Asosiy kontent
Biologiya
Course: Biologiya > Unit 23
Lesson 8: BiogeografiyaTropik yomgʻirli oʻrmon biomlari
Ushbu maqolada tropik oʻrmonlarning asosiy xususiyatlari, jumladan, iqlim va bioxilmaxillikni oʻrganamiz.
Biom bu maʼlum turdagi ekotizimlarning boshqacha nomlanishidir. Biomlar iqlimi bilan bir-biridan farq qiladi. Iqlim biomlarda uchraydigan muayyan oʻsimlik turlarini belgilab beradi. Iqlim va biomdagi oʻsimliklar unda qanday hayvonlar uchrashini belgilaydi. Bu mavzuda Yerdagi eng xilma-xil turlarga ega boʻlgan va eng mashhur biom – tropik oʻrmonlarni koʻrib chiqamiz.
Tropik oʻrmon biomining toʻrtta asosiy xususiyati mavjud: juda yuqori yillik yogʻingarchilik, yuqori oʻrtacha harorat, ozuqasi kam tuproq va yuqori biologik xilmaxillik (turlarga boylik).
Yogʻingarchilik: tropik oʻrmonlar dunyodagi eng nam ekotizimlardan biri. Tropik oʻrmonlardagi yillik yogʻingarchilik darajasi juda yuqori boʻladi. Ammo uning aniq miqdori turli yillarda va turli tropiklarda turlicha boʻladi. Masalan, Janubiy Amerikaning tropik oʻrmonlarida yillik oʻrtacha yogʻingarchilik miqdori 200–300 sm ni tashkil qiladi. Deyarli doim davom etadigan yogʻingarchilikka qaramasdan, baʼzi tropik oʻrmonlarda quruq mavsumlar ham boʻladi. Tropik oʻrmonlardagi nam va quruq mavsumlarning boshlanish vaqti davomiyligi va intensivligi boʻyicha sayyora boʻylab turlicha boʻladi. Tropik oʻrmonlarning namlik darajasi ham juda yuqori boʻladi: yogʻingarchilik mavsumida u 88%, qurgʻoqchilik mavsumida esa 77% boʻladi.
Harorat: tropik oʻrmonlar ekvator yaqinida 23°27’ shimoliy kenglik va 23°27’ janubiy kenglik orasida joylashgan. Quyosh nuri ekvatorga tik tushadi. Doimiy tushib turgan yorugʻlik taʼsirida oʻrtacha harorat yil davomida baland boʻladi. Tropik oʻrmonlarda oʻrtacha kunduzgi harorat yil davomida 29°C boʻladi. Ammo harorat juda yuqori darajalarga ham koʻtarilib turadi. Aksariyat tropik oʻrmonlarda oʻrtacha harorat yil davomida kam oʻzgarib, mavsumlar orasidagi farq 5°C ni tashkil qiladi.
Tuproq tarkibi: tropik oʻrmonlardagi oʻsimliklar xilmaxilligiga va ularning koʻpligiga asoslangan holda tropik tuproqlar minerallarga boy deb taxmin qilish mumkin. Aslida esa bu tuproqlarda ozuqa modda va minerallar juda kam va ular uzoq saqlanib qolmaydi. Tropiklardagi kuchli yomgʻirlar tuproqdagi organik moddalarni yuvib ketadi. Issiq va nam sharoitlarda chirish jarayoni tez kechsa-da, oʻlik organizmlar, toʻkilgan barglar va boshqa detritlardagi organik moddalar parchalanishga ulgurmay yomgʻirda oqib ketadi. Ular bilan birga ozuqa moddalari ham oqib ketadi. Yomgʻir tuproqqa singib, undagi moddalarni ham olib chiqib ketadi. Shunga qaramasdan, bakteriya va zamburugʻlar chiqindilarni katta tezlikda parchalaydi. Hosil boʻlgan minerallar tuproqda toʻplanmasdan oʻsimliklar tomonidan tezda oʻzlashtiriladi.
Biologik xilmaxillik: boshqa ekotizimlarga taqqoslaganda tropik oʻrmonlarda juda katta biologik xilmaxillik mavjud. Borneo tropik oʻrmonlarida olimlar 15 000 dan ortiq oʻsimlik turlari, shu jumladan, orxideyalarning 2 500 turini aniqlashgan. Biologlarning hisob-kitoblariga koʻra, tropik oʻrmonlar Yer yuzidagi quruqlikning bor-yoʻgʻi 6% ini egallagan boʻlsa-da, ularda quruqlik oʻsimliklari va hayvonlarining 50% i yashaydi.
Yer yuzidagi tropik oʻrmonlar iqlimi va tuproq tarkibiga koʻra bir-biriga juda oʻxshasa ham, har bir tropik oʻrmon takrorlanmasdir. Dunyo boʻylab barcha tropik oʻrmonlarda yashaydigan bir xil organizm turini topa olmaysiz. Masalan, Afrikaning tropik oʻrmonlarida yashaydigan turlar Janubiy Amerika tropiklaridagi turlarga oʻxshamaydi. Lekin bu turlarning har biri oʻz mahalliy oʻrmonlarida bir xil vazifalarni bajaradi.
Gulli oʻsimliklar koʻpayishi uchun changlanishi kerak. Changlanish jarayonida erkak jinsiy aʼzolaridagi chang urgʻochining jinsiy aʼzolariga tushadi va undan urugʻ hosil boʻladi. Aksariyat tropik oʻsimliklar changlanish uchun hayvonlardan foydalanadi. Ular turli ranglar, yoqimli hidlar va ozuqaga boy shiralari bilan hayvonlarni oʻziga jalb qiladi. Shuningdek, oʻsimliklar urugʻlarini yangi joyga tarqatish uchun hayvon va shamoldan ham foydalanadi. Bunday tarqalish populyatsiya egallab turgan hududni kengaytiradi. Koʻplab oʻsimliklarning urugʻi mazali mevalarning ichida boʻladi. Urugʻ hayvonlarning yungi yoki patiga yopishib yoki mevani yeyish paytida urugʻidan ajratganda yoki boʻlmasa urugʻi bilan yutib yuborganda hazm tizimi orqali oʻtib tarqalishi mumkin. Ushbu muhim ekologik vazifani turli tropiklarda turli hayvonlar bajaradi. Quyida ayrim misollar keltirilgan:
Kosta Rikaning tropik oʻrmonlarida kapok daraxti koʻrshapalaklar tomonidan changlatiladi, urugʻlari esa shamol yordamida tarqaladi. Amazonka havzasida oʻsuvchi Braziliya yongʻogʻi orxideya arilari tomonidan changlatiladi, urugʻlari esa agutis deb ataluvchi Markaziy va Janubiy Amerikaning yirik kemiruvchisi tomonidan tarqatiladi. Madagaskardagi palma daraxti shu orolga xos boʻlgan primatlar – lemurlar tomonidan changlatiladi, urugʻlari toʻtiqushlar tomonidan yoyiladi. Borneoda anjir daraxtlari anjir qovogʻarilari tomonidan changlatiladi, urugʻlari esa yirik primatlardan boʻlgan orangutanlar tomonidan tarqatiladi.
Primatlar tropik oʻrmonlar va mahalliy oʻrmonlardagi biologik xilmaxillikning eng yorqin misolidir. Primatlar odamlar, odamsimon maymunlar va maymunlarni oʻz ichiga olgan katta guruhdir. Markaziy va Janubiy Amerikada uvullovchi maymun, oʻrgimchak maymun, kaputsin va olmaxon maymunlar, Afrikada esa vervet maymun, babuin, shimpanze va gorillalar yashaydi. Madagaskarda boshqa joylarda uchramaydigan lemurlar, Osiyoda xartumli maymun, makaka, langur, gibbon va orangutanlar uchraydi. Shu sababli bitta tropik oʻrmonni saqlab qolish dunyo boʻylab barcha tropik oʻrmonlarda mavjud xilma-xil turlarni saqlab qolmaydi. Kesish va yoqish yoʻli bilan yangi yerlarni ochish, oʻrmonlarning nazoratsiz kesilishi, konlarni qazish, shahar va yoʻllarning qurilishi odamlarning tropik oʻrmonlarga salbiy taʼsirini kuchaytirib yubormoqda.
Manba: “Uvullovchi maymun” / Jason Rothmeyer, “Tropik oʻrmon” / Neil Palmer, “Orangutan” / Tony Hisgett.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.