If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Iqlim

Global, mintaqaviy va mahalliy omillar iqlimga taʼsir koʻrsatadi. Turlar tarqalgan hududda iqlim qanday ahamiyatga egaligi.

Asosiy tushunchalar:

  • Har bir tur oʻziga xos arealga, yaʼni shu tur aʼzolari Yer yuzida yashaydigan joylar toʻplamiga ega.
  • Turlarning areali ularning yashab qolishi uchun talab etiladigan biotik (jonli) va abiotik (jonsiz) omillar va geografik joylashuvga bogʻliq.
  • Turlarning hududiyligi va biomlarning (ekosistema turlari) tarqalishi iqlim taʼsirida shakllanadi.
  • Joyning iqlimi quyosh energiyasining uzatilishi va havo oqimi kabi global omillar, shuningdek, togʻlar va suv havzalari kabi xususiyatlarga bogʻliq.

Kirish

Mavzuni bitta savol bilan boshlaylik: qutb ayigʻini qayerlarda uchratish mumkin?
Ehtimol, Shimoliy yoki Janubiy qutbda degan taxminiy javobni berarsiz. (Javob: Shimoliy qutb!) Shunday boʻlsa ham, taxminlaringiz orasida, aytaylik, tropik oʻrmon yoki choʻlning yoʻqligi aniq.
Qutb ayigʻi arktik qorli tabiat qoʻynida.
Rasm manbasi: Qutb ayigʻining tarqalish xaritasi, Patrick Kelley, U.S. Coast Guard, USGS, jamiyat mulki
Keling, nima uchun shundayligi haqida oʻylab koʻraylik. Qutb ayigʻi oʻzining tana tuzilishi va faoliyati tufayli muayyan sharoitlarga muhtoj. Bunday sharoitlar esa faqat maʼlum hududlarda mavjud. Masalan, oqayiqning sovuqda omon qolishiga yordam beradigan qalin moʻynasi choʻlning issiq havosida foydasiz (va hatto zararli) boʻlishi mumkin.
Bu ekologiyaning umumiy qoidasi: har bir tur Yer yuzidagi koʻplab yashash joylarining faqat maʼlum bir qismidagina uchraydi. Tur tomonidan egallangan hudud areal deb nomlanadi. Ayrim turlar boshqalariga qaraganda kengroq arealga ega, lekin hamma joyda uchraydigan organizm mavjud emas. Chunki har xil turlarning ehtiyojlari, shuningdek, ularning tarqalishi yoki qanday qilib bir joydan ikkinchisiga tarqalishining tarixi turlicha.
Turning qayerda tarqalishini belgilaydigan eng muhim omillardan biri bu iqlim yoki uzoq muddatli, odatiy ob-havo sharoiti. Ushbu maqolada biz biogeografiya (turli xil organizmlarning nima uchun maʼlum hududlarda, maʼlum miqdordagi sonlarda uchrashini oʻrganuvchi boʻlim) va turlarning areallariga iqlim taʼsirini koʻrib chiqamiz.

Har bir tur arealga ega

Areal turning Yer yuzida tarqalgan joylari yigʻindisi hisoblanadi. Masalan, quyidagi rasmda qutb ayigʻining areali (Yerga Shimoliy qutb tomondan qaralgan xarita) tasvirlangan:
Yashil bilan boʻyalgan qismlar qutb ayiqlarining tarqalish hududlarini bildiradi. Bu xarita Yer sharining Shimoliy qutb tomondan qaralgandagi tasviri. Rasm manbasi: Qutb ayigʻining tarqalish xaritasi Fabio B., jamiyat mulki
Tur arealini nima belgilaydi? Tarixiy tasodif va geografik toʻsiqlar muhim rol oʻynashi mumkin. Masalan, balki, Janubiy va Shimoliy qutbda qutb ayiqlari omon qolishi mumkindir. Ammo ular hech qachon Janubiy qutbda boʻlmagan va ularning Janubiy qutbga tarqalishi yoki koʻchib oʻtishi uchun hech qanday yoʻl yoʻq edi.
Turlar biror hududni egallar ekan, faqatgina oʻzlariga mos sharoitlarga ega hududlardagina yashab qolishi mumkin. “Mos” kelishi kerak boʻlgan sharoitlardan biri bu biotik omil, yaʼni tirik organizmlar bilan bevosita bogʻliq. Masalan, ayrim turlar raqobatchilar, yirtqichlar yoki patogenlar mavjud boʻlgani yoki ozuqa manbai boʻlmagani tufayli maʼlum hududning togʻ qismida yashay olmaydi.
Turning hududda yashashini belgilaydigan koʻplab omillar bu abiotik omillar yoki jonsiz tabiat bilan bogʻliq. Muhim abiotik omillarga harorat, quyosh nuri va namlik kiradi. Ayrim hollarda ushbu omillar biron-bir hududda turning yashashi mumkinligini bevosita belgilaydi. Masalan, oʻsimlik turlari faqat quyosh nuri tushadigan va suv yetarli boʻlgan joyda ildiz otadi va tarqaladi.
Lekin abiotik omillarning hududlarda turlar tarqalishiga bevosita taʼsiri kamroq. Masalan, iqlim va tuproq tarkibi maʼlum hududda oʻsishi mumkin boʻlgan oʻsimliklar turi va soniga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Energiya ekosistemalarga oʻsimliklar va boshqa birlamchi produtsentlar orqali kirib kelgani sababli iqlim va tuproq tarkibi ekosistemada boshqa trofik darajalar yoki “ozuqa zanjiri” qismlari bilvosita tarqalishini belgilaydi.

Biomlarning global tarqalishi

Abiotik omillar turlarning, masalan, doʻstimiz qutb ayigʻining oʻziga xos hududiyligini belgilaydi. Kengroq qilib olganda, ular Yer yuzida turli biomlarning qayerda tarqalishini ham belgilaydi.
Biom oʻzi nima? Umuman olganda, bu ekosistema turi yoki darajasi. Yorqin misollardan biri choʻl biomi hisoblanadi. Turli hududlardagi har bir choʻl oʻziga xos oʻsimliklar va hayvonlar toʻplamiga ega. Shunday boʻlsa-da, Yer yuzidagi barcha choʻllar umumiy xususiyatlarga ega. Ularda yomgʻir kam, kunduzi harorat yuqori va siyrak tarqalgan oʻsimliklar ogʻir sharoitlarga moslashgan boʻladi.
Iqlim Yerdagi (quruqlik) biomlarning qayerda joylashishini belgilaydigan asosiy abiotik omildir. Har bir biomda harorat va yogʻingarchilik darajasi (yomgʻir va/yoki qor yogʻishi)ning oʻziga xos xususiyati bor. Agar biror-bir joyda harorat va yogʻingarchiliklar qanday boʻlishini bilsak, u yerda biomning qaysi turi uchrashini taxmin qilishimiz mumkin.
Ushbu rasmda Yer yuzasidagi sakkizta asosiy biom, shuningdek, (rasmiy ravishda biom deb hisoblanmaydigan) togʻlar va qutb muzliklari aks ettirilgan. Rasm manbasi: Biomlar: 2-chizma OpenStax College, Biology, CC BY 4.0
Biomlarning maʼlum turlari Yerning shimol-janub oʻqi boʻylab notekis tarzda tarqalgan. Masalan, Yer ekvatorida joylashgan, Markaziy va Janubiy Amerika, Afrika va Janubi-sharqiy Osiyoning qismlarini oʻz ichiga olgan tropik oʻrmonlar (yuqoridagi rasmda yashil rangda) bunga dalil boʻla oladi. Shunday boʻlsa ham, Yerdagi biomlar xaritada berilgani kabi qatʼiy “chiziqlar” bilan chegaralanmagan.
Iqlimga taʼsir etuvchi turli omillarni koʻrib chiqish orqali biz yuqoridagi chiziqlarning umumiy xususiyatlarini va ushbu xaritadagi oʻzgarishlarni tushuntirishimiz mumkin.

Iqlim nima?

Iqlim shunchaki ob-havo, toʻgʻrimi? Demak... shunday. Ekologiyada (kundalik hayotdan farqli oʻlaroq) bu atama biroz boshqacha maʼnoga ega:
  • Iqlim deganda harorat va yogʻingarchilik kabi mintaqadagi uzoq muddatli, tipik atmosfera sharoitlari tushuniladi. “Yoz davomida Dallasda odatda issiq boʻladi” – bu iqlimning tavsifi hisoblanadi.
  • Ob-havo ham bir xil sharoitlarni anglatadi, ammo vaqt jihatdan qisqaroq. Masalan, “Kecha Dallasda harorat 100 oF ni tashkil etdi”. Bu iqlim emas, balki ob-havo maʼlumoti hisoblanadi.
Umuman olganda, iqlimni joyning “oʻrtacha” ob-havosi deb hisoblashimiz mumkin.

Kenglik oʻzgarishi bilan iqlim qanday oʻzgaradi

Umuman olganda, ekvatordan qutblarga tomon harakatlanganimizda, Yer yuzasida harorat pasayadi. Bu ajablanarli holat emas – biz Arktikaning tropik oʻrmonlardan koʻra sovuqroq ekanini bilamiz! Ammo nima uchun bunday?
Javob shundan iboratki, ekvatorda qutblarga qaraganda vaqt birligi ichida insolyatsiya yoki quyosh energiyasi koʻproq qabul qilinadi. Quyosh nuri Yerga toʻgʻridan toʻgʻri ekvator yaqinida tushadi, lekin qutblarga burchak ostida tushadi, shuning uchun xuddi shunday miqdordagi energiya qutb mintaqalarida koʻproq hududga tarqaladi, bu holat quyidagi rasmda tasvirlangan:
Quyosh nuri ekvator yaqinida yerga toʻgʻridan toʻgʻri (ozmi-koʻpmi tekis holatda), ammo qutblar yaqinida qiyaroq (burchak ostida) tushishi rasmda tasvirlangan. Xuddi shu miqdordagi quyosh energiyasi Yerga qutblarga yaqin hududda burchak ostida tushganda, koʻproq maydon yuzasi boʻylab tarqaladi. Shuningdek, qutblarga tushadigan quyosh nuri atmosferadan yer yuzasiga tushmasdan oldin koʻproq masofani bosib oʻtishi kerak. Bu uzoq masofa quyosh energiyasining katta qismi atmosfera molekulalari tomonidan kosmosga qaytarilishiga va yuzadagi insolyatsiyaning kamayishiga sabab boʻladi.
Manba: Qiya nurlar, Peter Halasz CC BY-SA 2.5. Rasm CC BY-SA 2.5 ruxsatnomasi asosida qayta ishlandi
Bundan tashqari, qutblarda quyosh nuri atmosfera yuzasiga yetib borguncha uzoqroq masofani bosib oʻtadi. Bu atmosferadagi zarralar tomonidan ekvatordagiga qaraganda qutblarda koʻproq yorugʻlik kosmosga qaytarilishini anglatadi (va shu tariqa hech qachon sirtga tushmaydi)1.
Ekvatordagi kuchli quyosh nuri (va qutblarda quyosh nurining kuchsiz boʻlishi) tropik oʻrmonlarning Arktikaga qaraganda issiqroq boʻlishiga sabab boʻladi. Nafaqat bu, balki quyoshning tushishidagi farq ham havo aylanishining asosiy qonuniyatlarini keltirib chiqaradi. Havo ekvatorda quyosh tomonidan kuchli qizdirilgani sababli u yerda havo balandlikka koʻtarilishga moyil boʻladi. Ekvatorda havoning bunday koʻtarilishi havo oqimining kuchli va yogʻingarchilikning keng koʻlamda boʻlishiga olib keladi.
Ushbu keng koʻlamli qonuniyat nimaga oʻxshaydi? Yer atmosferasida oltita aylanib yuruvchi havo yacheykalari mavjud (ekvatordan shimolda uchta, ekvatordan janubda uchta). Ushbu yacheykalarning har biri quyidagi rasmda koʻrsatilgandek gigant “havo qobigʻi” kabi Yerni oʻrab oladi.
Yerning havo aylanish sxemalari va ularning turli kengliklarda iqlim mintaqalarini hosil qilishdagi ahamiyati tasvirlangan rasm.
Ekvator atrofida: Havo yuqoriga koʻtariladi va suvni chiqarib yuboradi. Bunda yogʻingarchilik koʻp boʻladi. Havo ekvatordan shimolga va janubga qarab yuqori balandliklarda tarqaladi
Taxminan 30 daraja SH/J: Ekvatorda koʻtarilgan havo shu yerga tushadi. U juda quruq boʻladi va namlikni yutadi, shuning uchun choʻllar odatda ushbu kengliklarda joylashgan boʻladi. Havo aylanishining bir qismi sirt boʻylab ekvatorga qaytadi, qolgan qismi esa yuza boʻylab qutblarga harakatlanadi. 30 daraja Sh va 30 daraja J dan qaytib keladigan havo intertropik konvergensiya zonasi deb nomlangan diapazonda ekvator yaqinida uchrashadi. (Bu havo dastlab yuqoriga koʻtarilgan va suvni chiqarib yuborgan mintaqa.)
Taxminan 60 daraja SH/J: 30 darajalik kengliklardan sirt boʻylab siljigan havo bu yerda yana yomgʻir yogʻdiradi. Havo yuqori balandlikda ekvator tomonga qaytishi mumkin yoki yuqori balandlikda qutbga tomon harakatini davom ettirishi mumkin.
Qutblar yaqinida: havo shu hududda pastga tushadi. U yana quriydi va namlikni oʻzlashtiradi, choʻlnikiga oʻxshash sharoit yaratadi. Havo yuza boʻylab qutbga qaytadi.
Oq strelkalar asosiy shamol trayektoriyalarini (yacheykalaridagi havoning yuza boʻylab aylanishi tufayli kelib chiqqanligini) koʻrsatadi. Yerning aylanishi hisobiga shamollar egriligi hosil boʻladi. Rasm manbasi: Yerning global aylanishi, Kaidor, CC BY-SA 3.0. Rasm CC BY-SA 3.0 ruxsatnomasi asosida qayta ishlandi
Oltita havo oqimi yacheykalarida havo past bosimli zonalarda koʻtariladi: bittasi ekvatorda (kuchli ekvator quyosh energiyasi taʼsirida) va ikkitasi 60o Sh va J da. Koʻtarilayotganda havo soviydi va namlikning koʻp qismi yomgʻir yoki qor shaklida tushadi. Bu ekvator va 60o Sh va J hududlarda yuqori yogʻingarchilikka sabab boʻladi.
Namlikni tushirib yuborganidan keyin yuqori bosimli zonalarda koʻtarilgan havo quruq boʻladi va qutblarga qarab (atmosferada yuqori koʻtarilgan holatda) harakatlanadi. Yuqori bosimli zonalarda yana pastga tushganda (qutblardagi 30o Sh va J da) quruq havo yuzadan namlikni yutadi, natijada 30o Sh va J da choʻl mintaqalari, shimol va janubiy qutblarda quruq mintaqalar paydo boʻladi.

Togʻlar, balandlik va iqlim

Iqlimning shakllanishida kenglik juda muhim ahamiyatga ega, choʻl va turli kengliklardagi yogʻingarchilik bunga misol. Lekin sezganingizdek bu hammasi emas. Chunki bir xil kenglikdagi hamma joylar bir xil iqlimga yoki bir xil biomga ega emas!
Dengiz sathidan koʻtarilish iqlimni shakllantiruvchi omillardan biridir. Hayotdan haqiqiy misol keltirsam, bolaligimda tepalikning yuqori qismida joylashgan maktabga qatnardim. Baʼzan sinfdoshlarimiz bilan qorboʻron oʻynardik, tepalikdan pastki hududlarda esa qor boʻlmasdi. Nima uchun? Dengiz sathidan balandda havo sovuqroq boʻladi, shuning uchun baʼzida pastdagi maydonlarda yomgʻir yogʻayotganida maktabimiz uzra qor yogʻib turardi.
Umuman olganda, balandroq joylar yaqin atrofdagi pasttekisliklarga qaraganda sovuqroq iqlimga ega. Har 1000 metrga koʻtarilishimiz bilan havo harorati 6 oC ga pasayib boradi3.
Harorat balandlikka koʻtarilishimiz bilan oʻzgarishi sababli (namlik va tuproq turi kabi) togʻning turli balandliklarida turlicha biomlar boʻlishi mumkin. Masalan, baland togʻning pastki yonbagʻirlarida oʻtloqlar boʻlishi mumkin, ammo alp tundrasi shimoliy qutb yaqinidagi arktik tundra biomiga oʻxshash baland togʻ zonasida joylashgan4,5.
Shuningdek, togʻlar oʻz yonbagʻirlarida va atrofdagi joylarda yogʻingarchilikning shakllanishiga taʼsir qiladi. Bir vaziyatni tasavvur qiling, togʻ maʼlum bir yoʻnalishda, masalan, okean tomonidan esayotgan shamolga duch keldi. Ayniqsa, agar shamol nam boʻlsa, oldinga (shamolga qaragan) yonbagʻirlar va atrofdagi hududlarda koʻp yomgʻir yogʻishi mumkin.
Yomgʻir soyasi qanday shakllanishi tasvirlangan rasm. Keng tarqalgan shamol okeandan esib, yerga namlikka toʻyingan havo olib keladi. Havo togʻ choʻqqisiga koʻtarilganda, suvni koʻproq ushlab turish qobiliyatini yoʻqotadi, shuning uchun ozroq suv yomgʻir boʻlib yogʻadi. Togʻning narigi tomonida havo juda quruq, shu bois u namlikni yutadi va yomgʻir soyasini hosil qiladi (sahroga oʻxshash hudud).
Rasm manbasi: “Orografik effekt”, Meg Stewart (CC BY-SA 2.0). Rasm CC BY-SA 2.0 ruxsatnomasi asosida qayta ishlandi.
Nega bunday boʻldi? Havo yuqoriga koʻtarilayotganda suvni ushlab turish qobiliyatini yoʻqotadi, havo yuqorilagan sari soviydi va ortiqcha namlikni yomgʻir shaklida pastga tushiradi. Togʻning yuqori qismiga koʻtarilgan havo quruq, shuning uchun narigi tomon (botiq tomoni) choʻlga oʻxshash iqlimga ega. Orqa tarafdagi quruq mintaqa yomgʻir soyasi deb nomlanadi.

Koʻllar, okeanlar va iqlim

Yuqoridagi misoldan koʻrinib turibdiki, suv havzalari (ayniqsa, okeanlar va koʻllar) atrofdagi hududlarning iqlimiga taʼsir qilishi mumkin. Aslida, suv havzalari iqlimga turli darajada taʼsir qiladi, hatto togʻlar boʻlmaganda ham.
Umuman olganda, koʻllar, okeanlar va oqimlar iqlim jarayonlari shakllanishida muhim ahamiyatga ega, bular suv uchun ombor vazifasini bajaradi, ular bugʻlanib ketib, yomgʻir yoki qor shaklida yerga tushishi mumkin. Bu jarayon haqida suvning davriy aylanishi maqolasi orqali batafsil maʼlumotga ega boʻlishingiz mumkin.
Shuningdek, suv havzalari yaqin atrofdagi quruqliklarning haroratini pasaytiradi. Yaʼni ular yuqori haroratning imkon qadar koʻtarilishi va past harorat imkon qadar tushishining oldini oladi. Suvning noyob xususiyatlari va buni qanday amalga oshirishi haqida suvning oʻziga xos issiqlik sigʻimi videosi orqali koʻproq maʼlumot olishingiz mumkin.
Va nihoyat, okean oqimlari (suvni bir joydan ikkinchi joyga olib boradigan) yaqin atrofdagi yerning iqlimiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin. Quyidagi xaritada Yerning asosiy oqimlari koʻrsatilgan:
Asosiy okean oqimlari aks ettirilgan dunyo xaritasi. Golfstrim oqimi Amerika Qoʻshma Shtatlarining sharqiy sohillari boʻylab iliq suvni koʻtaradi. Shimoliy Atlantika oqimlari suvni Atlantika okeanidan oʻtkazib, Yevropaning gʻarbiy sohillari, shu jumladan, Britaniya orollaridan olib oʻtadi.
Issiq oqimlar rasmda qizil koʻrsatkich bilan, sovuq oqimlar koʻk koʻrsatkich bilan, neytral oqimlar esa qora rangdagi koʻrsatkich bilan belgilangan. Rasm manbasi: “Corrientes oceanicas,” Popadius (jamiyat mulki).
Oqimlarning iqlimga qanday taʼsir qilishini koʻrish uchun, keling, bir xil kenglikda joylashgan ikkita shaharni taqqoslaylik: London (Angliya) va Kalgari (Kanada)6. London faqat qishda 40 oF haroratgacha pasayadi. Kalgarida esa odatiy ravishda 10 oF dan past harorat kuzatiladi – tabiiyki, bu juda sovuq!7,8
London va Kalgari oʻrtasidagi bu farq Golfstrim deb nomlangan oqim taʼsirida paydo boʻladi. Golfstrim oqimi ekvatorda isitilgan suvni Qoʻshma Shtatlarning sharqiy qirgʻoqlari yonidan olib oʻtib, Shimoliy Atlantika oqimi deb nomlangan boshqa oqimga olib boradi. Ushbu oqim iliq suvni Angliya va Yevropaning gʻarbiy sohillari orqali oʻtkazadi, natijada iqlim iliqroq boʻladi9.

Nima uchun iqlim muhim ahamiyatga ega?

Iqlim har xil turlar yashashi mumkin boʻlgan hududni belgilovchi asosiy omildir. Bu qoida hayot (shajara) daraxtining koʻplab shoxlarida, hayvonlardan (bizning doʻstimiz qutb ayigʻi kabi) tortib to oʻsimliklar va mikroblargacha amal qiladi. Har bir tur yashab qolish uchun oʻziga xos sharoitlarga muhtoj, ularning aksariyati bevosita yoki bilvosita iqlim bilan bogʻliq.
Agar mintaqadagi iqlim sharoiti oʻzgarsa, u yerda yashaydigan turlar ham oʻzgarishi mumkin. Masalan, yomgʻirning kamayishi tufayli bu mintaqada ilgarigi oʻsimlik turlari oʻsmasligi va oʻrniga choʻl mintaqasi hosil boʻlishi mumkin. Bunday oʻzgarishlar ekologik tarmoqlarga kaskadli taʼsir oʻtkazishi mumkin, oʻsimliklarning oʻzgarishi esa ularga qaram boʻlgan barcha hayvonlarga taʼsir koʻrsatadi.
Ushbu prinsip iqlimning har qanday oʻzgarishiga u xoh kichkina, xoh katta hududga taʼsir koʻrsatishidan qatʼi nazar amal qiladi. Ammo bu hozirgi paytda yuz berayotgan global iqlim oʻzgarishi munosabati bilan ayniqsa muhimdir. Olimlar insoniyat faoliyati natijasida 2100-yilgacha oʻrtacha harorat 1-5°C ga koʻtarilishini taxmin qilishmoqda11. Haroratdagi kichik farqlarga sezgir turlar uchun bu halokatli oʻzgarish boʻlishi mumkin.
Global iqlim oʻzgarishlari va uning turlar areali hamda biologik xilmaxillikka taʼsirini Kaliforniya Fanlar akademiyasining iqlim oʻzgarishlari va biologik xilmaxillik videosi orqali bilib olishingiz mumkin.