumiy boʻlganda, yaʼni yashash va koʻpayish uchun talablari va ekologik vazifalari bir xil boʻlganda oʻzaro raqobatlashadi. Agar tabiiy tanlanish natijasida bitta nishadagi ikkita turning umumiy resurslardan foydalanish darajasi kamaysa, raqobat ham kamayadi. Natijada jarayon resurslar taqsimlanishi bilan yakunlanadi.

Yirtqichlilik

Yirtqichlilikda bitta tur vakili boʻlgan yirtqich tirik yoki oldinroq tirik boʻlgan ikkinchi tur vakili, yaʼni oʻljasini butunligicha yoki bir qismini isteʼmol qiladi. Bu munosabat yirtqich uchun foydali, ammo oʻlja uchun zararli (+/- munosabat). Yirtqichlilik koʻpincha ikkita hayvon turi oʻrtasida boʻladi, ammo bu jarayon oʻsimlik va u bilan oziqlanuvchi hayvon yoki hasharot oʻrtasida ham boʻlishi mumkin. Yirtqichlilikning bu turi oʻtxoʻrlik deb yuritiladi.
Oʻljasiga tashlanayotgan yirtqich. Manba: Leopard – Panthera pardus – killing a young bushbuck – Tragelaphus sylvaticus (Afrika antilopasi (Tragelaphus sylvaticus)ni boʻgʻizlayotgan qoplon (Panthera pardus) / NJR ZA, CC BY-SA 3.0
Yirtqichlar va oʻljalar bir-birining populyatsiyalari dinamikasini tartibga solib turadi. Bundan tashqari, yirtqich-oʻlja munosabatlarida tabiiy tanlanish bilan bogʻliq ravishda paydo boʻluvchi foydali belgilar – adaptatsiyalar (moslanish) ham rivojlanadi. Oʻlja tomonidan qaraganda, bu jarayon mexanik, kimyoviy va xatti-harakatdagi himoyalanishni oʻz ichiga oladi. Baʼzi turlar yirtqichlarni ogohlantiradigan himoya rangiga ega boʻladi; boshqa zararsiz turlar esa shu rangga taqlid qiladi.

Simbioz

Simbioz uzoq muddatli, yaqin aloqada yashovchi ikkita tur oʻrtasidagi turlararo munosabatlarni anglatuvchi atama hisoblanadi. Kundalik hayotimizda simbioz atamasini asosan ikkala tomonga ham foyda keltiruvchi munosabatlarga nisbatan ishlatamiz. Lekin ekologik jihatdan simbioz kengroq tushuncha boʻlib, ishtirokchilarga turlicha musbat va manfiy taʼsirlar bilan davom etuvchi uzoq muddatli, yaqin munosabatlarni oʻz ichiga oladi.

Mutualizm

Mutualizmda ikkita tur uzoq muddatli va oʻzaro foydali munosabatda (+/+) boʻladi. Masalan, baʼzi turdagi zamburugʻlar oʻsimlik ildizlari bilan mutualistik birlashma hosil qiladi. Oʻsimlik fotosintez qilish orqali zamburugʻni uglevod va boshqa qand moddalar hamda organik molekulalar koʻrinishidagi fiksatsiyalangan uglerod bilan taʼminlaydi. Zamburugʻ esa gifa deb nomlangan ipsimon tuzilmalar tarmogʻiga ega boʻlib, u orqali tuproqdan suv va ozuqa moddalarni oʻzlashtirib, oʻsimlikka yetkazib beradi.
Jigarrang tuzilmalar – “Picea glauca” oq qayin ildizlari. Momiqqina oq rangdagi ipsimon tuzilmalar ildiz bilan munosabatda boʻluvchi mutualistik zamburugʻ gifasi. Manba: Mycorhizes (Mikoriza) / André Picard, Ph. D., CC BY-SA 3.0

Kommensalizm

Kommensalizmda ikkita organizm oʻzaro uzoq muddatli munosabatda boʻlib, bundan bitta organizm foyda koʻradi, ikkinchisiga esa foyda ham, zarar ham boʻlmaydi (+/0 munosabat). Masalan, tanamizda yashaydigan aksariyat bakteriyalar biz bilan kommensal munosabatda boʻladi. Tanamizda ular boshpana va ozuqaga ega boʻlib, bizga ularning foydasi ham, zarari ham tegmaydi.
Shuni taʼkidlash kerakki, koʻpgina maʼlum kommensalistik munosabatlar biroz mutualistik yoki biroz parazitar (bir tomon uchun zararli) boʻlib chiqadi. Masalan, biologlar bizning normal mikrofloramiz sogʻligʻimiz uchun muhim rol oʻynashiga oid dalillarni tobora koʻproq topmoqda.

Parazitizm

Parazitizmda ikkita tur yaqin va uzoq davom etuvchi: parazit tur uchun foydali, xoʻjayin organizm uchun zararli (+/-) munosabatda boʻladi.
Baʼzi parazitlar bizga yaxshi tanish boʻlgan kasalliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, agar odam ichagida gijja boʻlsa, odam uning xoʻjayini, gijja esa parazit hisoblanadi. Xoʻjayinning mavjudligi gijja uchun juda foyda keltiradi. Lekin odam uchun bu holat teskari taʼsir koʻrsatadi.
Voyaga yetgan tasmasimon gijja. Solishtirish uchun pastdagi chizgʻichga eʼtibor bering: bu juda uzun tasmasimon gijja. Manba: Taenia saginata adult / CDC Public Health Library, public domain

Turlararo munosabatlar haqida umumiy xulosa

NomTaʼrifTaʼsir
RaqobatIkki xil turga mansub organizmlar bir xil cheklangan resursdan foydalanadi va bir-biriga salbiy taʼsir koʻrsatadi.- / -
YirtqichlilikBitta tur vakili boʻlgan yirtqich ikkinchi tur vakili boʻlgan oʻljasini butunligicha yoki maʼlum bir qismlarini isteʼmol qiladi.+ / -
OʻtxoʻrlikYirtqichlilikning bir koʻrinishi boʻlib, bunda oʻsimliklar oʻlja tur hisoblanadi.+ / -
MutualizmIkkita tur oʻrtasidagi uzoq muddatli, yaqin munosabat boʻlib, bundan ikkala tur ham foyda koʻradi.+ / +
KommensalizmIkkita tur oʻrtasidagi uzoq muddatli yaqin munosabat boʻlib, bundan bitta tur foyda koʻradi, ikkinchisiga hech qanday taʼsir boʻlmaydi.+ / 0
ParazitizmIkkita tur oʻrtasidagi uzoq muddatli yaqin munosabat boʻlib, bundan bitta tur foyda, ikkinchisi esa zarar koʻradi.+ / -