Asosiy kontent
Biologiya
Course: Biologiya > Unit 23
Lesson 7: Biogeokimyoviy davriy aylanishlar- Biogeokimyoviy davriy aylanishlarga oid dastlabki tushunchalar
- Biogeokimyoviy jarayonlarni koʻrib chiqish
- Suvning davriy aylanishi
- Suvning davriy aylanishi
- Uglerodning davriy aylanishi
- Uglerodning davriy aylanishi
- Azotning davriy aylanishi
- Azotning davriy aylanishi
- Fosforning davriy aylanishi
- Fosforning davriy aylanishi
- Eutrofikatsiya va oʻlik zonalar
- Biogeokimyoviy davriy aylanishlar
© 2023 Khan AcademyFoydalanish shartlariMaxfiylik siyosatiCookie Notice
Suvning davriy aylanishi
Suvning ekosistemalar boʻylab qanday harakatlanishi.
Asosiy tushunchalar
- Yer yuzidagi suvning aksariyat qismini okeanlarda mavjud shoʻr suv tashkil etadi. Odamzod uchun zarur boʻlgan chuchuk suvning faqat oz qismigina foydalanishga yaroqlidir.
- Yer yuzasida tarqalgan suv faol aylanishi mumkin, ammo Yerdagi suvning katta qismi muzliklar, okeanlar va yerosti suv havzalaridan oʻrin olgan; bu yerda suvning aylanishi ancha sekin boʻladi.
- Suv aylanishi murakkab jarayon boʻlib, u suvning agregat holati oʻzgarishi, shuningdek, suvning ekotizim ichidagi va ekotizimlararo harakatiga bogʻliq.
- Yerosti suvlari yer ostidagi tuproq zarralari va toshlarning yoriqlari orasida joylashgan. Suv havzalari suv zaxiralari boʻlib, koʻpincha quduqlardan tortib olinadi.
Suv: nega u juda muhim?
Suv jonli mavjudotlar uchun juda muhimdir. Bilasizmi, tanamizning yarmidan koʻprogʻi suvdan iborat, agar odam hujayralarini koʻzdan kechirsak, ularning 70% dan koʻproq qismi suvdan iboratligini aniqlaymiz! Shunday qilib, biz yerdagi boshqa koʻplab organizmlar kabi tirik qolish uchun ishonchli ichimlik suvi manbasiga muhtojmiz.
Yer yuzidagi suvning 97,5% i shoʻr suvdir. Qolgan suvlarning 99% dan ortigʻi yerosti suvlari yoki muzliklar shaklida uchraydi. Bundan xulosa qilish mumkinki, toza suvning 1% dan kamrogʻi koʻllarda, daryolarda va boshqa yuza shakllarda tarqalgan.
Koʻplab tirik mavjudotlar hayoti yerusti chuchuk suvining oz miqdordagi taʼminotiga bogʻliq va suv yetishmasligi ekotizimga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Albatta, odamlar suv taʼminotini oshirish uchun baʼzi texnologiyalarni oʻylab topishgan. Bular sirasiga yerosti suvlarini olish uchun quduq qazish, yomgʻir suvini yigʻish va ummondan toza suv olish uchun suvni chuchuklashtirish yoki tuzsizlantirishlar kiradi. Shunday boʻlsa-da, bugungi kunda ham dunyoning koʻp qismlarida toza, xavfsiz ichimlik suvi mavjud emas.
Yerdagi suvning koʻp qismi aylanishda (bir joydan ikkinchi joyga oʻtishda) faol qatnashmaydi. Buni quyidagi rasmda koʻrishimiz mumkin, bunda har bir yirik suv havzasidagi suv molekulasining individual sarf qiladigan oʻrtacha vaqti koʻrsatilgan, bu oʻlchov yashash davri deb ataladi. Okeanlar, yerosti va muz shaklidagi suvlar juda sekin aylanib boradi. Faqat yer yuzasidagi suv tez aylanadi.
Suv aylanishi
Suvning aylanishini quyosh energiyasi harakatga keltiradi. Quyosh okean va boshqa yerusti suvlarini isitishi natijasida suyuq holdagi suv bugʻlanadi va muzlar ham toʻgʻridan toʻgʻri qattiq holatdan gazga oʻtadi. Quyosh tomonidan boshqariladigan bu jarayonlar suvni bugʻ shaklida atmosferaga olib chiqadi.
Vaqt oʻtishi bilan atmosferadagi suv bugʻlari bulutlarga aylanadi (yaʼni kondensatsiyalanadi) va natijada yogʻingarchilik boʻlib, yomgʻir yoki qor shaklida yer yuziga tushadi. Yogʻingarchilik sodir boʻlganda u bilan birga turli variantdagi jarayonlar boʻlishi mumkin: u yana bugʻlanishi, sirt ustida oqib ketishi yoki sizib oʻtib, yerga singib ketishi mumkin.
Tabiiy holatdagi quruqlik yoki yer usti ekotizimlarida yomgʻir odatda tuproqqa tushishidan oldin oʻsimliklarning barglari va boshqa sirtlariga uriladi. Maʼlum miqdordagi suv oʻsimliklarning sirtidan tezda bugʻlanib ketadi. Qolgan suv esa tuproqqa tushadi va koʻp hollarda tuproq ichiga singa boshlaydi.
Umuman olganda, suv faqat tuproq suv bilan toʻyingan paytda, yomgʻir juda qattiq yogʻganda yoki yuzasi koʻp suvni singdira olmaganidagina yuza boʻylab oqadi. Suv singimaydigan yuzalar tabiiy ekotizimdagi tosh yoki shahar yoki shahar atrofi ekotizimidagi asfalt yoki sement beton boʻlishi mumkin.
Tuproqning yuqori qismidagi suvni oʻsimlik ildizlari soʻrib olishi mumkin. Oʻsimliklar suvning bir qismidan oʻz metabolizmlari uchun foydalanadi, oʻsimlik toʻqimalaridagi mavjud suv esa hayvonlar oʻsimliklar bilan oziqlanganida ular tanasiga oʻtadi. Biroq oʻsimlik tanasiga kiradigan suvning koʻp qismi transpiratsiya deb ataladigan jarayonda atmosferaga qaytarib chiqariladi. Transpiratsiya paytida suv ildizlarga oʻtib, oʻlik hujayralardan hosil boʻlgan naychalar orqali yuqoriga qarab harakatlanadi va barglarda joylashgan stomata (barg ogʻizchalari) deb nomlangan teshiklar orqali bugʻlanadi.
Agar suv oʻsimlik ildizlariga soʻrilmasa, u yerosti suvlarini hosil qilib, yerning tub-tubiga singib ketishi mumkin. Yerosti suvlari bu qum va shagʻal zarralari orasidagi teshiklarda yoki toshlar orasidagi yoriqlarda joylashgan suv boʻlib, chuchuk suvning muhim zaxirasidir. Sayozlik suvlari asta-sekin tirqishlar va yoriqlar orqali oqib oʻtadi va oxir-oqibat soy yoki koʻl tomon yoʻl topib, u yerda yana yerusti suvining bir qismiga aylanishi mumkin.
Baʼzi yerosti suvlari juda chuqur joylashgan va u yerda ming yillar davomida turishi mumkin. Yerosti suv havzalari yoki suv qatlamlari odatda quduqlar orqali olinadigan ichimlik yoki sugʻorish suvining manbai hisoblanadi. Bugungi kunda koʻplab suv qatlamlari yuqoridan pastga quyilgan suv bilan yangilanganidan tez foydalanib qoʻyilmoqda.
Suv aylanishi boshqa sikllarni boshqaradi
Suvning aylanishi oʻz-oʻzidan muhim, chunki suvning aylanishi va yogʻinlar Yer ekotizimiga katta taʼsir koʻrsatadi. Shu bilan birga, yomgʻir va yerusti oqimi turli xil elementlarning siklida ham muhim rol oʻynaydi. Bu sikllarga uglerod, azot, fosfor va oltingugurt kiradi. Xususan, yuzadagi suv oqimi elementlarni yer usti va quruqlikdan suvli ekotizimlarga koʻchirishga yordam beradi.
Keyingi maqolalarda buning qanday sodir boʻlishi hamda turli xil elementlarning biogeokimyoviy sikllarini batafsil koʻrib chiqamiz.
Muhokamaga qoʻshilmoqchimisiz?
Hozircha izohlar yoʻq.