If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Turlarning tolerantlik darajasi

Turlarning aynan qanday muhitda yashashiga taʼsir koʻrsatuvchi abiotik (jonsiz) omillar.
Sayyoramizning barcha burchaklarida hayot mavjud, ammo u bir xilda, bir tekis tarqalmagan. Turli hududlarda turli xil turlarni uchratish mumkin. Ayrim turlarning tarqalgan hududlari bir-biriga oʻxshash, boshqalarniki esa oʻxshamaydi. Har bir turning yashashi va koʻpayishi uchun qulay boʻlgan tashqi muhit omillarining chegaralari mavjud. Tabiiyki, organizmlar aynan shu sharoitlarga eng yaxshi moslashgan. Harorat, namlik, tuproq xususiyatlari, pH, shoʻrlanish, kislorod miqdori kabi abiotik (oʻlik tabiat) omillar turlar hayotiga taʼsir koʻrsatadi.
Turlarning geografik chegaralari boʻlganidek, ularning oʻlik tabiat omillariga chidamlilik chegarasi ham mavjud. Boshqacha qilib aytganda, ular maʼlum chegara ichidagi muayyan omillarga chidaydi (yashab qoladi), omil juda kam yoki juda koʻp boʻlganda esa yashay olmaydi. Agar haroratni oladigan boʻlsak, qutb ayiqlari juda past haroratlarda yashay oladi, lekin tropik hududlarda, yuqori issiq haroratda nobud boʻladi.
Boshqa tomondan, jirafalar Afrika savannasining issigʻiga bardosh bera olsa ham, Arktikada sovuqdan nobud boʻladi. Bu misollar chidamlilik chegarasining muhim tomonini yoritib beradi: turli organizmlar turli chidamlilik chegaralariga ega. Bir organizmning chidamlilik chegarasi ham vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib turadi. Losos baligʻining ayrim turlari hayotini chuchuk suvda boshlaydi, keyin okeanga migratsiya qiladi. Hayotining soʻngida ular koʻpayish uchun yana chuchuk suvlarga qaytadi. Losos baligʻi hayoti davomida suvdagi turli shoʻrlanish darajalariga duch keladi, u yashaydigan suv harorati ham bir necha bor oʻzgaradi.
Chidamlilik chegarasining boshqa muhim tarafi barcha organizmlar – odamlar, hayvonlar, oʻsimliklar, zamburugʻ va mikroblarning oʻz chidamlilik chegarasi bor. Texnologik yutuqlarimiz bizga ekstremal sharoitlarda yashash va ishlash imkonini bersa-da, odamlar hali ham kuchli sovuq, issiq urishi, choʻkish, boʻgʻilish, kislotalar bilan kontakt va ichimlik suvi yetishmovchiligidan vafot etadi. Himoya texnologiyalarimiz va chidamliligimiz bizga chegaralangan miqdorda yordam beradi. Qaysidir omil juda kam yoki juda koʻp boʻlib, chidamlilik chegarasidan chiqishimiz bilan biz yashay olmaymiz.
Biologlar turli organizmlarning tashqi muhitning turli omillariga nisbatan chidamlilik chegarasini aniqlashga intiladi. Agar maʼlum omilning turli darajalarida yashay oladigan organizmlar sonini grafik koʻrinishga keltirsangiz, deyarli har safar qoʻngʻiroq shaklidagi egri chiziq olasiz. Quyida ikkita chidamlilik chegarasi keltirilgan egri chiziqlarga qarang. Gorizontal oʻqda har qanday abiotik omil (muhit) boʻlishi mumkin. Deylik, bu koʻl suvidagi kislorod miqdori boʻlsin. Agar siz biror baliqning, masalan, qora chiziqli topminnov baligʻi (Fundulus notatus)ning kislorodga boʻlgan chidamlilik chegarasini aniqlamoqchi boʻlsangiz, bu baliq yashaydigan barcha koʻllardagi kislorod miqdorini va shu koʻldagi baliqlar sonini aniqlashingiz zarur boʻladi. Olingan natijalarni grafik koʻrinishga keltirsangiz, u 1-grafik\ koʻrinishida boʻladi. 1-grafikka koʻra, eng koʻp baliq kislorod miqdori oʻrtacha boʻlganda uchraydi. Egri chiziq shu yerda eng baland. Kislorod miqdori kamayishi (chapga) yoki koʻpayishi (oʻngga) tomon yursangiz, egri chiziq pasayib boradi. Bu koʻllarda kislorod miqdori kam yoki yuqori boʻlganda baliqlar soni kamayayotganini koʻrsatadi. Agar kislorod miqdori juda kam yoki juda yuqori boʻlsa, u topminnovning chidamlilik chegarasidan tashqarida boʻladi va bu koʻllarda topminnov uchramaydi.
Endi 2-grafikka qarang. Bu yerda boshqa baliq, yaltiroq qoradum baligʻining (Cyprinella venusta) kislorodga chidamlilik chegarasining egri chizigʻi koʻrsatilgan.
2-grafikka koʻra, yaltiroq baliq topminnovdan qanday farq qiladi? Yaltiroq baliqning kislorodga chidamliligi topminnovnikidan ancha kam. Yaltiroq qoradum baligʻi kislorodning juda tor chegaralarida yashay oladi, shuning uchun uning geografik tarqalish joylari koʻp emas, u topminnov kabi kislorodi kam, turib qolgan suv havzalarida yashay olmaydi va topminnov baligʻiga oʻxshab koʻp joylarda tarqalmagan. Yanada yaxshiroq eʼtibor bersangiz, yaltiroq baliq egri chizigʻining eng baland nuqtasi topminnovnikiga nisbatan biroz oʻngroqda joylashgan. Bu bizga yaltiroq baliq topminnovga nisbatan koʻproq kislorod tutgan suv havzalarida yashashini koʻrsatadi.
Ikkala grafik ham qoʻngʻiroq shaklida. Chidamlilik chegaralarini aniqlash paytida tuzilgan bunday egri chiziqli grafiklar normal yoki tipik sanaladi. Bunday shakl statistikada normal tarqalish deb ataladi. Biz uni boshqacha qilib “Oltin sochli qiz egri chizigʻi” (Oltin sochli qiz va uch ayiq ertagi qahramoni) deb ham atashimiz mumkin. U bizga xuddi ertakdagidek eng qulay boʻlgan sharoitlarni koʻrsatadi: juda sovuq ham, issiq ham emas, juda shoʻr yoki tuzsiz ham emas, juda suvli yoki juda quruq ham emas. Organizmlarning turli sharoitlarga boʻlgan bunday talab va ehtiyojlari ularning sayyoramiz boʻylab tarqalish chegaralarini belgilab beradi. Agar har bir organizm yoki har bir turga bir vaqtda taʼsir qilayotgan omillarning bir nechta ekanligini hisobga olsak, manzara juda murakkabligi namoyon boʻladi.